Muhtaram Narendra Modi Janobi Oliylari!
Hurmatli davlat va hukumat rahbarlari!
“Global Janub ovozi” sammitining barcha ishtirokchilarini samimiy qutlashdan gʻoyat mamnunman.
Hindiston Bosh vaziri, hurmatli Modi janoblariga “Inson manfaatlariga yoʻnaltirilgan taraqqiyot” mavzusidagi bugungi muloqotimizni oʻtkazish tashabbusi uchun bildirilgan hamma minnatdorchilik soʻzlariga toʻliq qoʻshilaman.
Ushbu forum Hindistonning “Dunyo – yagona oila” umumbashariy gʻoyasiga sodiq qolayotganidan yaqqol dalolat beradi.
Ishonchim komilki, ushbu tadbirimiz xalqaro miqyosda nufuzi, iqtisodiy, texnologik va intellektual salohiyati tobora yuksalib borayotgan Hindistonning “Katta yigirmatalik”dagi raisligi muvaffaqiyatli oʻtishiga salmoqli hissa qoʻshadi.
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Bugungi kunda jahon hamjamiyati turli qarama-qarshilik va ziddiyatlarning keskinlashuvi hamda iqtisodiy inqirozning salbiy oqibatlariga duch kelmoqda.
Biz xalqaro munosabatlarda ochiq muloqot va oʻzaro ishonchning tobora kamayib borayotganiga guvoh boʻlmoqdamiz. Koronavirus pandemiyasi, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi masalalari hamda ekologik muammolar global taraqqiyot istiqbollariga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Bunday murakkab sharoitda, ayniqsa, mamlakatlarimiz oldida Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yoʻlida koʻplab yangi-yangi toʻsiqlar paydo boʻlmoqda. Ayni paytda Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Hech kim ortda qolmasligi zarur” degan asosiy tamoyili yanada dolzarb tus olmoqda.
Shu oʻrinda Hindistonning rivojlanayotgan mamlakatlar bilan oʻzaro manfaatli va samarali aloqalarni mustahkamlashdagi faol oʻrni va rolini alohida taʼkidlab oʻtmoqchiman.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasidagi strategik sheriklik va amaliy hamkorlik munosabatlari mutlaqo yangi bosqichga koʻtarildi va xalqlarimizning umumiy manfaatlariga xizmat qilmoqda.
Hurmatli davlat va hukumat rahbarlari!
Bugun Yangi Oʻzbekistonda keng koʻlamli islohotlar izchil davom ettirilmoqda. Siyosatimizning markazida inson qadri va uning manfaatlarini taʼminlash eng ulugʻ maqsad va vazifa etib belgilangan.
Taraqqiyot strategiyamizning asosiy mazmuni – qonun ustuvorligi va inson kapitalini rivojlantirish, adolatli va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishdan iboratdir. Biz oʻz oldimizga yaqin kelajakda inklyuziv va barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlash, mamlakatimizda kambagʻallikni ikki barobarga qisqartirish kabi katta rejalarni qoʻyganmiz.
Ushbu marralarga erishish uchun 2023 yil Oʻzbekistonda “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”, deb eʼlon qilindi.
Mamlakatimizda zamonaviy taʼlim va kasb-hunarlarni egallash imkoniyatini kengaytirish uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda. Ehtiyojmand aholi qatlamini samarali ijtimoiy himoya qilish, ularni malakali va sifatli tibbiy xizmatlar bilan taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Biz ortga qaytmas tus olgan islohotlarimizni izchil davom ettirish yoʻlida xalqaro sheriklar bilan yaqin hamkorlik uchun doimo ochiqmiz.
Hurmatli sammit ishtirokchilari!
Oʻzbekiston Hindistonning “Katta yigirmatalik”dagi raisligini va uning doirasida ilgari surayotgan ustuvor maqsad va ezgu intilishlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlaydi.
Uchrashuvimiz kun tartibiga kiritilgan masalalar boʻyicha quyidagi amaliy takliflarni bildirmoqchiman.
Bugungi kunda mavjud xalqaro savdo tizimini takomillashtirishimiz zarur. Buni davrning oʻzi taqozo etmoqda. Bu jarayonda “Global Janub ovozi” albatta eʼtiborga olinishi kerak – rivojlanayotgan mamlakatlarning salohiyatlarini roʻyobga chiqarish uchun zarur sharoitlar yaratilishi lozim.
