Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9 avgust kuni Ostona shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining oltinchi Maslahat uchrashuvida ishtirok etdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev raisligida oʻtgan tadbirda Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, shuningdek, faxriy mehmonlar sifatida Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev va BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi rahbari Kaxa Imnadze ham qatnashdi.
Kun tartibiga muvofiq, mintaqada koʻp qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish, jumladan, siyosiy muloqotni rivojlantirish, savdo, investitsiyalar, transport, energetika, qishloq xoʻjaligi va ekologiya sohalarida qoʻshma dastur va loyihalarni ilgari surish, madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish, shuningdek, zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi chora koʻrish masalalari muhokama qilindi.
Oʻzbekiston rahbari oʻz nutqida mintaqada birdamlik va hamjihatlikni mustahkamlash, koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirish borasidagi umumiy saʼy-harakatlarni yuqori baholadi.
— Ochiq va samarali muloqotlarimiz, ilgari surilgan muhim tashabbuslar, ishga tushirilgan koʻp tomonlama loyihalar va dasturlar, amalga oshirilgan koʻplab qoʻshma tadbirlar va shu kabi boshqa harakatlarimiz mintaqa qiyofasini va imijini tubdan oʻzgartirdi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mintaqa mamlakatlari samarali hamkorlik qilib, muhim masalalarni hal eta boshlagani taʼkidlandi. Oʻzaro savdo, investitsiyalar, yuk tashish hajmi, fuqarolarning tashriflari bir necha barobar oshdi. Xorijiy davlatlarning mintaqaga qiziqishi sezilarli darajada oshdi, «Markaziy Osiyo plyus» formatidagi turli uchrashuvlar shundan dalolat beradi.
— Bugun biz umummintaqaviy oʻziga xoslikni shakllantirish jarayoni boshlangani haqida ishonch bilan aytishimiz mumkin, — dedi Oʻzbekiston Prezidenti.
Davlatimiz rahbari hamkasblarining mintaqaviy oʻzaro hamkorlik mexanizmlari va institutlarini ishga tushirish, jumladan, milliy koordinatorlar, tarmoq vazirliklari va idoralari vakillari uchrashuvlari boʻyicha takliflarini qoʻllab-quvvatladi. Hozirgi bosqichda qabul qilinayotgan qarorlarni amalga oshirish va qoʻshma loyihalarni ilgari surish uchun taʼsirchan vositalar kerakligini taʼkidladi.
— Mintaqaviy integratsiyani chuqurlashtirish va uzoq muddatli sheriklik kun tartibini boyitish uchun Maslahat uchrashuvi formatini yanada takomillashtirish masalalarini birgalikda koʻrib chiqish vaqti keldi, — dedi Oʻzbekiston yetakchisi.
Ushbu masalalar yuzasidan konseptual tavsiya va takliflar ishlab chiqish uchun Markaziy Osiyo ekspert forumining navbatdagi yigʻilishini mamlakatimizda oʻtkazish taklif etildi.
Dunyodagi hozirgi vaziyatga toʻxtalib, Oʻzbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo oʻzining geosiyosiy joylashuvi tufayli global ishonch inqirozi va mojarolar keskinlashuvining barcha salbiy oqibatlarini boshidan kechirayotganini qayd etdi.
Anʼanaviy savdo-transport zanjirlari buzildi, mintaqa mamlakatlari sanksiya siyosatining asiriga aylandi, logistika xarajatlari sezilarli darajada oshdi, inflyasiya bosimi kuchaymoqda, jahon kapital bozoridagi imkoniyatlar qisqarmoqda, proteksionizm kuchaymoqda va yangi-yangi toʻsiqlar paydo boʻlmoqda.
Bundan tashqari, Afgʻonistondagi vaziyatning rivojlanishi bilan bogʻliq masalalar xalqaro kun tartibida ikkinchi darajaga tushib qoldi.
Markaziy Osiyo mamlakatlarining farovonligi koʻp jihatdan umumiy saʼy-harakatlarga, yaqindan hamkorlik qilish, qatʼiy choralar koʻrish va mintaqa manfaatlarini birgalikda ilgari surishga tayyorlikka bogʻliq. Shu munosabat bilan strategik hujjat — Mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash konsepsiyasini ishlab chiqish taklif etildi.
Global jarayonlarning Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishiga taʼsiri tahlilidan kelib chiqib, Oʻzbekiston Prezidenti mintaqada amaliy hamkorlikning qator ustuvor yoʻnalishlarini belgilab berdi.
Birinchi navbatda, uzoq muddatli istiqbolga moʻljallangan iqtisodiy sheriklikni rivojlantirishning yangi drayverlari va modeli zarurligi taʼkidlandi.
— Mamlakatlarimiz tabiiy savdo sheriklari boʻlib, milliy iqtisodiyotlarimiz bir-birini toʻldiradi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu bilan birga, bugungi kunda mamlakatlarimiz umumiy tovar aylanmasida mintaqaviy savdoning ulushi kichik. Mintaqada toʻlaqonli erkin savdo hududini shakllantirish yoʻlidagi toʻsiqlar saqlanib qolmoqda.
