Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Markaziy Osiyo – Xitoy” sammitidagi nutqi

0
94
marta koʻrilgan.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Sizlar bilan yana koʻrishib turganimdan gʻoyat xursandman.

Hamkasblarimning fikrlariga qoʻshilgan holda, janob Rais Si Szinpinga “Markaziy Osiyo – Xitoy” formatidagi birinchi yuzma-yuz uchrashuvni oʻtkazish tashabbusi hamda anʼanaviy iliq va samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik izhor etaman.

Xitoy Raisiga dunyoning eng qadimiy shaharlaridan biri, buyuk imperiya poytaxti boʻlgan goʻzal Sianda bugungi uchrashuvimizni tashkil etgani uchun alohida tashakkur bildiraman.

Yirik ilmiy, madaniy va iqtisodiy markaz boʻlgan bu shahar koʻp asrlar davomida butun Yevroosiyo qitʼasida sivilizatsion rivojlanish, oʻzaro bogʻliqlik va taraqqiyotga munosib hissa qoʻshgan Buyuk ipak yoʻliga tamal toshi qoʻyilgan qutlugʻ maskandir.

“Bir makon va bir yoʻl” tashabbusiga oʻn yil toʻladigan mazkur yilda aynan mana shu joyda – Sharqda shuhrat qozongan Chanʼanda biz ushbu ezgu anʼanalarni tiklab, mamlakatlarimizning yangi davrdagi umumiy ravnaqi uchun mustahkam poydevor qoʻyayotganimizdan mamnunman.

Hurmatli yigʻilish qatnashchilari!

Bugungi murakkab xalqaro vaziyatda bizning sammitimiz alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Mamlakatlarimiz pandemiya bilan bogʻliq sinovlarni yengib oʻtib, global miqyosdagi ishonch taqchilligining salbiy oqibatlariga toʻqnash keldi. Ayniqsa, Markaziy Osiyo uchun alohida ahamiyatga ega boʻlgan barqaror transport-logistika zanjirlaridagi jiddiy uzilishlar, oziq-ovqat va energetika xavfsizligiga tahdidlar, inflyasiya importi oʻsib borayotgan sharoitdagi ijtimoiy keskinlik bilan bogʻliq xavf-xatarlar va boshqa muammolar bizdan amaliy hamkorligimizni kuchaytirish va faoliyatimizni yanada koʻproq muvofiqlashtirishni talab etmoqda.

Hamkasblarimning mazmunli nutqlari va ularning hamkorlikka qatʼiy tayyorligi mintaqadagi tub oʻzgarishlardan dalolat beradi.

Bugun Markaziy Osiyo butunlay yangi – jipslashgan va kuchli, muloqot va keng koʻlamdagi sheriklik uchun ochiq mintaqadir.

Oʻtgan yili biz mintaqa mamlakatlari va Xitoy oʻrtasida diplomatik munosabatlarning oʻttiz yilligini birgalikda nishonladik. Ishonch, hurmat va bir-birining manfaatlarini hisobga olishga asoslangan mukammal hamkorlikka erishdik. Oʻzaro mahsulot ayirboshlash va investitsiyalar hajmi yuzlab karraga oshdi, biznes kooperatsiyasi va gumanitar almashuvlar sohasida katta tajriba orttirdik.

Shunga alohida urgʻu berib aytmoqchiman: bizning mamlakatlarimiz – Xitoyning “Yan-guan dovoni ortida”gi vaqt sinovlaridan oʻtgan chinakam doʻstlaridir.

Hurmatli sammit ishtirokchilari!

Biz bugungi yigʻilish kun tartibidagi masalalarni va Sian deklaratsiyasining asosiy bandlarini qoʻllab-quvvatlaymiz. Bugun ilgari surilayotgan tashabbus va takliflar albatta amalga oshiriladi, deb ishonaman.

