Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Pekin shahrida XXIV qishki Olimpiya oʻyinlarining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Tadbir xorijiy davlatlar yetakchilari, rasmiy delegatsiyalar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari ishtirokida Pekindagi “Qush uyasi” milliy stadionida boʻlib oʻtdi.
Marosim badiiy dasturi XXR Raisi Si Szinpin tomonidan ilgari surilgan «Insoniyatning umumiy taqdiri hamjamiyati» konsepsiyasini oʻzida mujassam etgan boʻlib, Xitoy xalqining qadimiy tarixi va boy madaniyati, jahon iqtisodiyoti peshqadami sifatida erishayotgan ulkan muvaffaqiyat va yutuqlari, xalqaro olimpiya harakatining ruhi va qadriyatlarini aks ettirdi.
Soʻng Millatlar paradi boʻlib oʻtdi. Qishki Olimpiadada ishtirok etayotgan mamlakatlarning sport delegatsiyalari, shu jumladan Oʻzbekiston jamoasi stadion boʻylab yurdi. Oʻyinlarda yurtimizdan qatanashayotgan togʻ changʻichisi Komiljon Toʻxtayev Oʻzbekiston davlat bayrogʻini tantanali koʻtarib oʻtdi.
Yorqin sport bayrami avjida Olimpiya olovi yoqildi. Marosim bayramona mushakbozlik bilan yakunlandi.
Olimpiya oʻyinlarining 4-20 fevral kunlari oʻtadigan musobaqalarida sportning 15 ta yoʻnalishi boʻyicha 109 ta medallar toʻplami oʻynaladi, ular uchun dunyoning 90 dan ortiq mamlakatidan 4 mingdan ziyod sportchi kurashadi.