Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining toʻrtinchi maslahat uchrashuvidagi nutqi

0
110
marta koʻrilgan.

Hurmatli hamkasblar!

Bugungi uchrashuvimizning barcha ishtirokchilarini qutlashdan xursandman.

Hurmatli hamkasblarimning soʻzlariga qoʻshilgan holda, Qirgʻiziston Prezidenti muhtaram Sadir Nurgʻojoyevichga samimiy qabul va sammitni aʼlo darajada tashkil etgani uchun minnatdorlik bildiraman.

Shuningdek, Maslahat uchrashuvida ilk bor ishtirok etayotgan hurmatli Serdar Gurbanguliyevichni koʻrib turganimdan mamnunman.

Bugun bir necha bor taʼkidlanganidek, ushbu formatda olib borilayotgan muloqot tufayli doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini mustahkamlashga, mintaqamizda mutlaqo yangi konstruktiv hamkorlik muhitini yaratishga muvaffaq boʻldik.

Markaziy Osiyoning xavfsizligi va barqarorligini, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini taʼminlash boʻyicha murakkab vazifalarni izchil hal etib kelmoqdamiz.

Bu borada koʻplab toʻsiqlar bartaraf etildi, fuqarolarimizning erkin harakatlanishi, faol madaniy va sayyohlik almashuvlari amalga oshirilishi uchun sharoitlar yaratildi. Oʻzaro savdo va investitsiyalarning oʻsishiga xizmat qilayotgan qulay muhit shakllantirildi.

Faqatgina soʻnggi besh yilda mintaqa ichida tovar ayirboshlash hajmi ikki barobar oshdi.

Biz sanoat kooperatsiyasi boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga ham kirishdik, samarali qoʻshilgan qiymat zanjirlarini yaratmoqdamiz, transport va energetika infratuzilmasini rivojlantirmoqdamiz.

Eng muhimi – barcha ijobiy oʻzgarishlarni bizning birodar xalqlarimiz his etmoqda.

Muhtaram hamkasblar!

Jahondagi mintaqamizga bevosita taʼsir koʻrsatayotgan murakkab vaziyat boʻyicha bugun bildirilgan fikr-mulohazalarni qoʻllab-quvvatlayman.

Xalqaro tartibotning oqibatlarini oldindan aytish qiyin boʻlgan shiddatli transformatsiya jarayonlari kuzatilmoqda. Biz global miqyosda muloqot va ishonch taqchilligi tobora ortib borayotganiga guvoh boʻlmoqdamiz.

Jahon iqtisodiyotidagi inqirozli holatlar kuchayib borayotgani natijasida mamlakatlarimiz anʼanaviy logistika zanjirlari uzilishi bilan bogʻliq muammoga duch kelmoqda, inflyasiyaning importi ortmoqda, oziq-ovqat va energetika xavfsizligiga nisbatan xavf-xatarlar bir necha bor koʻpaymoqda. Bunday sharoitda Maslahat uchrashuvlari formati doirasida koʻp tomonlama hamkorlikni muvofiqlashtirish va samaradorligini oshirish zarurati yanada kuchaymoqda.

Shuni alohida qayd etmoqchiman, butun mintaqamizning tinchligi, barqarorligi va farovonligi jipsligimizga, Markaziy Osiyoning umumiy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha qatʼiy choralar koʻrishga tayyorligimizga bogʻliq.

Hurmatli davlat rahbarlari!

Koʻp qirrali munosabatlarni yanada mustahkamlash va amaliy mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish maqsadida umumiy saʼy-harakatlarimizni quyidagi muhim yoʻnalishlarga qaratishni maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.

Birinchisi – iqtisodiy yoʻnalish. Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, ijobiy oʻsish surʼatlariga qaramasdan, mamlakatlarimizning savdo-iqtisodiy hamkorlik salohiyati toʻliq ishga solinmasdan qolmoqda.

Turli hisob-kitoblarga koʻra, bugungi kunda mintaqa ichidagi savdo ulushiga mamlakatlarimiz oʻrtasidagi umumiy tovar aylanishining 5 foizidan 10 foizigacha boʻlgan qismi toʻgʻri kelmoqda.

Shu munosabat bilan oʻzaro savdoni ragʻbatlantirishning yangi shakl va mexanizmlarini faol joriy qilishni taklif etamiz.

Tovar yetkazib berishning qoidalari birxillashtirilgan va tartib-taomillari soddalashtirilgan chegara hududlarida savdo zonalari tizimini yaratish shular jumlasidandir.

