Muhtaram rais Rejep Tayyip Erdogʻan Janobi Oliylari!
Hurmatli Davlat va Hukumat Rahbarlari!
Hurmatli bosh kotib Sulaymonpur Janoblari!
Avvalambor, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Sammitining barcha ishtirokchilarini samimiy qutlashga ijozat bergaysiz.
Hurmatli Prezident Erdogʻan Janoblariga pandemiya sharoitiga qaramasdan, tashkilotga samarali raislik qilgani va anjumanni yuqori darajada tashkil etgani uchun chuqur minnatdorlik izhor etaman.
Pandemiya davrida KOVID-19 kasalligiga qarshi kurashishda koʻrsatilgan salmoqli yordam uchun turk doʻstlarimizga va shaxsan Erdogʻan Janoblariga oʻz minnatdorligimni bildiraman.
Bugun raislik navbati Turkmanistonga oʻtishi munosabati bilan hurmatli Prezident Gurbanguli Myalikguliyevich Berdimuhamedovni chin dildan tabriklayman.
Va albatta, yaxshi niyat qilamizki, navbatdagi Sammitda, Ashxobod shahrida koʻrishish hammamizga nasib qilsin.
Hurmatli yigʻilish ishtirokchilari!
Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti hududi – bu tarixi, dini, madaniyati va qadriyatlari mushtarak, ulkan imkoniyatlarga ega boʻlgan umumiy mintaqadir.
Doʻst davlatlarimizni azaldan oʻzaro hurmat va ishonch muhiti, savdo va transport-kommunikatsiya aloqalari chambarchas bogʻlab turadi.
Bugungi sammitimiz “Kovid-19 dan keyingi davrda mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik” mavzusida oʻtayotganida chuqur maʼno mujassam.
Chunki, global iqtisodiyotga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan pandemiya, davlatlarimizni ham chetlab oʻtmadi.
Bu ofat kuchli va zaif tomonlarimizni, bir-birimizga naqadar bogʻliq ekanimizni, iqtisodiy sheriklikni yanada mustahkamlash zaruratini yaqqol koʻrsatdi.
Dunyoda texnologiya va resurslar, sarmoyalar, tashqi bozorlarga chiqish uchun raqobat kuchayib borayotgan hozirgi kunda, kuch va salohiyatlarimizni birlashtirish, iqtisodiyotlarimizning toʻldiruvchi omillaridan keng foydalanishimiz muhimdir.
Ammo shuni aytib oʻtish kerakki, Tashkilotimiz hududida mavjud savdo-iqtisodiy, moliyaviy, sarmoyaviy, transport-logistika va energetika imkoniyatlari toʻliq ishga solinmayapti.
Shu bois, “Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti – 2025” dasturining asosiy yoʻnalishlari boʻyicha koʻp tomonlama sheriklikni yanada kengaytirish maqsadida quyidagi takliflarni ilgari surmoqchiman.
Birinchidan, iqtisodiy oʻsishning asosiy drayveri – hech shubhasiz, savdo va investitsiya aloqalarini kuch́aytirishdir.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonning aʼzo davlatlar bilan umumiy savdo aylanmasi salkam ikki barobarga oʻsdi. Oʻtgan yili murakkab vaziyatga qaramasdan, bu hajmlarni saqlab qolishga erishdik.
Biz, Tashkilotga aʼzo mamlakatlar tomonidan karantin davrida oʻrnatilgan savdo va transport cheklovlarini bartaraf etish vaqti keldi, deb hisoblaymiz.
Oʻylaymanki, raqamli texnologiyalar va elektron tijoratni keng joriy etish savdo aloqalarimizni sezilarli ravishda yengillashtiradi.
Shu maʼnoda, Turkiya ilgari surayotgan Savdoga koʻmaklashish boʻyicha bitimni kelishish va qabul qilishni tezlashtirish lozim, deb hisoblaymiz.
Ikkinchidan, “Bir-birini toʻldiruvchi nuqtalarni topish” tamoyili asosida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish xalqlarimizning umumiy farovonligini oshirishga xizmat qiladi.
Bu muhim rejani amalga oshirish uchun aniq yoʻnalish va loyihalarni qamrab olgan qoʻshma “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqishni maqsadga muvofiq, deb bilamiz.
Uchinchidan, aʼzo davlatlar oʻrtasida mablagʻlar, tovarlar va xizmatlar erkin aylanishini taʼminlash, banklararo aloqalarni va moliyalashtirishni kengaytirish dolzarb masaladir.
Mazkur vazifalarni amalga oshirish uchun yaqin istiqbolda mamlakatlarimiz banklari ishtirokida xalqaro Bank-moliya Forumini oʻtkazishni taklif qilamiz.
Toʻrtinchidan, mintaqalarimizning transport yoʻlaklarini kengaytirish va tranzit salohiyatini oshirish, oʻzaro iqtisodiy hamkorligimizni yanada jadallashtiradi.
Biz, Oʻzbekiston – Turkmaniston – Eron – Oʻmon, Oʻzbekiston – Qirgʻiziston – Xitoy transport yoʻlaklarini, shuningdek, Ozarbayjon orqali Turkiya va Yevropa davlatlariga chiqish yoʻllarini rivojlantirishdan manfaatdormiz.
Shu bilan birga, yangi taklif etilgan Mozori Sharif – Kobul – Peshovar temir yoʻlining qurilishi Afgʻonistonni keng mintaqalarimizga integratsiya qilish va barqaror taraqqiyotni taʼminlashda ulkan ahamiyat kasb etadi.
Beshinchidan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) bilan birgalikda, Tashkilotimizning Oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi yangi Dasturini ishlab chiqish va qabul qilish zarur, deb hisoblaymiz.
Shu munosabat bilan, joriy yilda Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar qishloq xoʻjaligi vazirlarining, navbatdagi yigʻilishini biz Oʻzbekistonda oʻtkazishga tayyormiz.
Oltinchidan, qayta tiklanadigan va muqobil energiya manbalariga boy mintaqamizda “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish imkoniyatlari nihoyatda kattadir.
Energetika barqarorligini taʼminlash, sohaga investitsiya va zamonaviy texnologiyalarni keng jalb etishga qaratilgan Oʻrta muddatli Strategiyani ishlab chiqish va tasdiqlashni taklif etaman.
Yettinchidan, ekologiya va global iqlim oʻzgarishlari bilan bogʻliq muammolar oqibatlarini mintaqamizda, jumladan, Orolboʻyi hududida yaqqol sezayapmiz. Bu masalaga yechim topish boʻyicha barcha saʼy-harakatlarimizni oʻzaro birlashtirish lozim.
Bu yoʻlda taʼsirchan mintaqaviy hamkorlikning aniq mexanizmlarini joriy etishni maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.
Sakkizinchidan, Sogʻliqni saqlash sohasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirishimiz lozim.
Tashkilot doirasida epidemiologik vaziyatni monitoring qilish va tegishli chora-tadbirlarni oldindan rejalashtirish tizimini amaliyotga joriy etishni taklif qilamiz.
Hurmatli yigʻilish ishtirokchilari!
Soʻzimning yakunida yana bir bor alohida taʼkidlamoqchiman:
Hech shubhasiz, istiqbolda birgalikdagi saʼy-harakatlar orqali biz Tashkilot doirasidagi hamkorligimizni yangi
va yuksak bosqichga koʻtarishga qodir boʻlamiz.
Eʼtiborlaringiz uchun rahmat.