Hurmatli Amir Aʼlo Hazratlari!
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Xonimlar va janoblar!
Bugun azim Toshkent shahrida Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha yuksak xalqaro mukofot bilan taqdirlash marosimida sizlarni koʻrib turganimdan behad xursandman.
Yangi Oʻzbekiston zaminiga xush kelibsiz, aziz mehmonlar!
Avvalambor, ushbu tantanali tadbirni yurtimizda oʻtkazish boʻyicha takliflari va yaqindan koʻrsatgan koʻmaklari uchun mazkur nufuzli mukofot asoschisi, qadrli birodarim Qatar Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy Aʼlo Hazratlariga hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasiga chuqur minnatdorchilik izhor etaman.
Fursatdan foydalanib, anjumanda ishtirok etayotgan qatarlik doʻstlarimizni va ular siymosida ushbu mamlakat xalqini kecha keng nishonlangan Mustaqillik bayrami bilan samimiy muborakbod etaman.
Taʼkidlash oʻrinliki, Amir Aʼlo Hazratlarining oqilona rahbarligi ostida soʻnggi yillarda Qatar Davlati yangilanish ruhi bilan yashamoqda, mamlakatda katta oʻzgarishlar amalga oshirilayapti, olamshumul va buyuk yutuqlar qoʻlga kiritilmoqda. Bunga betakror Dohaga tashrifim chogʻida oʻzim shaxsan amin boʻldim.
Yuksak saviyada oʻtkazilgan futbol boʻyicha jahon chempionati, Kam rivojlangan davlatlar boʻyicha xalqaro konferensiya va “Ekspo Doha– 2023” butunjahon koʻrgazmasi, koʻplab xalqaro tashabbuslar Qatarning global hamkorlik va diplomatiya markaziga aylanib borayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.
Shu oʻrinda, davlatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlar bizning faol muloqotlarimiz natijasida mutlaqo yangi bosqichga koʻtarilganini alohida mamnuniyat bilan qayd etmoqchiman. Biz birgalikda katta loyihalarni boshladik. Bugungi tadbir aynan yurtimizda oʻtkazilayotgani esa maqsadlarimiz uygʻun va hamohang ekanining yorqin ramziy ifodasidir.
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Albatta, shiddat bilan oʻzgarayotgan dunyodagi eng dolzarb muammolardan biri boʻlgan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida global mukofotning taʼsis etilgani va uni topshirishga bagʻishlangan marosimlar barcha qitʼalarda oʻtkazib kelinayotgani yuksak eʼtirofga sazovordir.
Zero, korrupsiyaga qarshi kurashish har bir sof vijdonli insonning, demokratik jamiyat va davlatning muqaddas burchidir.
Ushbu nufuzli mukofot orqali korrupsiyaga qarshi kurashishga oʻzining munosib hissasini qoʻshayotgan jahondagi eng faol shaxslarning eʼtirof etilishi bundan roppa-rosa 20 yil avval qabul qilingan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Korrupsiyaga qarshi kurashish konvensiyasi talablarini hayotga izchil va toʻliq tatbiq etishga xizmat qiladi.
Hurmatli xonimlar va janoblar!
Bashariyat tarixiga nazar solsak, korrupsiya illati hatto eng qudratli va eng kuchli davlatlarni ham jar yoqasiga olib kelganiga va toʻliq parokanda qilganiga guvoh boʻlamiz.
Korrupsiya butun insoniyatga, barcha jamiyatlar asosiga, iqtisodiy taraqqiyotga zarba beradigan, qonun ustuvorligini buzadigan va xalqning davlat siyosatiga ishonchini keskin susaytiradigan, demokratik institutlar rivojiga toʻsqinlik qiladigan xatarli tahdiddir va u barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish borasidagi rejalarimizga ham jiddiy putur yetkazadi.
Tahlillarga koʻra, hozirda korrupsiyaning dunyo miqyosidagi zarari 3 trillion AQSH dollariga yaqin miqdorni tashkil qilmoqda. Ammo, men bu katta raqamlar haqiqiy holatni va korrupsiya natijasida koʻrilayotgan real zararning aniq hajmini toʻliq ifoda eta olmaydi, deb hisoblayman. Eng yomoni – jamiyat koʻradigan maʼnaviy zarar koʻlamini hech narsa bilan oʻlchab boʻlmaydi.
Mazkur oʻtkir muammoning oqibatlarini chuqur anglagan holda, biz Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Jahon banki, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti kabi nufuzli xalqaro tuzilmalar bilan yaqin hamkorlik qilib kelmoqdamiz.
Korrupsiyaga qarshi kurashish borasida huquqiy va institutsional islohotlarni tizimli amalga oshirmoqdamiz. Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonunni qabul qilib, maxsus vakolatli Agentlikni tashkil etdik. Hukumat faoliyatining ochiq va oshkoraligini taʼminlash va masʼuliyatini oshirish, byurokratiyani kamaytirish va davlat xizmatlarini soddalashtirish, korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan preventiv mexanizmlarni amaliyotga keng joriy etayapmiz. Xususan, barcha davlat idoralarida komplayens va samaradorlikni baholash reyting tizimlari yoʻlga qoʻyildi. Davlat xaridlari toʻliq raqamlashtirildi.
Oʻzbekiston 2021 yilda Xalqaro Ochiq maʼlumotlar xartiyasiga aʼzo boʻldi. Mamlakatimiz Istanbul harakatlar dasturi, Global operativ tarmoq, Yevroosiyo va Egmont guruhlari, boshqa koʻplab platformalarda samarali ishtirok etib kelmoqda. Gʻarbiy va Markaziy Osiyo davlatlarining aktivlarni qaytarish tarmogʻining Kotibiyati vazifasini bajarmoqda.
