Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi» birinchi sammitidagi nutqi

0
71
marta koʻrilgan.

Hurmatli hamkasblar!

Hurmatli janob Mishel!

«Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi» birinchi sammitining barcha ishtirokchilarini yana bir bor qutlayman.

Tadbirni tashkil etgani uchun Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti, hurmatli Qasim-Jomart Kemelevich Toqayev nomiga bildirilgan minnatdorlik soʻzlariga qoʻshilaman. 

Biz mazkur formatga amaliy hamkorlikni ilgari surish, ishonch, sheriklik va oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlash uchun zarur boʻlgan muhim muloqot maydoni sifatida qaraymiz. Uchrashuvlarimiz muntazamlik kasb etishini qoʻllab-quvvatlaymiz.

Hurmatli sammit qatnashchilari!

Pandemiya oqibatlari va zamonaviy tahdidlarga qaramasdan, biz Yangi Oʻzbekistonda ortga qaytmas tus olgan islohotlar strategiyasini amalga oshirishda davom etmoqdamiz. Samarali faoliyat koʻrsatadigan bozor mexanizmlariga, shuningdek, yuqori hayot darajasi va qulay turmush sharoitlariga ega kuchli huquqiy davlatni barpo etish bizning ustuvor vazifamiz hisoblanadi.

Markaziy Osiyo aholisining yarmidan koʻpi istiqomat qilayotgan Oʻzbekistonda bugungi kunda faol demografik oʻsish kuzatilmoqda. Bu esa mamlakatimizning uzoq istiqboldagi barqaror rivojlanishi uchun mustahkam poydevor va qudratli resurs boʻlib xizmat qiladi.

Biz erishgan muvaffaqiyatlarimiz bilan cheklanmaymiz va yangi oʻzgarishlar koʻlamini yanada kengaytirishni oʻz oldimizga maqsad qilib qoʻyganmiz.

Bu oʻrinda gap avvalo qonunning soʻzsiz ustuvorligi, fuqarolik jamiyati institutlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, inson huquqlari va gender tenglikni, soʻz va eʼtiqod erkinligini taʼminlash haqida bormoqda.

Biz iqtisodiy sohada bundan buyon ham tadbirkorlar uchun eng qulay sharoitlarni yaratish, korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish, raqobat va innovatsion biznes muhitining rivojlanishini ragʻbatlantirish yoʻlidan boramiz.

Fursatdan foydalanib, muhtaram Prezident Mishel, Sizga, barcha yevropalik doʻstlarimiz va hamkorlarimizga saʼy-harakatlarimizni doimiy qoʻllab-quvvatlab kelayotganingiz uchun samimiy minnatdorchilik bildirmoqchiman.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Mamlakatimizning uzoq muddatli va izchil taraqqiyoti butun Markaziy Osiyodagi barqarorlik va farovonlik bilan chambarchas bogʻliq ekanini biz yaxshi anglaymiz. Aynan shu bois, Oʻzbekiston yaxshi qoʻshnichilik va mintaqaviy sheriklik masalasini qatʼiy ilgari surmoqda.

Birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz natijasida Markaziy Osiyoda mutlaqo yangi siyosiy muhit vujudga keldi. Bir necha oʻn yillar mobaynida yigʻilib qolgan, hal etilishiga hech kim ishonmay qoʻygan koʻplab muammolar bir necha yil davomida bartaraf etildi. Hamkasblarim qayd etib oʻtganlaridek, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining muntazam Maslahat uchrashuvlarining samarali mexanizmi yaratildi.

Biz, avvalo oʻzimiz uchun umummintaqa xavfsizligi va ravnaqi yoʻlida kelishuv sari qadam qoʻya olishimizni isbotladik.

Janob Mishel, Sizga bu oʻzgarishlarning tub mohiyatini tushunishingizda yordam beradigan bir nechta misollarni keltirib oʻtsam.

Olti yil oldin bizning mintaqadagi alohida mamlakatlar bilan chegaralarimiz yopiq edi. Oʻzaro savdo amalda rivojlanmay qolgan, biz iqtisodiy hamkorlarni mintaqa tashqarisidan qidirar edik. Barqaror kommunikatsiya, transport qatnovlari va faol gumanitar almashinuvlar yoʻq edi.

