Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining uchinchi maslahat uchrashuvidagi nutqi

0
71
marta koʻrilgan.

Hurmatli Gurbanguli Myalikguliyevich!

Muhtaram uchrashuv qatnashchilari!

Betakror Avazada aʼlo darajada tashkil etilgan sammit va anʼanaviy samimiy mehmondoʻstlik uchun hurmatli Turkmaniston Prezidenti va qardosh turkman xalqiga chin qalbimdan chin qalbimdan minnatdorlik izhor etaman. 

Ushbu muhtasham zalda muhtaram hamkasblarimni koʻrib turganimdan mamnunman.

Anjumanimizda Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuqori martabali vakili Natalya German xonimning ishtirokini olqishlayman.

Mushtarak siyosiy irodamiz va birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz natijasida mintaqamiz yaxshi qoʻshnichilik, oʻzaro manfaatli hamkorlik hamda barqaror rivojlanish makoniga aylanib bormoqda.

Mintaqamizda yangi siyosiy muhit shakllanishida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvlarining oʻrni va ahamiyati beqiyosdir.  

Bizning oliy darajadagi uchrashuvlarimiz muntazamlik tusini olayotgani mintaqamizning noyob va ulkan salohiyatidan toʻliq foydalanishga imkon yaratmoqda.

Turkman doʻstlarimiz tomonidan taklif qilingan uchrashuv kun tartibini dolzarb va zamonaviy talablardan kelib chiqqan, deb hisoblaymiz.

Oʻz navbatida, bu borada Oʻzbekistonning taklif va qarashlarini bildirishni istardim.  

Birinchi. Bugungi real voqelik bizdan Markaziy Osiyoda iqtisodiy hamkorlikning yangi modelini shakllantirish yoʻlida qatʼiy qadamlar tashlashni talab qilmoqda.

Uzoq muddatli istiqbolda yangi oʻsish nuqtalari va taraqqiyotimizning yangi drayverlarini belgilab olish gʻoyat muhimdir.

Hududlararo savdo-sotiqni yanada kengaytirish zarur. Erkin savdo tartibiga toʻliq oʻtish maqsadida mavjud toʻsiqlarni bartaraf etish muhim ahamiyat kasb etadi.

Sanoat kooperatsiyasi, innovatsiyalar va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish orqali biz mustahkam qoʻshimcha qiymat zanjirlarini yaratishimiz mumkin boʻladi.

Buning uchun tadbirkorlarimiz va mintaqalarimiz oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri biznes aloqalari oʻrnatishni ragʻbatlantirishimiz hamda muntazam ravishda investitsion va iqtisodiy forumlar oʻtkazishni yoʻlga qoʻyishimiz zarur.

Hurmatli hamkasblarim tomonidan bu sohada ilgari surilgan muhim tashabbus va takliflarni inobatga olgan holda, Mintaqaviy savdo-iqtisodiy hamkorlikning umumiy yoʻnalishlari toʻgʻrisidagi Bitimni qabul qilish vaqti yetdi, deb hisoblayman.

Ikkinchi. Mushtarak strategik manfaatlarimiz yoʻlida biz mintaqaning transport va tranzit salohiyatidan samarali foydalanishimiz zarur.

Ishonchimiz komilki, mamlakatlarimizdagi rivojlangan va bir-biriga integratsiyalashgan transport tizimlari mintaqamizni Yevroosiyo qitʼasining muhim transport xabiga aylantirish  imkonini beradi.

Shu nuqtai nazardan, mavjud transport yoʻlaklari va infratuzilmalaridan, jumladan, Kaspiy dengizi portlari, yirik transchegaraviy logistika markazlaridan toʻliq foydalanish tarafdorimiz.

Bundan tashqari, biz kelajakda Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar transafgʻon koridori, Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston avtomobil va temir yoʻllarining imkoniyatlaridan foydalanishni rejalashtirmoqdamiz.

Shuningdek, sanitariya talablariga amal qilgan holda mamlakatlarimiz oʻrtasida toʻlaqonli transport qatnovlarini tiklashni muhim, deb hisoblaymiz.

Uchinchi. Yuqorida taʼkidlab oʻtilganidek, milliy iqtisodiyotlar va aholi nufusining oʻsishini hisobga olsak, mintaqaning energetik xavfsizligi masalasi yanada dolzarb ahamiyat kasb etib bormoqda.

Shu munosabat bilan, biz «yashil» energetika va energiya sohasidagi samarador texnologiyalarni joriy etishga alohida eʼtibor qaratib, bu boradagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish boʻyicha saʼy-harakatlarni davom ettirish zarur, deb hisoblaymiz.

