Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Bir makon, bir yoʻl” uchinchi xalqaro forumidagi nutqi

0
41
marta koʻrilgan.

Hurmatli Guterrish janoblari!

Hurmatli Xan Chjen janoblari!

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Xonimlar va janoblar!

Avvalo, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin janoblariga “Bir makon, bir yoʻl” uchinchi xalqaro forumida ishtirok etishga taklif qilgani hamda iliq qabul uchun samimiy minnatdorlik bildiraman.

“Makon va yoʻl” tashabbusining oʻn yilligi munosabati bilan xitoylik doʻstlarimiz hamda tadbirning barcha ishtirokchilari nomiga bildirilgan tabrik soʻzlariga qoʻshilaman.

Buyuk ipak yoʻlini qayta tiklashga qaratilgan ulugʻvor gʻoya tarixan qisqa davrda koʻplab tarafdorlariga ega boʻldi va xalqaro hamkorlikning yangi modeliga aylandi. U umumiy taraqqiyot va farovonlikka erishish yoʻlidagi zaruriy, inklyuziv va ochiq platformaga aylandi.

Jahondagi yetakchi davlatlar oʻrtasidagi oʻzaro ishonch inqirozi tufayli vujudga kelgan hozirgi geosiyosiy beqarorlik sharoitida ushbu dasturning oʻrni va ahamiyati tobora ortib bormoqda.

Xitoyning har tomonlama strategik sherigi sifatida Oʻzbekiston birinchilardan boʻlib “Makon va yoʻl” tashabbusini qoʻllab-quvvatlaganini alohida taʼkidlashni istardim. Biz mazkur tashabbusning asosiy maqsad va vazifalarini yanada ilgari surishning qatʼiy tarafdorimiz.

Hurmatli forum ishtirokchilari!

Xitoyning “Yashil ipak yoʻli” tashabbusi mohiyat eʼtibori bilan umumiy “yashil” kelajak kun tartibini shakllantiradi, deb hisoblaymiz. Ushbu gʻoya Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin janoblari tomonidan ilk bor 2016 yilda aynan bizning mamlakatimizda eʼlon qilingani chuqur ramziy maʼnoga ega.

Oʻzbekiston va butun Markaziy Osiyo jahondagi iqlim oʻzgarishi oqibatlaridan eng koʻp zarar koʻrayotgan mintaqalardan biri ekanini taʼkidlamoqchiman.

Hozirgi vaqtda bizning mintaqamiz mamlakatlari global isish, ekologik muvozanat buzilishining anomal ob-havo sharoitlari, tez-tez yuz berayotgan qurgʻoqchilik va chang boʻronlari, yerlarning shiddat bilan degradatsiyaga uchrashi va choʻllanishi, bioxilma-xillikning yoʻqolishi koʻrinishida namoyon boʻlayotgan jiddiy tahdidlarini oʻzida toʻliq his etmoqda.

Birgina misol – koʻp yillik kuzatishlar bugungi kunda Markaziy Osiyoda oʻrtacha havo haroratining oshib borishi dunyodagi umumiy koʻrsatkichlardan ikki marta yuqori ekanini koʻrsatmoqda.

Biz Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasida qabul qilingan maxsus rezolyusiya doirasida Orolboʻyida ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududlarini yaratish boʻyicha keng koʻlamli dasturni amalga oshirmoqdamiz.

Oʻzbekiston joriy yilning sentyabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi tashabbusiga koʻra boʻlib oʻtgan Iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq ulkan vazifalar sammitini ham yuqori baholaydi hamda mazkur anjuman yakunlarining tezroq amalga oshirilishiga umid bildiradi.

Biz 2024 yil Markaziy Osiyoda “yashil” taraqqiyot sohasidagi maqsadlarga erishish yoʻlida fikr almashish va saʼy-harakatlarni birlashtirish uchun Samarqand xalqaro iqlim forumini oʻtkazish niyatidamiz.

Umid qilamizki, ushbu forum barqaror rivojlanish yoʻlidagi global xavf-xatarlarga javob topish uchun “Kelajak uchun – Samarqand muloqoti”ni tashkil etishda amaliy qadam boʻlib xizmat qiladi.

Hurmatli sammit ishtirokchilari!

Oʻzbekiston “Yashil ipak yoʻli” doirasida keng koʻlamli xalqaro hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor.

Shu munosabat bilan Xitoy hamda “Makon va yoʻl” sammitining boshqa ishtirokchilari bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash boʻyicha fikrlarimiz bilan oʻrtoqlashmoqchiman.

Birinchidan, birgalikdagi saʼy-harakatlarimizni yanada yaqindan muvofiqlashtirish maqsadida “Markaziy Osiyoning “yashil” kun tartibi” va “Yashil ipak yoʻli” konseptual tashabbuslarining oʻzaro bogʻliq holda amalga oshirilishi tarafdorimiz.