Bugun vaziyat tubdan oʻzgardi. Biz vizasiz rejimni joriy qildik, barcha oʻtkazish punktlarini ochdik. Aviaparvozlar va quruqlik orqali tashuvlarni tikladik va ularning sonini koʻpaytirdik. Oʻzbekiston va mintaqa mamlakatlari oʻrtasidagi tovar aylanmasi 10 barobar oʻsdi.

Kooperatsiya aloqalari kuchayib bormoqda, yirik loyihalarni amalga oshirish uchun investitsiya kompaniyalari va boshqa moliyaviy vositalar faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Albatta, mintaqada hali ham oʻz yechimini topmagan masalalar bor. Biroq ishonchimiz komilki, bizning kuchli siyosiy irodamiz va umumiy bunyodkorlik ruhi mintaqadagi qardosh mamlakatlar va xalqlarni yanada yaqinlashtirishga xizmat qiladi. Va men Yevropa Ittifoqi ushbu ezgu maqsadlarga erishishni qoʻllab-quvvatlashda davom etishiga chin dildan umid bildiraman.

Hurmatli hamkasblar!

Biz mintaqamizning Yevropa Ittifoqi bilan hamkorligini quyidagi ustuvor yoʻnalishlarda izchil chuqurlashtirib borish tarafdorimiz.

Sammit arafasida biz Oʻzbekistonda savdo-iqtisodiy hamkorlik sohasidagi ishlar holatini tahlil qildik. Haqiqatan ham, mamlakatlarimiz «GSP+» imtiyozli savdo tizimiga qoʻshilganidan soʻng Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan tovar aylanmasining oʻsish surʼati bizni quvontiradi. Birgina joriy yilning boshidan buyon yuqori qoʻshilgan qiymatli oʻzbek mahsulotlarining eksporti qariyb ikki barobar oshdi. Biroq, afsuski, umumiy raqamlar mavjud ulkan imkoniyatlarga hozircha mos kelmaydi.

Bilamizki, Yevropa bozorlarida tayyor, xomashyo boʻlmagan tovarlar nomenklaturasi bilan munosib raqobat qilishi uchun mamlakatlarimiz qator kompleks masalalarni hal etishlari kerak.

Birinchidan, bu sanoat mahsulotlarimizning Yevropaning yuqori standartlari va texnik reglamentlariga muvofiqligini taʼminlash.

Ikkinchidan, hozirgi mavjud cheklovlarni hisobga olgan holda, Yevropa Ittifoqi bozorlariga chiqish uchun eng maqbul samarali transport-logistika koridorlarini yaratish, eng avvalo, Transkaspiy multimodal marshrutini rivojlantirish.

Uchinchidan, yevropalik isteʼmolchilar oʻrtasida Markaziy Osiyo mamlakatlari mahsulotlarining tanilishi va xaridorgir boʻlishi uchun qoʻshma marketing tadqiqotlari hamda maqsadli tadbir va aksiyalar oʻtkazish.

Bundan tashqari, mintaqamizdagi koʻplab mamlakatlarda Yevropa investitsiyalari va texnologiyalariga katta ehtiyoj kuzatilmoqda. Oʻylaymanki, hamkasblarim bu borada meni qoʻllab-quvvatlaydi.

Misol uchun, Oʻzbekistonda Yevropa kompaniyalari bilan jami 900 ta qoʻshma korxona va loyihalar faoliyat koʻrsatadi.

Mavjud sharoit tufayli biz dunyoning boshqa mintaqalaridan investitsiya va kreditlarni jalb qilyapmiz. Bozorlarimizdagi Yevropa kompaniyalari egallashi mumkin boʻlgan joyni uchinchi mamlakatlardagi raqobatchilar toʻldirmoqda.

Ushbu masalalarni tizimli ravishda hal qilish uchun Hukumatlarimiz Bosh vazir oʻrinbosarlari darajasida «Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo» Iqtisodiy hamkorlik qoʻmitasini taʼsis etishni taklif qilamiz.

