Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasidagi nutqi

0
40
marta koʻrilgan.

Hurmatli rais janoblari!

Hurmatli Bosh kotib janoblari, delegatsiyalar rahbarlari, xonimlar va janoblar!

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining bugungi sessiyasi xalqaro munosabatlar tizimida fundamental oʻzgarishlar yuz berayotgan bir sharoitda boʻlib oʻtmoqda.

Jahon miqyosida ishonch inqirozi kuzatilmoqda. Global xavfsizlik institutlari faoliyatidagi muammolar va xalqaro huquq meʼyorlaridan chekinish kuchaymoqda. Va bularning barchasi keng koʻlamdagi keskinlik ortishiga sabab boʻlmoqda.

Geosiyosiy qarama-qarshiliklar tufayli savdo, investitsiya va innovatsiya sohalarida erkin almashish yoʻlida yangi toʻsiqlar vujudga kelmoqda. Hatto iqlim oʻzgarishlari, ochlik va tengsizlikka qarshi kurash singari butun bashariyat taqdiriga daxldor boʻlgan masalalarda ham oʻzaro muloqot izdan chiqqani sezilmoqda.

Bunday murakkab sharoitda amaliy hamjihatlik va hamkorlik ruhini saqlash, umumiy manfaatlarni mavjud ziddiyatlardan yuqori qoʻygan holda, mamlakatlarni jipslashtirish gʻoyasi har qachongidan ham dolzarb boʻlib bormoqda.

Biz oʻtgan yili umumiy xavfsizlik va taraqqiyotga qaratilgan “Samarqand birdamlik tashabbusi”ni ilgari surdik. Asosiy maqsadimiz mamlakatlarimiz va xalqlarimizning bugungi kuni va istiqboli uchun masʼuliyatni har tomonlama chuqur anglash, ochiq va konstruktiv hamkorlikka tayyor barcha tomonlarni global muloqotga jalb qilishdan iborat.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi tashabbusi bilan kelgusi yil Kelajak sammiti oʻtkazilishi xalqaro va mintaqaviy taraqqiyotning dolzarb muammolarini hal etishga, Tashkilotimizning taʼsiri va samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi, deb ishonaman.

Muhtaram anjuman ishtirokchilari!

Biz huquqiy, dunyoviy, demokratik va ijtimoiy davlat boʻlmish Yangi Oʻzbekistonni barpo etish siyosatini qatʼiy davom ettirmoqdamiz. Mamlakatimiz “Inson qadri va manfaatlari uchun” degan ezgu gʻoya asosida demokratiya va adolat tamoyillarini mustahkamlashga qaratilgan tub islohotlar yoʻlidan dadil ilgari bormoqda.

Joriy yil aprel oyida milliy taraqqiyotning ustuvor yoʻnalishlarini belgilab beruvchi yangilangan Konstitutsiya boʻyicha Oʻzbekiston tarixida birinchi marta umumxalq referendumi boʻlib oʻtdi. Referendumda ovoz berganlarning 90 foizdan ziyodi ushbu chinakam xalq Konstitutsiyasini qoʻllab-quvvatladi. Shu tariqa islohotlarimizning ortga qaytmaydigan muqarrar tus olishi taʼminlandi.

Biz Asosiy qonunimizda millati, tili va dinidan qatʼi nazar, barcha fuqarolarning tengligi, inson huquqlari, soʻz va vijdon erkinligi prinsiplariga sadoqatimizni yana bir bor tasdiqladik.

Mana shunday huquqiy asosda “Oʻzbekiston – 2030” taraqqiyot strategiyasini qabul qildik. Bu strategiya Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Barqaror rivojlanish maqsadlari”ga uygʻun boʻlib, biz oʻz zimmamizga olgan barcha majburiyatlarni toʻla va qatʼiy bajarmoqdamiz.

Hurmatli xonimlar va janoblar!

Izchil davom etayotgan islohotlar natijasida Oʻzbekiston iqtisodiyoti, global tahdidlarga qaramasdan, barqaror oʻsish surʼatlarini namoyon etmoqda. Soʻnggi olti yilda yalpi ichki mahsulot hajmi bir yarim martadan ortiq koʻpaydi. Bizning bosh maqsadimiz – 2030 yilga qadar bu koʻrsatkichni yana 2 barobarga oshirishdir.

