Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi kelgusi hamkorlik istiqbollari yuzasidan qator takliflarni ilgari surdi

0
58
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning taklifiga binoan 14 sentyabr kuni Dushanbe shahrida oʻtkazilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining beshinchi Maslahat uchrashuvida ishtirok etdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon raisligida oʻtgan sammitda Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, faxriy mehmon sifatida Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev hamda BMT Bosh kotibining maxsus vakili – Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markaz rahbari Kaxa Imnadze ham qatnashdi.

Kun tartibiga muvofiq, mintaqada koʻp qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish, jumladan, siyosiy muloqotni rivojlantirish, savdo, investitsiyalar, transport, energetika, qishloq xoʻjaligi va ekologiya sohalarida qoʻshma dastur va loyihalarni ilgari surish, madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish, xavfsizlik sohasidagi zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi chora koʻrish masalalari muhokama qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti oʻz nutqida mintaqa mamlakatlari oʻrtasida ishonch, yaxshi qoʻshnichilik va sheriklik munosabatlarini mustahkamlash borasidagi umumiy saʼy-harakatlarni yuksak baholadi.

— Umumiy saʼy-harakatlarimiz tufayli hayotiy muhim masalalarni hal etish va hamkorligimizni sifat jihatidan yangi mazmun bilan toʻldirish borasida jiddiy oldinga siljishga erishdik. Bizning siyosiy muloqotlarimiz va parlamentlararo almashuvlar doimiy tus olmoqda. Muloqot va hamkorlik uchun turli platformalar ishga tushirildi, — dedi davlatimiz rahbari.

Markaziy Osiyoda barqarorlik va birdamlik mustahkamlanayotgani asosiy natija sifatida qayd etildi. Mintaqamiz iqtisodiy oʻsish va investitsion faollik markazlaridan biriga aylanmoqda, Gʻarbni Sharq va Shimolni Janub bilan bogʻlaydigan transport xabi boʻlishdek tarixiy vazifani yana oʻz zimmasiga olmoqda.  

Global jarayonlarning mintaqaning barqaror rivojlanishiga taʼsiri chuqur tahlil qilinib, bunday xavf-xatarlarga samarali qarshi turish imkoniyati koʻp qirrali sheriklikni chuqurlashtirishga qaratilgan qoʻshma saʼy-harakatlarni birlashtirishga bogʻliqligi qayd etildi.

Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo davlatlari hamkorligi istiqbollari boʻyicha qator takliflarni bildirdi.

– Savdo-iqtisodiy hamkorlik mintaqaviy sheriklik va integratsiyaning asosiy harakatlantiruvchi kuchidir. Biz ushbu yoʻnalishda mintaqa mamlakatlari bilan amaliy hamkorlikni rivojlantirish uchun Oʻzbekistonda barcha zarur shart-sharoitlarni yaratmoqdamiz, — dedi mamlakatimiz yetakchisi.

Tovar aylanmasi hajmini oshirish maqsadida istisno va cheklovlarsiz toʻlaqonli erkin savdo zonalarini tezroq shakllantirish taklif qilindi.

Shu munosabat bilan mintaqada barqaror savdo-logistika zanjirlarini shakllantirish, chegaraoldi hududlarida savdo va kooperatsiya markazlarini ochish va kengaytirish, oʻzaro savdo boʻyicha qonunchilikni uygʻunlashtirish va bu boradagi toʻsiqlarni bartaraf etish, bojxona maʼmurchiligi, sanitar va fitosanitar nazorati, tovarlarning qayerdan olib kelinayotganini sertifikatlash boʻyicha yagona elektron platformalar yaratish, mintaqaviy elektron savdo maydonini ishga tushirishni koʻzda tutadigan kompleks mintaqaviy dasturni qabul qilish zarur.

Mintaqa mamlakatlari oʻrtasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga toʻxtalar ekan, Oʻzbekiston Prezidenti yengil avtomobillar, maishiy texnika, toʻqimachilik mahsulotlari va oziq-ovqat tovarlari ishlab chiqarish, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston va Ozarbayjon bilan chegaraoldi hududlari kooperatsiyasini muvaffaqiyatli sheriklikka misol sifatida qayd etdi.

Uchinchi davlatlarga eksport qilishni koʻzlagan holda mineral oʻgʻitlar, polimerlar, metalldan tayyor buyumlar, tayyor toʻqimachilik va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, qishloq xoʻjaligi texnikalarini yigʻish hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va yirik ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish boʻyicha istiqbolli yoʻnalishlar boʻlishi mumkin.

Birgalikdagi saʼy-harakatlarga tizimli tus berish uchun Markaziy Osiyo mamlakatlarining uzoq istiqbolga moʻljallangan sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish taklif etildi.

