Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti MDH norasmiy sammitida ishtirok etdi

0
107
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28 dekabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin tashabbusi bilan Sankt-Peterburg shahrida oʻtkazilgan Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga aʼzo davlatlar rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Sammitda Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov, Qirgʻiziston Prezidenti Sadir Japarov, Qozogʻiston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qozogʻistonning Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan ham ishtirok etdi.

Uchrashuvda joriy yilgi hamkorlik yakunlari sarhisob qilinib, kelgusi 2022 yilga moʻljallangan ustuvor vazifalar muhokama qilindi. Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Pandemiya oqibatlarini yengib oʻtish va epidemiologik xavfsizlikni taʼminlashda yaqin hamkorlikni davom ettirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

MDHni yanada rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari haqida soʻz yuritar ekan, davlatimiz rahbari asosiy eʼtiborni uchta: siyosiy, iqtisodiy va gumanitar sohalarda hamkorlikka qaratishni taklif etdi.

MDH makonida toʻlaqonli erkin savdo zonasini shakllantirish va transport bogʻliqligini mustahkamlash muhim ekani taʼkidlandi.

Ishtirokchilarning eʼtibori global iqlim kun tartibini hisobga olgan holda barqaror “yashil” taraqqiyotga qaratilgan milliy dastur va strategiyalarni amalga oshirish borasida saʼy-harakatlarni birlashtirish zarurligiga qaratildi.

Oziq-ovqat xavfsizligini mamlakatlarimiz iqtisodiyotlarining raqobatli ustunliklari va bir-birini toʻldirib turishidan foydalangan holda taʼminlash masalalarini hal qilishga doir yangi yondashuvlar ishlab chiqish dolzarb ekani qayd etildi.

Taʼkidlash joizki, keyingi yillarda Oʻzbekiston Hamdoʻstlik faoliyatidagi ishtirokini faollashtirdi. Mamlakatimiz 40 dan ziyod koʻp tomonlama bitimni imzoladi va tashkilotning 23 ta organiga qoʻshildi. Oʻtgan yilda Oʻzbekiston ilk bor MDHga raislik qildi.

2021 yilda Oʻzbekistonning Hamdoʻstlik mamlakatlari bilan tovar ayirboshlashi oʻttiz foizdan ziyodga oshdi, qariyb mingta qoʻshma korxona tashkil etildi.

Davlatimiz rahbari soʻzining yakunida Oʻzbekiston MDH doirasida keng koʻlamli hamkorlikni rivojlantirishning qatʼiy tarafdori ekanini yana bir bor tasdiqladi hamda sammit ishtirokchilari va ular orqali birodar xalqlarni yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan tabrikladi.

Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Sankt-Peterburg shahriga amaliy tashrifi yakunlandi, davlatimiz rahbari Toshkentga qaytib keldi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.