Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22 may kuni mamlakatimizda rasmiy tashrif bilan boʻlib turgan Rossiya Federatsiyasi mudofaa vaziri Sergey Shoyguni qabul qildi, deya xabar berilmoqda Prezident.uz saytida.
Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari izchil mustahkamlanib borayotgani, shuningdek, amaliy hamkorlik tomonlarni qiziqtirgan barcha yoʻnalishlarda jadal surʼatlar bilan rivojlanayotganini chuqur mamnuniyat bilan qayd etdi.
Ikki mamlakat idoralari, hududlari va ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi aloqalar faollashgani, iqtisodiyotning turli tarmoqlari hamda ijtimoiy sohada istiqbolli kooperatsiya dasturlari va loyihalari amalga oshirilayotgani, madaniy-gumanitar sohada samarali hamkorlik qilinayotgani alohida taʼkidlandi.
Suhbat chogʻida Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi harbiy va harbiy-texnikaviy hamkorlikni, jumladan, vazirliklararo sheriklikni yanada kengaytirish, ikki tomonlama tadbirlar oʻtkazish, professional harbiy kadrlar tayyorlash va boshqa masalalar koʻrib chiqildi.
Shuningdek, xalqaro siyosat va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Mudofaa vaziri Sergey Shoygu davlatimiz rahbariga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
Oʻzbekiston Qurolli Kuchlarini modernizatsiya qilish va mudofaa qobiliyatini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan keng miqyosli islohotlar qoʻllab-quvvatlanishi bildirildi. Mamlakatimizning mintaqaviy xavfsizlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlashga doir tashabbuslari yuqori baholandi.
Rossiya mamlakatlarimiz va xalqlarimiz farovonligi yoʻlida Oʻzbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi oʻrtasidagi keng koʻlamli va oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlashga tayyor ekani qayd etildi.