Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 76-sessiyasidagi nutqi

0
97
marta koʻrilgan.

Hurmatli rais Abdulla Shahid janoblari!

Muhtaram Bosh kotib Antoniu Guterrish janoblari!

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Xonimlar va janoblar!

Avvalambor, Antoniu Guterrish janoblarini Bosh kotib lavozimiga qayta saylangani bilan samimiy qutlayman.

Bugun insoniyat oʻz taraqqiyot yoʻlining tub burilish davrini boshidan kechirmoqda, xalqaro munosabatlarning tabiati keskin oʻzgarmoqda.

Tinchlik, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga transmilliy tahdidlar tobora kuchaymoqda, iqlim jadal oʻzgarmoqda, ommaviy migratsiya oqimlari koʻpaymoqda, anʼanaviy qadriyatlar zavol topmoqda.

Ishonchim komilki, bunday murakkab sharoitda Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning ixtisoslashgan tuzilmalarining dunyo miqyosidagi ahamiyati va oʻrni tobora ortib bormoqda.

Jahon taqdiri bilan bogʻliq ushbu muhim jarayonlarda aynan Birlashgan Millatlar Tashkiloti oʻzining yetakchilik rolini yangi mazmun va sifat bilan davom ettirishi zarur.

Biz Bosh kotibning xalqaro munosabatlar tizimida hamjihatlik va birdamlikni mustahkamlash, tashkilot faoliyatining samaradorligini va shaffofligini oshirishga qaratilgan  harakatlarini qoʻllab-quvvatlaymiz.

Hurmatli sessiya ishtirokchilari!

Bugun global ofatga aylangan COVID-19 pandemiyasi va uning nafaqat ijtimoiy-iqtisodiy, balki maʼnaviy-siyosiy oqibatlari diqqat markazimizda turibdi.

Biz Birlashgan Millatlar Tashkilotining “hech kimni eʼtiborsiz qoldirmaslik, hamma uchun va barcha joyda”, degan tamoyil asosida vaksinalardan teng va adolatli foydalanish imkoniyatini yaratishga doir yondashuvini toʻliq maʼqullaymiz.

Fursatdan foydalanib, COVAX global platformasi doirasida bizga koʻrsatilayotgan amaliy yordam uchun xorijiy hamkorlarimizga  alohida tashakkur izhor etaman.

Biz pandemiyalarga qarshi samarali kurashda, vaksinatsiya natijalarini xalqaro miqyosda tan olish jarayonlarida Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining muvofiqlashtiruvchi rolini yanada kuchaytirish tarafdorimiz.

Oʻzbekiston Respublikasining tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va Bosh Assambleyaning rasmiy hujjati sifatida tarqatilgan Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari toʻgʻrisidagi Kodeks bizning bu boradagi amaliy hissamizdir.

 

Hurmatli xonimlar va janoblar!

Mamlakatimizda soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli va jadal demokratik islohotlar bugungi kunda ortga qaytmas tus oldi.

Inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash hamda himoya qilish demokratik islohotlarimizning asosini tashkil etmoqda.

Soʻz va ommaviy axborot vositalari, din va vijdon erkinligini, gender tenglikni, millatlararo totuvlikni taʼminlash borasida qatʼiy qadamlar tashlanmoqda.

Oʻzbekiston oʻz tarixida birinchi marta Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari boʻyicha Kengashiga aʼzo etib saylandi.

Biz boshlagan islohotlar yoʻlimizni izchil davom ettirish maqsadida Yangi Oʻzbekiston strategiyasini ishlab chiqdik.

Ushbu Strategiyaning bosh gʻoyasi fuqarolik jamiyati institutlari rolini kuchaytirish, inson huquqlarini himoya qilish, kambagʻallikni kamaytirish, har bir kishini kafolatli daromad manbai bilan taʼminlash hamda barqaror ekologik rivojlanishga erishishdan iboratdir.

Asosiy maqsadimiz – 2030 yilga borib aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan daromadlar miqdori boʻyicha “daromadi oʻrtachadan yuqori boʻlgan davlatlar” qatoriga kirishdir.

Bu rejamiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining 2030 yilgacha boʻlgan Barqaror rivojlanish maqsadlari ruhiga uygʻun ekanini taʼkidlash lozim.

Shu maʼnoda, pandemiyadan keyingi davrda jahon iqtisodiyotini qayta tiklash muammolarini oʻrganish, kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha ilgʻor tajribalarni hayotga tadbiq etishga bagʻishlangan  Xalqaro konferensiyani Toshkentda oʻtkazishni taklif etamiz.

Maʼlumki, global harakatlarga yoshlarni jalb etish boʻyicha  Butunjahon konferensiyasi mamlakatimizda muvaffaqiyatli oʻtkazildi.

Ushbu yoʻnalishdagi qatʼiy saʼy-harakatlarimizni izchil davom ettirish maqsadida Oʻzbekistonda – qadimiy Samarqand shahrida muntazam oʻtkazilayotgan Inson huquqlari muloqotlari doirasida Global taʼlim forumini tashkil etamiz.

Qadrli doʻstlar!

Biz Markaziy Osiyo mintaqasida oʻzaro hamjihatlik va hurmat, yaqin qoʻshnichilik va strategik sheriklik ruhidagi mutlaqo yangi siyosiy muhitni mustahkamlab bormoqdamiz.

Bizning asosiy maqsadimiz – Markaziy Osiyoni farovon va barqaror rivojlanayotgan, ishonch va doʻstlik makoniga aylantirishdir.

Buning uchun biz qoʻshni va yondosh mintaqalar bilan oʻzaro aloqalarni kuchaytirishga ustuvor ahamiyat qaratmoqdamiz.