Transport jihatidan oʻzaro bogʻliqlik masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Asosiy tashqi bozorlardan joʻgʻrofiy jihatdan uzoqligini hisobga olganda, mamlakatlarimizda yuklarni tashish uchun ketadigan xarajatlar ulushi tovarlarning soʻnggi qiymatiga nisbatan 50 foizgacha yetayotgani taʼkidlandi. Ayni vaqtda dunyodagi oʻrtacha koʻrsatkich 11 foizdan oshmaydi. Natijada iqtisodiyotimiz rivojlangan davlatlardagidan koʻra 2-3 marta koʻp transport xarajatini koʻtarishga majbur boʻlmoqda.

Mamlakatlarimizning transport sohasidagi salohiyatini yanada oshirish maqsadida tarmoq vazirlari uchrashuvlari doirasida Markaziy Osiyoda Transport va tranzit haqidagi bitimni ishlab chiqish, biznes uchun qulay boʻlgan oraliq tariflarni qoʻllagan holda, Xitoy, Janubiy Osiyo va Yaqin Sharq hamda Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bozorlariga chiqish uchun samarali transport koridorlarini rivojlantirish boʻyicha aniq mexanizmlarni shakllantirish taklif qilindi.

Bundan tashqari, Transport xizmatlari bozorini liberallashtirish va ruxsat etishga doir tartib-taomillarni optimallashtirish chora-tadbirlari dasturini tayyorlash hamda Xalqaro tashuvlarning integratsiyalashgan raqamli platformasini yaratish masalasini koʻrib chiqish taklifi ilgari surildi.

– Afsuski, mintaqada energetika infratuzilmalarini rivojlantirish surʼatlari sanoatlashtirish va urbanizatsiya jarayonlari, shuningdek, demografik oʻsishdan orqada qolmoqda. Bugungi kunda bu mamlakatlarimizning uzoq muddatli barqaror rivojlanishi yoʻlidagi jiddiy tahdiddir, — deya energetik xavfsizlikni taʼminlashdagi muammolarga eʼtibor qaratdi davlatimiz rahbari.

Tarmoq vazirliklari va milliy kompaniyalarimizning geologiya-qidiruv ishlarini olib borish va istiqbolli konlarni oʻzlashtirish, energiya resurslarini saqlash va yetkazib berish boʻyicha mavjud infratuzilmalarni kengaytirish va zamonaviy infratuzilmalarni yaratish sohasidagi hamkorligini yanada kuchaytirish muhimligi qayd etildi.

Bundan tashqari, elektr energiyasini yetkazib berish uchun yangi magistral tarmoqlarni barpo etish hamkorligimizning muhim yoʻnalishiga aylanishi lozim.

Shu bilan birga, energiya manbalarini diversifikatsiya qilmasdan, muqobil energetika sohasiga investitsiya va texnologiyalarni jalb etmasdan va “yashil” vodorodni ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻymasdan turib, mintaqani barqaror rivojlantirish mumkin emasligi taʼkidlandi.

Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashdagi zaif nuqtalar koʻrsatib oʻtildi. Bular — agrar sektorning ilmiy-texnologik jihatdan yetarlicha rivojlanmagani, suv resurslari borasidagi oʻtkir taqchillik, qoʻshimcha qiymat yaratishning uzoq va samarasiz zanjirlari, iqlim inqirozi va logistikadagi uzilishlar oldidagi beqarorlik, sogʻlom ovqatlanish masalalari.

Bu sohada saʼy-harakatlarni birlashtirish va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti koʻmagida mintaqaviy Sheriklik dasturini tayyorlash muhim. Zero, mamlakatlarimiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan nafaqat mintaqaning ichki bozoridagi mavjud ehtiyojlarni toʻliq qoplash, balki ularni eksport qilishdek muhim imkoniyatga ham egadir.

– Iqlim oʻzgarishlari bilan bogʻliq tahdidlarga qarshi kurashish mintaqaning barqaror rivojlanishini taʼminlashning eng muhim omiliga aylanmoqda. Shu munosabat bilan, kelgusi yil bahor faslida Samarqandda Markaziy Osiyodagi iqlim oʻzgarishlariga bagʻishlangan xalqaro forum oʻtkazmoqchimiz, — deb, davlatimiz rahbari mintaqa mamlakatlari delegatsiyalarini ushbu forumga taklif etdi.

Iqlim barqarorligini va “yashil” taraqqiyotni taʼminlashga amaliy hissa qoʻshish maqsadida Iqlim oʻzgarishlariga moslashish masalalari boʻyicha mintaqaviy strategiyani qabul qilish tashabbusi bildirildi.

Mintaqaning iqlimga oid yagona kun tartibini shakllantirish va birgalikda taʼsirchan chora-tadbirlarni qabul qilish uchun biz ekologiya vazirlari darajasida “Iqlim boʻyicha Markaziy Osiyo muloqoti” koʻp tomonlama platformasini taʼsis etish taklif qilindi.

– Umumiy tarix, urf-odat, madaniyat va qadriyatlarga – Markaziy Osiyoning noyob sivilizatsiyasi mushtarakligi va rang-barangligiga asoslangan madaniy-gumanitar hamkorlik bizning eng muhim anʼanaviy ustuvor yoʻnalishimizdir, — dedi Oʻzbekiston yetakchisi.

