Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvidagi nutqi

0
45
marta koʻrilgan.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvining barcha ishtirokchilarini chin qalbimdan qutlayman.

Avvalambor, anʼanaviy iliq qabul va tadbirni yuksak darajada tashkil etgani uchun Tojikiston Respublikasi Prezidenti hurmatli Emomali Sharipovich Rahmon nomiga bildirilgan minnatdorlik soʻzlariga qoʻshilaman.

Bugungi uchrashuvimizda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti hurmatli Ilhom Haydarovich Aliyevni koʻrib turganimdan xursandman. Sizning ishtirokingiz mintaqa mamlakatlarining Ozarbayjon bilan chuqur tarixiy bogʻliqligi va hamkorlikning hozirgi yuksak darajasining yana bir tasdigʻidir.

Shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuqori martabali vakili Kaxa Imnadze janoblarini ham qutlayman. U boshqarayotgan Mintaqaviy preventiv diplomatiya markazi Markaziy Osiyoda koʻp qirrali sheriklikni rivojlantirishda muhim rol oʻynayotganini qayd etmoqchiman.

Hurmatli hamkasblar!

Bugungi beshinchi Maslahat uchrashuvining oʻtkazilishi va unda ilgari surilayotgan tashabbuslar bizning oʻzaro ishonch, yaxshi qoʻshnichilik va sherikchilikka asoslangan munosabatlarimizni mustahkamlash va amaliy hamkorlikni kuchaytirish yoʻlidagi intilishlarimizni namoyon etmoqda.

Umumiy saʼy-harakatlarimiz tufayli hayotiy muhim masalalarni hal etish va hamkorligimizni sifat jihatidan yangi mazmun bilan toʻldirish borasida jiddiy oldinga siljishga erishdik.

Bizning siyosiy muloqotlarimiz va parlamentlararo almashuvlar doimiy tus olmoqda. Muloqot va hamkorlik uchun turli platformalar ishga tushirildi.

Shu kunlarda Dushanbeda anʼanaga aylangan yetakchi ayollar, rektorlar, yoshlar uchrashuvlari, iqtisodiy forum va koʻrgazmalar, bir qator madaniy-gumanitar tadbirlar muvaffaqiyatli oʻtmoqda.

Eng asosiysi – Markaziy Osiyoda barqarorlik va birdamlik mustahkamlanmoqda. Bizning mintaqamiz iqtisodiy oʻsish va investitsion faollik markazlaridan biriga aylanmoqda, Gʻarbni Sharq va Shimolni Janub bilan bogʻlaydigan transport xabi boʻlishdek tarixiy vazifani yana oʻz zimmasiga olmoqda.

Soʻnggi yillarda mintaqa mamlakatlarining umumiy ichki mahsuloti 40 foizga koʻpaydi. Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida savdo hajmining barqaror oʻsishi kuzatilmoqda. Masalan, tovar aylanmasi 2,5 barobardan ziyod oshdi. Oʻzaro investitsiyalar hajmi qariyb 6 marta, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar oqimi esa 45 foizga oʻsdi. Bundan tashqari, ichki mintaqaviy turizm koʻrsatkichlari 2 barobar oshdi.

Hurmatli uchrashuv qatnashchilari!

Mintaqa mamlakatlari faoliyatining xalqaro maydonda yaqindan muvofiqlashtirilgani umumiy saʼy-harakatlar natijasidir.

Bugun biz global va mintaqaviy siyosat kun tartibidagi koʻplab dolzarb masalalar boʻyicha yagona pozitsiyada turib harakat qilmoqdamiz. Bizning mamlakatlarimiz 2017 yildan buyon Markaziy Osiyodagi taraqqiyot va sheriklikning muhim masalalari boʻyicha Birlashgan Millatlar Tashkilotining 8 ta rezolyusiyasini qabul qilish yuzasidan tashabbuslarni ilgari surishdi.

Bularning barchasi xalqaro hamjamiyat tomonidan yuksak baholanmoqda va keng eʼtirof etilmoqda. “Markaziy Osiyo plyus” formatida qariyb 10 dan ortiq hamkorlik muloqoti taʼsis etilgani buni tasdiqlaydi. Ana shu muloqotlar doirasida tashqi ishlar vazirlari darajasida bizning birgalikdagi harakatimiz boʻyicha umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish muhim, deb hisoblaymiz.

