Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Koʻrfaz arab davlatlari – Markaziy Osiyo” oliy darajadagi birinchi sammitidagi nutqi

0
105
marta koʻrilgan.

Bismillahir rahmonir rahim!

Muhtaram delegatsiyalar rahbarlari!

Hurmatli Bosh kotib janoblari!

Barchangizni bugun “Koʻrfaz arab davlatlari – Markaziy Osiyo” oliy darajadagi birinchi sammitida koʻrib turganimdan gʻoyat mamnunman, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Moʻtabar boʻlgan Makkaning ramziy darvozasi – goʻzal va betakror Jidda shahridagi tarixiy uchrashuvimizni anchadan beri kutayotgan edik.

Ushbu nufuzli anjumanimizni oʻtkazish tashabbusi bilan chiqqani hamda tadbir yuksak saviyada tashkil etilgani uchun Ikki muqaddas masjid xodimi, Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon Bin Abdulaziz Ol Saud Aʼlo Hazratlari hamda Valiahd, Vazirlar Mahkamasi raisi, birodarimiz Muhammad Bin Salmon Ol Saud Hazrati Oliylari nomlariga bildirilayotgan minnatdorlik soʻzlariga qoʻshilaman.

Hurmatli sammit ishtirokchilari!

Markaziy Osiyo va Koʻrfaz mintaqasi xalqlarini azaldan yaqin savdo aloqalari, mushtarak qadriyat va urf-odatlar, eng muhimi, muqaddas islom dinimiz chambarchas bogʻlab turadi.

Movarounnahr va Arabiston diyorlari oʻrtasidagi tarixiy aloqalarni rivojlantirishda buyuk mutafakkir va alloma bobolarimizning beqiyos xizmatlari borligini faxr bilan eslaymiz. “Barcha muhaddislarning peshvosi” – ulugʻ alloma Imom Buxoriy ana shunday siymolardan biridir.

Musulmon dunyosidagi oltita buyuk muhaddisning ikki nafari mintaqamizda tugʻilib kamol topgani, qadimiy Buxoro esa “Qubbatul Islom” nomi bilan shuhrat qozonganidan gʻururlanamiz.

Maʼlumki, toʻqqizinchi asr boshida Abbosiylar davlati poytaxtidagi “Donishmandlar uyi” deb nom olgan akademiyada Markaziy Osiyolik 200 dan ortiq allomalar ilmiy faoliyat olib borganlar.

Muso al-Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino kabi ulugʻ allomalarimiz esa bebaho ilmiy asarlarini aynan goʻzal va mukammal arab tilida yaratib, butun dunyoda shon-shuhrat qozonganlar.

Hozirda poytaxtimizda saqlanayotgan muqaddas Musʼhafi sharif – Usmon Qurʼoni oʻlkamiz va arab diyorlari oʻrtasidagi aloqalar qadimiy va teran ildizlarga ega ekanidan dalolat beradi.

Bu kabi ibratli misollarni yana koʻplab keltirish mumkin.

Biz bunday buyuk umumiy tariximiz va merosimiz zamonaviy munosabatlarimizga mustahkam poydevor boʻlib xizmat qilishi uchun barcha kuchimizni safarbar etishga tayyormiz.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Atrofdagi xavf-xatarlarga qaramay, mintaqalarimiz tinchlik, barqarorlik va taraqqiyot makoni boʻlib kelmoqda.

Ulkan iqtisodiy, tabiiy va intellektual resurslarga ega boʻlgan Koʻrfaz davlatlarining global barqarorlik va energetik xavfsizlikni taʼminlashdagi oʻrni beqiyosdir.

Ayni paytda Markaziy Osiyo va Koʻrfaz davlatlari bir-birlariga ishonchli va uzoq muddatli hamkor sifatida qaramoqda.

Ayniqsa, soʻnggi yillarda Oʻzbekistonning Koʻrfaz mamlakatlari bilan aloqalari yangi bosqichga koʻtarilganini mamnuniyat bilan taʼkidlayman. Bugungi kunda yurtimizda yetakchi kompaniya va banklaringiz bilan amalga oshirilayetgan umumiy loyihalar portfeli 20 milliard dollardan ortdi.

