Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «BRIKS plyus” formatidagi Global taraqqiyot masalalari boʻyicha yuqori darajadagi muloqotdagi nutqi

0
114
marta koʻrilgan.

Muhtaram Rais Janobi Oliylari!

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Forumning barcha ishtirokchilarini qutlashdan bagʻoyat xursandman.

Hamkasblarimning soʻzlariga mamnuniyat bilan qoʻshilaman va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin Janobi Oliylariga global taraqqiyot masalalari boʻyicha yuqori darajadagi muloqotni oʻtkazish tashabbusi va unda ishtirok etishga taklif etgani uchun chuqur minnatdorlik izhor etaman.

Bugun “BRIKS plyus” formatidagi muloqotning Barqaror rivojlanish kun tartibini ilgari surishda inklyuziv sheriklik uchun zarur platforma sifatida alohida ahamiyatga ega ekani haqida bildirilgan fikr-mulohazalarga toʻliq qoʻshilaman.

Hurmatli forum ishtirokchilari!

Bugungi dunyo qator tahlikali jarayonlar bilan kechayotgan chuqur transformatsiya davrida yashamoqda. Xalqaro keskinlik tobora kuchaymoqda va tizimli iqtisodiy inqiroz belgilari namoyon boʻlmoqda. Bunday sharoitda biz Oʻzbekistonda “Inson manfaatlari –hamma narsadan ustun” degan tamoyil asosida islohotlarni amalga oshirishni izchil davom ettiryapmiz.

Yangi Oʻzbekistonni barpo etishning asosiy ustuvor yoʻnalishlari davlat boshqaruvini takomillashtirish,  kambagʻallikni qisqartirish va 2030 yilga borib aholisi oʻrtachadan yuqori daromad oladigan davlatlar qatoridan joy olish, inklyuziv ijtimoiy taraqqiyotni taʼminlash, Markaziy Osiyo mintaqasida yaxshi qoʻshnichilik va barqarorlikni mustahkamlash hisoblanadi.

Biz Barqaror rivojlanish maqsadlariga birgalikda erishish uchun keng koʻlamli xalqaro sheriklikka, shu jumladan, “Janub – Janub” formatidagi hamkorlikka ochiqmiz va bu yoʻlga sodiqmiz.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Jahon iqtisodiyotida kuzatilayotgan inqirozli holatlar butun global savdo va investitsiyalar tizimi uchun toʻsiq yaratmoqda.

Bunday sharoitda:

— toʻsiqlarni bartaraf etish va yangi ishlab chiqarish va savdo-logistika zanjirini yaratish;

— sanoat kooperatsiyasi boʻyicha loyihalarga investitsiyalar jalb etish va infratuzilmalarni modernizatsiya qilish;

— texnologiyalar transferi va innovatsiyalarni joriy etish, sunʼiy intellekt, raqamlashtirish, biotexnologiyalar, jumladan vaksinalar ishlab chiqarish, sohasida hamkorlikni yanada chuqurlashtirish boʻyicha muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni qabul qilish muhimdir.

Qoʻshma loyiha va tashabbuslarni birgalikda amalga oshirish uchun doimiy biznes muloqot maydonchasi – “BRIKS plyus” ishbilarmon doiralari forumini yoʻlga qoʻyishni taklif etaman.

Biz transport-kommunikatsiyalar sohasidagi bogʻliqlikni kuchaytirish hamda “Shimol – Janub” va “Gʻarb – Sharq” transkontinental yoʻnalishlariga mintaqamizni jalb etish tarafdorimiz.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining bozorlarda oziq-ovqat mahsulotlarining barqaror va ochiq harakatini taʼminlash boʻyicha qatʼiy harakatlarga chaqirgan daʼvatini qoʻllab-quvvatlaymiz. Bunda aynan jahon qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishining ellik foizigacha boʻlgan qismi hissasiga toʻgʻri kelayotgan aynan BRIKS mamlakatlari muhim rol oʻynashi zarur, deb hisoblaymiz. Ushbu ulkan salohiyatdan oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish va undan foydalanishning ishonchli tizimlarini shakllantirish maqsadida kooperatsiyani chuqurlashtirish uchun foydalanish zarur.

Hamkorlikning muhim yoʻnalishlaridan biri – kambagʻallikni qisqartirish va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash sohasida dasturlarni amalga oshirishdir.

Shuni qayd etishni istardimki, Xitoyning muvaffaqiyatli tajribasidan foydalangan holda biz soʻnggi yillarda, hatto pandemiya sharoitida ham, aholimizning hayot darajasini real oshirish va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish imkoniga ega boʻldik.

Global jarayonlarni hisobga olganda iqlim oʻzgarishlari boʻyicha koʻp tomonlama hamkorlik yanada dolzarb boʻlib bormoqda. Bu yoʻnalishda choʻllashishga qarshi kurashish, bioxilma-xillikni saqlab qolish, suv balansini taʼminlash, “yashil iqtisodiyot” sohasidagi loyihalarni amalga oshirish boʻyicha saʼy-harakatlarni birlashtirishni taklif etamiz.

Inson kapitalini rivojlantirishga zarur eʼtiborni qaratmasdan turib inklyuziv oʻsishga erishish mumkin emas. Biz Universitetlar ligasi va Tarmoqli universitet kabi BRIKS dasturlarida ishtirok etishdan, shuningdek, professional taʼlim va yoshlar siyosati sohasida hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdormiz.

Hurmatli hamkasblar!

Oʻzbekiston Shanxay hamkorlik tashkilotining amaldagi raisi sifatida sherikligimizning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha BRIKS va ShHTning oʻzaro amaliy hamkorlik mexanizmlarini ishlab chiqishni taklif etadi.

Soʻzimning yakunida “BRIKS plyus” shaklidagi amaldagi muloqotning oʻtkazilishi bizning tezkor ravishda umumiy tahdidlarning oldini olishga boʻlgan qatʼiy intilishlarimizni yana bir bor namoyish etayotganini taʼkidlashni istar edim.

Bugun bildirilgan tashabbuslarning amalga oshirilishi global barqarorlik va mamlakatlarimizning jadal taraqqiyoti yoʻlida munosib xizmat qilishiga aminman.

Eʼtiboringiz uchun rahmat.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.