Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Butunjahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasi 25-sessiyasidagi nutqi

0
32
marta koʻrilgan.

Hurmatli Bosh kotib janoblari!

Hurmatli delegatsiya rahbarlari!

Xonimlar va janoblar!

Butunjahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasi 25-sessiyasining ochilish marosimida barchangizni samimiy qutlashdan baxtiyorman.

Tashkilotimizning yubiley yigʻilishi Buyuk ipak yoʻlining durdonasi, Yangi Oʻzbekistonning yirik sayyohlik maskani boʻlgan ushbu qadimiy shaharda oʻtkazilayotgani chuqur ramziy maʼnoga ega.

Jahon sivilizatsiyalari chorrahasida joylashgan bu betakror shahar asrlar mobaynida Sharq va Gʻarbni oʻzaro bogʻlaydigan, savdo, ilm-fan va madaniyatning chinakam markazi boʻlib kelgan. Mashhur Rimga tengdosh boʻlgan ushbu boqiy zamin ulkan saltanatlar poytaxti, ulugʻ alloma va mutafakkirlar, aziz avliyo zotlar kamol topgan yurt sifatida bizga hamisha gʻurur bagʻishlaydi.

“Yer yuzining sayqali” deya shuhrat qozongan, Sharqning ikki buyuk Uygʻonish davri rivojiga ulkan hissa qoʻshgan Samarqand bugungi kunda jahonning zamonaviy sayyohlik markazlaridan biriga aylanib bormoqda. Nufuzli xalqaro tadbirimizning aynan bu azim shaharda tashkil etilayotgani ham fikrimizni yaqqol tasdiqlaydi.

Xush kelibsiz koʻhna va hamisha navqiron Samarqandga, aziz mehmonlar!

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

Maʼlumki, turizm sohasi jahon iqtisodiyotining eng tez rivojlanayotgan va istiqbolli tarmoqlaridan biri hisoblanadi. Globallashuv jarayonlari insonlarning dunyo boʻylab erkin harakatlanishiga keng imkoniyatlar eshigini ochdi.

Butunjahon turizm kengashi maʼlumotlariga koʻra, koronavirus pandemiyasidan avval jahon yalpi mahsulotining taxminan 10 foizi, eksportining esa 7 foizi sayyohlik sektoriga toʻgʻri kelgan.

Afsuski, pandemiya ushbu tarmoqqa jiddiy zarba berdi. Natijada turizm eksporti daromadlari sezilarli darajada qisqardi, millionlab ish oʻrinlari yoʻqotildi.

Butunjahon turizm tashkiloti va sizlar vakillari boʻlgan davlatlar hukumatlari tomonidan olib borilgan tizimli ishlar natijasida bugungi kunda global turizm qayta oyoqqa turmoqda. Barcha mamlakatlarning birgalikdagi harakatlari va yaqin hamkorligi tufayli ushbu tarmoq yangi muammo va tahdidlar qarshisida oʻzining moslashuvchan va barqarorligini namoyish etmoqda.

Oʻtgan yili dunyo miqyosida salkam bir milliard turist xorijga sayohat qildi. Bu pandemiyaga qadar boʻlgan koʻrsatkichning salkam 70 foizini tashkil etdi. Joriy yilda ushbu raqam yanada oʻsishi kutilmoqda.

Koʻplab davlatlar hozirgi murakkab vaziyatda oʻz iqtisodiyotini tiklash va dolzarb ijtimoiy muammolarni hal etishda turizm sohasiga tayanmoqda. Global raqobat muhiti kuchaymoqda. Bu albatta bejiz emas: sohaga kiritilayotgan har bir dollar kelgusida 3-4 barobar daromad keltirishini barchangiz yaxshi bilasiz.

Yaratilayotgan har bir yangi ish oʻrni esa boshqa tarmoqlarda yana 2 ta ish joyini hosil qilishga imkon beradi.

Shu maʼnoda, turizm mamlakatlarimizning umumiy farovonligi va barqaror taraqqiyotini taʼminlashning muhim omilidir, desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Ayni paytda, u jahon xalqlari oʻrtasida madaniy almashuvlarni kuchaytiradigan, bagʻrikenglik tamoyillarini mustahkamlaydigan qudratli vositadir.

Hurmatli forum qatnashchilari!

Biz Tashkilotimizning turizmni dunyoning barcha mintaqalarida jadal rivojlantirish va uni jahon iqtisodiyoti drayverlaridan biriga aylantirish yoʻlidagi faol saʼy-harakatlarini toʻliq qoʻllab-quvvatlaymiz. Uning sohadagi yangicha yondashuvlari, xizmatlar sifatini keskin oshirish boʻyicha aniq chora-tadbirlari hamda infratuzilma loyihalariga katta urgʻu berayotgani tahsinga sazovordir.

