Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “BRIKS plyus” formatidagi sammitda soʻzlagan nutqi

0
49
marta koʻrilgan.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti hurmatli Vladimir Vladimirovich Putin Janoblariga anʼanaviy samimiy qabul va Sharq va Gʻarb madaniyatlari uygʻunlashgan va ming yillik tarixga ega boʻlgan qadimiy Qozon shahrida tadbirimizni yuksak darajada tashkil etgani uchun bildirilgan minnatdorlik soʻzlariga qoʻshilaman.

Hurmatli hamkasblarimning nutqlari global rivojlanishning dolzarb masalalarida keng muloqot va ochiq muhokamalar uchun “BRIKS plyus” formatidagi uchrashuvlar muhim ekanini tasdiqlamoqda.

Afsuski, bugungi kunda dunyo jadal boʻlinib bormoqda. Insonlarga ulkan azob-uqubatlar, ogʻir iztirob va oʻrnini toʻldirib boʻlmaydigan yoʻqotishlar keltirayotgan urush va mojarolar soni ortmoqda.

Jahon iqtisodiyoti va savdosining parchalanib borayotgani tengsizlik, texnologik uzilishlar va proteksionizmni kuchaytirmoqda. Mamlakatlar oʻrtasida yangi toʻsiqlar vujudga kelmoqda.

Bunday sharoitda teng huquqlilik, bloklardan xolilik, bir-birining manfaatlarini hisobga olish, suverenitetga hurmat va oʻzining mustaqil taraqqiyot yoʻliga ega boʻlish huquqi kabi tamoyillarga asoslanib harakat qilayotgan BRIKS oʻzini koʻp tomonlama hamkorlik va sheriklikning nufuzli va rivojlanib borayotgan tuzilmasi sifatida namoyon etmoqda.

Oʻzaro aloqalarning bunday modeli Birlashgan Millatlar Tashkilotining markaziy rolini saqlagan holda jahon tartibotining bugungidan koʻra adolatliroq yangi arxitekturasini shakllantirish uchun mustahkam asos boʻlishi mumkinligiga ishonamiz.

Geosiyosiy raqobat, milliy egoizm va mafkuraviy qoliplardan xoli boʻlgan, konstruktiv muloqot yoʻli bilan global murosaga erishish boʻyicha yangragan daʼvatlarni qoʻllab-quvvatlayman.

Jahondagi boshqaruv institutlarini isloh qilish hamda “Janub – Janub” va “Shimol – Janub” formatlaridagi masʼuliyatli muloqotlarni kengaytirishning vaqti keldi, deb hisoblaymiz.

Hurmatli sammit ishtirokchilari!

Rossiyaning BRIKSga samarali raisligi davrida Oʻzbekiston ushbu tuzilmaning Yoshlar sammiti va Sport oʻyinlarida, yuridik va parlament forumlarida, xavfsizlik sohasidagi yuqori darajadagi uchrashuvda va boshqa tadbirlarda faol ishtirok etdi.

Biz bundan buyon ham BRIKS davlatlari bilan sheriklik aloqalarini faol rivojlantirish niyatidamiz. Ushbu birlashma doirasida ochilayotgan yangi imkoniyatlardan samarali foydalanamiz.  

BRIKS mamlakatlarining global tengsizlik va iqtisodiyotni inklyuziv yoʻl bilan qayta tiklash muammolarini hal etish maqsadida hamkorlikni rivojlantirish borasidagi fundamental sodiqligiga qoʻshilamiz.

Bu oʻrinda gap, eng avvalo, rivojlanayotgan mamlakatlarning oʻtkir ijtimoiy va ekologik tahdidlarni hal etish, kambagʻallik darajasini kamaytirish, texnologik tavofutlarni qisqartirish va infratuzilmani modernizatsiya qilishga qaratilgan milliy taraqqiyot dasturlarini faol qoʻllab-quvvatlash haqida bormoqda. Bunda koʻp tomonlama moliya institutlari muhim oʻrin tutishi mumkin va shart. Oʻzbekiston ustuvor investitsiyaviy va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish uchun BRIKSning yangi Taraqqiyot banki bilan yaqin hamkorlik oʻrnatishni rejalashtirgan.