Iqtisodiyotimizni liberallashtirish yoʻlidagi yana bir ustuvor vazifamiz – yaqin orada Jahon savdo tashkilotiga toʻlaqonli aʼzo boʻlishdir.

Xalqimizning turmush darajasini oshirishga qaratilgan siyosat tufayli mamlakatimizda 2017 yildan buyon kambagʻallik ikki barobarga kamaydi. Biz 2030 yilgacha uni 7 foizga tushirishni reja qilganmiz. Aholini ichimlik suvi, sogʻliqni saqlash, taʼlim va boshqa ijtimoiy xizmatlar bilan taʼminlash koʻlamini bir necha bor oshirishni belgilaganmiz.

Biz Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi tomonidan ilgari surilgan “Ish oʻrinlarini yaratish va ijtimoiy himoya global akseleratori” borasidagi tashabbusni qoʻllab-quvvatlaymiz. Mazkur tashabbus doirasida tajriba almashish uchun 2024 yili Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida “Ijtimoiy himoya: barqaror taraqqiyot sari yoʻl” butunjahon konferensiyasini yurtimizda oʻtkazishni taklif etaman.

Hurmatli sammit ishtirokchilari!

Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda inson huquqlarini himoya qilish boʻyicha eʼtiborga loyiq natijalarga erishdik. Mamlakatimizda majburiy va bolalar mehnatiga toʻliq barham berildi.

Bir asr mobaynida Oʻzbekistonda millionlab insonlar paxta terimiga majburiy ravishda jalb etib kelindi. Har yili sentyabr oyidan dekabrgacha aholining asosiy qismi – oʻqituvchi va shifokorlar, tadbirkorlar, ishchi va xizmatchilar, eng achinarlisi, maktab oʻquvchilari va talabalar paxta terimiga safarbar qilinar edi. Buning natijasida oʻzbek paxtasiga boykotlar eʼlon qilingan, mamlakat esa yillar davomida “qora roʻyxat”larga kiritilgan edi.

Qatʼiy irodamiz tufayli endi bularning barchasi oʻtmishga aylandi. Xalqimiz paxta qulligidan butkul ozod boʻldi.

Yangi Konstitutsiyamizda majburiy mehnat taqiqlanishi kafolatlab qoʻyildi va buning uchun jinoiy javobgarlik belgilandi. Majburiy va bolalar mehnatiga qarshi kurashni butun dunyo miqyosida kuchaytirish zarur, deb hisoblayman. Bizning tajribamiz shuni koʻrsatmoqdaki, bunga chek qoʻyish imkoni bor.

Xonimlar va janoblar!

Inson kapitalini rivojlantirish va kreativ yosh avlodni tarbiyalash – Oʻzbekiston oʻz oldiga qoʻygan strategik vazifalardan biridir.

Biz hamma uchun ochiq va sifatli taʼlimni kambagʻallikka barham berish, xalq farovonligini oshirish va barqaror iqtisodiy oʻsishga erishishning eng samarali omili, deb bilamiz.

Mamlakatimiz oxirgi yillarda bu borada katta tajriba toʻpladi – taʼlim tizimi tubdan oʻzgarmoqda. Oʻtgan olti yilda maktabgacha taʼlimdagi qamrov 21 foizdan 70 foizga, oliy taʼlimda esa 9 foizdan 38 foizga yetdi. 2030 yilga qadar har bir bolaning bogʻchaga qatnashi, maktabni bitirayotgan har ikki oʻquvchining biri esa oliygohda oʻqishi uchun imkoniyat yaratiladi.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Soʻnggi yillarda Markaziy Osiyo yaxshi qoʻshnichilik, barqarorlik, oʻzaro hamkorlik va rivojlanish yoʻlidan bormoqda.

Birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz tufayli Oʻzbekiston barcha qoʻshnilari bilan davlat chegaralari, transport koridorlari va suvdan foydalanish boʻyicha muammolarni bartaraf etishga muvaffaq boʻlmoqda.

Mintaqa davlatlari oʻrtasida oʻzaro savdo ikki yarim barobardan ziyod, qoʻshma korxonalar soni esa besh marta oʻsdi. Mintaqamiz iqtisodiy rivojlanish markaziga, Sharq va Gʻarbni, Shimol va Janubni bogʻlaydigan transport-kommunikatsiya koʻprigiga aylanib, unga qiziqish tobora ortib bormoqda.