Ayniqsa, Tashkilotning global kun tartibida turizmning asosiy oʻrin egallashi, taʼlim salohiyatini oshirish, kambagʻallikni qisqartirishda sayyohlik sohasi ulushini oshirish, koʻp tomonlama sheriklik aloqalarini kuchaytirishga qaratilgan intilishlari barchamizning mushtarak maqsadlarimiz bilan uygʻundir.

Taʼkidlash joizki, soʻnggi yillarda Butunjahon turizm tashkiloti Yangi Oʻzbekistonning sayyohlik salohiyatini toʻliq roʻyobga chiqarishda ishonchli va uzoq muddatli strategik hamkoriga aylandi.

Oʻtgan davrda mamlakatimiz uchun xavfsiz turizm boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlar ishlab chiqildi, startap loyihalari amalga oshirilmoqda. Shaharlarimizda Tashkilotning mintaqaviy anjumanlari oʻtkazib kelinmoqda.

Yaxshi xabardorsizlar, biz soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda keng koʻlamli, ortga qaytmas tus olgan islohotlar dasturini amalga oshiryapmiz. Unda asosiy eʼtiborni demokratik jamiyat institutlarini mustahkamlash, iqtisodiyotni liberallashtirish, xalqimizning turmush darajasini yuksaltirishga qaratmoqdamiz.

Olib borayotgan “ochiq eshiklar” siyosatimizda turizm tarmogʻiga ustuvor ahamiyat beryapmiz.

Salkam yuzta mamlakat fuqarolari uchun Oʻzbekistonga vizasiz kirish tizimini qoʻllayapmiz. Yana 55 ta davlat fuqarolari uchun soddalashtirilgan elektron viza tartibi joriy etildi.

Biz sayyohlik biznesining barcha turlarini yuritish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratdik. Soliq va bojxona imtiyozlarini taqdim etdik, kredit va moliyaviy yordamni kuchaytirdik. Yangi mehmonxonalar qurish va xalqaro brendlarni jalb etish, sayyohlar oqimini koʻpaytirish uchun subsidiyalar ajratilmoqda. Shu tufayli pandemiya cheklovlariga qaramasdan, biz ikki yil davomida 800 ta infratuzilma loyihasini amalga oshirdik.

Birgina Samarqand shahrining oʻzida turistik infratuzilmani yaxshilash uchun 1 milliard dollardan ortiq mablagʻ investitsiya sifatida kiritildi. Bugungi anjumanimiz oʻtkazilayotgan “Ipak Yoʻli” sayyohlik markazi ana shunday yirik loyihalardan biridir.

Bundan tashqari, sayyohlar xavfsizligini taʼminlash maqsadida turizm politsiyasi tashkil etildi.

“Amirsoy” qishki kurorti, “Afsonalar vodiysi”, “Zomin” va “Chorvoq” zonalari koʻplab xorijiy sayyohlar eʼtiborini tortadigan xalqaro turizm maskanlariga aylandi.

Anʼanaviy turmush tarzi va noyob hunarmandchilikka ega boʻlgan turizm qishloqlari tashkil etilmoqda.

Sayyohlar uchun qulay sharoit yaratish maqsadida mehmonxona oʻrinlari soni 140 mingtaga yetkazildi, 70 ta yangi sayyohlik marshruti ochildi, 6 ta xususiy aviakompaniya ish boshladi.

Sayyohlik sohasida professional kadrlarni tayyorlashga katta eʼtibor beryapmiz. Oʻzbekistondagi 35 ta oliy taʼlim muassasasida xalqaro standartlar asosida malakali mutaxassislar tayyorlanmoqda.

Samarqandda “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida 19 ta mamlakatdan kelgan talabalar tahsil olmoqda.

Oʻzbekistonga kelayotgan xorijlik sayyohlar soni ikki barobar koʻpaydi. Turizm eksportidan tushayotgan daromad 4 barobar oʻsdi.

Misol uchun, sayyohlar soni bu yil Yaponiyadan – 5 barobar, Hindiston va Italiyadan – 3,5 barobar, AQSHdan – 2 barobarga ortdi.

Hisob-kitoblarga koʻra, joriy yilda mamlakatimizga jami 7 million sayyoh tashrif buyuradi. Ushbu koʻrsatkichni 2030 yilga borib 15 millionga, ichki turizm oqimini esa 25 millionga yetkazishni reja qilyapmiz.