Hurmatli hamkasblar!

Bugungi kunda bizning barcha mamlakatlarimiz dunyoda kuzatilayotgan geosiyosiy raqobat va ziddiyatlarning oqibatlarini toʻliq his etmoqda. Bu oʻrinda savdo va transport-logistika zanjirlarining uzilishi, investitsiya va texnologiyalardan foydalanish borasidagi cheklovlar, energetika va oziq-ovqat xavfsizligi boʻyicha muammolarning keskinlashuvi haqida soʻz bormoqda.

Iqlim oʻzgarishlari alohida xavotir uygʻotmoqda.

Ana shunday xavf-xatarlarga samarali qarshi turish imkoniyati koʻp qirrali sheriklikni chuqurlashtirishga qaratilgan qoʻshma saʼy-harakatlarni birlashtirishga bogʻliq.

Shu munosabat bilan hamkorligimiz istiqbollari boʻyicha qator takliflarni bildirmoqchiman.

Birinchi. Savdo-iqtisodiy hamkorlik mintaqaviy sheriklik va integratsiyaning asosiy harakatlantiruvchi kuchidir.

Biz ushbu yoʻnalishda mintaqa mamlakatlari bilan amaliy hamkorlikni rivojlantirish uchun Oʻzbekistonda barcha zarur shart-sharoitlarni yaratmoqdamiz.

Tovar aylanmasi hajmini oshirish maqsadida istisno va cheklovlarsiz toʻlaqonli erkin savdo zonalarini tezroq shakllantirish lozim, deb hisoblaymiz.

Shu munosabat bilan, mintaqada barqaror savdo-logistika zanjirlarini shakllantirish, chegaraoldi hududlarida savdo va kooperatsiya markazlarini ochish va kengaytirish, oʻzaro savdo boʻyicha qonunchilikni uygʻunlashtirish va bu boradagi toʻsiqlarni bartaraf etish, bojxona maʼmurchiligi, sanitar va fitosanitar nazorati, tovarlarning qayerdan olib kelinayotganini sertifikatlash boʻyicha yagona elektron platformalar yaratish, mintaqaviy elektron savdo maydonini ishga tushirishni koʻzda tutadigan kompleks mintaqaviy dasturni qabul qilishni taklif etamiz.

Ushbu vazifalarni amalga oshirish uchun tashqi savdo faoliyati boʻyicha masʼul boʻlgan vazirlarning doimiy uchrashuvini oʻtkazish mexanizmini ishga tushirishni taklif qilamiz.

Ikkinchi. Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish.

Bizda bu sohada muvaffaqiyatli sheriklik boʻyicha tajriba bor. Bu – yengil avtomobillar, maishiy texnika, toʻqimachilik mahsulotlari va oziq-ovqat tovarlari ishlab chiqarish, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston va shuningdek, Ozarbayjon bilan chegaraoldi hududlari kooperatsiyasidir.

Uchinchi davlatlarga eksport qilishni koʻzlagan holda mineral oʻgʻitlar, polimerlar, metalldan tayyor buyumlar, tayyor toʻqimachilik va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, qishloq xoʻjaligi texnikalarini yigʻish hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va yirik ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish boʻyicha istiqbolli yoʻnalishlar boʻlishi mumkin.

Bizning birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz tizimli tus olishi uchun Markaziy Osiyo mamlakatlarining uzoq istiqbolga moʻljallangan sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqishni taklif etamiz.

Uchinchi. Bu – transport sohasidagi oʻzaro bogʻliqlikdir.

Asosiy tashqi bozorlardan joʻgʻrofiy jihatdan uzoqligini hisobga olganda, bizning mamlakatlarimizda yuklarni tashish uchun ketadigan xarajatlar ulushi tovarlarning soʻnggi qiymatiga nisbatan 50 foizgacha yetmoqda.

Ayni vaqtda dunyodagi oʻrtacha koʻrsatkich 11 foizdan oshmaydi. Natijada bizlarning iqtisodiyotimiz rivojlangan davlatlardagidan koʻra 2-3 marta koʻp transport xarajatini koʻtarishga majbur boʻlmoqda.