Markaziy Osiyoning dunyoga ochiqligi – mintaqa xavfsizligi va barqaror rivojlanishini taʼminlaydigan eng muhim shartga aylanmoqda.

Ishonch bilan aytish mumkinki, bizning xalqlarimizni mintaqaviy oʻziga xoslikni anglash tuygʻusi birlashtirmoqda va bu tuygʻu tobora kuchayib bormoqda. Bizning nafaqat tariximiz, balki kelajagimiz, hayotiy muhim manfaatlarimiz ham umumiy va mushtarakdir. Mintaqaviy hamkorligimizni kengaytirishdan boshqa yoʻlimiz yoʻq va boʻlishi ham mumkin emas!

Aminmanki, xalqaro hamjamiyatning qoʻllovi bilan Markaziy Osiyo birdamlik yoʻlidan borishda davom etadi. Markaziy Osiyoni tinch va gullab-yashnayotgan hududga aylantirish Oʻzbekiston tashqi siyosatida bundan buyon ham ustuvor maqsad boʻlib qoladi.

Muhtaram anjuman ishtirokchilari!

Aholisining deyarli yarmi yosh avlod vakillari boʻlgan Markaziy Osiyo uchun yoshlar va ularning salohiyatini roʻyobga chiqarish masalasi ayniqsa dolzarb ahamiyatga ega. Ushbu sohada hamkorlikni kuchaytirish maqsadida yaqinda mintaqamiz davlatlari tomonidan Yoshlar siyosatining umumiy yoʻnalishlari haqidagi bitim imzolandi.

Ayni paytda biz Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning ixtisoslashgan tuzilmalari bilan samarali hamkorlik oʻrnatish, boshqa mintaqalarning ilgʻor tajriba va yutuqlarini oʻrganishdan manfaatdormiz.

Shu munosabat bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti huzurida Markaziy Osiyo yoshlarini rivojlantirishga koʻmaklashish boʻyicha ishchi guruh tashkil etishni taklif etaman. Uning doirasida “Markaziy Osiyo yoshlarining kun tartibi – 2030” dasturini ishlab chiqish maqsadga muvofiqdir.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Xotin-qizlarning jamiyat va davlat boshqaruvida faol ishtirok etishi bugungi kunning dolzarb masalasidir. Milliy siyosatimiz markazida turadigan eng ezgu maqsad – oilalar mustahkamligini, ayollarimizning huquqiy himoyasi va osoyishta hayotini taʼminlashdan iborat.

Gender tenglikka erishish borasida ham tizimli ishlarni olib bormoqdamiz. Jumladan, oʻtgan yili oliygohlarga qabul qilingan talabalarning 49 foizini qizlar tashkil etdi. Xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ulushi esa birinchi marta 35 foizga yetdi. Ayollar va voyaga yetmaganlarni zoʻravonlikdan himoya qilish maqsadida alohida qonun qabul qilindi.

Biz “Birlashgan Millatlar Tashkiloti – Xotin-qizlar” tuzilmasi bilan hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdormiz. Birgalikdagi tashabbus sifatida ayollarning bunyodkorlik salohiyatini roʻyobga chiqarish masalalarini muhokama qilish va tajriba almashish uchun kelgusi yili Oʻzbekistonda Osiyo xotin-qizlari forumini oʻtkazishni taklif etamiz.

Hurmatli xonimlar va janoblar!

Hozirgi vaqtda dunyoda keskin ekologik vaziyat kuzatilmoqda. Sayyoramiz miqyosida uchta inqiroz, yaʼni iqlim oʻzgarishi, bioxilma-xillik yoʻqolishi va atrof-muhit ifloslanishi kuchaymoqda.

Ana shunday murakkab sharoitda Orol dengizi fojiasiga qarshi kurashni davom ettirayotgan Markaziy Osiyo iqlim oʻzgarishlari oldida eng zaif mintaqalardan biriga aylanmoqda.

Global muammo boʻlgan Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etish yoʻlida Oʻzbekiston oʻz imkoniyatlari darajasida harakat qilmoqda. Soʻnggi yillarda Orol dengizining qurigan tubida 1,7 million gektar maydonda qurgʻoqchilikka chidamli oʻsimliklardan iborat yashil hududlar barpo etildi. Bu saʼy-harakatlarimizni davom ettirish uchun xalqaro hamjamiyatning qoʻllab-quvvatlashi juda muhim.