Buning uchun Markaziy Osiyo mamlakatlari elektr energiyasini muvofiqlashtirish kengashining faoliyatini kuchaytirishni, uning mandat va vakolatlarini kengaytirishni, shuningdek, mamlakatlarimizning ushbu tuzilmadagi vakillik darajasini oshirishni taklif qilamiz.

Toʻrtinchi. Pandemiya sharoitida aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash muammolari keskin tus olmoqda. Jahonning maʼlum bir mintaqalarida asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining narxi oshishi va ularning yetishmovchiligi kuzatilmoqda.

Mamlakatlarimiz qishloq xoʻjaligi vazirlarining uchrashuvlarini doimiy ravishda oʻtkazib borish haqidagi tashabbusni qoʻllab-quvvatlayman. Uning birinchi yigʻilishida oziq-ovqat xavfsizligini monitoring qilish boʻyicha mintaqaviy tizimni joriy etish haqidagi masalani kiritishni taklif qilaman.

Bu oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarini oshirish va ularning sifatini nazorat qilish, jumladan, xalqaro bozorlarga yetkazib berish boʻyicha aniq yoʻnalishlar va qoʻshma dasturlarni belgilab olishga xizmat qiladi. 

Beshinchi. Afsuski, pandemiya hamon aholi salomatligiga jiddiy zarar yetkazib, iqtisodiyotga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti prognozlariga koʻra, biz uning oqibatlarini yaqin yillarda ham his qilishimizga toʻgʻri keladi. Bularning barchasi bizdan yaqin mintaqaviy hamkorlikni va bir-birimizga oʻzaro yordam koʻrsatib borishni talab qiladi.

Buning uchun vaksinatsiya sertifikatlari va test natijalarini tan olish maqsadida yagona axborot tizimini ishga tushirishni, yuqumli kasalliklarning oldini olish, tashxis qoʻyish va davolashda tajriba almashishni hamda tibbiyot xodimlarini tayyorlashni kengaytirishni, hayotiy muhim dori-darmonlarni ishlab chiqarish uchun farmakologiya va kooperatsiya sohasida ilmiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyishni taklif qilaman.

Oltinchi. Mintaqadagi ekologik muammolar doimo barchamizning diqqat-eʼtiborimiz markazida boʻlib kelmoqda.

Orol dengizining halokati oqibatlarini yumshatish uchun barcha zarur choralarni koʻrish, hamkorlik koʻlamini kengaytirishimiz kerak.

Biz, shuningdek, mamlakatlarimizning iqlim oʻzgarishlariga moslashuvi, shu bilan birga, resurslarni tejaydigan texnologiyalarni kengroq tatbiq etishga koʻmaklashadigan “Markaziy Osiyo uchun “Yashil kun tartibi” mintaqaviy dasturini ishlab chiqish tarafdorimiz.

Hurmatli delegatsiya rahbarlari!

Bunyodkorlik rejalarimizning istiqboli haqida soʻz yuritar ekanmiz, afgʻon omilini hisobga olmasligimiz mumkin emas.

Butun mintaqamiz xavfsizligi va barqaror rivojlanishi koʻp jihatdan qoʻshni Afgʻonistondagi vaziyatni siyosiy yoʻl orqali tartibga solinishi bilan bevosita bogʻliqdir.

Bizning bu masaladagi yondashuvimiz – oʻt ochish va zoʻravonlikni toʻlaligicha toʻxtatish, muzokaralar asosida barcha tomonlar uchun maqbul boʻlgan kelishuvga erishishdan iborat boʻlib, bu tinchlik jarayonlarini taʼminlashning asosiy sharti, deb hisoblaymiz.

Biz mamlakatda vayron boʻlgan iqtisodiyotni tiklash uchun yirik transport-kommunikatsiya va energetika loyihalarini amalga oshirish bashabbusini ilgari suramiz.

Doʻst afgʻon xalqiga imkon boricha gumanitar yordam koʻrsatishni davom ettiramiz.

Muhtaram hamkasblar!

Soʻnggi yillarda Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash yoʻlida sezilarli yutuqlarga erishdik.

Bu amaliy jihatdan yangi mazmunga ega vazifalarni, yaʼni dunyoning boshqa mintaqalari bilan yanada yaqin aloqalar oʻrnatishga imkon beradi.

Yaqinda Toshkentda oʻtkazilgan Markaziy va Janubiy Osiyoning mintaqaviy bogʻliqligi boʻyicha xalqaro konferensiya natijalari bunday yondashuvni hayotning oʻzi taqozo etayotganini yaqqol koʻrsatdi.

Fursatdan foydalanib, forumni qoʻllab-quvvatlaganingiz uchun sizlarga yana bir bor minnatdorlik bildirishni istar edim.

