Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30 may kuni mamlakatimizda amaliy tashrif bilan boʻlib turgan «Rosatom» atom energiyasi boʻyicha davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyovni qabul qildii, deya xabar beriladi prezident. uz saytida.
Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, Oʻzbekiston bilan Rossiya oʻrtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini izchil mustahkamlashga, oʻzaro manfaatli serqirra hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilayotgan oliy va yuqori darajadagi muloqotlar muntazamlik kasb etganini chuqur mamnuniyat bilan qayd etdi.
Oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi jadal ortib bormoqda, birgalikda investitsiya, energetika, sanoat, transport va boshqa sohalarda yirik loyihalar amalga oshirilmoqda, izchil hududlararo muloqot yoʻlga qoʻyilgan, madaniy-gumanitar almashuvlar faollashdi.
Muzokarada fan va yuqori texnologiyalar sohasida uzoq muddatli sheriklik aloqalarini rivojlantirish va mustahkamlash, istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, ikki mamlakat ilmiy-tadqiqot institutlari va innovatsiya markazlari oʻrtasida, jumladan, oʻtgan yili imzolangan Atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi hukumatlararo bitim doirasida yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Qoʻshma dastur va loyihalar doirasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash boʻyicha tizimli ishlarni tashkil etish muhimligi taʼkidlandi.
«Rosatom» davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyov samimiy qabul uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirib, Rossiya Federatsiyasi rahbariyatining salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
Rossiya mamlakatlarimiz va xalqlarimiz manfaatlari yoʻlida energetika sektorida keng koʻlamli sheriklik va oʻzaro foydali ilmiy-texnologik hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdorligi va bunga tayyorligi alohida qayd etildi.