Mazkur tuzilma faoliyati doirasida «Global darvoza» tashabbusining maqsad va vazifalarini qamrab olgan holda, savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish va oʻzaro transport-kommunikatsion bogʻliqlikni rivojlantirish boʻyicha uzoq muddatli strategik dasturni ishlab chiqish maqsadga muvofiq.

Qoʻmitaning birinchi uchrashuvini kelgusi yili bahorda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Boshqaruvchilari kengashining yillik majlisi arafasida Samarqandda oʻtkazishni taklif qilamiz.

Hurmatli sammit ishtirokchilari!

Yevropa Ittifoqi «yashil» taraqqiyot sohasida bizning asosiy hamkorimiz hisoblanadi. Yevropa tomonini mintaqamizda qabul qilingan «Yashil kun tartibi» dasturini, jumladan, quyidagi aniq yoʻnalishlarni amalga oshirishda faol ishtirok etishga chaqiramiz: eko-innovatsiyalar, energiya samarador va resurs tejamkor texnologiyalarni keng joriy etish; iqtisodiyot tarmoqlarini raqamlashtirish; «Smart-AKIS» yevropa tarmogʻi yordamida «aqlli» qishloq xoʻjaligini rivojlantirish; qayta tiklanuvchi energiya manbalari imkoniyatlarini ishga solish.

Kelgusi yil fevral oyida Rimda Atrof-muhit va suv resurslari boʻyicha «Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo» mavzusida yuqori darajadagi navbatdagi konferensiyani oʻtkazish taklifini qoʻllab-quvvatlaymiz.

Uning yakunlari boʻyicha aniq, amaliy qadamlar va tadbirlarni oʻz ichiga olgan qoʻshma «yoʻl xaritasi»ni ishlab chiqishni muhim deb hisoblaymiz.

Gumanitar sohada hamkorligimizni quyidagi yoʻnalishlarda faollashtirish zarur: taʼlim va innovatsiya almashuvlari; madaniy va sayyohlik aloqalari.

«Erasmus+» va «Yevropa gorizonti» dasturlari doirasida quyidagilarni taklif etamiz: taʼlim boʻyicha Yevropaning ilgʻor metodikalarini joriy etish loyihasini amalga oshirish; qoʻshma fundamental va amaliy tadqiqotlarni oʻtkazishni tashkil etish.

Bundan tashqari, mamlakatlarimizda Yevropaning yetakchi oliy taʼlim muassasalari filiallari sonini oshirishdan manfaatdormiz. Misol uchun, bugungi kunda Oʻzbekistonda Yevropa davlatlari universitetlarining 7 ta filiali samarali faoliyat yuritib kelmoqda.

Biz birinchi mintaqaviy professional taʼlim loyihasini amalga oshirishda faol ishtirok etishga tayyormiz.

Yevropalik hamkorlarni mintaqamiz xalqlarining noyob tarixiy merosi, boy madaniyati va anʼanalari bilan keng tanishtirish maqsadida biz noyabr oyining ikkinchi yarmida Parijning Luvr muzeyida yirik koʻrgazma tashkil etishni rejalashtirganmiz.

Bunday tadbirlarni har yili – Yevropa davlatlarining poytaxtlarida va madaniyat markazlarida hamkorlikda oʻtkazib borish tarafdorimiz.

Turizm sohasida yirik imkoniyatlar mavjud. Bugungi kunda Yevropa davlatlari jahon turizm tarmogʻida mutlaqo yetakchi hisoblanadi. Ular tarixiy meros obyektlarini asrab-avaylash va rekonstruksiya qilish, zamonaviy infratuzilmani yaratish hamda sayyohlar oqimini boshqarish boʻyicha juda katta tajribaga ega.

Kelgusi yilda Xiva shahrida oʻtkaziladigan «Yevropa Ittifoqi –Markaziy Osiyo» birinchi turizm forumi doirasida Yevropaning yetakchi operatorlari eʼtiboriga Umumiy mintaqaviy turizm mahsulotlari konsepsiyasini taqdim etishni taklif etamiz.