Mamlakatlarimizning transport sohasidagi salohiyatini yanada oshirish maqsadida tarmoq vazirlari uchrashuvlari doirasida Markaziy Osiyoda Transport va tranzit haqidagi bitimni ishlab chiqish, biznes uchun qulay boʻlgan oraliq tariflarni qoʻllagan holda, Xitoy, Janubiy Osiyo va Yaqin Sharq hamda Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bozorlariga chiqish uchun samarali transport koridorlarini rivojlantirish boʻyicha aniq mexanizmlarni shakllantirish, Transport xizmatlari bozorini liberallashtirish va ruxsat etishga doir tartib-taomillarni optimallashtirish chora-tadbirlari dasturini tayyorlash, Xalqaro tashuvlarning integratsiyalashgan raqamli platformasini yaratish imkoniyatlari mavjud, deb hisoblaymiz.

Bizning birgalikdagi faoliyatimizga ozarbayjonlik sheriklarni faol jalb etishni taklif qilaman.

Toʻrtinchi. Energetika sohasida xavfsizlikni taʼminlash.

Afsuski, mintaqada energetika infratuzilmalarini rivojlantirish surʼatlari sanoatlashtirish va urbanizatsiya jarayonlari, shuningdek, demografik oʻsishdan orqada qolmoqda. Bugungi kunda bu mamlakatlarimizning uzoq muddatli barqaror rivojlanishi yoʻlidagi jiddiy tahdiddir.

Biz bunday sharoitda tarmoq vazirliklari va milliy kompaniyalarimizning geologiya-qidiruv ishlarini olib borish va istiqbolli konlarni oʻzlashtirish, energiya resurslarini saqlash va yetkazib berish boʻyicha mavjud infratuzilmalarni kengaytirish va zamonaviy infratuzilmalarni yaratish sohasidagi hamkorligini yanada kuchaytirish tarafdorimiz.

Bundan tashqari, elektr energiyasini yetkazib berish uchun yangi magistral tarmoqlarni barpo etish hamkorligimizning muhim yoʻnalishiga aylanishi lozim.

Bizning mintaqamiz, shuningdek, gidroenergetika sohasini rivojlantirish uchun katta salohiyatga ega. Biz Tojikistonda Zarafshon daryosida GES qurish loyihasini birgalikda ishlab chiqmoqdamiz, Qirgʻizistonda Qambarota GES-1 loyihasini amalga oshirish masalasini faol hal etmoqdamiz.

Shu bilan birga, energiya manbalarini diversifikatsiya qilmasdan, muqobil energetika sohasiga investitsiya va texnologiyalarni jalb etmasdan va “yashil” vodorodni ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻymasdan turib, mintaqani barqaror rivojlantirish mumkin emas, deb hisoblaymiz.

Beshinchi. Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash.

Biz yaqinda Samarqandda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti shafeʼligida dunyoning 30 dan ortiq mamlakatlaridan kelgan vazir va ekspertlar ishtirokida xalqaro konferensiya oʻtkazdik. Boʻlib oʻtgan bahs-munozaralar davomida bizning mintaqamizdagi zaif nuqtalar yana bir bor qayd etib oʻtildi.

Bular – agrar sektorning ilmiy-texnologik jihatdan yetarlicha rivojlanmagani, suv resurslari borasidagi oʻtkir taqchillik, qoʻshimcha qiymat yaratishning uzoq va samarasiz zanjirlari, iqlim inqirozi va logistikadagi uzilishlar oldidagi beqarorlik, sogʻlom ovqatlanish masalalaridir.

Bu sohada saʼy-harakatlarni birlashtirish va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti koʻmagida mintaqaviy Sheriklik dasturini tayyorlash muhim, deb hisoblaymiz.

Taʼkidlab aytmoqchimanki, bizning mamlakatlarimiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan nafaqat mintaqaning ichki bozoridagi mavjud ehtiyojlarni toʻliq qoplash, balki ularni eksport qilishdek muhim imkoniyatga ham egadir.

Oltinchi. Iqlim oʻzgarishlari bilan bogʻliq tahdidlarga qarshi kurashish mintaqaning barqaror rivojlanishini taʼminlashning eng muhim omiliga aylanmoqda.

