Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Yevropa kengashi Prezidenti Sharl Mishelning matbuot uchun qoʻshma bayonoti

0
90
marta koʻrilgan.

2022 yil 28 oktyabr kuni Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Yevropa kengashi Prezidenti Sharl Mishel uchrashuv oʻtkazdilar, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Samimiy va doʻstona ruhda oʻtgan muzokaralar chogʻida Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Sharl Mishel keyingi yillarda Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi munosabatlar sifat jihatidan yangi darajaga koʻtarilgani va keng koʻlamli tus olganini tasdiqladilar.

Tomonlar Yevropa Ittifoqining Oʻzbekiston va Markaziy Osiyo oʻrtasidagi aloqalarni va hududlararo hamkorlikni mustahkamlashga intilishini olqishladilar.

Oʻzbekiston va YeI oʻrtasidagi munosabatlarga yangi surʼat bagʻishlash va ularni yanada chuqurlashtirish maqsadida birgalikdagi saʼy-harakatlarni amalga oshirishga kelishib olindi.

Ikki tomonlama va hududlararo hamkorlik uchun yaratilgan qoʻshma mexanizmlar sermahsul ishlayotgani ijobiy baholandi. Ularning salohiyati va imkoniyatlaridan foydalanish samaradorligini yanada oshirish maqsadida birgalikda harakat qilishga tayyorlik bildirildi.

Tomonlar Oʻzbekiston va Yevroittifoq oʻrtasidagi munosabatlarda yangi sahifa ochadigan, siyosat, iqtisodiyot, xavfsizlik va inson kapitali yoʻnalishlaridagi masalalarning keng doirasi boʻyicha hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladigan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim dastlabki bosqichda imzolanganini olqishladilar.

Prezidentlar ushbu muhim hujjat imkon qadar tez fursatda imzolanishi va ratifikatsiya qilinishiga umid bildirdilar.

Tomonlar xalqaro ishlarda va ikki tomonlama munosabatlarda BMT Ustavi va xalqaro huquqning umumeʼtirof qilingan normalariga qatʼiy rioya qilishlarini, hamkorlikni teng huquqlilik, oʻzaro anglashuv va manfaatlarni oʻzaro hisobga olish tamoyillari asosida qoʻllab-quvvatlashlari va rivojlantirishlarini taʼkidladilar.

Yevroittifoq tomoni Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar siyosatini qatʼiy qoʻllab-quvvatlashini, ular barqaror boʻlishi va ortga qaytmasligiga umid bildirdi.

Prezidentlar inson huquqlari, demokratiya va qonun ustuvorligi sohasidagi konstruktiv muloqot va faol hamkorlikni yuksak baholadilar. Oʻzbekiston va YeIning bu boradagi hamkorligini mustahkamlashga bundan buyon ham koʻmaklashishga tomonlar qatʼiy intiladilar.

Yevropa kengashi Prezidenti Oʻzbekiston rahbariyatining gender tenglikni taʼminlash, xotin-qizlar, yoshlar va bolalarning huquq va manfaatlarini qoʻllab-quvvatlash masalalariga eʼtibori ortib borayotganini mamnuniyat bilan taʼkidladi hamda YeI ushbu sohalardagi loyiha va dasturlarni amalga oshirishga har tomonlama koʻmakni davom ettirishga tayyorligini bildirdi. Yevropa Ittifoqi inson huquqlari va asosiy erkinliklarini toʻliq hurmat qilish muhimligini qayd etdi.

YeI kompaniyalaridan Oʻzbekistonga toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar, eng yangi texnologiyalar, ilgʻor tajriba va yuksak standartlarni jalb qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Prezidentlar Oʻzbekiston bilan Yevroittifoq oʻrtasida iqtisodiyot, savdo va investitsiyalar sohalaridagi hamkorlik jadal rivojlanib borayotganini olqishladilar. Oʻtgan yilning aprel oyida Oʻzbekistonga “GSP+” tizimining benefitsiar mamlakati maqomi berilib, oʻzbek mahsulotlarining keng nomenklaturasi YeI mamlakatlariga bojsiz yetkazib berilishiga imkoniyat yaratilgani bu borada muhim qadam boʻldi.

Tomonlar YeIning Markaziy Osiyo boʻyicha strategiyasi bajarilishini jadallashtirish maqsadida birgalikda chora koʻrish zarurligiga alohida eʼtibor qaratdilar hamda 2022 yil 18 noyabr kuni Samarqand shahrida “YeI – Markaziy Osiyo” formatida oʻzaro bogʻliqlik boʻyicha “Barqaror taraqqiyot uchun “Global darvoza” konferensiyasining oʻtkazilishini olqishladilar.

Oʻzbekiston tomoni konferensiyada hamkorlikning ustuvor sohalarida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” qabul qilinishini taklif etishga tayyor.

