Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti “Markaziy Osiyo — YeI” formatidagi delegatsiyalar rahbarlarining majlisida ishtirok etdi

0
75
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ostona shahrida “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” formatidagi delegatsiyalar rahbarlarining majlisida ishtirok etdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Tadbirda Yevropa kengashi Prezidenti Sharl Mishel, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining oʻrinbosari Xojamirat Geldimiratov ham qatnashdi.

Kun tartibiga muvofiq, siyosiy muloqotni rivojlantirish, hududlararo aloqalarni kengaytirish, savdo-iqtisodiy hamkorlik va madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish istiqbollari muhokama qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyov oʻz nutqida Yangi Oʻzbekistondagi ortga qaytmas tus olgan islohotlarning asosiy ustuvor vazifasi samarali faoliyat koʻrsatadigan bozor mexanizmlariga, yuqori hayot darajasi va qulay turmush sharoitlariga ega kuchli huquqiy davlatni barpo etishdan iborat ekanini taʼkidladi.

— Biz erishgan muvaffaqiyatlarimiz bilan cheklanmaymiz va yangi oʻzgarishlar koʻlamini yanada kengaytirishni oʻz oldimizga maqsad qilib qoʻyganmiz. Bu oʻrinda gap, avvalo, qonunning soʻzsiz ustuvorligi, fuqarolik jamiyati institutlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, inson huquqlari va gender tenglikni, soʻz va eʼtiqod erkinligini taʼminlash haqida bormoqda, — dedi davlatimiz rahbari.

Iqtisodiy sohada bundan buyon ham tadbirkorlar uchun eng qulay sharoitlarni yaratish, korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish, raqobat va innovatsion biznes muhitining rivojlanishini ragʻbatlantirish davom ettirilishi qayd etildi.

Yaxshi qoʻshnichilik va mintaqaviy sheriklikni ilgari surishga alohida eʼtibor qaratildi.

Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, “birgalikdagi saʼy-harakatlar natijasida Markaziy Osiyoda mutlaqo yangi siyosiy muhit vujudga keldi. Bir necha oʻn yillar mobaynida yigʻilib qolgan, hal etilishiga hech kim ishonmay qoʻygan koʻplab muammolar bir necha yil davomida bartaraf etildi”.

Bugun vaziyat tubdan oʻzgardi. Vizasiz rejim joriy qilindi, barcha oʻtkazish punktlari ochildi. Aviaqatnovlar va yer transportida tashishlar koʻpaydi.

Kooperatsiya aloqalari kuchayib bormoqda, yirik loyihalarni amalga oshirish uchun investitsiya kompaniyalari va boshqa moliyaviy vositalar faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

— Albatta, mintaqada hali ham oʻz yechimini topmagan masalalar bor. Biroq ishonchimiz komilki, bizning kuchli siyosiy irodamiz va umumiy bunyodkorlik ruhi mintaqadagi qardosh mamlakatlar va xalqlarni yanada yaqinlashtirishga xizmat qiladi, — dedi Oʻzbekiston yetakchisi.

Mintaqamizning Yevropa Ittifoqi bilan hamkorligini izchil chuqurlashtirishga chaqirar ekan, Prezidentimiz bu borada qator ustuvor yoʻnalishlarni koʻrsatib oʻtdi.

Eng avvalo, savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga doir kompleks masalalarni hal etish zarur. Bular:

— sanoat mahsulotlarimizning Yevropaning yuqori standartlari va texnik reglamentlariga muvofiqligini taʼminlash;

— hozirgi mavjud cheklovlarni hisobga olgan holda YeI bozorlariga chiqish uchun eng maqbul samarali transport-logistika koridorlarini yaratish, eng avvalo, Transkaspiy multimodal marshrutini rivojlantirish;

— yevropalik isteʼmolchilar oʻrtasida Markaziy Osiyo mamlakatlari mahsulotlarining tanilishi va xaridorgir boʻlishi uchun qoʻshma marketing tadqiqotlari hamda maqsadli tadbir va aksiyalar oʻtkazish;

Yevropaning investitsiyalari va texnologiyalariga boʻlgan katta ehtiyojni qondirish.

Ushbu masalalarni tizimli ravishda hal qilish uchun Shavkat Mirziyoyev Bosh vazir oʻrinbosarlari darajasida “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” iqtisodiy hamkorlik qoʻmitasini taʼsis etish hamda “Global Gateway” tashabbusining maqsad va vazifalarini qamrab olgan holda Savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish va oʻzaro transport-kommunikatsiya bogʻliqlikni rivojlantirish boʻyicha uzoq muddatli strategik dastur ishlab chiqishni taklif qildi.

