Ostona shahrida 50 ga yaqin aʼzo mamlakatlar va kuzatuvchilar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar delegatsiyalari ishtirokida Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengashning navbatdagi sammiti boshlandi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Kengash majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif, Falastin Davlati Prezidenti Mahmud Abbos, Qatar Davlati Amiri Tamim bin Hamad bin Xalifa Al Taniy, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan, Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, shuningdek, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi oʻrinbosari Van Sishan, Vyetnam Sotsialistik Respublikasi vitse-prezidenti Vo Txi An Suan ishtirok etdi.
Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengash (OHICHK) – xavfsizlik va barqarorlik sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, savdo va iqtisodiy sheriklik, atrof-muhitni muhofaza qilish borasidagi aloqalarni faollashtirishga qaratilgan xalqaro forum. Joriy yilda ushbu forumni yaratish tashabbusiga 30 yil toʻldi.
Bugungi kunda OHICHKda 28 ta davlat ishtirok etmoqda. Yana 9 ta mamlakat va 5 ta xalqaro tashkilot kuzatuvchilar maqomiga ega. OHICHKning oliy organi Davlat va hukumatlar rahbarlarining sammiti hisoblanadi. 2020 yildan buyon OHICHKda Qozogʻiston raislik qilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev sammitdagi nutqida dunyodagi vaziyatga baho berar ekan, xalqaro munosabatlarda noaniqlik tobora oʻsib, muloqot va ishonch misli koʻrilmagan darajada taqchil boʻlib borayotganini qayd etdi.
“Yuzaga kelgan yangi geosiyosiy voqelik butun Osiyo qitʼasi barqarorligiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Inqirozli holatlar Markaziy Osiyo davlatlariga ham toʻgʻridan-toʻgʻri daxl qilmoqda, iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirish boʻyicha bizning saʼy-harakatlarimizni sekinlashtirmoqda” – dedi davlatimiz rahbari.
Avvalo, boshqa oʻtkir xalqaro muammolar qalqib chiqishi oqibatida ikkinchi darajaga tushib qolayotgan Afgʻonistondagi vaziyatga alohida eʼtibor qaratildi. Shavkat Mirziyoyev Afgʻoniston muvaqqat hukumati bilan oʻzaro hamkorlik boʻyicha umumiy va muvofiqlashtirilgan yondashuvlar ishlab chiqish zarurligini taʼkidladi. Shu munosabat bilan, Osiyo mamlakatlarining Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasiga qoʻshma murojaati imkoniyatlarini koʻrib chiqish taklif etildi. Bu murojaatda Afgʻoniston hukumati bilan tomonlar majburiyatlarini bosqichma-bosqich bajarish algorimini tayyorlash va kelishish uchun yuqori darajadagi xalqaro muzokara guruhini shakllantirish haqidagi tashabbus ifoda etilgan.
Radikal gʻoyalarning xuruji kengayayotgani, ekstremistik tashkilotlarga yoshlarni faol jalb etishga urunishlar umumiy xavfsizlikka tahdid solmoqda. Shu munosabat bilan bu borada tizimli hamkorlik kerakligi qayd etildi. “Oʻgʻil-qizlarimiz oʻz kuchiga ishonishi, adolatli kelajakni qaror toptirishda oʻz ishtirokini his etishi, oʻz salohiyat va umidlarini amalda roʻyobga chiqarish imkoniyatlariga ega boʻlishi lozim” – dedi Oʻzbekiston yetakchisi.
Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengashning Yoshlar kengashi hamraisi sifatida Oʻzbekiston turli yoshdagi insonlar oʻrtasida bir-birini yaxshiroq tushunishga daʼvat etadigan, farzandlarimizning eng dolzarb muammolariga birgalikda yechim izlashga koʻmaklashuvchi yangi formatni – avlodlar muloqotini yoʻlga qoʻyish taklifini bildirdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Osiyo mamlakatlari iqtisodiyotini global inqirozning oʻsib borayotgan salbiy oqibatlariga moslashtirish boʻyicha qator tashabbuslarni ilgari surdi.
Xususan:
— proteksionizmning kuchayishiga, global bozorlarni beqaror qiladigan omillarni, jumladan yangi cheklovlarning joriy etilishiga yoʻl qoʻymaslik;
— Osiyo qitʼasida oʻzaro bogʻliqlikni, birinchi galda, ishlab chiqarish-logistika zanjirini, Markaziy Osiyoni Janubiy va Sharqiy Osiyo, shuningdek, Yaqin Sharq bilan samarali bogʻlovchi transport yoʻlaklarini yaratish;
— jahon sanoat inqilobining yangi bosqichiga oʻtishning asosi boʻlgan bilimlar iqtisodiyotini ilgari surish;
— innovatsiyalar transferi salohiyatini yanada toʻliqroq ishga solish, raqamlashtirishni faol ragʻbatlantirish, yuqori texnologiyalar, sunʼiy intellekt, Internet tizimlarini rivojlantirish maqsadga muvofiqligi taʼkidlandi.
Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash sohasida yangi yondashuvlarni taklif etdi. Bular – oziq-ovqat ishlab chiqarishning barqaror tizimlarini va uni yetkazib berishning optimal zanjirini shakllantirish, ichki mintaqaviy savdo oʻsishi uchun texnik reglamentlarni uygʻunlashtirish, Osiyoda oziq-ovqat xavfsizligini monitoring qilish yaxlit tizimini yaratishdir.
Ushbu barcha masalalar FAO shafeligida 2023 yilda Oʻzbekistonda boʻlib oʻtadigan xalqaro konferensiyada muhokama qilinadi.
Ekologiya muammolarini hal qilish uchun saʼy-harakatlarni birlashtirishni hamda mamlakatlarimizni jadal koʻklamzorlashtirish va ekotizimlar bogʻliqligini qoʻllab-quvvatlash masalalari boʻyicha “Yashil Osiyo” konseptual dasturi doirasida doimiy ekspert maslahatlashuvlarini yoʻlga qoʻyishni taklif qilindi.
Soʻzining yakunida Oʻzbekiston rahbari zamonaviy tahdidlarni faqat muloqot, bir-birining manfaatlarini hisobga olish, umumeʼtirof etilgan xalqaro huquq meʼyorlariga amal qilish orqali samarali yengib oʻtish mumkinligiga ishonch bildirdi.
Aynan shuning uchun ham Prezidentimiz ilgari surgan umumiy xavfsizlik va farovonlik yoʻlida hamjihatlik borasidagi Samarqand tashabbusining asosiy maqsadi insoniyat kelajagi uchun befarq boʻlmagan, tinchlik, totuvlik va birgalikda gullab-yashnash uchun intilayotgan barcha sogʻlom kuchlarni amaliy muloqotga jalb etishga qaratilgan.
Sammitda kengashga aʼzo davlatlar, kuzatuvchi mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar delegatsiyalari rahbarlari ham soʻzga chiqdi. BMT Bosh kotibining videomurojaati namoyish etildi.