Biz, shuningdek, innovatsiya, raqamli iqtisodiyot, “yashil” taraqqiyot va energetika, toʻsiqlarsiz elektron tijorat kabi sohalarda amaliy hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdormiz.

BRIKS sunʼiy intellekt boʻyicha Tadqiqot guruhining sohadagi ehtimoliy xavflarning oldini olish va boshqaruvning yagona standartlarini ishlab chiqishga oid hamkorlikdagi qoʻshma loyihalarida ishtirok etishni moʻljallamoqdamiz.

BRIKSning BMTning Sanoatning rivojlanishi boʻyicha tashkiloti (YUNIDO) huzurida tashkil etilayotgan Kompetensiyalar markaziga, shuningdek, taklif etilayotgan Investitsiya platformasiga qoʻshilishga tayyormiz.

BRIKSdagi sheriklarimiz bilan birgalikda transport sohasidagi bogʻliqlikni kuchaytirish, yangi transkontinental yoʻlaklarni yaratish, yetkazib berishning ishonchli logistika zanjirlarini shakllantirish, kabotaj tashuvlar tizimini rivojlantirish borasida yaqindan ish olib borish niyatidamiz.

Shuningdek, oziq-ovqat va energetika xavfsizligini taʼminlash, iqlim oʻzgarishlarining salbiy oqibatlarini bartaraf etish, sogʻliqni saqlash masalalari ham bizning eʼtiborimiz markazida boʻladi.

Tashkilot doirasida ishbilarmonlar oʻrtasidagi aloqalarni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlaymiz.

Barcha manfaatdor mamlakatlarga BRIKSning Ishbilarmonlar kengashiga qoʻshilish imkoniyatlarini koʻrib chiqishni taklif etamiz.

Hurmatli hamkasblar!

BRIKS makonida xalqaro terrorizm bilan bogʻliq xavf va tahdidlarga qarshi kurashish masalalari, hech shubhasiz, sherikligimizning ustuvor yoʻnalishi boʻlib qoladi.

Radikallashuv va ekstremistik gʻoyalarning, avvalo, yoshlar oʻrtasida tarqalishining oldini olishga alohida eʼtibor qaratishimiz zarur.

Yaqin Sharqdagi tobora keskinlashib borayotgan mojaro bizni ham tashvishga solmoqda. Bu mintaqa  qoʻshni mamlakatlar va yirik davlatlarning bu mojaroga tortilishi bilan global inqirozning yirik oʻchogʻiga aylanib bormoqda.

Biz Gʻazo va Livandagi misli koʻrilmagan gumanitar fojiani qalbimizdagi ogʻriq hissi bilan qabul qilyapmiz. Tinch aholi, ayniqsa, bolalarning begunoh qurbon boʻlishini hech qanday siyosiy maqsadlar oqlay olmaydi.

Bugungi kunda oʻt ochishni zudlik bilan toʻxtatish va jabrlanganlarga shoshilinch yordam koʻrsatish kechiktirib boʻlmaydigan vazifalardir. Isroil-Falastin muammosining yagona yechimi – “ikki xalq uchun ikki davlat” tamoyili asosida mojaroni tinch yoʻl bilan hal qilish boʻlib qolmoqda, deb hisoblaymiz.

Global va mintaqaviy xavfsizlik haqida gapirganda, Afgʻoniston muammosini chetlab oʻtish mumkin emas. Bizning umumiy vazifamiz – ushbu mamlakatni yakkalash emas, balki Afgʻoniston xalqiga va uning amaldagi hokimiyatiga ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, tinch qurilish va taraqqiyotning dolzarb muammolarini hal etishda yordam koʻrsatishdir.

Hurmatli sammit ishtirokchilari!

Oʻzbekiston barqaror taraqqiyotning umumiy maqsadlariga erishish uchun BRIKS mamlakatlari bilan yaqin va oʻzaro manfaatli hamkorlikka tayyor.

Eʼtiboringiz uchun rahmat.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.