Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida MDH sammiti boʻlib oʻtdi

0
125
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 18 dekabr kuni Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Davlat rahbarlari kengashining videoanjuman shaklidagi majlisi boʻlib oʻtdi.

Sammit ishida Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Moldova Respublikasi Prezidenti Igor Dodon, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchisi Talant Mamitov, MDH Ijroiya qoʻmitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedev va Hamdoʻstlik Parlamentlararo assambleyasi kengashi raisi Valentina Matviyenko ishtirok etdilar.

Kun tartibiga muvofiq MDH doirasidagi koʻp qirrali hamkorlikning holati va ustuvor yoʻnalishlari koʻrib chiqildi, sheriklik munosabatlarini mustahkamlash boʻyicha birgalikdagi rejalar belgilab olindi.

Davlatimiz rahbari oʻz nutqida Oʻzbekiston Respublikasi shu yil Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga raislik qilishdek sharafli va masʼuliyatli vazifani ilk bor oʻz zimmasiga olganini taʼkidladi.

MDHning ulkan salohiyatidan foydalanish, saʼy-harakatlarni birlashtirish, oʻzaro ishonch va hamkorlikni yanada mustahkamlash koronavirus pandemiyasi oqibatida kelib chiqqan inqirozdan tez fursatlarda chiqishning maqbul yoʻllarini topish uchun xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

– Oʻzbekiston umumiy muammolarni hal qilishga yangi, nostandart va oʻzaro manfaatli yondashuvlarni birgalikda ishlab chiqish va amalga oshirishga tayyor, — dedi Prezidentimiz.

Taʼkidlanganidek, mamlakatimiz MDH doirasidagi hamkorlikning sifat jihatidan yangi bosqichiga izchil oʻtish, sheriklik mexanizmlari va qabul qilingan hujjatlar ijrosi samaradorligini oshirish tarafdoridir.

Shavkat Mirziyoyev tashkilot doirasidagi koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirishga doir qator takliflarni ilgari surdi.

Xususan, bugungi sharoitda mamlakatlarimiz iqtisodiyotlari, savdo va kooperatsiya aloqalarini jadal surʼatlarda qayta tiklash ustuvor vazifa ekani taʼkidlandi. Mavjud muammolarga qaramay, Oʻzbekistonning MDHga aʼzo boshqa mamlakatlar bilan tovar ayirboshlashi barqaror oʻsib borayotgani kuzatilmoqda. Ayrim sheriklar bilan savdo joriy yilda 20 foizdan ziyodga koʻpaydi.

Hamdoʻstlik doirasida “yashil” va soddalashtirilgan yoʻlaklar amaliyotini keng joriy etish, elektron savdoni rivojlantirish boʻyicha yagona platformani ishga tushirish va “yoʻl xaritasi”ni qabul qilish muhimligi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari sanoat kooperatsiyasi boʻyicha kompleks dastur ishlab chiqish zarurligini qayd etdi.

Bunda agrosanoat, mashinasozlik, elektrotexnika, yengil va oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika va boshqa ustuvor tarmoqlarda qoʻshma klasterlar tashkil etish nazarda tutiladi. Ushbu dastur hamda innovatsion loyihalar va ilgʻor texnologiyalar taqdimotini kelgusi yil Toshkent shahrida oʻtadigan MDH mamlakatlari sanoat kooperatsiyasi forumi doirasida oʻtkazish taklif etildi.

Transport yoʻlaklari raqobatbardoshligini oshirish, texnik reglament va standartlarni uygʻunlashtirish, oʻzaro kelishilgan tarif siyosatini amalga oshirish va preferensiyalarni oʻzaro taqdim etish transport sohasidagi muhim vazifalar sifatida belgilandi.

Oʻzbekiston barcha sanitariya talablariga rioya etgan holda oʻzaro aviaqatnovlarni imkon qadar tez fursatda qayta yoʻlga qoʻyish tarafdoridir. Bu ishbilarmonlik, gumanitar va sayyohlik almashinuvlarini tiklashga xizmat qiladi, deya taʼkidladi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

MDH mamlakatlarining Hamdoʻstlik davlatlarida mehnat faoliyatini olib borayotgan fuqarolarini ijtimoiy va huquqiy himoya qilish masalasi tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu munosabat bilan Oʻzbekiston rahbari mehnat migrantlari hujjatlarini oʻzaro tan olishning yagona mexanizmini yaratish va bu sohada alohida dastur qabul qilish vaqti kelganini qayd etdi.

