1 dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda amaliy tashrif bilan boʻlib turgan Rossiya Federatsiyasi Federal xavfsizlik xizmati direktori Aleksandr Bortnikovni qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Uchrashuv avvalida Aleksandr Bortnikov davlatimiz rahbariga Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Oʻzbekiston-Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi. Joriy yil 19 noyabr kuni Moskva shahrida oʻtgan oliy darajadagi ikki tomonlama uchrashuvning samarali natijalari yuksak baholandi.
Xavfsizlikka zamonaviy tahdidlarga, shu jumladan terrorizm, ekstremizm, uyushgan jinoyatchilik, kiberjinoyatlar, narkotrafik va boshqa xavf-xatarlarga qarshi kurashishda ikki mamlakat vakolatli organlari oʻrtasidagi muntazam aloqalarni davom ettirish va amaliy hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Afgʻonistonda vujudga kelayotgan holatdan kelib chiqib mintaqadagi vaziyat yuzasidan ham fikr almashildi.