Tahlillarga koʻra, birinchi navbatdagi chora-tadbirlarni amalga oshirish yaqin besh yilda oʻzaro savdo hajmini ikki barobar oshirish imkonini berishi taʼkidlandi.
Tarif va notarif toʻsiqlarni bartaraf etish, muvofiqlik sertifikatlarini oʻzaro tan olish va reglamentlarni unifikatsiya qilish, bojxona operatsiyalari va fitosanitariya tartib-taomillarini raqamlashtirish, davlat xaridlaridan foydalanishni oʻzaro yengillashtirish imkoniyatlarini koʻrib chiqish shular jumlasidan.
Yagona mintaqaviy bozorni shakllantirish uzoq muddatli istiqbolga moʻljallangan strategik maqsad boʻlishi kerak.
Davlatimiz rahbari bu masalalarning barchasini koʻrib chiqish uchun Iqtisodiy kengash — Bosh vazir oʻrinbosarlari darajasida muntazam uchrashuvlarni yoʻlga qoʻyish taklifini bildirdi.
Oʻzbekiston kelgusi yilda ushbu uchrashuvning birinchisini qabul qilishga hamda uning doirasida Hududlar forumi va tarmoq konferensiyalari, sanoat salohiyati koʻrgazma-yarmarkasi, eksport imkoniyatlari taqdimotlarini tashkil etgan holda Markaziy Osiyo biznes hamkorligi haftaligini oʻtkazishga tayyor.
Sanoat kooperatsiyasini ragʻbatlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Bu borada muvaffaqiyatli misollar mavjud. Xususan, chegaraoldi hamkorlikka doir maxsus hududlar, zamonaviy avtomobillar, maishiy elektronika, farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish loyihalari, agrar va toʻqimachilik klasterlari, logistika markazlari va infratuzilma obyektlari mavjud.
— Biz kuchlarimizni birlashtirib, qisqa qoʻshilgan qiymat zanjirlarini yaratish, yetakchi xalqaro kompaniyalardan investitsiya va texnologiyalarni jalb qilish, kooperatsiyaning yangi shakllarini joriy etish orqali mintaqani sanoatlashtirishning yagona xaritasini shakllantirishga erisha olamiz, — dedi davlatimiz rahbari.
Bu borada vazirlar darajasida Kengash taʼsis etish va dasturiy hujjat tayyorlash taklif etildi.
Shuningdek, Markaziy Osiyo investitsiya kengashi, Innovatsion rivojlanish bankini taʼsis etish, qoʻshma investitsiya forumlarini muntazam oʻtkazib borish masalalari ham istiqbolli ekani taʼkidlandi.
Mintaqaviy transport-kommunikatsiya tarmogʻini rivojlantirish hamkorlikning yana bir ustuvor yoʻnalishi sifatida qayd etildi. Mintaqaning geografik xususiyatlaridan kelib chiqib, tashqi savdo yuklarini tashish xarajatlarining ulushi tovarlar yakuniy qiymatining 50 foizigacha yetayotgani, bu esa jahon oʻrtacha koʻrsatkichidan toʻrt-besh barobar yuqori ekaniga eʼtibor qaratildi.
Shu munosabat bilan kelishilgan tarif siyosatini shakllantirish va oʻtkazish, milliy tashuvchilarni qoʻllab-quvvatlash uchun imtiyoz va preferensiyalarni qoʻllash, transport tarmogʻi va infratuzilmasini modernizatsiya qilish, chegara punktlarining oʻtkazish qobiliyatini oshirish, transport sohasini raqamlashtirish masalalari tizimli yondashuvni talab qiladi.
Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash borasidagi ishlarni muvofiqlashtirib borish zarurligi taʼkidlandi. BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti ekspertlarining hisob-kitoblariga koʻra, Markaziy Osiyo mamlakatlari nafaqat asosiy oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojlarini qondirishi, balki xalqaro bozorda mustahkam oʻrin egallashi mumkin.
Buning uchun qishloq xoʻjaligida ishlab chiqarish va suvni tejashning innovatsion texnologiyalarini joriy etish, hosildorlikni oshirish, chuqur qayta ishlashni rivojlantirish, seleksiya sohasidagi ilmiy ishlarni kuchaytirish, klaster va «aqlli» fermer xoʻjaliklarini tashkil etish muhimligi taʼkidlandi.
Ushbu sohadagi Mintaqaviy strategiyani ishlab chiqish maqsadida joriy yil sentyabr oyida Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan Dengizga chiqish imkoniga ega boʻlmagan mamlakatlarning oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha xalqaro forum doirasida mintaqa qishloq xoʻjaligi vazirlarining uchrashuvini oʻtkazish taklif etildi.
