Hurmatli Narendra Modi janoblari!
Muhtaram hamkasblar!
“Hindiston – Markaziy Osiyo” birinchi sammitining barcha ishtirokchilarini samimiy qutlayman.
Sizga, hurmatli Bosh vazir Modi janoblari, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi mustahkam doʻstlik, oʻzaro hurmat va ishonchga asoslangan koʻp qirrali munosabatlarni mustahkamlashga qaratilgan ushbu muhim uchrashuvni oʻtkazish tashabbusi uchun minnatdorchilik bildiraman.
Barcha hamkasblarimning Hindiston Respublikasi kuni munosabati bilan Hindiston xalqiga bildirilgan iliq qutlov va tilaklarga qoʻshilaman. Shuningdek, sizlarni mamlakatingiz mustaqilligining boʻlajak 75 yilligi bilan samimiy muborakbod etaman.
Bugun Hindiston – zamonaviy, jadal rivojlanayotgan, jahonda ulkan xalqaro nufuzga ega va iqtisodiy taʼsiri tobora ortib borayotgan davlat.
Alohida taʼkidlashni istardimki, Hindiston biz uchun ishonchli, strategik sherikdir.
Oʻzbekiston-Hindiston aloqalarining ildizlari juda olis tarixga borib taqaladi.
Ming yillar mobaynida xalqlarimiz oʻrtasida faol gumanitar almashinuvlar va savdo aloqalari boʻlgan. Madaniyatlarimiz, anʼanalarimiz va maʼnaviy qadriyatlarimiz bir-birini boyitib kelgan.
Toshkent va Dehli, Samarqand va Agra, Buxoro va Haydarobod kabi qadimiy shaharlar betakror merosimizning uzviy qismi boʻlib, umumiy tariximizda chuqur iz qoldirgan.
Ushbu merosga tayanib, Oʻzbekiston “Hindiston – Markaziy Osiyo” formatidagi strategik sheriklik va amaliy hamkorlikni yanada kengaytirishga qatʼiy intilmoqda.
Bugun koʻp tomonlama munosabatlarimiz uchun yangi kun tartibini ishlab chiqishimiz va uzoq muddatli istiqbolga qaratilgan samarali hamkorlikning aniq yoʻnalishlarini belgilab olishimizga ishonaman.
Hurmatli sammit ishtirokchilari!
Hindiston bilan anʼanaviy yaqin, doʻstona va koʻp tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlash maqsadida mintaqaviy hamkorlikning quyidagi yoʻnalishlarini strategik ustuvor yoʻnalishlar sifatida belgilab olishni taklif etamiz.
Birinchi ustuvor yoʻnalish – taʼlim va sogʻliqni saqlash sohalarida faol hamkorlik qilish orqali, Hindistonning ilgʻor tajribasi, bilim va texnologiyalarini keng joriy qilish asosida inson kapitalini rivojlantirish.
Keyingi yillarda hindistonlik hamkorlar bilan birgalikda mamlakatimizda qator zamonaviy koʻp tarmoqli tibbiyot markazlari tashkil etildi.
Bunday klinikalar tarmogʻini Hindiston yetakchi tibbiy universitetlarining Oʻzbekistondagi filiallari negizida yanada kengaytirish niyatidamiz.
Sogʻliqni saqlash sohasida Hindiston bilan hamkorlikni yanada chuqurlashtirish maqsadida farmatsevtik preparatlar ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma loyihalarni ilgari surish, vaksinatsiya toʻgʻrisidagi sertifikatlarni oʻzaro tan olishni jadallashtirish, virusolog vrachlar tayyorlash dasturini boshlash, ayurveda taʼlimotlari va yoga amaliyoti hamda Ibn Sino risolalari asosida zamonaviy sogʻliqni saqlash yutuqlarini toʻldirib turadigan anʼanaviy tibbiyot usullarini joriy qilishni muhim deb hisoblaymiz.
Ushbu tashabbuslarni tizimli amalga oshirish maqsadida har yili “Hindiston – Markaziy Osiyo” sogʻliqni saqlash forumini oʻtkazishni taklif etamiz.
Fursatdan foydalanib, pandemiya oqibatlarini yengib oʻtishda koʻrsatilgan yordam uchun Hindiston tomoniga samimiy minnatdorchilik bildiraman.
Taʼlim sohasidagi sheriklik sermahsul ekanini mamnuniyat bilan qayd etmoqchimiz. Bugun Oʻzbekistonda Hindistonning uchta yetakchi universiteti faoliyat yuritmoqda, ularda toʻrt mingga yaqin talaba tahsil olmoqda.
Bundan tashqari, Hindiston kompaniyalari mamlakatimizda «IB» dasturi doirasidagi xalqaro maktablar tashkil etishga investitsiya kiritishni boshladi. Hindistonning tillarga oʻqitish metodikasi joriy qilinmoqda.
Taʼlim sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida oliy taʼlim muassasalarining filiallari va professional taʼlim markazlarini ochish, ilmiy va akademik almashinuvlarni yoʻlga qoʻyish, innovatsion ishlanmalar va startaplarni qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilgan “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqishni taklif etamiz.
Axborot texnologiyalari sohasidagi sheriklik biz uchun keng istiqbollar ochmoqda. Raqamlashtirish borasida jahonning peshqadamlaridan biri hisoblangan Hindiston mamlakatimiz IT industriyasini rivojlantirishga katta hissa qoʻshmoqda.
Yaqin istiqbolga moʻljallangan qoʻshma rejalarimizda – uchinchi mamlakatlar bozorlariga dasturiy mahsulot va xizmatlarni eksport qilish, shu jumladan biznes jarayonlarining autsorsingi.
