Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Davlat rahbarlari kengashi majlisidagi nutqi

0
41
marta koʻrilgan.

Qadrli hamkasblar!

Avvalo, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti, hurmatli Sadir Nurgʻojoyevich Japarovga anʼanaviy iliq qabul va sammitni yuksak darajada tashkil etgani uchun bildirilgan minnatdorlik soʻzlariga qoʻshilaman.

Biz Oʻzbekistonda Qirgʻizistonning Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga raisligining samarali yakunlarini yuksak baholaymiz.

Bu davrda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish borasida katta ishlar amalga oshirildi, koʻp tomonlama qator muhim hujjatlar, jumladan, Xizmatlarning erkin savdo zonasi toʻgʻrisidagi bitim qabul qilindi.

Biz, shuningdek, kun tartibini va ushbu yigʻilish uchun tayyorlangan qarorlar loyihalarini qoʻllab-quvvatlaymiz.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Bizning uchrashuvimiz global geosiyosiy keskinlik kuchayayotgan bir sharoitda oʻtmoqda. Barcha hamkasblarim oʻz chiqishlarida oldimizda turgan umumiy tahdid va xavf-xatarlarni qayd qilib oʻtdilar.

Ming afsuski, dunyoning turli mintaqalaridagi keskinlashib borayotgan ziddiyatlarning oqibatlari barcha mamlakatlarimizning barqaror rivojlanishiga oʻta salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Bunday vaziyatda biz MDH boʻyicha sheriklarimiz bilan hamkorlikning yangi yoʻllari va mexanizmlarini izlashda davom etamiz.

Gap, avvalo, muqobil savdo-logistika yoʻnalishlarini shakllantirish, qoʻshilgan qiymatning qisqa va yanada samarali zanjirlarini yaratish, mamlakatlarimiz iqtisodiyotidagi bir-birini toʻldiradigan zaxiralardan imkon qadar yuqori darajada foydalanish, biznes aloqalarini ragʻbatlantirish haqida bormoqda.

Biz paydo boʻladigan xavf-xatarlarni birgalikda baholash, muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlar va nostandart qarorlarni qabul qilish uchun MDH doirasidagi koʻp qirrali hamkorlikning noyob platformasi toʻliq ishga solinishidan manfaatdormiz.

Shu munosabat bilan Hamdoʻstlikning uzoq muddatli yangi kun tartibini ishlab chiqish uchun mamlakatlarimizning yetakchi tahlil markazlari va ekspertlari ishtirokida konferensiya tashkil etish imkoniyatini koʻrib chiqishni taklif qilaman.

Qadrli hamkasblar!

Joriy yil boshidan buyon Oʻzbekistonning Hamdoʻstlik mamlakatlari bilan tashqi savdo hajmi atigi 5 foizga oshdi. Shu bilan birga, oʻsish surʼatlarining sekinlashish tendensiyasi kuzatilmoqda.

Yuqori darajadagi ekspertlarimiz uchrashuvlari natijalari toʻlaqonli erkin savdo zonasini shakllantirish yoʻlida hali ham koʻplab toʻsiqlar mavjudligidan dalolat beradi.

Biz quyidagilarni taklif etamiz:

birinchidan, Erkin savdo hududi toʻgʻrisidagi shartnomaning tovarlarni olib qoʻyishga doir qoidalarini qayta koʻrib chiqish.

Shartnoma imzolanganidan buyon yetarlicha vaqt oʻtdi hamda ushbu hujjatni bizning asosiy maqsad va vazifalarimiz bilan toʻliq muvofiqlashtirish vaqti keldi;

ikkinchidan, import oʻrnini bosishga qaratilgan milliy dasturlarni oʻzaro uygʻunlashtirish;

uchinchidan, davlat xaridlari bozoriga imtiyozli kirish huquqini oʻzaro kelishuv asosida taqdim etish imkoniyatlarini koʻrib chiqish;

toʻrtinchidan, qoʻshma ulgurji taqsimlash va logistika markazlarini tashkil etishni qoʻllab-quvvatlash dasturini qabul qilish;

beshinchidan, elektron savdoni rivojlantirishni, jumladan, mavjud platformalarni kengaytirish yoʻli bilan ragʻbatlantirish.

Yana bir muhim jihat bu – oʻzaro savdodagi texnik toʻsiqlar va muvofiqlikni baholash boʻyicha ishlar natijalarini tan olish toʻgʻrisidagi MDH bitimlarining qabul qilinishini jadallashtirishdan iborat.

Ushbu masalalarning barchasi Hamdoʻstlik Iqtisodiy kengashining navbatdagi yigʻilishi kun tartibiga kiritilishi zarur.

Sanoat kooperatsiyasi istiqbollari masalasiga alohida toʻxtalib oʻtmoqchiman.

Bugungi kunda MDH mamlakatlari bilan qoʻshma investitsiya loyihalariga doir portfelimiz hajmi 25 milliard dollardan oshdi.

Yaqinda qabul qilingan Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq, Hamdoʻstlikka aʼzo davlatlarning Sanoat siyosati boʻyicha kengashi doirasida oʻzaro investitsiyalarni ragʻbatlantirish va loyihalarni ilgari surish hamda texnoparklarni tashkil etish boʻyicha Qoʻshimcha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqishni taklif qilaman.