Shu munosabat bilan, kelgusi yil bahor faslida Samarqandda Markaziy Osiyodagi iqlim oʻzgarishlariga bagʻishlangan xalqaro forum oʻtkazmoqchimiz. Mintaqa mamlakatlari delegatsiyalarini ushbu anjuman ishida faol ishtirok etish uchun taklif qilaman.

Forum yakunlari boʻyicha Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyo global iqlim tahdidlari qarshisida: umumiy farovonlik yoʻlida hamjihatlik” deb nomlangan rezolyusiyasi loyihasi tayyorlanadi.

Shuningdek, Iqlim oʻzgarishlariga moslashish masalalari boʻyicha mintaqaviy strategiyani qabul qilish ham iqlim barqarorligini va “yashil” taraqqiyotni taʼminlashga qoʻshilgan amaliy hissa boʻlishi mumkin.

Mintaqaning iqlimga oid yagona kun tartibini shakllantirish va birgalikda taʼsirchan chora-tadbirlarni qabul qilish uchun biz ekologiya vazirlari darajasida “Iqlim boʻyicha Markaziy Osiyo muloqoti” koʻp tomonlama platformasini taʼsis etishni taklif qilamiz.

Hurmatli hamkasblar!

Umumiy tarix, urf-odat, madaniyat va qadriyatlarga – Markaziy Osiyoning noyob sivilizatsiyasi mushtarakligi va rang-barangligiga asoslangan madaniy-gumanitar hamkorlik bizning eng muhim anʼanaviy ustuvor yoʻnalishimizdir.

Birgalikdagi madaniyat, sanʼat va kino kunlari, “doʻstlik kechalari”, yoshlar forumlari, ijodkor ziyolilarning uchrashuvlari, ilmiy simpozium va sport musobaqalarini oʻtkazish ezgu anʼanaga aylanishi lozim. Ushbu yoʻnalishdagi ishlarning tizimliligini taʼminlash maqsadida Markaziy Osiyo mamlakatlarining madaniy-gumanitar hamkorligini chuqurlashtirish boʻyicha Harakatlar rejasini qabul qilishni taklif etamiz.

Ayni vaqtda bizning noyob madaniy-tarixiy va maʼnaviy merosimizni xalqaro maydonda keng targʻib etishda ommaviy axborot vositalari va nohukumat tashkilotlar, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan faol foydalanish zarur. “Markaziy Osiyo tarixi va madaniyati: yagona oʻtmish va umumiy kelajak” xalqaro media platformasini yaratish bu yoʻnalishdagi amaliy qadam boʻladi. Bunda umumiy mintaqaviy kontentni shakllantirish uchun olimlar va keng jamoatchilik vakillarini jalb etishga alohida eʼtibor qaratish maqsadga muvofiqdir.

Bularning barchasi bir-birini oʻzaro tushunish va umummintaqaviy oʻziga xoslikni anglash tuygʻusini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Hurmat sammit ishtirokchilari!

Hech shubhasiz, bizning kelajagimiz – bu bizning yoshlarimizdir. Shu maʼnoda, bugun imzolanadigan Markaziy Osiyo davlatlari yoshlar siyosatining umumiy yoʻnalishlari toʻgʻrisidagi bitim alohida ahamiyatga egadir.

Yoshlarning bilim va malakasini rivojlantirish boʻyicha saʼy-harakatlarimizni birlashtirish, ularni yetuk malakali kadrlar qilib tayyorlash va bandligini taʼminlash maqsadida shu yoʻnalishdagi xalqaro tashkilotlar ishtirokida Markaziy Osiyo yoshlari imkoniyatlarini kengaytirish va ularning salohiyatini roʻyobga chiqarish markazini tashkil etishni taklif etamiz.

Shuningdek, mamlakatlarimizdagi isteʼdodli yoshlar uchun ilm-fan va taʼlim sohasida Al-Xorazmiy, Forobiy, Jomiy, Maxtumquli, Chingiz Aytmatov kabi Markaziy Osiyo mintaqasidan yetishib chiqqan buyuk mutafakkirlar, alloma va faylasuflar nomidagi mintaqaviy grant va stipendiyalar taʼsis etish muhim, deb hisoblaymiz.

