Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2 noyabr kuni mamlakatimizda rasmiy tashrif bilan boʻlib turgan va MDH Hukumat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etadigan Rossiya Federatsiyasi Hukumati raisi Dmitriy Medvedevni qabul qildi, deya xabar bermoqda Prezident.uz saytida.
Suhbat chogʻida joriy yilning aprel oyida Moskva shahrida oʻtgan oliy darajadagi muzokaralar, ikki mamlakat rahbarlarining uchrashuvlari, jumladan, oktyabr oyida MDHning Sochi sammiti doirasidagi muloqoti strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashga kuchli surʼat bagʻishlagani, oʻzaro hamkorlikni sifat jihatidan yangi mazmun bilan boyitgani alohida taʼkidlandi.
Koʻp qirrali Oʻzbekiston – Rossiya munosabatlarini yanada kengaytirish, oʻzaro savdo hajmini oshirish, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida qoʻshma kooperatsiya loyihalarini hayotga tatbiq etish, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Rossiya Hukumati raisi Dmitriy Medvedev Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning ezgu tilaklarini yetkazdi.
Mamlakatlarimiz sheriklik munosabatlari va oʻzaro amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlashdan manfaatdor ekanligi taʼkidlandi.