Bu yoʻnalishdagi ishlarni tizimli tashkil etish maqsadida Markaziy Osiyo mamlakatlarining madaniy-gumanitar hamkorligini chuqurlashtirish boʻyicha Harakatlar rejasini qabul qilish taklif etildi.

Ayni vaqtda bizning noyob madaniy-tarixiy va maʼnaviy merosimizni xalqaro maydonda keng targʻib etishda ommaviy axborot vositalari va nohukumat tashkilotlar, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan faol foydalanish zarur.

Umumiy mintaqaviy kontentni shakllantirish uchun olimlar va keng jamoatchilik vakillarini jalb etgan holda “Markaziy Osiyo tarixi va madaniyati: yagona oʻtmish va umumiy kelajak” xalqaro media platformasini yaratish bu yoʻnalishdagi amaliy qadam boʻladi.  

Markaziy Osiyo davlatlarining yoshlarga oid siyosatiga alohida eʼtibor qaratildi.

– Yoshlarning bilim va malakasini rivojlantirish boʻyicha saʼy-harakatlarimizni birlashtirish, ularni yetuk malakali kadrlar qilib tayyorlash va bandligini taʼminlash maqsadida shu yoʻnalishdagi xalqaro tashkilotlar ishtirokida Markaziy Osiyo yoshlari imkoniyatlarini kengaytirish va ularning salohiyatini roʻyobga chiqarish markazini tashkil etishni taklif etamiz.

Yoshlarning bilim va malakasini rivojlantirish boʻyicha saʼy-harakatlarimizni birlashtirish, ularni yetuk malakali kadrlar qilib tayyorlash va bandligini taʼminlash maqsadida shu yoʻnalishdagi xalqaro tashkilotlar ishtirokida Markaziy Osiyo yoshlari imkoniyatlarini kengaytirish va ularning salohiyatini roʻyobga chiqarish markazini tashkil etishni taklif etamiz, — dedi Oʻzbekiston Prezidenti.

Xavfsizlik sohasida hamkorlikni kengaytirish muhim yoʻnalishlardan biri sifatida qayd etildi. Xavfsizlik masalalari boʻyicha davlatlarimizning Xavfsizlik kengashlari kotiblari tomonidan muvofiqlashtirib boriladigan muntazam yigʻilishlarni oʻtkazish haqidagi taklif qoʻllab-quvvatlandi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari chegaralarini himoya qilish va mustahkamlash boʻyicha Davlatlararo dasturni ishlab chiqish hamda Favqulodda vaziyatlar yuzasidan prognozlar qilish, ularning oldini olish, barvaqt ogohlantirish va ularga birgalikda qarshi turish borasida Mintaqaviy tizimni shakllantirish tashabbusi ilgari surildi.

Markaziy Osiyodagi xavfsizlik va barqarorlikka bevosita taʼsir koʻrsatadigan eng asosiy omillardan biri Afgʻonistondagi vaziyatdir.

Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston bundan buyon ham afgʻon xalqiga zarur yordam koʻrsatadi, shu maqsadda Termizdagi xalqaro xabni gumanitar koʻmak uchun taqdim etadi, afgʻon fuqarolarini maxsus tashkil etilgan taʼlim markazida oʻqitishni davom ettiradi.

Transafgʻon temir yoʻlini barpo etish loyihasini ilgari surish bilan birga Afgʻonistonning ichki transport yoʻllarini tiklash zarurligi qayd etildi.

Bundan tashqari, afgʻon tomoni bilan chegaralar xavfsizligi, suvdan foydalanish va savdo-sotiqni rivojlantirish masalalari boʻyicha muloqot muhim ekani koʻrsatib oʻtildi.

Soʻzining yakunida Prezidentimiz Maslahat uchrashuvlari ishlari boʻyicha Milliy muvofiqlashtiruvchilar kengashini taʼsis etish taklifini qoʻllab-quvvatladi hamda Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiy kengashini tashkil etishni taklif qildi.

Oʻzbekiston rahbari uchrashuv natijalari mamlakatlarimiz oʻrtasida doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga, keng miqyosdagi mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Sammitda Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon rahbarlari soʻzga chiqdi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi sammit ishtirokchilariga videomurojaat yoʻlladi.

Tadbir yakunida quyidagi hujjatlar qabul qilindi: Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining beshinchi Maslahat uchrashuvi yakunlari boʻyicha qoʻshma bayonot, Qozogʻiston Respublikasi, Qirgʻiz Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Turkmaniston va Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasida yoshlarga oid siyosatning umumiy yoʻnalishlari toʻgʻrisida bitim, Markaziy Osiyoda yerusti transportining oʻzaro bogʻliqligini mustahkamlash toʻgʻrisida bitim, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari ishlari boʻyicha Milliy muvofiqlashtiruvchilar kengashi toʻgʻrisida nizom, 2022-2025 yillarda Markaziy Osiyoda salomatlik va farovonlikni qoʻllab-quvvatlash uchun “yoʻl xaritasi”.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.