IT sohasida mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish maqsadida raqamli innovatsiyalar, moliyaviy va blokcheyn texnologiyalarni joriy qilish, kiberxavfsizlikni taʼminlash, mutaxassislar tayyorlash kabi yoʻnalishlarda harakatlar dasturini ishlab chiqishni taklif qilaman.
Ushbu tashabbusni amaliy roʻyobga chiqarish uchun Javaxarlal Neru nomidagi Oʻzbek-Hind axborot texnologiyalari markazi imkoniyatlarini ishga solishga tayyormiz.
Hamkorligimizning ikkinchi eng muhim strategik ustuvorligi iqtisodiy sheriklikni chuqurlashtirishdan iborat.
Keyingi besh yilda Oʻzbekiston bilan Hindiston oʻrtasidagi tovar ayirboshlash qariyb ikki barobar koʻpaydi, qoʻshma korxonalar soni toʻrt yuztaga yetdi.
Sanoat, infratuzilma va qurilish sohalarida yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Andijon viloyati va Gujarat shtati oʻrtasidagi kooperatsiya muvaffaqiyatli rivojlanmoqda.
Mamlakatlarimiz biznesi va hududlari darajasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni ragʻbatlantirish maqsadida “Hindiston – Markaziy Osiyo” ishbilarmonlar kengashi faoliyatiga yangi surʼat bagʻishlashni taklif etamiz.
Kengash investitsiyalar va savdo sohalarida oʻzaro toʻldirib turish omili asosida yangi oʻsish nuqtalarini aniqlash uchun tadbirkorlarimiz oʻrtasida uzoq muddatli sheriklik aloqalarini yoʻlga qoʻyishga faol koʻmaklashishi lozim.
Shu bilan birga, Hindiston va Markaziy Osiyo oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri yerusti transport yoʻllari mavjud emasligi iqtisodiy munosabatlarimizning jadal rivojlanishiga toʻsqinlik qilayotgan asosiy omil boʻlib qolmoqda.
Shu munosabat bilan biz Chabahor porti orqali yangi yoʻlakni ishlab chiqishga kirishdik. Bu port “Shimol-Janub” tashabbusi doirasida mamlakatlarimiz oʻrtasida yuklar yetkazib berishning muhim boʻgʻiniga aylanishi mumkin va shart.
Mamlakatlarimiz transport vazirlarining uchrashuvlarini yoʻlga qoʻyish taklifini qoʻllab-quvvatlaymiz.
Ushbu mexanizmning aniq mazmundorligi va amaliy natijadorligini taʼminlash muhimdir.
Vazirlarning birinchi yigʻilishi kun tartibiga “Quruq” portlar tarmogʻini rivojlantirish dasturini ishlab chiqish, yuk tashishda bir xil chegirma va imtiyozli tariflar taqdim etish, yuklarni bojxona rasmiylashtiruvi tartibotlarini soddalashtirish masalalarini kiritishni taklif etamiz.
Energetik samaradorlik va “yashil” taraqqiyot masalalariga muhim eʼtibor qaratmoqdamiz. Shu munosabat bilan Hindistonning muvaffaqiyatli tajribasi va texnologiyalari biz uchun katta qiziqish uygʻotmoqda.
Hurmatli Hindiston Bosh vaziri tashabbusi bilan tashkil etilgan Xalqaro quyosh alyansiga qoʻshilish niyatidamiz.
“Yashil” energetika sohasidagi mintaqaviy hamkorlik masalalarini joriy yil sentyabr oyida Orolboʻyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida oʻtkaziladigan xalqaro forumda batafsil muhokama qilishni taklif qilamiz.
Uchinchi ustuvor yoʻnalish – madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik.
Umumiy merosimizni boʻlajak avlodlar uchun saqlab qolish maqsadida muzeylar hamkorligi, koʻrgazma va anjumanlar, shu jumladan onlayn shaklda tashkil etish, qoʻlyozma fondlarini raqamlashtirish va qoʻshma virtual kutubxonalar yaratish, umumiy tarixiy-arxeologik merosni tadqiq etishni nazarda tutadigan birgalikdagi tadbirlar dasturini ishlab chiqishni taklif etamiz.
Shuningdek, Hindiston bilan diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligida Markaziy Osiyo mamlakatlarida Hind kinosi haftaligi va Hind madaniyati festivalini oʻtkazishni taklif qilamiz.
Hurmatli sammit ishtirokchilari!
Biz oldimizga qoʻygan rejalar muvaffaqiyatli amalga oshishining eng muhim sharti mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlashdir.
Afgʻonistondagi murakkab vaziyat umumiy eʼtiborimiz markazida qolmoqda.
Ushbu mamlakatda gumanitar inqiroz avj olmasligiga yoʻl qoʻymaslik hamda tinchlik jarayoniga koʻmaklashish muhim.
Bu Afgʻonistonda tinchlikni taʼminlashga hamda Markaziy Osiyo va Hindiston oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlikni kuchaytirishga xizmat qiladigan muhim infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.
Muhtaram hamkasblar!
Bugun bildirilgan muhim taklif va tashabbuslarning roʻyobga chiqarilishi mamlakatlarimizning “Hindiston – Markaziy Osiyo” formatidagi koʻp tomonlama sherikligini yanada rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratadi.
Shu maʼnoda, yakuniy Dehli deklaratsiyasini qoʻllab-quvvatlaymiz.
Soʻzim yakunida Bosh vazir Modi janoblariga sammitni tashkil etgani uchun yana bir bor samimiy minnatdorchilik bildiraman.
Barcha ishtirokchilarga muvaffaqiyat va sogʻlik-omonlik tilayman.
Eʼtiboringiz uchun rahmat!