Hurmatli xonimlar va janoblar!

Keng koʻlamli ishlarimiz jahon hamjamiyati tomonidan alohida eʼtirofga sazovor boʻlmoqda. Jumladan, Oʻzbekiston Butunjahon turizm tashkilotining “eng tez rivojlanayotgan turizm maskanlari” roʻyxatida, shuningdek, mashhur “Gellop” ijtimoiy tadqiqot markazining “Sayyohlik uchun eng xavfsiz davlat” reytingida yuqori oʻrinlarni egallab kelmoqda.

Shu bilan birga, mamlakatimiz AQSHning “National geographic traveler awards” roʻyxatida “Yil yangiligi” hamda “Gastronomik turizm” nominatsiyalari gʻolibi boʻldi.

Oʻzbekiston oʻtgan yili “Jahon musulmon sayyohlari indeksi”da “eng kuchli sayohat yoʻnalishi” sifatida tan olindi.

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

Biz oʻz oldimizga juda katta maqsad va rejalarni qoʻyganmiz va bu borada sizlar bilan yaqindan hamkorlik qilishga tayyormiz. Jumladan, Turizmni kompleks rivojlantirish boʻyicha 2030 yilgacha boʻlgan strategiyani ishlab chiqmoqdamiz.

Bu boradagi asosiy yoʻnalish sifatida zamonaviy turizm va transport infratuzilmasini yaratishga ustuvor ahamiyat qaratamiz.

“Toshkent–Samarqand” va “Navoiy–Buxoro” yoʻnalishlari uchun yana 6 ta tezyurar poyezd olib kelinadi, yurtimizda 600 kilometr qoʻshimcha temir yoʻllar quriladi.

2025 yildan boshlab “Toshkent–Xiva” tezyurar poyezdi qatnovi yoʻlga qoʻyiladi, 2026 yildan esa ushbu yoʻnalish Nukus shahrigacha uzaytiriladi.

Shuningdek, “Toshkent–Samarqand” va “Toshkent–Andijon” yoʻnalishlarida xususiy sheriklik asosida pullik avtomagistrallar quriladi. Natijada ushbu yoʻnalishlarda manzilga yetib borish vaqti 2 barobar qisqaradi.

2030 yilga qadar yana 56 ta zamonaviy avialayner olib kelamiz va aviaparkimizdagi samolyotlar sonini 100 taga yetkazamiz. Bundan tashqari, aviaqatnovlar soni 4 barobar oshiriladi. Barcha aeroportlarda “ochiq osmon” rejimi joriy qilinadi, hududlardagi 6 ta yirik aeroport xususiy sheriklik asosida yangilanadi.

Shuningdek, katta shahar va sayyohlar koʻp boradigan manzillarda 30 ta yirik turizm klasterlari tashkil etiladi.

Biz yurtimizning madaniy turizm salohiyatini oshirishga ham katta eʼtibor qaratamiz.

Hozirgi vaqtda mamlakatimizda 8 mingdan ortiq madaniy meros obyektlari mavjud. YUNYeSKOning Butunjahon madaniy merosi roʻyxatiga 200 dan ziyod moddiy va 6 ta nomoddiy obyektlarimiz kiritilgan.

“Koʻhna tarix durdonalari” milliy dasturi doirasida turistlarni oʻziga jalb qiladigan madaniy meros obyektlari soni 800 tadan 2,5 mingtaga yetkaziladi, 745 ta madaniy meros obyekti restavratsiya qilinadi, 20 ta meʼmoriy yodgorlikda “ochiq osmon ostidagi muzey”lar tashkil etiladi.

Ziyorat turizmi dasturi doirasida sayohatga keluvchilar sonini hozirgidan uch barobar koʻproqqa oshiramiz. Ana shu ezgu maqsadda tabarruk ziyorat maskanlarining geografiyasi kengaytirilib, ularning yagona xaritasi yaratilmoqda.

Samarqandda ulugʻ mutafakkir bobomiz Imom Buxoriy hazratlari xotirasiga bagʻishlab bunyod etilayotgan muhtasham meʼmoriy majmua bu boradagi ulkan loyihalarimizdan biri boʻlishiga ishonaman.

Mintaqamiz davlatlari bilan qoʻshma sayyohlik yoʻnalishlarini yaratish, Markaziy Osiyoda transport-logistika imkoniyatlarini kengaytirish, jumladan, “Bir tur – butun mintaqa” dasturini amalga oshirish diqqatimiz markazida boʻlmoqda.

