Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018 yil 6 dekabr kuni Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga aʼzo mamlakatlar Davlat rahbarlari kengashining Sankt-Peterburg shahrida boʻlib oʻtgan norasmiy majlisida ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin kutib oldi.
Suratga tushish marosimidan soʻng MDHga aʼzo davlatlar rahbarlarining norasmiy uchrashuvi boshlandi.
Alohida taʼkidlash kerakki, mamlakatimizning Hamdoʻstlikka aʼzo davlatlar bilan hamkorligi turli yoʻnalishlarda izchil va har tomonlama rivojlanib bormoqda.
Prezidentimiz joriy yil 28 sentyabr kuni Dushanbe shahrida boʻlib oʻtgan MDH Davlat rahbarlari kengashi majlisida ishtirok etgan edi.
Oʻtgan davrda mamlakatimiz MDH doirasida oʻnta tarmoq boʻyicha hamkorlikka qoʻshildi. Oʻzbekiston tashkilot Parlamentlararo assambleyasining toʻla huquqli aʼzosi boʻldi, Oʻsimliklar karantini boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash, Fan-texnika va innovatsiya sohalarida hamkorlik boʻyicha davlatlararo kengash, Agrosanoat majmui masalalalari boʻyicha kengash, Atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish boʻyicha komissiya, MDHga aʼzo davlatlar xavfsizlik organlari va maxsus xizmatlari rahbarlari kengashi, MDHning xizmatlar boʻyicha erkin savdo hududi toʻgʻrisida bitimini ishlab chiqishga oid yuqori darajali ishchi guruh va boshqa organlar faoliyatiga qoʻshildi.
Oʻzbekiston MDH makonida oʻzaro bozorlarni shakllantirish, bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish, xalqaro va mintaqaviy transport yoʻlaklaridan samarali foydalanish tarafdoridir.
Joriy yilda Oʻzbekiston Hamdoʻstlik doirasida Mudofaa vazirlari kengashi, Urugʻchilik masalalari boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash, Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish boʻyicha kengash, Geodeziya, kartografiya, kadastr va Yerni masofadan turib zondlash boʻyicha davlatlararo kengash majlislari va koʻplab boshqa muhim tadbirlarni oʻtkazdi. Bu turli sohalarda koʻp qirrali oʻzaro manfaatli hamkorlikni sezilarli darajada faollashtirish, iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni mustahkamlash, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish imkonini berdi.
Uchrashuvda Hamdoʻstlik davlatlarining savdo-iqtisodiy hamkorligini yanada rivojlantirish, oʻzaro savdo hajmini oshirish, transport-kommunikatsiya salohiyatidan samarali foydalanish, shuningdek, xavfsizlikni mustahkamlash, zamonaviy xatar va tahdidlarning oldini olish va ularga qarshi kurashish masalalariga eʼtibor qaratildi.
Gumanitar, taʼlim va turizm sohalarida almashuvlarni izchil davom ettirish zarurligi taʼkidlandi.
Tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham muhokama qilindi.
Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasi kelasi yil MDHda hamrais, 2020 yilda esa MDH Davlat rahbarlari sammitiga mezbon boʻladi.
MDH norasmiy sammiti doirasida Prezidentimiz qator davlat rahbarlari bilan ikki tomonlama suhbatlar oʻtkazdi. Ularda 2018 yilda samarali sheriklikning asosiy yakunlari va kelgusidagi hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari muhokama qilindi.
Shu bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Sankt-Peterburg shahriga tashrifi yakuniga yetdi.