Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisining oʻrinbosarini qabul qildi

0
89
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15 sentyabr kuni Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisining oʻrinbosari Aleksey Overchukni qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.  

Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari koronavirus infeksiyasining global miqyosda tarqalishi bilan bogʻliq zamonaviy xavf-xatarlarga qaramay mamlakatlarimiz oʻrtasidagi faol muloqot davom etayotgani va koʻp qirrali Oʻzbekiston-Rossiya hamkorligi surʼati saqlab qolinayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

Oʻzaro tovar ayirboshlash koʻrsatkichlari ortayotgani kuzatilmoqda, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida kooperatsiya loyihalari amalga oshirilyapti, qoʻshma korxonalar soni koʻpaydi.

Oʻzbekiston Prezidenti koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda yaqin va samarali hamkorlik yoʻlga qoʻyilganini alohida taʼkidladi.

Rossiya Hukumati Raisining oʻrinbosari Aleksey Overchuk uchrashuv oʻtkazish imkoniyati uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi hamda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin va Hukumati Raisi Mixail Mishustinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Uchrashuvda oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.

Iqtisodiy kooperatsiya boʻyicha uzoq muddatli dastur tayyorlash, qoʻshma investitsiya loyihalarini ilgari surish, mamlakatlarimiz hududlari oʻrtasidagi amaliy aloqalarni faollashtirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Oʻzbekiston-Rossiya strategik sheriklik munosabatlari kun tartibini yangi mazmun bilan boyitish maqsadida hamkorlikdagi ustuvor dastur va loyihalarni jadallashtirish muhimligi taʼkidlandi.

Shuningdek, mamlakatimizning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorligi va MDH doirasidagi yaqin muloqotlarni davom ettirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.