Bu yoʻnalishda Markaziy va Janubiy Osiyoning oʻzaro bogʻliqligini mustahkamlash toʻgʻrisidagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining maxsus rezolyusiyasini qabul qilish taklifini ilgari surdik.

Afgʻoniston Markaziy Osiyoning uzviy qismi ekanini yana bir bor taʼkidlamoqchiman.

Bu davlatda tinchlik va osoyishtalik oʻrnatilishidan nafaqat biz, qoʻshni mamlakatlar, balki butun dunyo manfaatdordir.

Shu bois, biz afgʻon xalqiga hamisha qoʻldan kelgan yordamni koʻrsatmoqdamiz.

Yaqinda oʻzbek-afgʻon chegarasini ochib, ushbu mamlakatga birlamchi zarur boʻlgan oziq-ovqat, neft mahsulotlari va elektr energiyasi yetkazib berishni qayta tikladik.

Hozirgi qiyin davrda Afgʻonistonni yakkalab, uni muammolar girdobiga tashlab qoʻyish mumkin emas.

Maʼlumki, biz oʻtgan yili ushbu oliy minbardan turib, BMT huzurida Afgʻoniston boʻyicha doimiy faoliyat yuritadigan qoʻmita tashkil etish taklifini bildirgan edik.

Afgʻon masalasida Birlashgan Millatlar Tashkilotining taʼsiri va ovozi har qachongidan ham kuchliroq yangrashi lozim.

Dunyoda xavf-xatar va ziddiyatlar, transmilliy tahdidlar tobora ortib borayotgani xalqaro hamkorlikni yanada kuchaytirishni  taqozo qilmoqda.

Shu yil noyabr oyida Toshkentda BMTning Global aksilterror strategiyasi Markaziy Osiyo uchun rejasining oʻn yillik natijalari va istiqbollariga bagʻishlangan Xalqaro konferensiya oʻtkazilishi ushbu ezgu maqsadlarga xizmat qilishi shubhasiz.

Mazkur tadbir doirasida BMTning giyohvandlik va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasi bilan 2022-2025 yillarga moʻljallangan Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun mintaqaviy dastur imzolanishi bu yoʻnalishdagi ishlarga katta zamin yaratadi.

Biz bu boradagi saʼy-harakatlarimizni  davom ettirgan holda, Birlashgan Millatlar Tashkilotining mazkur Boshqarmasi ishtirokida Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarini qamrab oladigan Giyohvandlikka qarshi umumiy Harakatlar rejasini ishlab chiqish niyatidamiz.

Hurmatli sessiya ishtirokchilari!

Oʻzbekiston iqlim oʻzgarishlariga qarshi kurash, atrof-muhit va bio xilma-xillikni muhofaza qilish masalalariga jiddiy eʼtibor qaratib kelmoqda.

Bu nafaqat bugungi, balki kelajak avlodlar oldidagi ezgu insoniy burchimizdir.

Fursatdan foydalanib, shu yil may oyida BMT Bosh Assambleyasining Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi, deb eʼlon qilish toʻgʻrisidagi  maxsus rezolyusiyasi qabul qilingani uchun aʼzo davlatlarga chuqur minnatdorchilik izhor etaman.

Biz Parij bitimining maqsadlariga erishishga qatʼiy qaror qilganmiz.

Qayta tiklanadigan energiya manbalariga oʻtish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshirmoqdamiz.

Jumladan, 2030 yilga qadar iqtisodiyotimizning energiya samaradorligini 2 barobarga oshirish, qayta tiklanadigan energiya ulushini 25 foizga yetkazish, ekologik toza transportni rivojlantirish koʻzda tutilmoqda.

2025 yilga qadar umumiy quvvati 2900 mega-vattga teng boʻlgan yangi quyosh va shamol elektr stansiyalarini foydalanishga topshirish rejalashtirilmoqda.

Biz 2022 yilda Orolboʻyi hududida, yaʼni Nukus shahrida  «yashil» energetika boʻyicha Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorlikda yuqori darajadagi xalqaro Forum oʻtkazishni rejalashtirmoqdamiz.

Bio xilma-xillik boʻyicha Global hadli dasturning yaqin istiqbolda qabul qilinishini qoʻllab-quvvatlaymiz.

Bundan tashqari, kelgusida Bio xilma-xillik Konvensiyasi ishtirokchilarining yigʻilishlaridan birini mamlakatimizda qabul qilishga tayyormiz.

Shu bilan birga, Birlashgan Millatlar Tashkiloti shaf́eligida global ekologik siyosatning ustuvor yoʻnalishlarini batafsil muhokama qilish maqsadida 2023 yili Oʻzbekistonda Atrof-muhit boʻyicha Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuqori darajadagi Oltinchi Assambleyasini oʻtkazishni taklif qilamiz.

Assambleya ishtirokchilari Orol dengizining qurishi natijasida yuzaga kelgan ekologik ofat markazi boʻlgan Orolboʻyi mintaqasidagi ogʻir vaziyat bilan bevosita tanishish va zarur xulosalar chiqarish imkoniyatiga ega boʻladilar.

Bundan tashqari, Assambleyada Birlashgan Millatlar Tashkilotining yangi ekologik siyosati asoslarini tashkil etishga qaratilgan Butunjahon ekologiya Xartiyasini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surmoqchimiz.

Hurmatli xonimlar va janoblar!

Oʻzbekiston dunyoning barcha davlatlari va global tashkilotlar bilan oʻzaro manfaatli, uzoq muddatli va koʻpqirrali sheriklikni rivojlantirishga doimo tayyor.

Ishonamanki, xavfsiz hamda barqaror oʻsish, farovon kelajakni barpo etishga qaratilgan yaqin hamkorlikni bundan keyin ham kuchaytirib boraveramiz.

Eʼtiboringiz uchun tashakkur.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.