Afsuski, asosiy bozorlarga chiqishda mamlakatlarimiz hamon turli toʻsiq va cheklovlarga duch kelmoqda.
Davlatlarimiz sanoat va agrar sohada katta salohiyatga, yirik ichki bozorlarga ega ekanini inobatga olib, global darajada adolatli raqobat muhitini yaratish masalasida umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish muhimdir.
Bundan tashqari, rivojlanayotgan davlatlarning energetika va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, global logistika va qoʻshimcha qiymat zanjirlarini yaratish, investitsiya va eng zamonaviy texnologiyalarni jalb etishda koʻmaklashish masalalari jahon sammiti kun tartibidan oʻrin olishi kerak, deb hisoblaymiz.
Yana bir strategik masala. Yevroosiyo mintaqasidagi asosiy transport arteriyalaridan biri boʻlgan “Shimol-Janub” xalqaro yoʻlagini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlaymiz.
Biz Markaziy va Janubiy Osiyoning oʻzaro bogʻliqligini kuchaytirishga qaratilgan, Afgʻoniston orqali Hind okeaniga chiqadigan temir yoʻlni qurish loyihasini faol ilgari surmoqdamiz. Hamkorlarimizni ushbu oʻta muhim loyihada ishtirok etishga taklif qilamiz.
Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, “yashil iqtisodiyot”ga oʻtish sharoitida taraqqiy etgan va rivojlanayotgan mamlakatlar oʻrtasidagi katta texnologik farq oʻsib bormoqda.
Biz jahonning yetakchi davlatlari koʻmagida “Global Janub” uchun yashil texnologiya va innovatsiyalar axborot bankini yaratish vaqti keldi, deb oʻylaymiz.
Navbatdagi dolzarb masala – inson kapitalini rivojlantirish va professional taʼlim sifatini oshirishdir. Biz Hindiston bilan taʼlim sohasida hamkorligimizni jadal olib borishdan manfaatdormiz.
Hurmatli hamkasblar!
Inson manfaatlariga yoʻnaltirilgan taraqqiyot zaminida aynan yosh avlodni barkamol etib tarbiyalash masalasi asosiy oʻrin egallashi lozim.
Iqtidorli yoshlarimizni iqlim oʻzgarishi, suv resurslaridan oqilona foydalanish, muqobil energetika, raqamlashtirish va boshqa ustuvor sohalardagi milliy va xalqaro dasturlarni ishlab chiqishga keng jalb etishimiz kerak.
Shundan kelib chiqib, mamlakatlarimiz oʻrtasida “Janub yoshlari ovozi” doimiy muloqot platformasini tashkil etish taklifini ilgari surmoqchiman.
Hurmatli hamkasblar!
Bugungi kunda dunyoda avj olayotgan turli toʻqnashuvlarning salbiy oqibatlari birinchi galda rivojlanayotgan mamlakatlarda sezilmoqda.
Ishonchim komilki, qadrli birodarim Narendra Modi taʼbiri bilan aytganda, “Budda va Gandi Vatani” boʻlmish Hindistonning “Katta yigirmatalik”dagi raisligi doirasida global miqyosdagi tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash uchun yangi-yangi taklif va gʻoyalar dunyo hamjamiyatiga taqdim etiladi.
Oʻzbekiston ham ushbu yoʻnalishda ilgari surayotgan Afgʻoniston muammosini hal etish boʻyicha xalqaro muloqot guruhini shakllantirish taklifini qoʻllab-quvvatlaysizlar, deb umid qilaman.
Hurmatli doʻstlar!
Biz Hindistonning rivojlanayotgan mamlakatlar manfaatlarini xalqaro miqyosda samarali himoya qilish yoʻlidagi faol saʼy-harakatlariga hamisha koʻmakdoshmiz.
Hech shubhasiz, bugungi barcha taklif va tashabbuslar inson manfaati va barqaror taraqqiyot maqsadlariga xizmat qiladi.
Fursatdan foydalanib, doʻst Hindiston xalqini yaqinlashib kelayotgan milliy bayrami – Respublika kuni bilan chin dildan samimiy tabriklayman.
Eʼtiboringiz uchun rahmat.