Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti MDH doirasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish tashabbusini ilgari surdi

0
74
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15 oktyabr kuni Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Davlat rahbarlari kengashining videoanjuman shaklida oʻtgan yubiley majlisida ishtirok etdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida. 

Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko raisligida oʻtgan sammit ishida Armaniston Respublikasi Bosh vaziri Nikol Pashinyan, Moldova Respublikasi Bosh vaziri Natalya Gavrilitsa, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, MDH Ijroiya qoʻmitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedev ham qatnashdi.

Kun tartibiga muvofiq delegatsiyalar rahbarlari tashkilot faoliyatining 30 yillik davrida koʻp tomonlama hamkorlikning rivojlanishi va erishilgan yutuqlar yuzasidan fikr almashdilar, iqtisodiy, huquqiy va madaniy-gumanitar sohalarda, shuningdek, mintaqadagi xavfsizlik va barqarorlikka tahdid solayotgan zamonaviy xavf-xatarlarga qarshi kurashishdagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini koʻrib chiqdilar.

Davlatimiz rahbari oʻz nutqida MDH doirasidagi sheriklikni mustahkamlashning muhim yoʻnalishlari yuzasidan nuqtai-nazarini bayon qildi.

Hamdoʻstlik mamlakatlarida barqaror iqtisodiy taraqqiyotni taʼminlash muhim ekani alohida taʼkidlandi.

Pandemiya oqibatlari oʻz taʼsirini koʻrsatayotgan bugungi sharoitda savdo-iqtisodiy sheriklikda ijobiy surʼat saqlanib qolmoqda. Jumladan, joriy yil boshida Oʻzbekistonning MDHdagi hamkorlari bilan ikki tomonlama savdosi hajmi qariyb oʻttiz foizdan ziyod oshdi. Ayni paytda tovar ayirboshlash koʻrsatkichlari ham miqdor, ham sifat jihatidan ortib bormoqda.

Shu bilan bir qatorda Hamdoʻstlik makonida erkin savdo hududining istisnolik va cheklovlarsiz, toʻlaqonli faoliyat yuritishi zarurligi qayd etildi. Shu munosabat bilan kompleks tahlil asosida birlashma doirasidagi savdo siyosatini yanada liberallashtirish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqish taklif etildi.

Qoʻshma loyihalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va biznesning uzoq muddatli loyihalarini amalga oshirish maqsadida Oʻzbekiston Prezidenti sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishni MDH makonining 2022 yilgi iqtisodiy kun tartibining muhim masalasi sifatida belgilashni taklif qildi.

Bugungi kunda Oʻzbekiston tashabbusi bilan hamkorlik boʻyicha tegishli uzoq muddatli dastur tayyorlanmoqda. Kelgusi yilda mamlakatimizda Hamdoʻstlikda sanoat kooperatsiyasi boʻyicha forum va koʻrgazma oʻtkaziladi.

Davlatimiz rahbari samarali mintaqalararo va transqitʼaviy transport yoʻlaklari tizimini, shu jumladan yuk tashish tariflarini pasaytirish va tartibotlarini soddalashtirish orqali yanada rivojlantirish zaruriyatiga alohida eʼtibor qaratdi.

Oʻzbekiston qoʻshma innovatsion dasturlarni faol ilgari surish va yosh tadbirkorlarni jalb qilgan holda startap loyihalarni qoʻllab-quvvatlashning ham tarafdoridir. Hamdoʻstlik mamlakatlarining texnologik va IT-parklari oʻrtasidagi hamkorlik boʻyicha dastur ishlab chiqish tashabbusi ilgari surildi.

MDH Iqtisodiy kengashi faoliyatiga mamlakatlarning ishbilarmon doiralari va hududlari vakillarini jalb qilish orqali kengash faoliyatini kuchaytirish muhim ekani taʼkidlandi.

Bundan tashqari, iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish va “yashil” kun tartibini ilgari surish, biologik xavfsizlikni taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlarni birlashtirish, mehnat bozorini takomillashtirish, oʻzaro sayyohlar oqimini qayta tiklash va madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Afgʻonistondagi vaziyat toʻgʻrisida soʻz yuritar ekan, Oʻzbekiston Prezidenti afgʻon xalqiga insonparvarlik va iqtisodiy yordamni davom ettirish maqsadga muvofiq ekanini taʼkidladi.

Ayni paytda terrorizm va narkotrafikka qarshi kurashish borasidagi hamkorlikni kuchaytirish zarurligi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari soʻzining yakunida Oʻzbekiston MDH mamlakatlari xalqlarining farovonligi yoʻlidagi sheriklikda aniq natijalarga erishish maqsadida konstruktiv muloqotni davom ettirish va yaqindan hamkorlik qilishda qatʼiy ekanini tasdiqladi.

Sammit yakunida tashkilotning 30 yilligi munosabati bilan bayonot, biologik xavfsizlikni taʼminlash, migratsiya sohalarida hamkorlik toʻgʻrisida bayonotlar, Oliy sudlar vakillarining kengashini tuzish toʻgʻrisida bitim hamda koʻp tomonlama hamkorlikning turli yoʻnalishlariga doir boshqa qator muhim hujjatlar qabul qilindi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.