Yosh avlodni ekstremistik gʻoyalar taʼsiridan himoya qilish maqsadida yoshlarning radikallashuviga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlik boʻyicha Mintaqaviy kompleks dastur ishlab chiqish zarur, deb bilamiz.

Hurmatli davlat rahbarlari!

Xavfsizlik sohasida hamkorlikni kengaytirishni faoliyatimizning muhim yoʻnalishlaridan biri, deb hisoblaymiz. Umumiy tahdid va xavf-xatarlarning oldini olish boʻyicha jamoaviy qarorlar ishlab chiqish uchun biz doimiy ravishda va oʻzaro ishonch asosida fikr almashib turishimiz lozim.

Shu munosabat bilan xavfsizlik masalalari boʻyicha davlatlarimizning Xavfsizlik kengashlari kotiblari tomonidan muvofiqlashtirib boriladigan muntazam yigʻilishlarni oʻtkazish haqidagi taklifni qoʻllab-quvvatlaymiz.

Markaziy Osiyo mamlakatlari chegaralarini himoya qilish va mustahkamlash boʻyicha Davlatlararo dasturni ishlab chiqishga kirishishni taklif etamiz.

Xavfsizlikka nisbatan anʼanaviy va yangi xavf-xatarlarga qarshi kurashish borasidagi ssenariylarni amalda qoʻllash boʻyicha qoʻshma harbiy-oʻquv mashqlarini davom ettirish muhimdir.

Favqulodda vaziyatlar yuzasidan prognozlar qilish, ularning oldini olish, barvaqt ogohlantirish va ularga birgalikda qarshi turish borasida Mintaqaviy tizimni shakllantirish bugungi kun talabi, deb hisoblaymiz.

Hurmatli sammit ishtirokchilari!

Markaziy Osiyodagi xavfsizlik va barqarorlikka bevosita taʼsir koʻrsatadigan eng asosiy omillardan biri Afgʻonistondagi vaziyatdir.

Afgʻonistonning bugungi hokimiyati bilan doimiy va ochiq muloqot, ushbu mamlakatni mintaqadagi iqtisodiy jarayonlarga integratsiya qilish gʻoyat muhimdir.

Oʻzbekiston bundan buyon ham afgʻon xalqiga zarur yordam koʻrsatadi, shu maqsadda Termizdagi xalqaro xabni gumanitar koʻmak uchun taqdim etadi, afgʻon fuqarolarini maxsus tashkil etilgan taʼlim markazida oʻqitishni davom ettiradi.

Transafgʻon temir yoʻlini barpo etish loyihasini ilgari surish bilan birga, Afgʻonistonning ichki transport yoʻllarini tiklash oʻta muhim, deb hisoblaymiz.

Bundan tashqari, afgʻon tomoni bilan chegaralar xavfsizligi, suvdan foydalanish va savdo-sotiqni rivojlantirish masalalari boʻyicha muloqot muhimdir.

Afgʻoniston hokimiyati bilan hamkorlik bizning manfaatlarimizni umumiy tushunishdan kelib chiqishi va oʻzaro kelishilgan holda boʻlishi zarur.

Buning uchun Markaziy Osiyo mamlakatlarining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakillari darajasida Muloqot guruhini tashkil etishni taklif qilamiz.

Hurmatli hamkasblar!

Bizning uchrashuvlarimiz va erishgan kelishuvlarimizni amalda joriy etish samaradorligini oshirish mexanizmlarini ishlab chiqish lozim, deb hisoblaymiz.

Shu munosabat bilan Maslahat uchrashuvlari ishlari boʻyicha Milliy muvofiqlashtiruvchilar kengashini taʼsis etish haqidagi taklifni qoʻllab-quvvatlaymiz.

Bundan tashqari, kun tartibidagi savdo-iqtisodiy masalalarining butun kompleksi boʻyicha amaliy hamkorlikni kengaytirish uchun Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiy kengashini tashkil etishni taklif qilamiz.

Soʻzimning yakunida bugungi uchrashuvimiz natijalari mamlakatlarimiz oʻrtasida doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga, keng miqyosdagi mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi, deb ishonch bildiraman.

Eʼtiboringiz uchun rahmat.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.