Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti MDH sammitida ishtirok etdi

0
46
marta koʻrilgan.

Amaliy tashrif bilan Bishkek shahrida boʻlib turgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etdi.

Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov raisligida oʻtgan sammit ishida Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov va MDH bosh kotibi Sergey Lebedev ham qatnashdi.

Kun tartibiga muvofiq, MDH doirasidagi koʻp qirrali munosabatlarning holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi, amaliy hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari oʻz nutqida Hamdoʻstlik doirasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish boʻyicha qator tashabbuslarni ilgari surdi.

Oʻzbekiston Prezidenti mavjud imkkoniyatlarni birgalikda baholash va oʻzaro muvofiqlashtirilgan choralar koʻrish uchun MDHdek noyob platformani ishga solish muhimligini alohida qayd etdi. Shu maʼnoda, koʻp tomonlama hamkorlikning yangi uzoq muddatli kun tartibini ishlab chiqish maqsadida MDH mamlakatlarining yetakchi tahlil markazlari va ekspertlarining konferensiyasini tashkil etish taklif qilindi.

Mamlakatimiz yetakchisi Hamdoʻstlik mamlakatlarida barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlash zarurligini taʼkidladi.

Tashkilot makonida istisno va cheklovlarsiz toʻlaqonli erkin savdo hududini shakllantirish muhimligiga eʼtibor qaratildi. Shu munosabat bilan tegishli shartnoma qoidalarini qayta koʻrib chiqish taklif etildi.

Oʻzbekiston Prezidenti mamlakatlar oʻrtasidagi tovar ayirboshlashda mavjud mexanizmlarni samarali ishga solishga chaqirdi va uni ragʻbatlantirishning yangi vositalarini taklif qildi.

Davlatimiz rahbari oʻzaro investitsiyalarni ragʻbatlantirish va loyihalarni ilgari surish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar majmuini ishlab chiqish hamda MDH mamlakatlarining Sanoat kooperatsiyasi va innovatsion ishlanmalari forumini oʻtkazish tashabbusini ilgari surdi.

Energetika va oziq-ovqat sohalarida hamkorlik qilish, iqtisodiyotning tegishli tarmoqlarida ilgʻor texnologiyalarni joriy etish va kooperatsiyani kuchaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi hamkorlik boʻyicha yangilangan dasturni hamda Agrosanoat majmuidagi kooperatsiyaning asosiy yoʻnalishlari toʻgʻrisidagi bitimni tayyorlash taklif qilindi. 

Oʻzbekiston yetakchisi hududlararo hamkorlikni faollashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni tayyorlash tashabbusi bilan chiqdi, transport jihatidan oʻzaro bogʻliqlikni kuchaytirish, yoʻlovchi va yuk tashishni koʻpaytirish yuzasidan aniq chora-tadbirlarni koʻrsatib oʻtdi.

Global iqlim isishi oqibatlariga qarshi kurashishda saʼy-harakatlarni birlashtirish muhimligi qayd etildi. Kelgusi yilda Samarqandda oʻtkazilishi rejalashtirilgan BMT shafeligidagi Xalqaro iqlim forumi doirasida MDH makonidagi ekologik xavf-xatarlarga bagʻishlangan maxsus yalpi sessiyani tashkil etishga tayyorlik bildirildi.

Gumanitar soha haqida soʻz yuritilar ekan, 2024 yilda Hamdoʻstlikning madaniy poytaxti deb eʼlon qilingan Samarqand shahrida MDH madaniyat, sanʼat va kino haftaligini oʻtkazish taklif qilindi.

Shuningdek, kelgusi yilda MDHning yoshlar poytaxti maqomini olgan Toshkent shahrida bir qator yoshlarga oid tadbirlar, shu jumladan futbol musobaqasi boʻlib oʻtadi.

Mamlakatimiz yetakchisi oʻz soʻzida taʼlim sohasida va sayyohlik almashinuvini rivojlantirish borasida ham muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

Nutqining soʻngida Oʻzbekiston Prezidenti Rossiya Federatsiyasi Prezidentini 2024 yilda Tashkilotga raislikni qabul qilib olgani bilan tabrikladi.

Sammit yakunida MDH doirasidagi hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha qator bitim va qarorlar qabul qilindi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.