Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 aprel kuni Pokiston Islom Respublikasining Quruqlikdagi qoʻshinlar qoʻmondoni general-leytenat Kamar Javed Bajva boshchiligidagi delegatsiyasini qabul qildi, deya xabar berilmoqda Prezident.uz saytida.
Davlatimiz rahbari mehmonni qutlab, ushbu uchrashuv Oʻzbekiston bilan Pokiston oʻrtasida soʻnggi yillarda jadal rivojlanayotgan, doʻstlik, sheriklik va oʻzaro qoʻllab-quvvatlash tamoyillariga, umumiy tarix va diniy eʼtiqod, anʼanalar va maʼnaviy qadriyatlar mushtarakligiga asoslangan koʻp qirrali aloqalarning yana bir dalili ekanini alohida taʼkidladi.
Turli darajadagi siyosiy muloqotlarning faollashgani qayd qilindi. Savdo-iqtisodiy hamkorlik kengaydi: oʻzaro savdo hajmi ortib bormoqda, ikki mamlakat kompaniyalari va tadbirkorlari tomonidan qishloq xoʻjaligi mashinasozligi, farmatsevtika, toʻqimachilik, koʻnchilik, oziq-ovqat va iqtisodiyotning boshqa sohalarida qoʻshma loyihalar tayyorlanmoqda va amalga oshirilmoqda. Oʻzbekiston-Pokiston Ishbilarmonlar kengashi faoliyat yurita boshladi.
Oʻtgan yilning aprel oyidan “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasining Toshkent – Laxor – Toshkent yoʻnalishi boʻyicha parvozlari tiklandi.
Madaniy-gumanitar aloqalar rivojlanmoqda. Ziyorat turizmi dasturi doirasida mamlakatimizga sayyohlar kelishi koʻpaymoqda.
Uchrashuvda oʻzaro manfaatli aloqalar, jumladan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya va boshqa sohalardagi hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Harbiy va harbiy-texnik sohadagi hamkorlik istiqbollari, zamonaviy xatar va tahdidlarga qarshi birgalikda kurashish, mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash, shuningdek, Afgʻonistondagi vaziyatni tinchlik yoʻli bilan hal qilish masalalari muhokama qilindi.
General K.Bajva davlatimiz rahbariga qabul uchun minnatdorlik bildirdi va Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Mamnun Husaynning ezgu tilaklarini yetkazdi.
U Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Qurolli Kuchlarni modernizatsiyalash va mamlakat mudofaa salohiyatini mustahkamlash boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi.
Joriy yilning mart oyida Toshkentda boʻlib oʻtgan Afgʻoniston boʻyicha konferensiyaning amaliy natijalari toʻliq qoʻllab-quvvatlandi.
Uchrashuv yakunida Quruqlik qoʻshinlari qoʻmondoni Pokistonning mamlakatimiz bilan hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlashga tayyor ekanligini yana bir bor tasdiqladi.