Bu borada uchinchi mamlakatlardan qimmat va har doim ham sifatli boʻlmagan import oʻrnini oʻzimizning ishlab chiqaruvchilarimiz mahsulotlari hisobidan toʻldirish boʻyicha saʼy-harakatlarni tushunish va qoʻllab-quvvatlash muhim.

Sanoat kooperatsiyasi boʻyicha qoʻshma loyihalarni ilgari surish yana bir muhim vazifadir.

Biznes doiralarimiz mintaqa mamlakatlari iqtisodiyotlarining raqobat nuqtai nazaridan ustunliklari va bir-birini toʻldirib turishidan foydalangan holda, ishlab chiqarish quvvatlarini yaratishdan manfaatdor.

Shu munosabat bilan sanoatni rivojlantirish milliy dasturlari asosida Markaziy Osiyoda mahalliylashtirish va import oʻrnini bosish makonini shakllantirish boʻyicha umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish muhim ahamiyatga ega.

Iqtisodiyot tarmoqlarini raqamlashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratishni taklif etaman. Bu mahsulot tannarxini kamaytirish va raqobatbardoshligini taʼminlash imkonini beradi.

Savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish maqsadida hududlararo toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlik borasidagi salohiyatdan kengroq foydalanish va har yili Markaziy Osiyo hududlari forumini oʻtkazishni yoʻlga qoʻyishni taklif etamiz.

Shu bilan birga, mintaqaning investitsiya sohasidagi umumiy jozibadorligini oshirish uchun yagona qulay ishbilarmonlik muhitini yaratishga intilish zarur.

Qadrli doʻstlar!

Fursatdan foydalanib, yaqinda Oʻzbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan BMT Bosh Assambleyasining Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlash toʻgʻrisidagi maxsus rezolyusiyasini qoʻllab-quvvatlaganingiz uchun sizlarga minnatdorlik bildiraman.

Ushbu tashabbusning davomi sifatida Hindiston, Pokiston va Xitoy bozorlariga chiqish uchun muqobil transport yoʻlaklarini ilgari surish boʻyicha «yoʻl xaritasi»ni ishlab chiqish muhim, deb hisoblaymiz.

Hamkasblarimning oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash chora-tadbirlari yuzasidan bildirgan takliflarini ham qoʻllab-quvvatlayman.

Shu maʼnoda, mamlakatlarimizda yetarli miqdorda ishlab chiqarilayotgan keng turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan aholini kafolatli taʼminlashning kompleks tizimini birgalikda ishlab chiqish muhim, deb oʻylayman. Bu, eng avvalo, boshoqli don, yogʻ-moy va ozuqa ekinlari, sarxil va qayta ishlangan meva-sabzavot, goʻsht-sut va koʻplab boshqa mahsulotlardir.

Ushbu masalalarda biz, birinchi navbatda, Markaziy Osiyoning umumiy manfaatlaridan kelib chiqqan holda, tizimli ishlarni yoʻlga qoʻyshimiz lozim.

Ikkinchi yoʻnalish – ekologiya sohasida koʻp tomonlama hamkorlik.

Bizning «Markaziy Osiyo uchun «Yashil» kun tartibi» dasturini qabul qilish toʻgʻrisidagi tashabbusimizni qoʻllab-quvvatlaganingiz uchun samimiy minnatdorlik bildiraman.

Ushbu dastur doirasida asosiy eʼtiborni  iqtisodiyotni is gazidan xoli qilish boʻyicha xalqaro majburiyatlarni bajarish; muqobil energetika, eng avvalo, suv, quyosh va shamoldan elektr olishni jadal rivojlantirish, elektr energiyasini oʻzaro yetkazib berishni tashkil etish; suvni tejaydigan va ekologik toza texnologiyalarni keng joriy etish, shuningdek, suv resurslaridan oqilona foydalanish masalalariga qaratishni taklif etamiz.

Tan olishimiz kerak, «yashil taraqqiyot» masalalarida biz, afsuski, jahonning yetakchi mintaqalaridan ancha orqadamiz.

Uzoq istiqbolda mamlakatlarimizning raqobatbardoshligini taʼminlash uchun hukumatlarimizga bugungi kunda qabul qilayotgan dasturni amalga oshirish boʻyicha Aniq chora-tadbirlar rejasini tayyorlashni topshirish zarur.

Gumanitar yoʻnalishda madaniyat, taʼlim, sport va turizm sohalarida hamda umumiy tariximizni chuqur oʻrganish borasida hamkorlik dasturlarini amalga oshirish boʻyicha birgalikdagi ishlarni kuchaytirishni taklif etaman. Bularning barchasi birodar xalqlarimizning yanada yaqinlashishiga xizmat qilishi shubhasiz.