Shu maʼnoda, mintaqaviy hamkorlikning asosiy yoʻnalishlari boʻyicha samarali sheriklik mexanizmlarini shakllantirish muhimligi haqidagi fikrlarga toʻliq qoʻshilaman. Bu oʻrinda soʻz, birinchi navbatda, savdo, investitsiyalar, transport, gumanitar aloqalar haqida bormoqda.

Shu bilan birga, kelgusi oʻn yilliklarga moʻljallangan koʻp qirrali hamkorlikning uzoq muddatli kun tartibini, istiqbol uchun reja va vazifalarni ishlab chiqish prinsipial jihatdan muhim, deb hisoblayman.

Menimcha, mamlakatlarimizda yetakchi “aql markazlari”ning birgalikdagi faoliyatini yoʻlga qoʻyishga alohida eʼtibor qaratish talab etiladi. Tahlil institutlari, olim va mutaxassislar strategik yondashuvlar, kompleks tavsiya va qarorlar, mintaqaviy va global miqyosda tub burilish yasaydigan loyihalarni ishlab chiqishi lozim.

Kelgusi yil Samarqandda milliy strategiyalarimizni uygʻunlashtirish masalalari boʻyicha birinchi Xalqaro ekspertlar konferensiyasini oʻtkazishga va munozara maydonini taqdim etishga tayyormiz.

Hurmatli hamkasblar!

Mintaqaviy hamkorlik bilan bogʻliq eng dolzarb masalalar boʻyicha bizning qarashlarimiz haqida alohida toʻxtalib oʻtmoqchiman.

Eng avvalo, bu – mamlakatlarimiz va butun mintaqaning barqaror rivojlanishi uchun zarur sharoitlarni shakllantirishdan iborat. Bu masalada biz aholi turmush darajasini oshirish va kambagʻallikka qarshi samarali kurashishga ustuvor ahamiyat beramiz.

Shu borada tegishli milliy dasturlarni amalga oshirishda Xitoyning ilgʻor tajribasidan faol foydalangan holda, faqatgina soʻnggi bir yilda bir milliondan ortiq fuqarolarimizni ehtiyojmandlar toifasidan chiqarishga erishdik.

Biz kecha muhtaram Xitoy Xalq Respublikasining Raisi bilan Global taraqqiyot tashabbuslarining bosh maqsadiga erishish uchun birgalikdagi ishlarimizni davom ettirishga kelishib oldik.

Ishonchim komil, aholi hayot darajasini oshirish va hududlarni, eng avvalo, qishloq tumanlarini rivojlantirish boʻyicha aniq vazifalar belgilangan qoʻshma dasturni qabul qilish va amalga oshirish xalqlarimiz tomonidan qoʻllab-quvvatlanadi hamda bu 2030 yilgacha boʻlgan Kun tartibidagi maqsadlarga erishish yoʻlida umumiy hissamiz boʻladi.

Biz yangi iqtisodiy muloqotni shakllantirish va mamlakatlarimiz oʻzaro bogʻliqligini kuchaytirish tarafdorimiz.

Mintaqa mamlakatlari tomonidan 2030 yilgacha Xitoy bilan tovar aylanmasi hajmini ikki barobar oshirishga bemalol erishish mumkin, deb hisoblaymiz. Bunga birinchi navbatda sanoat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini oʻzaro yetkazib berishning mutanosib oʻsishi, samarali savdo-logistika infratuzilmalari va zamonaviy ulgurji-taqsimlash tarmoqlarini shakllantirish, “yashil” va ekspress-yoʻlaklar tizimini joriy etish, elektron tijoratning umumiy platformasini yaratish hisobidan erishiladi.

Mamlakatlarimizda eksport va import koʻrgazmalari, biznes va investitsiya forumlarini har yili oʻtkazib borish, Markaziy Osiyo va Xitoy Ishbilarmonlar kengashini tashkil etish muhimligini taʼkidlaymiz.

Qulay shart-sharoitlar va zaruriy huquqiy bazani shakllantirish uchun Oʻzaro savdoga koʻmaklashish va investitsiyalarni ragʻbatlantirish toʻgʻrisida koʻp tomonlama bitimni qabul qilish imkoniyatini koʻrib chiqishni taklif etamiz.

Sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, raqamli texnologiyalarni jalb etish va innovatsiyalarni, ayniqsa, qishloq xoʻjaligiga keng joriy etish masalalari Xitoyning provinsiyalari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri hududlararo muloqotlar doirasida samarali hal etilishi mumkin.

Amaliy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, birodarlik va sheriklik munosabatlarini mustahkamlash uchun bu yil Oʻzbekistonda mamlakatlarimiz shaharlari va mintaqalarining forumi va koʻrgazmasini oʻtkazishni taklif etaman.

Xavfsiz, qisqa va qulay transport koridorlarini rivojlantirish strategik ahamiyatga ega. Ular Xitoyni bizning mintaqalarimiz bilan bogʻlab, Yevropa, Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo bozorlariga chiqish imkoniyatini beradi.

Trans-Yevroosiyo magistrali Buyuk ipak yoʻlini tiklash boʻyicha ustuvor loyiha hisoblanadi. Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston avtomobil va temir yoʻli ushbu magistralning muhim tarkibiy boʻgʻinidir. Xitoy va qirgʻiz sheriklarimiz bilan birgalikda biz bu borada amaliy ishlar bosqichiga oʻtmoqdamiz.

Istiqbolda ushbu loyihaning amalga oshirilishi va Transafgʻon koridorining qurilishi “Bir makon va bir yoʻl” tashabbusi doirasida Xitoyni Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan muqobil yoʻllar orqali bogʻlash imkonini beradi.

Shuningdek, transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish boʻyicha milliy dasturlarning uygʻunligini taʼminlash va shu asosda uzoq muddatga moʻljallangan yagona strategiyani ishlab chiqishni birinchi galdagi vazifa, deb hisoblaymiz.

Iqlim oʻzgarishi va “yashil energetika” boʻyicha hamkorlik masalalariga alohida eʼtibor qaratishni taklif etaman.

Afsuski, Markaziy Osiyodagi energetika infratuzilmalarini rivojlantirish surʼatlari sanoatlashish va urbanizatsiya jarayonlaridan, shuningdek, aholi oʻsishidan ortda qolmoqda. Bu esa mamlakatlarimizning uzoq muddatli barqaror taraqqiyoti uchun chindan ham jiddiy tahdiddir.

Xitoyning quyosh, shamol va gidro-energetika, shuningdek, loyihalarni qoʻllab-quvvatlashning moliyaviy vositalari sohasida texnologik jihatdan yetakchi ekanini hisobga olib, muqobil energetika boʻyicha yaqin ilmiy-amaliy sheriklikni kengaytirish zarur, deb hisoblaymiz.

Orolboʻyidagi ekologik muammolarni hal etish, bioxilma-xillikni himoya qilish, muzliklar va tuproq hosildorligini saqlash, suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishda ham samarali hamkorlikka tayyormiz.

Hurmatli yigʻilish qatnashchilari!

Biz barqarorlik va xavfsizlik masalalari boʻyicha mintaqaviy muloqotning bugungi darajasini yuksak qadrlaymiz. Mamlakatlarimizning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligi masalalari boʻyicha prinsipial pozitsiyani egallab kelyapmiz.

Oʻzbekiston Xitoyning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomiga muvofiq xavfsizlikning boʻlinmasligi va tinch taraqqiyot tamoyillariga asoslangan global tashabbusini qoʻllab-quvvatlaydi.

Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy maxsus xizmatlari va huquqni muhofaza qilish idoralari oʻrtasida uch yovuz kuch, narkotrafik, transchegaraviy va kiber jinoyatchilikka qarshi kurashda yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyishni taklif etamiz.

Afgʻonistonda gumanitar halokatga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha kelishilgan pozitsiyani ishlab chiqish va chora-tadbirlarni qabul qilish uchun Shanxay hamkorlik tashkiloti hamda Afgʻonistonga qoʻshni mamlakatlar doirasida Muloqot guruhi platformalaridan toʻliq foydalanish dolzarbdir.