Har yili Toshkentda anʼanaviy Xalqaro aksilkorrupsiya forumi oʻtkazib kelinmoqda.
Soʻnggi yillarda mamlakatimiz “Transparency International” indeksida 42 pogʻonaga koʻtarildi va bu borada mintaqamizda eng yuqori oʻrinni egallamoqda. 2030 yilga qadar mazkur reytingdagi oʻrnimizni yana 50 pogʻonaga yaxshilash maqsadini koʻzlaganmiz. “Open Data Inventory” reytingida esa joriy yilda 30-oʻringa koʻtarildik. Ochiq maʼlumotlar manbalari boʻyicha Oʻzbekiston dunyoda 4-oʻrindan joy olgan.
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Demokratik islohotlar ortga qaytmas tus olgan Yangi Oʻzbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida ham katta reja va vazifalarni oʻz oldimizga qoʻyganmiz.
Bu masʼuliyatli va murosasiz kurash yoʻlida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi va barcha xalqaro hamkorlarimiz bilan birgalikda bor kuchimizni safarbar etishga tayyormiz.
Birinchidan, Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha 2030 yilgacha moʻljallangan milliy strategiyani ishlab chiqib, hayotga tatbiq etamiz. Davlat idoralari faoliyatining yanada shaffofligini taʼminlash va hisobdorligini oshirish, ochiq maʼlumotlar tizimini takomillashtirish, sohaning huquqiy asoslari va institutsional mexanizmlarini mustahkamlashga alohida urgʻu beramiz.
Ikkinchidan, korrupsiyaga qarshi kurashdagi mintaqaviy va global tashabbus va yangi loyihalarni qoʻllab-quvvatlaymiz va ularda faol qatnashamiz. Bu borada oʻtgan oyda Toshkentda ishga tushgan Korrupsiyaga qarshi kurashish konvensiyasining Mintaqaviy platformasidan keng foydalanmoqchimiz.
Shu bilan birga, nodavlat notijorat tashkilotlarini faol jalb etgan holda, oʻzaro tajriba almashish va muloqotlarni kuchaytirish, ilmiy izlanishlar olib borish maqsadida Korrupsiya muammolari boʻyicha mintaqaviy tadqiqot markazini tashkil etishni taklif etaman.
Uchinchidan, biz Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining xorijiy turdosh muassasalar bilan yaqin hamkorligini kuchaytirish orqali uning salohiyat va imkoniyatlarini yanada oshiramiz. Eng ilgʻor xalqaro tajribaga asoslangan yangi mexanizmlar tatbiq qilinadi, jumladan, korrupsiya holatlari boʻyicha “dastlabki oʻrganish” – korrupsion surishtiruv instituti joriy etiladi.
Toʻrtinchidan, ongi va qalbi bolalikdan “halollik vaksinasi” bilan emlangan yangi avlodni kamolga yetkazish ustuvor vazifamizdir. Bu borada Birlashgan Millatlar Tashkilotining Korrupsiyaga qarshi taʼlim va yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirish global resursi dasturini Oʻzbekistonda keng joriy etishdan manfaatdormiz.
Beshinchidan, korrupsiyaga qarshi kurashishdek murakkab jarayonlarda eng oldingi saflarda borayotgan ommaviy axborot vositalarining oʻrnini alohida qadrlaymiz.
Shu maʼnoda, bizning korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha jurnalistlar imkoniyatlaridan unumli foydalanish va ular taʼsirini yanada oshirish uchun Global media forumni oʻtkazish taklifimizni sizlar qoʻllab-quvvatlaysiz, deb ishonamiz.
Hurmatli doʻstlar!
Mazkur xalqaro mukofot bilan taqdirlangan barcha shaxslar ilk bor bir joyga jamlangani va ular ishtirokida tashkil etilayotgan Gʻoliblar uchrashuvi ham katta ahamiyatga molik voqelikdir.
Oʻz taraqqiyot yutuqlarini va foydali sarmoyalarini dunyo xalqlari bilan baham koʻrayotgan, korrupsiyaga qarshi kurashda gʻayrat va shijoat koʻrsatayotgan Qatar Amirining global darajadagi saʼy-harakatlari barchamizning ezgu intilishlarimiz bilan birlashib, albatta oʻzining ulkan ijobiy natijalarini beradi.
Ushbu mavzuga bagʻishlab oʻrnatilgan monumentdagi korrupsiyani toʻxtatish uchun koʻtarilgan ochiq qoʻllar kabi bugungi anjumanda ishtirok etayotgan, adolat yoʻlidagi qatʼiyatli va tolmas qahramonlarimiz qoʻllarini pok qalb va vijdon amrimiz bilan mahkam tutamiz. Olib borayotgan sharafli ishlaringizda sizlar bilan doimo birgamiz.
Fursatdan foydalanib, nufuzli mukofotning barcha sovrindorlarini chin qalbimdan qizgʻin tabriklayman.
Anjumanimizda qatnashayotgan xorijiy mehmonlarimizga yana bir bor chuqur tashakkur izhor etaman.
Barchangizga masʼuliyatli faoliyatingizda kuch-gʻayrat, yangi muvaffaqiyatlar, baxt va omadlar yor boʻlishini tilayman.
Eʼtiboringiz uchun rahmat.