Keyingi 30 yilda mintaqamizda havo harorati bir yarim gradusga koʻtarildi. Bu – dunyodagi oʻrtacha isishdan ikki karra koʻpdir. Oqibatda muzliklar umumiy maydonining qariyb uchdan bir qismi yoʻqolib ketdi. Ushbu tendensiya saqlanib qolsa, yaqin yigirma yilda mintaqamizdagi ikkita yirik daryo – Amudaryo va Sirdaryo oqimi 15 foizga qisqarishi mumkin. Jon boshiga suv bilan taʼminlanish darajasi 25 foizga, qishloq xoʻjaligi ekinlari hosildorligi esa 40 foizga kamayishi kutilmoqda.

Agar oʻz vaqtida taʼsirchan choralarni koʻrmasak, ushbu muammolar oqibatlari mintaqamizdagi ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikka jiddiy putur yetkazadi.

Bu vaziyatdan kelib chiqqan holda, biz Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining Suv resurslari boʻyicha maxsus vakili lavozimi taʼsis etilishini qoʻllab-quvvatlaymiz. Markaziy Osiyo suvni tejaydigan texnologiyalar platformasini yaratish jarayonida “Birlashgan Millatlar Tashkiloti – suv resurslari” mexanizmini ishga solib, eng ilgʻor texnologiyalarni jalb etish va tatbiq qilish tarafdorimiz.

Biz mintaqamizda qabul qilingan Yashil taraqqiyot dasturi doirasida tizimli hamkorlikni yoʻlga qoʻymoqdamiz. Bunday sheriklik manfaatlarimizga birdek mos boʻlib, iqlim oʻzgarishlari bilan bogʻliq tahdidlarning oldini olishga qaratilgan. Bu borada “Markaziy Osiyo iqlim muloqoti”ni joriy etishni maqsadga muvofiq, deb hisoblayman.

Biz Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyo global iqlim tahdidlari qarshisida: umumiy farovonlik yoʻlida hamjihatlik” rezolyusiyasini qabul qilish tashabbusini ilgari suramiz. Uning asosiy mazmunini kelgusi yil Samarqandda boʻlib oʻtadigan xalqaro iqlim forumida muhokama qilishni taklif etamiz.

Shu oʻrinda taʼkidlashni istardimki, Oʻzbekiston iqtisodiyotining asosiy tarmoqlarini iqlim oʻzgarishlariga moslashtirish, uglerod neytralligiga erishish va “yashil” energetika ulushini keskin oshirish biz uchun strategik vazifa boʻlib qoladi.

Hurmatli yigʻilish ishtirokchilari!

Biz ekstremizm balosi tarqalishiga, yoshlarning radikallashuviga yoʻl qoʻymaslik uchun birgalikdagi harakatlarimizni kuchaytirishimiz zarur.

Oʻtgan yil mart oyida Toshkentda Birlashgan Millatlar Tashkilotining terrorizmga qarshi global strategiyasini Markaziy Osiyoda amalga oshirish boʻyicha qoʻshma harakatlar rejasi qabul qilindi.

Ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash boʻyicha Milliy strategiyamiz doirasida bir masalaga alohida eʼtibor qaratmoqdamiz. U ham boʻlsa, ilgari ekstremizm gʻoyalari taʼsirida boʻlgan shaxslarni sogʻlom hayotga qaytarish va jamiyatga moslashtirish masalasidir.

Biz bu borada oʻziga xos tajriba orttirdik, besh marta “Mehr” insonparvarlik missiyasini oʻtkazdik. Uning doirasida 530 nafardan ziyod fuqarolar, avvalo, ayollar va bolalarni Yaqin Sharq va Afgʻonistondagi qurolli nizolar hududlaridan yurtimizga qaytardik. Ularning barchasiga tibbiy, psixologik, ijtimoiy va boshqa yordamlar koʻrsatildi.

Xalqaro jamoatchilik joriy yilning iyun oyida mana shu yerda, Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh qarorgohida mamlakatimizga olib kelingan va yangi hayot boshlagan shaxslarning tarixini ularning oʻzlaridan eshitdi.