Davlatimiz rahbari iqlim oʻzgarishi muammolariga alohida eʼtibor qaratdi. Harorat koʻtarilishi, muzliklar erishi, toshqinlar, qurgʻoqchiliklar, chang boʻronlari va boshqa koʻplab tabiat hodisalari jiddiy talafotlar yetkazishda davom etmoqda.
— Joriy yilning noyabr oyida Ozarbayjonda boʻlib oʻtadigan Iqlim sammiti davomida mamlakatlarimiz yagona pozitsiya bilan chiqishlari mumkin. Bu oʻrinda soʻz xalqaro jamoatchilik, fondlar va donorlik tashkilotlari eʼtiborini ushbu oʻtkir muammolar, jumladan, Orol fojiasiga yechim topishga qaratish maqsadida mintaqadagi ekologik vaziyat haqida qoʻshma taqdimot oʻtkazish haqida ketmoqda, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shuningdek, Markaziy Osiyoni barqaror rivojlantirish boʻyicha kompleks dastur va Transchegaraviy daryolar suv resurslaridan oqilona foydalanish boʻyicha mintaqaviy strategiyani ishlab chiqish va qabul qilish taklif etildi.
Energetika sohasidagi hamkorlik mintaqa mamlakatlari hamkorligining asosiy yoʻnalishi sifatida qayd etildi. Bugungi kunda mintaqaviy miqyosda elektr energiyasi ishlab chiqarishni koʻpaytirish va uni uchinchi mamlakatlarga eksport qilish boʻyicha qator strategik loyihalar ishlab chiqilmoqda.
Bundan tashqari, atom energetikasini rivojlantirish, uglevodorodlar yetkazib berishni koʻpaytirish rejalari ham bor.
Oʻzbekiston Prezidenti mintaqa mamlakatlari parlamentlari oʻrtasidagi samarali almashinuvlarni rivojlantirishga yuqori baho berdi va buni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashini bildirdi. Shu munosabat bilan navbatdagi Parlamentlararo forumni kelgusi oyda Xiva shahrida oʻtkazishni taklif qildi.
Gumanitar sohadagi hamkorlik masalalariga toʻxtalar ekan, davlatimiz rahbari “madaniy-tarixiy merosning umumiyligini hisobga olgan holda, xalqlarimizning mintaqa kelajagi uchun daxldorligi, birdamligi, umumiy masʼuliyatni anglashini kuchaytirishga katta eʼtibor berish lozim»ligini taʼkidladi.
«Markaziy Osiyo tarixi va madaniyati: yagona oʻtmish va umumiy kelajak» xalqaro media platformasining tez fursatda ishga tushirilishi bu borada muhim amaliy qadam boʻladi.
Mintaqa xalqlarining oʻzaro bir-birini tushunishi va birdamligini yanada mustahkamlash maqsadida mintaqaviy oʻziga xoslikni shakllantirishning amaliy jihatlariga bagʻishlangan ilmiy forum oʻtkazish taklif etildi.
Innovatsion gʻoyalar va loyihalar mintaqaviy tanlovining muntazam oʻtkazilishi «Markaziy Osiyo yoshlari kun tartibi — 2030″ni ilgari surish va yosh avlodni hamkorlik dasturlariga jalb etishga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Oʻzbekiston Prezidenti taʼlim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha qator tashabbuslarni ilgari surdi. Markaziy Osiyo taʼlim va akademik almashuv dasturini qabul qilish va yetakchi oliy oʻquv yurtlarining diplomlarini oʻzaro tan olish toʻgʻrisidagi bitimni ishlab chiqish, iqtidorli talabalar oʻqishi uchun oʻzaro kelishuvlar asosida stipendiyalar ajratish muhimligi qayd etildi.
Ushbu masalalarni atroflicha muhokama qilish uchun oktyabr oyida Toshkent shahrida birinchi Markaziy Osiyo taʼlim forumi oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Mintaqaviy sheriklikning yangi drayveri sifatida turizm sohasi belgilandi. Turizm almashinuvini kengaytirish maqsadida milliy ID-kartalarni oʻzaro tan olish masalasini oʻrganish va «bitta tur — butun mintaqa» tamoyili asosida ommaviy turizm mahsulotlarini ishlab chiqish taklif etildi.
Soʻzining yakunida Prezidentimiz Mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishning 2040 yilgacha moʻljallangan konsepsiyasi qabul qilinishini qoʻllab-quvvatladi hamda Markaziy Osiyoda strategik sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi koʻp tomonlama bitimni tayyorlashni taklif qildi.
Oʻzbekiston rahbari ushbu uchrashuvning samarali natijalari Markaziy Osiyoda doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlari yanada mustahkamlanishiga, mintaqa xalqlari farovonligi yoʻlida amaliy hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Prezidentimiz Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarini kelgusi yilda boʻlib oʻtadigan ettinchi sammitda ishtirok etish uchun Oʻzbekistonga taklif qildi.