Bunda xaridlarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, sugʻurta hisobidan qoplab berish va off-teyk xarid masalalarini puxta oʻylab koʻrish muhimdir.

Kelgusi yilning aprel oyida Toshkent shahrida oʻtkazilishi rejalashtirilgan “INNOPROM” sanoat haftaligi doirasida MDH mamlakatlarining sanoat kooperatsiyasi va innovatsion ishlanmalari forumini oʻtkazishga ham tayyormiz.

Energetika sohasida MDHga aʼzo har bir mamlakatning elektr energiyasini ishlab chiqarish va isteʼmol qilish imkoniyatlarini hisobga olgan holda, energiya tizimlarimiz yaxlit holda ishlay oladigan sharoitlarni yaratish zarur, deb hisoblaymiz.

Yana bir ustuvor vazifa – Hamdoʻstlik davlatlarida isteʼmolchilarni yuqori sifatli va arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlashdan iborat.

Shu munosabat bilan agrosanoat komplekslari, logistika va “ekspress” koridorlarning oʻzaro bogʻliqligini kuchaytirish, tarmoqni texnologik modernizatsiya qilish va  tizimli ilm-fan almashinuvi masalalarini hal etish talab etiladi.

Amaldagi tarmoq kengashi doirasida Oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi yangilangan hamkorlik dasturini va Agrosanoat sektorida kooperatsiyaning asosiy yoʻnalishlari toʻgʻrisidagi bitimni tayyorlashni taklif qilamiz.

Hududlararo hamkorlik juda katta imkoniyatga ega ekani taʼkidlab oʻtmoqchiman. Bunday sheriklikni qoʻllab-quvvatlash choralarini oʻz ichiga olgan alohida “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish, jumladan, hududlarning birinchi Forumini, koʻrgazma va yarmarkalarni hamda ishbilarmon doiralar vakillarining oʻzaro tashriflarini oʻtkazish zarur, deb hisoblaymiz.

Transport sohasida quyidagi imkoniyatlarni yaratish tarafdorimiz:

— transportning barcha turlarida multimodal tashuvlarni tashkil etish orqali transport koridorlarini rivojlantirish;

— asosiy mintaqaviy koridorlar orqali yuklarni tashishda biznes uchun jozibador shartlarni shakllantirish;

— yoʻlovchi va yuk tashishda boshqarish jarayonlarini va koʻrsatiladigan xizmatlarni raqamlashtirish;

— transport infratuzilmasi va harakat tarkibini modernizatsiya qilish dasturlari va loyihalarini amalga oshirish.

Biz, shuningdek, MDHning Davlatlararo ekologik kengashiga Oʻzbekistonning qoʻshilishi toʻgʻrisida qaror qabul qildik.

Kelgusi yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Samarqandda oʻtkazilishi rejalashtirilgan Xalqaro iqlim forumi doirasida Hamdoʻstlik davlatlari hududidagi ekologik tahdid va xavf-xatarlarga bagʻishlangan maxsus yalpi sessiyani oʻtkazishni taklif qilamiz.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Qadimiy Samarqand shahriga 2024 yilda “Hamdoʻstlikning madaniyat poytaxti” maqomini berish masalasini qoʻllab-quvvatlaganingiz uchun sizlarga chuqur minnatdorlik bildiraman.

Shu munosabat bilan kelgusi yil bahorda Samarqandda MDH davlatlarining madaniyat, sanʼat va kino haftaligini oʻtkazishni taklif qilamiz.

Yoshlar siyosati sohasidagi hamkorlikni faollashtirish masalasi ayniqsa dolzarb ahamiyatga egadir.

Biz yangi qoʻshma loyihamiz doirasida kelgusi yilda “Hamdoʻstlikning yoshlar poytaxti” deb eʼlon qilingan Toshkent shahrida tadbirlarga boy dasturni tayyorlayapmiz.

Shuningdek, “Hamdoʻstlik kubogi” futbol turnirini qayta tiklash va yoshlarimiz jamoalari oʻrtasida navbatdagi uchrashuvlarni Oʻzbekistonda oʻtkazishni taklif qilaman.

Xalqaro rus tili tashkilotini taʼsis etish toʻgʻrisidagi shartnomani qabul qilishni qoʻllab-quvvatlaymiz.

Rus tilida taʼlim beradigan texnik mutaxassisliklar boʻyicha oʻqituvchilarni tayyorlash dasturini ishlab chiqishni muhim, deb hisoblaymiz.

Hamdoʻstlikning yagona turistik makonini targʻib qilish doirasida qoʻshma dasturlar va turistik mahsulotlarni amalga oshirishda faol ishtirok etishga tayyormiz.

Qadrli hamkasblar!

Rossiya Federatsiyasi tomonidan kelgusi yil uchun Hamdoʻstlikka raislikning qabul qilib olinishi munosabati bilan hurmatli Vladimir Vladimirovich Putin nomiga bildirilgan tabrik soʻzlariga qoʻshilaman.

Ushbu muhim va masʼuliyatli vazifani bajarishda chin dildan omadlar tilayman.

Soʻzimning yakunida Oʻzbekiston Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi doirasida koʻp qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish tarafdori ekanini yana bir bor tasdiqlayman.

Eʼtiboringiz uchun rahmat.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.