Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti rasmiy tashrif bilan Eronda:mamlakatimiz Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi

0
123
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiyning taklifiga binoan 18 iyun kuni rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatning   Tehron shahriga keldi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

“Mehrobod” xalqaro aeroportida Oʻzbekiston rahbarining tashrifi munosabati bilan ikki davlat bayroqlari koʻtarildi, faxriy qorovul saf tortdi. Oliy martabali mehmonni Eron sanoat, konchilik va savdo vaziri Abbos Aliobodiy va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.

Tehrondagi “Saadobod” majmuasining “Jumhuri” saroyida Eron Islom Respublikasiga rasmiy tashrif bilan kelgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi. Davlatimiz rahbarini Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy kutib oldi.

Saroy oldidagi maydonda oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Oʻzbekiston va Eronning davlat bayroqlari koʻtarildi. Harbiy orkestr ikki mamlakat madhiyalarini ijro etdi. Prezidentlar faxriy qorovul safi oldidan oʻtib, rasmiy delegatsiyalar aʼzolarini qutladilar.

Birgalikda suratga tushish marosimidan soʻng yetakchilarning tor doiradagi uchrashuvi boshlandi. Tashrif doirasida ikki mamlakat oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan qator hujjatlar imzolanishi koʻzda tutilgan.

Boʻlajak oliy darajadagi muzokaralarda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi koʻp qirrali munosabatlarni va ustuvor yoʻnalishlardagi amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb jihatlari koʻrib chiqiladi. Mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashiladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.