Ijobiy tajribalarimizdan kelib chiqib, mintaqalarimiz oʻrtasidagi amaliy hamkorlikni quyidagi yoʻnalishlarda kengaytirishni taklif etamiz.

Birinchidan. Biz siyosiy sohada keng qamrovli aloqalarni turli formatlarda rivojlantirish tarafdorimiz.

Birodar davlatlarimiz va xalqlarimizni yanada yaqinlashtirish maqsadida kelgusida koʻp tomonlama Doʻstlik, mintaqalararo bogʻliqlik va hamkorlik bitimini ishlab chiqish masalasini birgalikda oʻrgansak, maʼqul boʻlar edi.

Ikkinchi yoʻnalish – yuqori texnologiyalar va investitsiyalar sohasidagi hamkorlikdir.

Biz innovatsiyalar, “sunʼiy” intellekt, “yashil iqtisodiyot”, raqamlashtirish, “aqlli qishloq xoʻjaligi”, nano va biotexnologiyalar sohalaridagi hamkorlik platformalari va ishchi mexanizmlarini yaratishimiz kerak.

Shu munosabat bilan, mamlakatlarimiz biznes vakillari ishtirokida Qoʻshma investorlar kengashini taʼsis etishni va uning dastlabki yigʻilishini Samarqandda oʻtkazishni taklif etaman.

Mintaqamizda Koʻrfazdagi hamkorlarimiz bilan tuzilgan investitsiya fondlari salohiyatidan unumli foydalanish va yetakchi banklaringiz faoliyatini kengaytirish istagidamiz.

Shuningdek, “yashil energetika” loyihalarini birgalikda amalga oshirish maqsadida alohida “Yoʻl xaritasi” ni qabul qilish muhim, deb hisoblayman.

Bugungi kunda mamlakatimizda ACWA Power, Masdar, Mubadala, TACA, Nebras Power kabi yetakchi kompaniyalar bilan umumiy quvvati 15 gigavattdan ortiq quyosh va shamol stansiyalarini barpo etish hamda energiyani saqlash loyihalarini amalga oshirmoqdamiz.

Kelgusi oyda Saudiya Arabistoni bilan “yashil” vodorodni ishlab chiqarish boʻyicha yirik loyihaga tamal toshini qoʻyamiz.

Uchinchi yoʻnalish – savdo va transport bogʻliqligini kuchaytirish.

Koʻrfaz davlatlari bilan erkin savdo rejimini joriy etish, texnik reglamentlarni uygʻunlashtirish va elektron tijoratni rivojlantirish dolzarbdir.

Bu borada koʻp tomonlama Savdo bitimini qabul qilish masalasini ekspertlarimiz ishlab chiqishi lozim.

Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash uchun Koʻrfaz davlatlariga organik qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetkazib berish mexanizmlarini tatbiq etishga tayyormiz.

Transport va tranzit sohasida Oʻrta transport koridorida eng maqbul tariflarni qoʻllash, mavjud multimodal yoʻlaklardan keng foydalanish va toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlarni maqsadli subsidiyalash yordamida koʻpaytirishni taklif etaman.

Koʻrfaz davlatlarini eng yaqin va qulay yoʻl orqali mintaqamiz bilan bogʻlaydigan Transafgʻon temir yoʻlini qurish strategik loyihasida sizlarni faol ishtirok etishga chorlab qolaman.

Ushbu yoʻl transport xarajatlari va yuklarni yetkazib berish muddatlarini ikki barobarga qisqartirish imkonini beradi.

Bu yoʻnalishlarda aniq takliflar ishlab chiqib, amalga oshirish maqsadida savdo va transport vazirlarimizning muntazam muloqotini yoʻlga qoʻyish umumiy manfaatlarimizga xizmat qiladi.

Keyingi muhim yoʻnalish – ekologiya va iqlim oʻzgarishlari masalasi. Global Iqlim sammiti bu yil Dubayda boʻlib oʻtishi Koʻrfaz davlatlarining mazkur yoʻnalishda erishayotgan yutuqlari xalqaro eʼtirofidir.