Biz bu yoʻnalishdagi harakatlarni davom ettirish va doimiy tajriba almashishni yoʻlga qoʻyish uchun Birlashgan Millatlar Tashkilotining Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi shafeligida urush hududlaridan qaytganlar bilan tizimli ishlash boʻyicha Mintaqaviy ekspertlar kengashini tuzishga qaratilgan amaliy qadamlarni tashladik.

Birlashgan Millatlar Tashkilotiga aʼzo davlatlar xalqaro terrorizm kabi umumiy tahdidlarga qarshi kurashda yanada birlashib, harakat qilishlari kerak.

Yana bir muhim fikrni taʼkidlashni istardim. Soʻnggi paytlarda ayrim mamlakatlarda koʻzga tashlanayotgan diniy toqatsizlik, islomofobiya holatlariga aslo yoʻl qoʻyib boʻlmaydi, deb hisoblaymiz. Jahon miqyosida dinlararo bagʻrikenglik va hamjihatlik gʻoyalarini keng targʻib etish maqsadida Oʻzbekistonda YUNYeSKO shafeligida Dinlararo muloqot va bagʻrikenglik xalqaro markazini tashkil etishni taklif qilamiz.

Diyorimiz jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan, islomni ilm-maʼrifat va tinchlik dini sifatida namoyon etgan Al-Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Imom Buxoriy, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy singari ulugʻ alloma va mutafakkirlar vatani ekani bilan haqli ravishda faxrlanamiz. Shunday buyuk olimlarning boy merosini oʻrganish, islomning asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish maqsadida 2024 yil Oʻzbekistonda “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro konferensiya oʻtkazish tashabbusini ilgari suramiz.

Hurmatli sessiya ishtirokchilari!

Xalqaro xavfsizlik Afgʻonistondagi jarayonlar bilan bevosita bogʻliqdir. Ushbu mamlakatda yangi vaziyat vujudga kelgan boʻlib, u afgʻon masalasini hal etishda oʻziga xos yondashuvlarni talab etmoqda.

Afgʻonistonni oʻz muammolari bilan yana yolgʻiz qoldirish – bu katta xato boʻladi. Inkor qilish, yakkalab qoʻyish va sanksiyalar qoʻllash oddiy afgʻon xalqining ahvolini yanada ogʻirlashtirmoqda.

Afgʻon xalqiga insonparvarlik yordami koʻrsatishni susaytirmaslik lozim, deb hisoblaymiz. Afgʻonistonning muzlatilgan xalqaro aktivlarini bu yurtdagi oʻtkir ijtimoiy muammolarni hal etishga yoʻnaltirish uchun maqbul mexanizmlarni ishlab chiqishga chaqiramiz. Bizga tinch va barqaror, mintaqaviy hamkorlik jarayonlarida ishtirok etadigan, qoʻshnilari va boshqa mamlakatlar bilan oʻzaro manfaatli sheriklik uchun ochiq Afgʻoniston kerak.

Men bugun ushbu nufuzli minbardan turib, dunyo hamjamiyatini Afgʻoniston muammosini hal etish yoʻlida birlashishga chaqiraman. Bu borada Birlashgan Millatlar Tashkiloti rahnamoligida Afgʻoniston boʻyicha birgalikda ishlab chiqilgan, vaziyatga moslashuvchan va konstruktiv pozitsiyani belgilash prinsipial jihatdan muhim, deb hisoblayman.

Hurmatli rais!

Hurmatli anjuman qatnashchilari!

Biz barchamiz hozirgi tarixiy tub burilish pallasida kelgusi avlodlarga sayyoramizni qanday holda qoldirish haqida oʻylashimiz lozim.

Mustahkam tinchlik va farovonlikka faqat umumiy intilishlar va birgalikdagi harakatlar bilan erishish mumkin. Bizga oʻzaro ishonch, birdamlik va hamkorlik ruhi har qachongidan ham koʻproq zarur.

Soʻzimning yakunida Oʻzbekiston shu yoʻlda Birlashgan Millatlar Tashkiloti institutlari va barcha davlatlar bilan keng koʻlamli va uzoq muddatli sheriklikni chuqurlashtirishga tayyor ekanini yana bir bor taʼkidlamoqchiman.

Eʼtiboringiz uchun rahmat.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.