Muxtasar aytganda, tibbiy, ekologik, gastronomik, etno, ekstremal va boshqa turizm yoʻnalishlarini rivojlantirish boʻyicha olib borayotgan ishlarimiz hisobidan kelgusida kamida 1 millionta yangi ish joylari yaratishni maqsad qilganmiz.

Hurmatli forum qatnashchilari!

Dunyo turizm industriyasining eʼtiborga molik yirik tadbiri – Butunjahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasi sessiyasining Samarqandda oʻtkazilishi Markaziy Osiyo mintaqasi uchun katta tarixiy voqeadir.

Ishonchim komilki, ushbu anjuman Tashkilotimizga aʼzo mamlakatlar oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni yanada kengaytirish va unga yangi shiddat bagʻishlashga xizmat qiladi.

Aloqalarimizni har tomonlama chuqurlashtirish uchun quyidagi takliflarni bildirmoqchiman.

Birinchidan, global turizmning eng dolzarb muammosi – bu turistlarning kafolatlangan xavfsizlik tizimini taʼminlashdir.

Taʼkidlash lozimki, bugungi kunda dunyoning turli mintaqalarida kuzatilayotgan nizo va beqaror vaziyatlar soha rivojiga pandemiyadan ham koʻra koʻproq salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Ming afsuski, bu jarayonlar oqibatida jozibador va anʼanaviy yoʻnalishlarda turizm salohiyati va sayyohlar soni keskin pasaymoqda, xavfsiz turizm uchun doimiy tusga ega boʻlgan xatar va tahdidlar ortmoqda, ularning salbiy taʼsiri qoʻshni mintaqalarga ham tobora kengroq tarqalmoqda, butunjahon madaniy meros obyektlari va koʻhna arxitektura yodgorliklari vayron qilinmoqda va hatto ayrimlari Yer yuzidan yoʻq boʻlib ketmoqda.

Bunday ayanchli holatlarning oldini olish uchun barchamiz hamjihat va yakdil boʻlib, bor kuch va saʼy-harakatlarimizni birlashtirishimiz kerak.

Shu maqsadda, hozirgi murakkab vaziyatni inobatga olgan holda, xalqaro turizm sohasida mustahkam huquqiy asoslarni kuchaytirish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkiloti doirasida Global xavfsiz turizm kodeksini ishlab chiqishni taklif etaman.

Ikkinchidan, iqlim oʻzgarishlari tobora kuchayib borayotgan davrda “yashil” turizmni rivojlantirish boʻyicha xalqaro Harakatlar dasturini qabul qilish har qachongidan ham dolzarbdir.

Shuningdek, Tashkilotimizning “Yashil” turizmni joriy etish boʻyicha eng yaxshi shahar” nominatsiyasini taʼsis etishni taklif qilamiz.

Tashkilot koʻmagida yaqinda ish boshlagan Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti hamda Samarqanddagi “Ipak yoʻli” xalqaro universiteti hamkorligida Global “yashil” turizm startaplari laboratoriyasini yaratmoqchimiz.

Biz eng yaxshi innovatsion yechimlarni yaratish maqsadida grant mablagʻlarini ajratishga tayyormiz. Barcha aʼzo davlatlar va xalqaro tashkilotlarni ushbu loyihaga qoʻshilishga taklif etamiz.

Uchinchidan, imkoniyati cheklangan sayyohlar uchun qulay sharoitlarni yanada kuchaytirish va inklyuziv turizm infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida biz Tashkilotimiz doirasida 2025 yilni “Butun jahon inklyuziv turizm yili” deb eʼlon qilish va maxsus deklaratsiya qabul qilish tashabbusini ilgari suramiz.

Toʻrtinchidan, Butunjahon turizm tashkiloti huzurida Sayyohlik boʻyicha tarixiy shaharlar kengashini tuzish maqsadga muvofiqdir.

Ushbu platforma madaniy meros obyektlariga sayyohlar oqimini koʻpaytirish, tarixiy yodgorliklarni asrash boʻyicha eng ilgʻor tajribalar bilan almashish, tavsiya va samarali yechimlarni shakllantirish imkonini beradi.

Kengashning birinchi yigʻilishini qadimiy Buxoro shahrida tashkil etishga tayyormiz.

Beshinchidan, bugun biz Samarqandda turizm sohasida mutaxassislar tayyorlaydigan va ularning malakasini oshiradigan, dunyoda oʻxshashi yoʻq Butunjahon turizm tashkilotining Xalqaro turizm akademiyasini ochdik.

Ishonchim komilki, ushbu Akademiya global taʼlim xabiga aylanadi va jahon turizm sanoatini yanada rivojlantirishga munosib hissa qoʻshadi.