Bugungi kunda sanitariya-epidemiologik tusdagi favqulodda vaziyatlarni monitoring qilish va ularga barvaqt javob qaytarishning samarali tizimini shakllantirish alohida ahamiyat kasb etmoqda. Shu munosabat bilan MDH doirasidagi tegishli kelishuvni tayyorlash ishlari tezlashtiriladi.

Kasalliklarni profilaktika qilish va sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish maqsadida har yili ommaviy sport va madaniy tadbirlarni tashkil etgan holda “MDH salomatlik marafoni”ni oʻtkazish taklif etildi.

MDH ijodiy va fan ziyolilarining navbatdagi forumi doirasida Oʻzbekistonda “Hamdoʻstlik mamlakatlari madaniy merosi” konferensiyasini oʻtkazish gʻoyasi ilgari surildi. Bu anʼanaviy yaqin boʻlgan gumanitar aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.

MDH makonidagi xavfsizlikka tahdid solayotgan xatarlar toʻgʻrisida soʻz yuritilar ekan, Afgʻonistonda yoʻlga qoʻyilayotgan tinchlik jarayonini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash muhim ekani qayd etildi.

– Ushbu mamlakatning tinchligi butun Hamdoʻstlik makonida xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlashning muhim omilidir. Bu, shuningdek, davlatlarimizning Janubiy Osiyo bilan savdo-iqtisodiy hamkorligini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar degani, – deya taʼkidladi Prezidentimiz.

Mafkuraviy va axborot sohalarida xavfsizlikni taʼminlash masalalari ham yangi, noodatiy yondashuvlarni taqozo etayotgani qayd etildi. Ushbu mavzudagi avval qoldirilgan Xalqaro ekspertlar forumi kelgusi yilda Toshkent shahrida oʻtkaziladi.

Bundan tashqari, huquqiy axborot bilan almashish uchun MDH Yagona elektron platformasini yaratish va Radikallashuvdan qaytarish sohasidagi hamkorlik dasturini ishlab chiqish taklif etildi.

Tashkilot makonida doʻstlik va yaqin hamkorlikni mustahkamlashda parlamentlarning oʻrni ortib borayotgani taʼkidlandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston kelgusi yilda MDH Parlamentlararo assambleyasining yigʻilishlaridan birini poytaxtimizda oʻtkazishga tayyorligini bildirdi.

Soʻng MDHga aʼzo davlatlar delegatsiyalari rahbarlari soʻzga chiqib, amalga oshirilgan keng koʻlamli ishlar uchun Oʻzbekiston Respublikasiga chuqur minnatdorlik bildirdilar, bu mamlakatimizning Hamdoʻstlikka samarali raisligini taʼminlabgina qolmay, tashkilot doirasidagi koʻp qirrali amaliy hamkorlikni yanada kengaytirganini taʼkidladilar.   

Davlat rahbarlarining nuqtlarida iqtisodiyot, transport, xavfsizlik, gumanitar sohalarda aloqalarni chuqurlashtirish, MDHda tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlashga qaratilgan muhim tashabbuslar ilgari surildi.

Sammit yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, pandemiya oqibatlari bilan bogʻliq barcha qiyinchiliklarga qaramay, birgalikdagi saʼy-harakatlar bilan Hamdoʻstlik yangi voqelikka samarali moslashishga qodirligini namoyish etdi.

Majlisda MDHni yanada rivojlantirish konsepsiyasi hamda uni amalga oshirish boʻyicha asosiy tadbirlar rejasi, BMT tashkil etilganining 75 yilligi munosabati bilan hamda xalqaro axborot xavfsizligini taʼminlash sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida qoʻshma bayonotlar qabul qilindi.

Shuningdek, kelgusi yilda tashkilotga Belarus Respublikasi raislik qilishi va navbatdagi sammitni Minsk shahrida oʻtkazish toʻgʻrisidagi qarorlar hamda koʻp tomonlama hamkorlikning turli yoʻnalishlariga doir qator muhim hujjatlar imzolandi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.