Mamlakatlarimizda Markaziy Osiyo madaniyat, sanʼat va kino festivalini navbatma-navbat oʻtkazib borishni taklif qilamiz.

Turizm sohasidagi hamkorligimizni kengaytirish imkoniyatlariga alohida eʼtibor qaratmoqchiman.

Maxsus turizm marshrutlari va mahsulotlarini ishlab chiqish, umumiy  piar-kampaniyalarni oʻtkazish orqali mintaqa ichidagi turizmni faol ragʻbatlantirib borishimiz lozim.

Shu maqsadda oʻzaro turizm oqimlarini oshirish boʻyicha aniq takliflarni tayyorlash uchun qoʻshma ekspertlar guruhini tuzishni taklif etamiz.

Joriy yil may oyida Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan Markaziy Osiyo yoshlar forumining samarali yakunlariga alohida toʻxtalib oʻtmoqchiman.

Yoshlarimizning qarash va intilishlari oʻxshashligiga, ularning ulkan intellektual salohiyatiga yana bir bor amin boʻldik. Ularning ilgʻor tashabbuslari, kreativ yondashuvlari va startap loyihalarini bundan buyon ham har tomonlama qoʻllab-quvvatlashimiz lozim.

Navbatdagi uchrashuvimizgacha Yoshlarga doir siyosatning umumiy yoʻnalishlari toʻgʻrisida koʻp tomonlama bitim tayyorlashni taklif etamiz.

Hurmatli doʻstlar!

Xavfsizlik sohasi – mintaqaviy hamkorligimizning strategik yoʻnalishidir.

Mintaqaviy xavfsizlik boʻlinmas va eng avvalo, bizning sherikligimiz qanchalik samarali yoʻlga qoʻyilganiga bogʻliq ekanini taʼkidlamoqchiman.

Shu maʼnoda, ekstremizm va terrorizm, uyushgan jinoyatchilik va narkotrafik kabi anʼanaviy tahdidlarga qarshi kurashda amaliy hamkorligimizni bundan buyon ham kuchaytirib borishimiz zarur.

Koʻlami tobora ortib borayotgan Internetdagi noqonuniy faoliyat bilan bogʻliq yangi xavf-xatarlar alohida eʼtibor qaratishimizni taqozo etmoqda.

Bugun ushbu tahdidlar yoʻlida hech qanday chegara yoʻq – ular mobil telefonlar orqali kirib kelmoqda.

Afsuski, Oʻzbekistonda yaqinda roʻy bergan fojiali voqealar bizning rejalarimizni buzishga, mintaqamizda beqaror vaziyatni vujudga keltirishga urinayotgan buzgʻunchi kuchlar mavjud ekanini yana bir bor tasdiqladi.

Shu munosabat bilan ushbu yoʻnalishlarda mintaqa mamlakatlarining Xavfsizlik kengashlari va maxsus xizmatlari rahbarlarining muntazam maslahatlashuvlarini yoʻlga qoʻyish taklifini qoʻllab-quvvatlaymiz.

Afgʻonistonda uzoq muddatli tinchlikni taʼminlashga va uning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga koʻmaklashish masalalarida yaqindan hamkorlikni davom ettirish biz uchun eng muhim ustuvor yoʻnalish boʻlib qolishi kerak.

Biz ushbu mamlakatning eng yaqin qoʻshnilari sifatida bu zamindagi barqarorlikdan birinchi navbatda oʻzimiz manfaatdor boʻlishimiz lozim. Mazkur muammo xalqaro hamjamiyat tomonidan qanday qabul qilinishi ham koʻp jihatdan aynan bizga bogʻliq.

Shuningdek, ushbu mamlakat bilan savdo aloqalarini faol rivojlantirish, uni mintaqamizdagi iqtisodiy jarayonlarga jalb etish, afgʻon xalqiga gumanitar yordamni kengaytirish, muhim ijtimoiy va infratuzilmaviy loyihalarni ilgari surish tarafdorimiz.

Hurmatli hamkasblar!

Bugungi sammitimizning eng muhim natijasi, hech shubhasiz, Markaziy Osiyoning tinchligi va barqaror taraqqiyoti yoʻlida doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va hamkorlik munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan salmoqli hujjatlar toʻplami qabul qilinayotganidir.

Hamkasblarimning fikrlariga qoʻshilgan holda, Maslahat uchrashuvi natijalari mamlakatlarimiz oʻrtasida strategik sheriklik va ishonchni mustahkamlashga xizmat qiladi, amaliy hamkorlik boʻyicha qoʻshma dastur va loyihalarni ilgari surish uchun kuchli surʼat bagʻishlaydi, deb ishonch bildiraman.

Eʼtiboringiz uchun rahmat.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.