Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10 sentyabr kuni Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisi Mixail Mishustin boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Rossiya delegatsiyasi Oʻzbekiston va Rossiya hukumat rahbarlari darajasidagi qoʻshma komissiyaning beshinchi yigʻilishi doirasida mamlakatimizda boʻlib turibdi.
Uchrashuv avvalida Mixail Mishustin davlatimiz rahbariga Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
Muzokaralar davomida Oʻzbekiston bilan Rossiya oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik, keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Rossiya Prezidentining joriy yil 26-28 may kunlari Oʻzbekistonga davlat tashrifi chogʻida qabul qilingan qaror va kelishuvlarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Shu maʼnoda, Qoʻshma komissiyaning kecha oʻtkazilgan navbatdagi yigʻilishining samarali natijalari yuqori baholandi.
Tovar ayirboshlash surʼatini saqlab qolish, sanoat, energetika, qishloq xoʻjaligi, transport va iqtisodiyotning boshqa ustuvor sohalarida hamkorlik loyihalarini qoʻllab-quvvatlash hamda jadallashtirish boʻyicha muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlar koʻrish zarurligi taʼkidlandi.
Davlatimiz rahbari hududlar darajasida amaliy hamkorlikni yanada kuchaytirish, jadal madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirish, migratsiya sohasida samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyish muhim ekanini qayd etdi.
Shuningdek, uchrashuv davomida tomonlarni qiziqtirgan masalalar yuzasidan fikr almashildi.