Shuningdek, Saudiya Arabistonining “Yaqin Sharq yashil tashabbusi” mintaqa ekologik tizimini tubdan yaxshilashga salmoqli hissa qoʻshayotgani tahsinga sazovordir.

Yurtimizda ochilayotgan Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti negizida birgalikda xalqaro tadqiqotlar dasturini tayyorlash gʻoyamizni maʼqullaysizlar, deb ishonaman.

Eʼtiboringizni beshinchi yoʻnalish – turizm sohasiga qaratmoqchiman. Koʻrfazdan sayyohlar sonini koʻpaytirish maqsadida biz bu davlatlar aholisiga vizasiz tartibni joriy etganmiz.

“Koʻrfaz – Markaziy Osiyo” yagona vizasiz sayyohlik makonini va turistlar uchun moʻljallangan zamonaviy klasterlarni yaratish, qoʻshma turistik mahsulotlarni koʻpaytirish ayni muddao boʻlar edi.

Bundan tashqari, mintaqalarimiz yetakchi sayyohlik operatorlari forumini 2024 yilda Islom dunyosi turizm poytaxti, deb eʼlon qilingan Xiva shahrida oʻtkazishni taklif etaman.

Gumanitar yoʻnalishda davlatlarimizda milliy madaniyat haftaliklari, madaniy meros koʻrgazmalarini tashkil etish orqali birodar xalqlarimizni yanada yaqinlashtirgan boʻlar edik.

Hozir Oʻzbekistonda yuz mingdan ziyod nodir qoʻlyozmalar saqlanmoqda. Bu borada Oʻmon Sultonligi koʻmagida poytaxtimizda yirik loyiha amalga oshirilganini biz minnatdorlik bilan taʼkidlaymiz.

Hurmatli anjuman qatnashchilari!

Biz dunyoda kuzatilayotgan islomofobiya holatlari bilan birgalikda kurashishimiz va bu borada Islom hamkorlik tashkiloti doirasida amaliy qadamlar qoʻyishimiz kerak.

Umuman olganda ushbu tashkilotning masʼuliyati va vazifalarini qayta koʻrib chiqish vaqti keldi, deb hisoblayman.

Terrorizm, ekstremizm, radikalizm va narkotrafikka qarshi kurashish, yoshlarimizni bu kabi xavf-xatarlar Internet va boshqa vositalar orqali tarqalishidan asrash borasida aloqalarimizni kuchaytirishni davrning oʻzi talab qilmoqda.

Diqqatingizni Afgʻoniston muammosiga qaratishni istar edim. Bu yurtda tinchlik oʻrnatmasdan, nafaqat mintaqamiz, balki global xavfsizlikni ham taʼminlash mumkin emas.

Shu maʼnoda, Qatar hukumati va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi tashabbusi bilan may oyida Dohada oʻtkazilgan maxsus vakillar ilk uchrashuvlari natijalarini ijobiy baholaymiz.

Umuman olganda, bizning mintaqalarimiz tashabbuskor boʻlib, katta-katta minbarlardan Afgʻoniston muammolariga butun dunyo eʼtiborini jalb etishimiz, afgʻon xalqi hayotini yengil qilishga munosib hissa qoʻshishimiz kerak.

Muhtaram sammit ishtirokchilari!

Bugungi muloqotimiz, bildirilgan fikr-mulohaza va takliflar aloqalarimizning katta salohiyatini koʻrsatdi.

Mintaqalarimiz endi uchrashmoqda va katta hamkorlik eshigini ochmoqda. Buning uchun birodarimiz Valiahd Muhammad Ol Saud Hazrati Oliylariga yana bir bor alohida tashakkur aytaman.

Bu kabi ochiq va samarali uchrashuvlarni izchil davom ettirish uchun navbatdagi sammitimizni Oʻzbekistonda oʻtkazishni taklif qilaman.

Hech shubhasiz, bugungi tarixiy sammitimiz natijalari Koʻrfaz va Markaziy Osiyo mintaqalari oʻrtasidagi koʻp qirrali aloqalarni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

Eʼtiboringiz uchun rahmat.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.