Barqaror transport yoʻlaklarini yaratish, shu jumladan Transkaspiy multimodal marshrutini rivojlantirish oʻzaro savdoni koʻpaytirish uchun tizimli omil sifatida belgilandi.

Prezidentlar portlarning quvvatlarini kengaytirish, parom va temir yoʻl parklarini kengaytirish, bojxona tartib-taomillarini uygʻunlashtirish, yuklar bilan ishlash va chegaralardan oʻtish uchun raqamli yechimlarni joriy qilish muhimligini qayd etdilar. Bunday loyihalarni amalga oshirish YeIning “Global darvoza” tashabbusi maqsad va vazifalariga toʻliq mosdir.

Oʻzbekiston tomoni oʻzaro bogʻliqlikni chuqurlashtirishga xizmat qiladigan “Termiz – Mozori-Sharif – Kobul — Peshovar” temir yoʻlini qurish muhimligini taʼkidladi.

Oʻzbekiston tomoni xorijiy, shu jumladan YeI kompaniyalarining toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarini jalb qilish uchun zarur sharoitlar yaratishga tayyorligini bildirdi.

Tomonlar Oʻzbekiston uchun 2021-2027 yillarga moʻljallangan YeIning moliyaviy-texnik koʻmagiga doir koʻp yillik indikativ dasturi tasdiqlangani va amalga oshirilishi boshlanganini olqishladilar.

Ular raqamlashtirish, “yashil” iqtisodiyot, energetik samaradorlik va suvdan foydalanish sohalarida oʻzaro manfaatli hamkorlik uchun mavjud salmoqli salohiyatdan foydalanish, shu jumladan Yevropaning ilgʻor tajribasini joriy qilish va ushbu sohalarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish muhimligini qayd etdilar.

Oʻzbekistonning suv-ekologiya masalalari, shu jumladan BMTning Orolboʻyi mintaqasi uchun inson xavfsizligi boʻyicha koʻpsheriklik Trast jamgʻarmasini tashkil etish borasidagi tashabbuslarini doimo qoʻllab-quvvatlab kelayotgani uchun Yevroittifoqqa minnatdorlik bildirildi. Uning faoliyatini davom ettirish muhimligi borasida tomonlarning fikri yakdil.

Taʼlim va fan sohasidagi hamkorlikni, shu jumladan “Erasmus+” va “Horizon Europe” dasturlari salohiyatidan foydalangan holda chuqurlashtirish muhim ekani taʼkidlandi. Tomonlar kasbiy taʼlim boʻyicha “DARYA” birinchi mintaqaviy loyihaning amalga oshirilishini olqishladilar.

Oʻzbekiston tomoni 2023 yilda Oʻzbekistonda “YeI – Markaziy Osiyo” birinchi turizm forumini oʻtkazishni taklif qildi.

Mintaqaviy va xalqaro kun tartibining dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Markaziy Osiyoda oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlash, xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash borasidagi birgalikdagi saʼy-harakatlarni davom ettirish muhimligi taʼkidlandi.

Shu maʼnoda, Afgʻonistonning mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikka surunkali tahdidlar manbaiga aylanishiga yoʻl qoʻymaslik zarurligi qayd etildi.

Qish davrida yaqinlashib kelayotgan gumanitar falokatning oldini olish, jumladan, afgʻon xalqiga gumanitar yordam koʻrsatish xavotir uygʻotayotgan birinchi galdagi masala sifatida taʼkidlandi.

Tomonlarning oʻzaro majburiyatlarini bajarish algoritmini tezda kelishish maqsadida Oʻzbekiston tomoni oʻzining Afgʻoniston muvaqqat hukumati bilan muzokaralar olib borish uchun xalqaro guruh tuzish tashabbusini alohida koʻrsatib oʻtdi.

Uzoq muddatli barqarorlikka erishish uchun Afgʻonistonda inklyuziv siyosiy jarayonni hamda inson, shu jumladan xotin-qizlar huquqlarini taʼminlash zarurligi yuzasidan mushtarak fikrlar bildirildi.

Yakunda Prezidentlar Oʻzbekiston va YeI oʻrtasidagi ochiq va konstruktiv muloqotni va sheriklikni mustahkamlashga, shuningdek, Markaziy Osiyoni tinchlik, xavfsizlik, barqarorlik va izchil taraqqiyot mintaqasiga aylantirish maqsadida yaxshi qoʻshnichilik, oʻzaro hurmat, ishonch va xalqaro huquqning asosiy normalariga rioya qilish prinsiplari asosida mintaqaviy kooperatsiya va oʻzaro bogʻliqlikni yanada kengaytirishga koʻmaklashishga intilishlari qatʼiy ekanini yana bir bor tasdiqladilar.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.