Hurmatli Si Szinpin janoblari, kecha siz taʼkidlab oʻtganingizdek, “Afgʻonistonda inklyuziv siyosiy tizimni yaratish, mamlakatlarimizning terrorizmga qarshi keng koʻlamli hamkorlik oʻrnatishi bilan bogʻliq masalalarni hamjihatlikda ilgari surishimiz muhimdir.”

Shuningdek, jahon hamjamiyati hamda Afgʻoniston hukumati tomonidan oʻzaro majburiyatlarni bajarish algoritmini ishlab chiqish uchun Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida yuqori darajadagi Xalqaro guruhni tuzish haqidagi tashabbusimiz qoʻllab-quvvatlanadi, deb umid qilamiz.

Birgalikdagi harakatlarimizni muntazam kelishib olish uchun bugungi formatda Xavfsizlik kengashlari kotiblari uchrashuvi mexanizmini yaratishni taklif etamiz.

Qadrli doʻstlar!

Bizning mamlakatlarimiz va xalqlarimiz milliy madaniyatlarni oʻzaro boyitib borish uchun katta sivilizatsion salohiyat va ulkan imkoniyatlarga egadir. Kecha Markaziy Osiyo va Xitoy Madaniyat va sanʼati yili hamda Yoshlar festivalining ochilishi doirasida boʻlib oʻtgan ajoyib konsert bunga yaqqol misoldir.

Ezgu anʼanaga aylanib qolgan gumanitar almashuvlar, turli koʻrgazmalar, konsert va gastrollar, qoʻshma sport tadbirlarini yoshlarimizni keng jalb etgan holda, doimiy oʻtkazib borishni davom ettirishimiz muhim, deb hisoblayman.

Kelgusi yilda mamlakatlarimiz Yosh isteʼdodlari forumini yoʻlga qoʻyishni taklif etamiz.

Xitoy tomoniga anʼanaviy tibbiyot, koʻz kasalliklarini davolash va taʼlim sohalaridagi muhim tashabbuslari va qoʻshma dasturlar uchun minnatdorlik bildiraman.

Hurmatli hamkasblar, delegatsiyalar rahbarlari!

Bizning mamlakatlarimiz strategik sherik va ishonchli doʻstlardir. Bizning oʻzaro ishonch, hurmat va bir-birining manfaatlarini hisobga olish prinsiplariga asoslangan koʻp yillik hamkorligimiz hech qachon siyosiy konʼyunkturalarga bogʻliq boʻlmagan.

Bugungi xalqaro munosabatlarda qarama-qarshilik kuchaygan va oqibatini oldindan aytib boʻlmaydigan sharoitda ham biz bir-birimizni qoʻllab-quvvatlayapmiz va xalqlarimiz uchun farovon kelajakni birgalikda quryapmiz.

Mamlakatlarimiz pandemiya davrida bir-biriga samarali yordam koʻrsatgani ana shunday alohida munosabatlarning yaqqol tasdigʻidir.

Shu munosabat bilan, Xitoy tomonining Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy oʻrtasida doʻstlik va strategik sheriklikni mustahkamlash uchun uchrashuvlarimizni muntazam oʻtkazib borish toʻgʻrisidagi strategik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashni istar edim.

Rais Si Szinpin janoblari, siz buyuk Xitoyning donishmand rahbari, bizning mintaqamizda, umuman, butun jahonda xavfsizlik, barqarorlik va farovonlikni taʼminlash tarafdorisiz. Bizning uchrashuvlarimiz va bugungi sammit bu fikrning yaqqol isbotidir.

Mazkur anjumanning samarali natijalari yaxshi qoʻshnichilik munosabatlari va har tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga, mamlakatlarimiz va xalqlarimizning farovonligiga xizmat qilishiga aminman.

Eʼtiboringiz uchun rahmat.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.