Biz umumiy saʼy-harakatlarimiz bilan BMT Bosh Assambleyasining ikki mintaqa oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlash toʻgʻrisidagi maxsus rezolyusiyasi qabul qilinishini taʼminlashimizga aminman.

Bu masalani Birlashgan Millatlar Tashkilotining Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi qoʻllab-quvvatlashiga hamda unda faol ishtirok etishiga umid bildiramiz.

Qadrli doʻstlar!

Mintaqa aholisining katta qismini tashkil etadigan yoshlarning mamlakatlarimiz rivojlanishida qanchalik muhim oʻrin tutishini barchamiz yaxshi tushunamiz. 

Butun dunyoda yosh avlodning ongi va qalbi uchun kurash davom etayotgan bugungi kunda biz Markaziy Osiyoning kelajagi boʻlgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashimiz lozimki.

Shu maqsadda kelgusi yili Oʻzbekistonda Markaziy Osiyo yoshlari forumini oʻtkazishni taklif etamiz. Mazkur anjuman mamlakatlarimiz oʻrtasidagi ishonch va doʻstlikni mustahkamlash uchun oʻziga xos maydonni shakllantirish yoʻlidagi salmoqli qadam boʻladi.

Bunday muloqot maydonini tashkil etish xalqlarimizning yuksak ahloqiy qadriyatlari va beqiyos maʼnaviy merosini asrab-avaylash, uni yanada boyitish va kelgusi avlodlarga bezavol yetkazishga koʻmaklashadi.

Madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish xalqlarimizning qardoshlik rishtalarini mustahkamlashning yana bir muhim omili hisoblanadi.

Festivallar, madaniyat va kino kunlari hamda Markaziy Osiyo madaniy merosiga bagʻishlangan kitoblarni birgalikda nashr etishga boʻlgan talab bugungi kunda tobora ortib bormoqda.

Bugun turkman doʻstlarimizning tashabbusi bilan tashkil etilayotgan qoʻshma gala-konsert hamda milliy taomlar festivali, ishbilarmonlar forumi va sanoat koʻrgazmasini qoʻllab-quvvatlaymiz.

Mana shunday tadbirlarni oʻtkazish ezgu anʼanaga aylansa, juda ham yaxshi ish boʻlar edi.

Mintaqamiz hududi boʻylab amalga oshiriladigan turizm xalqlarimizning yaqinlashishiga koʻmaklashadigan yana bir amaliy omil hisoblanadi.  

Shu munosabat bilan hukumatlarimizga sayyohlik yoʻnalishlarining barcha qirralarini qamrab olgan “Bitta sayohat – butun mintaqa” qoʻshma dasturini roʻyobga chiqarishga kirishish boʻyicha topshiriq berishni taklif etamiz.

Hurmatli uchrashuv ishtirokchilari!

Bugungi sammit qutlugʻ sana – davlatlarimiz mustaqilligining 30 yilligi arafasida boʻlib oʻtmoqda. Bu esa anjumanga alohida shukuh bagʻishlamoqda.

Oʻtgan yillar barchamiz uchun murakkab davr boʻldi.

Bundan asosiy xulosa shuki, biz faqat birgalikda, ahillikda, bir-birimizni qoʻllab-quvvatlagan holda oldimizda turgan muammolarni samarali hal qilishimiz, mintaqamizning barqaror rivojlanishini taʼminlashimiz va xalqlarimiz farovonligini yuksaltirishimiz mumkin.

Boshqa muqobil yoʻl yoʻq!

Mintaqaviy hamkorlik jarayonlariga barqaror va ortga qaytmas mazmun baxsh etish, “xalq diplomatiyasi” imkoniyatlarini koʻproq ishga solish, parlamentlar va media sohani jalb qilish gʻoyat muhim hisoblanadi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari ayollari muloqotini yanada rivojlantirish, gender tenglik sohasidagi global maqsadlarga erishish boʻyicha hamkorlikni kengaytirish harakatlarini olqishlaymiz.

Parlamentarizmning yuksalib borayotgan rolini eʼtiborga olgan holda, Toshkentda Mintaqaviy parlament forumini oʻtkazishni taklif qilamiz.

Sammit yakunida hamkorligimizning eng ustuvor masalalari boʻyicha umumiy pozitsiyalarimizni oʻzida ifoda etadigan Qoʻshma bayonot qabul qilinishini muhim, deb hisoblaymiz.

Turkmaniston Prezidenti, hurmatli Gurbanguli Myalikguliyevich Berdimuhamedov tashabbusi bilan yuqori darajada tashkil qilingan Maslahat uchrashuvi natijalari Markaziy Osiyoda yashayotgan birodar xalqlarimizning koʻpqirrali sherikligini yanada mustahkamlash ishiga munosib hissa qoʻshishiga ishonchim komil.

Eʼtiboringiz uchun rahmat.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.