Quyidagi muhim vazifalarning amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida keng koʻlamdagi ”Yashil” taraqqiyot dasturi”ni ishlab chiqishni taklif etamiz: iqtisodiyot tarmoqlarini “yashil” taraqqiyot talablari asosida transformatsiya qilish va raqamlashtirish, transport va energetika tarmoqlarida barqaror infratuzilmani yaratish, “yashil” sanoat quvvatlarini ishga tushirish, kambagʻallikni qisqartirish va “aqlli” qishloq xoʻjaligini rivojlantirish.

Ikkinchidan, “yashil” ishlab chiqarish zanjirlari va innovatsiyalarni rivojlantirish sohasida amaliy hamkorlikni kengaytirishni muhim, deb hisoblaymiz.

Xitoyning yetakchi kompaniyalari bilan birgalikda va boshqa xorijiy hamkorlarni jalb etgan holda, “yashil texnologiyalar”ni keng joriy qilish asosida sanoat sohasida va muhim ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan dasturlarni amalga oshirish uchun Orolboʻyi mintaqasida Maxsus namunali texnologik parkni tashkil etishga tayyormiz.

Uchinchidan, Xitoyning “Makon va yoʻl” dasturining “yashil” investitsiyalar tamoyillari” borasidagi tashabbusini qoʻllab-quvvatlaymiz va uni amalga oshirishda ishtirok etish niyatidamiz.

Oʻzbekistonda “Yashil” moliyalashtirish” jamgʻarmasini taʼsis etishni taklif qilamiz. Ushbu jamgʻarma kam uglerodli iqtisodiyot va “toza” texnologiyalarni rivojlantirish, shuningdek, mintaqa mamlakatlarida yuqori ekologik standartlarni joriy etish uchun moliyaviy resurslarni safarbar qilishning taʼsirchan vositasiga aylanadi.

Toʻrtinchidan, biz “Makon va yoʻl” dasturida ishtirok etayotgan mamlakatlarni “yashil” mahsulotlar, ayniqsa, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining oʻzaro savdosidagi cheklov va toʻsiqlarni kamaytirishga chaqiramiz.

Beshinchidan, “yashil” energiyaga oʻtish boʻyicha muloqotni faollashtirish va “Makon va yoʻl” tashabbusiga qoʻshilgan mamlakatlar vazirlarining muntazam uchrashuvlarini oʻtkazishni muhim, deb bilamiz.

Aminmizki, bu qayta tiklanadigan energiya sohasida xalqaro kun tartibini kengaytirish boʻyicha oʻzaro muvofiqlashtirilgan yondashuvlarni ishlab chiqish imkonini beradi.

Oltinchidan, Orolboʻyi xalqaro innovatsiyalar markazi negizida “yashil” bilim va yechimlarni transfer qilish boʻyicha ilmiy-axborot platformasini ishga tushirishni taklif etamiz.

Yettinchidan, biz Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti negizida “Yashil” taraqqiyot va ekologiya sohasida mutaxassislar tayyorlash va akademik almashuvni rivojlantirish boʻyicha qoʻshma dastur ishlab chiqish tarafdorimiz.

Bu borada Xitoy hamda “Makon va yoʻl” tashabbusining boshqa ishtirokchi mamlakatlari yetakchi oliygohlari va taʼlim markazlari bizning sheriklarimiz sifatida ishtirok etishlari mumkin.

Va nihoyat, biz jamiyatda tabiiy resurslar va atrof-muhitga nisbatan ehtiyotkorlik bilan munosabatda boʻlish boʻyicha anʼanaviy qadriyatlarni qaror toptirmasdan turib, “yashil” taraqqiyotga oʻtish mumkin emas, deb hisoblaymiz.

Shu munosabat bilan “Bir makon, bir yoʻl” tashabbusi doirasida “yashil” madaniyatni rivojlantirish boʻyicha Global dasturni ishga tushirishni va unda etno-ekologik festivallar, forumlar, mamlakatlarimizdagi taniqli jamoat arboblari, fan, biznes va madaniyat namoyandalari ishtirokida taqdimotlar va tadbirlarni oʻtkazishni nazarda tutishni taklif etamiz.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Xonimlar va janoblar!

Donishmand xitoy xalqining maqolida aytilganidek, “Kelgusi asrning baxti ushbu asrda quriladi”.

Bugun biz saʼy-harakatlarimizni birlashtirgan va kuchaytirgan holda, insoniyatning “yashil” kelajagi uchun mustahkam poydevor yaratmoqdamiz.

Ishonchim komilki, bugungi uchrashuvimiz yakunlari, bildirilgan gʻoya va takliflar bizning ana shu ezgu maqsadga erishish yoʻlidagi umumiy aniq hissamiz boʻladi.

Barchangizga muvaffaqiyatlar tilayman.

Eʼtiboringiz uchun rahmat.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.