Bundan tashqari, davlatimiz rahbari Yevropa tomonini mintaqamizda qabul qilingan «Yashil kun tartibi» dasturini amalga oshirishda faol ishtirok etishga, jumladan, eko-innovatsiyalar, energiya samarador va resurs tejamkor texnologiyalarni keng joriy etish, iqtisodiyot tarmoqlarini raqamlashtirish, «Smart-AKIS» Yevropa tarmogʻi yordamida «aqlli» qishloq xoʻjaligini rivojlantirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalari imkoniyatlarini ishga solishga chaqirdi.

Gumanitar sohada hamkorlikni taʼlim va innovatsiya almashinuvlari, madaniy va sayyohlik aloqalari kabi yoʻnalishlarda faollashtirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

 «Erazmus plyus» va «Gorizont Yevropa» dasturlari doirasida taʼlim boʻyicha Yevropaning ilgʻor metodikalarini joriy etish loyihasini amalga oshirish, qoʻshma fundamental va amaliy tadqiqotlarni oʻtkazishni tashkil etish taklif qilindi.

Yevropalik hamkorlarni mintaqamiz xalqlarining noyob tarixiy merosi, boy madaniyati va anʼanalari bilan keng tanishtirish maqsadida noyabr oyining ikkinchi yarmida Parijning Luvr muzeyida yirik koʻrgazma tashkil etish rejalashtirilgan.

— Bunday tadbirlarni har yili – Yevropa davlatlarining poytaxtlarida va madaniyat markazlarida hamkorlikda oʻtkazib borish tarafdorimiz, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari turizm sohasida ulkan salohiyat borligini taʼkidlab, kelgusi yilda Xiva shahrida oʻtkaziladigan «YeI – Markaziy Osiyo» birinchi turizm forumi doirasida Yevropaning yetakchi operatorlari eʼtiboriga Umumiy mintaqaviy turizm mahsulotlari konsepsiyasini taqdim etishni taklif etdi.

Oʻzbekiston Prezidenti mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash hamkorlikning muhim yoʻnalishi ekanini taʼkidladi. U Yevropa Ittifoqining terrorizm, radikalizm va ekstremizm, uyushgan jinoyatchilik, narkotrafik va boshqa umumiy xavf-xatarlarga qarshi kurashish boʻyicha qoʻshma dasturlar doirasidagi amaliy koʻmagini yuqori baholadi.

Xalqaro amaliyotdan kelib chiqib, axborot almashish va zamonaviy tahdidlarga birgalikda qarshi kurashish uchun maxsus xizmatlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish taklif qilindi.

Tomonlarning Afgʻoniston masalasidagi xavotir va tashvishlari oʻxshashligi taʼkidlandi.

Oʻzbekiston muntazam ravishda afgʻon xalqiga gumanitar yordam koʻrsatib kelmoqda, elektr energiyasi, neft mahsulotlari va oziq-ovqat yetkazib berishni davom ettirmoqda, mamlakatimiz orqali Afgʻonistonga yuklar tranziti toʻxtamayapti.

Chegarada joylashgan Termiz shahrimizdagi logistika va taʼlim xablarining salohiyatidan foydalanishda yevropalik sheriklar bilan samarali hamkorlikni davom ettirishga tayyorlik bildirildi.

Prezidentimiz global va mintaqaviy vaziyat tubdan oʻzgarganini qayd etib, bu holat bugungi kunda Markaziy Osiyodagi integratsiyalashuv jarayonining yevropalik hamkorlar tomonidan faol qoʻllab-quvvatlanishini talab qilayotganini alohida taʼkidladi.

Shu munosabat bilan Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo boʻyicha yangilangan strategiyasi bajarilishini jadallashtirish va sheriklikni mustahkamlash maqsadida koʻp tomonlama dasturiy hujjat – “Yoʻl xaritasi”ni qabul qilish imkoniyatini koʻrib chiqish taklif qilindi.

Ushbu barcha masalalar kelgusi oyda Samarqandda boʻlib oʻtadigan vazirlarning Oʻzaro bogʻliqlik boʻyicha qoʻshma anjumani davomida batafsil koʻrib chiqilishiga ishonch bildirildi.

Prezidentimiz soʻzining yakunida Oʻzbekiston mamlakatlarimiz barqaror taraqqiyoti, ravnaqi va farovonligi yoʻlida “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” formatidagi ochiq, tizimli va sermahsul muloqotning tarafdori ekanini yana bir bor taʼkidladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.