Fikrimizcha, bunday tadbirlar Yevropa va bizning mintaqamiz xalqlari oʻrtasida bir-birini yaxshiroq tushunish va gumanitar aloqalarni mustahkamlashga zamin yaratadi.

Hurmatli hamkasblar!

Mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash muhim yoʻnalish hisoblanadi. Biz Yevropa Ittifoqining terrorizm, radikalizm va ekstremizm, uyushgan jinoyatchilik, narkotrafik va boshqa umumiy xavf-xatarlarga qarshi kurashish boʻyicha qoʻshma dasturlar doirasidagi amaliy koʻmagini qadrlaymiz.

Xalqaro amaliyotdan kelib chiqib, axborot almashish va zamonaviy tahdidlarga birgalikda qarshi kurashish uchun bizning maxsus xizmatlarimiz va huquqni muhofaza qiluvchi organlarimiz oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyishni taklif qilamiz.

Bundan tashqari, Afgʻoniston masalasida bizning nuqtai nazarimizni qoʻllab-quvvatlagani uchun yevropalik hamkorlarimizga minnatdorchilik bildiramiz.

Biz janob Mishel bilan ushbu muammoni bir necha bor ochiq muhokama qildik. Bizning bu boradagi xavotir va tashvishlarimiz oʻxshashdir.

Biz afgʻon xalqiga doimiy ravishda gumanitar yordam koʻrsatib kelayapmiz. Hatto eng murakkab davrda ham elektr energiyasi, neft va oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berishni toʻxtatganimiz yoʻq. Afgʻonistonga mamlakatimiz orqali oʻtadigan tranzit yuklari uzluksiz amalga oshirildi.

Bizni qish kelishi bilan Afgʻonistondagi gumanitar vaziyatning keskinlashuvi qattiq bezovta qilmoqda. Gap u yerda yashayotgan, ijtimoiy kafolatlardan mahrum boʻlgan millionlab odamlarning ogʻir ahvoli haqida bormoqda. Ushbu kompleks muammoni mamlakatning amaldagi hokimiyati ham, qoʻshni davlatlar ham mustaqil ravishda hal qila olmaydi.

Bu yerda butun xalqaro hamjamiyatning muvofiqlashtirilgan harakati va haqiqiy koʻmagi zarur. Biz, shuningdek, Termiz chegara shahrimizdagi logistika va taʼlim xablarining salohiyatidan foydalanishda yevropalik sheriklarimiz bilan samarali hamkorlikni davom ettirishga tayyormiz.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Taʼkidlab oʻtilganidek, Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo boʻyicha yangilangan strategiyasi qabul qilingan vaqtdan buyon uch yil oʻtdi.

Afsuski, pandemiya sababli koʻpgina tadbirlar va masalalar toʻliq amalga oshirilmay qoldi. Bundan tashqari, global va mintaqaviy vaziyat tubdan oʻzgarib, bugungi kunda Markaziy Osiyodagi integratsiyalashuv jarayonining yevropalik hamkorlar tomonidan faol qoʻllab-quvvatlanishini talab qilmoqda.

Shu munosabat bilan biz Strategiyaning bajarilishini jadallashtirish va hamkorlik aloqalarimizni mustahkamlash maqsadida koʻp tomonlama dasturiy hujjat – “Yoʻl xaritasi”ni qabul qilish imkoniyatini koʻrib chiqishni taklif qilamiz.

Aminmanki, ushbu barcha masalalar kelgusi oyda Samarqandda boʻlib oʻtadigan hamkorlikdagi Oʻzaro bogʻliqlik boʻyicha vazirlar anjumani davomida batafsil koʻrib chiqiladi.

Soʻzimning yakunida mamlakatlarimiz barqaror taraqqiyoti, ravnaq va farovonligi yoʻlida “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” formatidagi ochiq, tizimli va sermahsul muloqot tarafdori ekanligimizni yana bir bor taʼkidlab oʻtmoqchiman.

Eʼtiboringiz uchun rahmat.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.