Kelgusi oʻquv yilidan boshlab Oʻzbekiston iqtidorli mutaxassislar uchun maxsus grantlarni taqdim etadi va davlatlaringiz vakillarini bu dasturda faol ishtirok etishga chaqiradi.

Oltinchidan, Tashkilotimiz bilan yaqin hamkorlikda Jahon yoshlar turizmi sammitini Toshkentda oʻtkazish haqidagi tashabbusimizni qoʻllab-quvvatlaysiz, degan umiddaman.

Aminmanki, ushbu forum yoshlarimiz uchun sayyohlikni rivojlantirish loyihalari hamda yangi gʻoyalarni yaratishda muhim va foydali maydonga aylanadi.

Yettinchidan, “Ipak yoʻli” brendini rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun Tashkilotning maxsus xalqaro mukofotini taʼsis etish tashabbusini bildiramiz.

Ushbu rejani amalga oshirishda biz bugun Butunjahon turizm tashkiloti bilan hamkorlikda ochgan “Ipak yoʻlida turizm” tematik ofisi faol shugʻullanishi mumkin, deb hisoblaymiz.

Yana bir masala. Eʼtiboringizni turizm sohasining faol targʻibotchilari – jurnalistlar, blogerlar va ommaviy axborot vositalari vakillariga qaratmoqchiman.

Tashkilotimiz qoʻshimcha platformalar yaratish orqali bu iqtidorli va jonkuyar ijodkorlarning katta kuch va salohiyatini birlashtirishda faol rol oʻynashi lozim.

Shu munosabat bilan yetakchi ommaviy axborot vositalari, jurnalistlar va eng yaxshi sayohat blogerlarini oʻzida birlashtiradigan Global media kampusinini tashkil etish vaqti keldi, deb hisoblaymiz.

Bunday media forumlarni har ikki yilda bir marta Tashkilot Bosh Assambleyasining navbatdagi sessiyalari doirasida oʻtkazish maqsadga muvofiqdir. Birinchi media kampusni yurtimizda qabul qilishga tayyormiz.

Hurmatli xonimlar va janoblar!

Sizlar anjuman davomida Samarqandning qadimiy tarixi, boy madaniyati, uning betakror goʻzalligi, xalqimizning urf-odat va anʼanalari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega boʻlasizlar.

Bu azim shahar dunyoning barcha mintaqalaridan tashrif buyuradigan millionlab sayyohlarni oʻziga jalb etayotgan Buyuk ipak yoʻlining chinakam javohiridir.

Siz, azizlar, Samarqandni “Madaniy turizmning xalqaro poytaxti” deb eʼlon qilish va tegishli deklaratsiyani qabul qilishga doir tashabbusimizni qoʻllab-quvvatlaysiz, deb ishonaman.

Bu yuksak maqom asrlar boʻyi oʻz tarovati va beqiyos merosini bezavol saqlab kelayotgan, bagʻrikengligi va mehmondoʻstligi bilan butun dunyoda shuhrat qozongan Samarqandning moʻtabar nomiga har tomonlama munosib boʻlar edi.

Hurmatli doʻstlar!

Hech shubhasiz, boʻlib oʻtayotgan Butunjahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasi sessiyasida qabul qilinadigan hujjatlar va kelishuvlar global turizm industriyasining jadal rivojlanishiga salmoqli hissa qoʻshadi.

Bosh Assambleya sessiyasi doirasida oʻtkaziladigan investitsiya va taʼlim forumlari jahonning barcha turoperatorlari, oliygohlar va yirik kompaniyalarning oʻzaro muloqoti uchun samarali maydon boʻlishiga aminman.

Ushbu forumlarda barcha hududlarimiz oʻzlarining boy tarixiy va madaniy salohiyatini, sayyohlik imkoniyatlarini toʻliq namoyish qiladi hamda istiqbolli investitsiya loyihalari paketini taqdim etadi.

Bu tadbirlarda sizlarni faol ishtirok etishga chaqiraman.

Barchangiz Yangi Oʻzbekistonni oʻzingiz uchun kashf etishingizga, ushbu tashrif qalblaringizda unutilmas taassurotlar qoldirishiga ishonaman.

Siz, aziz doʻstlarimiz uchun Oʻzbekiston eshiklari hamisha ochiq va barchangiz biz uchun doimo qadrli mehmonsiz.

Bosh Assambleya sessiyasining ishiga muvaffaqiyat va omadlar tilayman.

Eʼtiboringiz uchun rahmat.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.