Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga aʼzo davlatlar rahbarlari kengashi yigʻilishidagi nutqi

0
91
marta koʻrilgan.

Hurmatli hamkasblar!

Sizlarni chin dildan samimiy qutlashdan behad xursandman.

Sammitni yuqori darajada tashkil etgani va anʼanaviy mehmondoʻstlik uchun Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Kemelevich Toqayev nomiga bildirilgan minnatdorlik soʻzlariga qoʻshilaman.

Bugungi uchrashuvimiz MDH doirasidagi hamkorlik boʻyicha asosiy faoliyatimiz yakunlarini sarhisob qilish va kelgusidagi rejalarni belgilab olish uchun yaxshi imkoniyat hisoblanadi.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Kuni kecha Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengash yigʻilishida biz jahonda yuzaga kelayotgan vaziyat haqida batafsil fikr almashib olgan edik.

Kuchayib borayotgan tanglik va strategik noaniqlik, zamonaviy dunyo tartibotining asoslari va tamoyillariga putur yetayotganini barchamiz qayd etdik.

Oziq-ovqat va energiya xavfsizligiga qarshi tahdidlar xatarli darajaga yetib, koʻplab mintaqalarda ijtimoiy larzalar va beqarorlik holatlarini keltirib chiqarmoqda.

Afsuski, Hamdoʻstlik makoni ham bundan chetda qolayotgani yoʻq. Ushbu salbiy tendensiyalarning barchasi barqaror rivojlanishni taʼminlashga qaratilgan umumiy harakatlarimizga toʻsqinlik qilmoqda.

Koʻrinib turibdiki, bunday keng koʻlamdagi muammolarni faqatgina birgalikda hal etish mumkin. Aynan shuning uchun biz MDH maydonidan maksimal darajada foydalanishimiz – Tashkilotimizning mavjud salohiyatini chuqur tahlil qilishimiz va koʻp qirrali hamkorlikning butun imkoniyatlarini ishga solishimiz lozim.

Hurmatli hamkasblar!

Shuni mamnuniyat bilan qayd etmoqchimanki, mavjud xatarlarga qaramasdan, biz MDH doirasida barcha yoʻnalishlar boʻyicha ijobiy oʻsish surʼatlarini taʼminlashga erishmoqdamiz. Xususan, Oʻzbekistonning Hamdoʻstlik davlatlari bilan tovar aylanmasi, oʻtgan yil yakuniga koʻra, 35 foizga oshdi, joriy yil boshidan buyon esa yana uchdan bir barobar oʻsdi.

Mashinasozlik, energetika, kimyo, farmatsevtika, toʻqimachilik va boshqa sohalarda kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Birgina soʻnggi oylarning oʻzida MDH mamlakatlaridagi sheriklarimiz bilan 800 dan ortiq yangi korxonalar ishga tushirildi.

Madaniy aloqalarimiz jadal rivojlanmoqda. Muntazam ravishda festivallar, konsertlar, yarmarkalar, sport va boshqa tadbirlar oʻtkazib kelinmoqda.

Hurmatli sammit ishtirokchilari!

Bugungi bosqichda, bizning nazarimizda, umumiy harakatlarimizni quyidagi masalalarning yechimiga qaratishimiz muhimdir.

Birinchi. Oʻzaro savdodagi toʻsiqlarni tezkor bartaraf etish yuzasidan amaliy choralar qabul qilishimiz zarur. Biz bu haqda juda koʻp gapirdik. Endi amaliy harakatlarga oʻtish vaqti keldi.

Oʻzbekiston MDH doirasida erkin savdo tartibidagi mavjud cheklovlarni toʻliq bekor qilishga tayyor.

Biz, shuningdek, 2009 yildagi Tovarlar ishlab chiqarilgan mamlakatni aniqlash qoidalariga qoʻshilish toʻgʻrisida qatʼiy qaror qabul qildik. Hamdoʻstlikdagi hamkorlarimizdan ham ana shunday harakatlarni kutib qolamiz.

Qabul qilingan MDHning 2030 yilga qadar moʻljallangan iqtisodiy taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish maqsadida turdosh vazirlarimizga oʻzaro savdo oʻsishini ragʻbatlantirish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqqan holda, bir oy muddatda maslahatlashuvlar oʻtkazishlari yuzasidan topshiriq berishni taklif etaman.

Ikkinchi. Oziq-ovqat xavfsizligi oʻzaro hamkorlikning asosiy yoʻnalishi boʻlib qolmoqda. Narx-navoning sunʼiy oʻsishiga yoʻl qoʻymaslik hamda inflyasiyani jilovlash maqsadida MDH makonida oziq-ovqat mahsulotlari toʻsiqlarsiz yetkazib berilishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish muhimdir.

Oʻzbekiston oʻz hamkorlarini uzoq muddatli fyuchers shartnomalarini tuzish orqali oziq-ovqat mahsulotlari, xususan, ertapishar qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bilan taʼminlashga tayyor.

Oʻz navbatida, biz gʻalla, yogʻ-moy va ozuqabop ekinlarning kafolatlangan tarzda yetkazib berilishidan manfaatdormiz.

MDH Hukumat rahbarlari kengashiga talab yuqori boʻlgan oziq-ovqat tovarlarini kafolatlangan tarzda yetkazib berilishining har yilgi kvotasini kelishish mexanizmini ishlab chiqish va tasdiqlash yuzasidan topshiriq berilishini taklif etamiz.

Uchinchi. Mamlakatlarimizning transport tizimiga boʻlgan jiddiy tahdidlarni inobatga olgan holda, yangi logistika yoʻlaklarini hamkorlikda rivojlantirish gʻoyat muhim, deb hisoblaymiz.

Bu oʻrinda gap Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar hamda Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston temir yoʻllarini qurish boʻyicha loyihalar haqida bormoqda. Ushbu yoʻllar MDH transkontinental transport tashuvlarining muhim zanjiriga aylanishiga koʻmaklashadi hamda yuklarni olib oʻtishning muddati va narxini bir necha barobar qisqartirib, amaldagi yoʻnalishlarni izchil toʻldirib boradi.

Ishonchim komilki, transmilliy yoʻlaklarning koʻpvariantli boʻlishi Hamdoʻstlik davlatlari mahsulotlari uchun keng koʻlamli yangi bozorlarni ochadi.

Toʻrtinchi. Oʻzaro innovatsion hamkorlik va yoshlar masalasida munosabatlar sohasida qabul qilingan strategik dasturiy hujjatlarni amalga oshirish maqsadida keyingi yil Oʻzbekistonda MDH mamlakatlari yosh olimlarining “Yoshlar – innovatsiya tarafdori” shiori ostidagi birinchi kongressini oʻtkazishni taklif etamiz.

Anjuman doirasida startap loyihalar va innovatsion ishlanmalar koʻrgazmasi, toʻrtinchi avlod jahon sanoat yetakchilari ishtirokida taqdimotlar hamda “mahorat darslari” tashkil etiladi.

Beshinchi. Gumanitar hamkorlik sohasida taʼlim, ilm-fan, sogʻliqni saqlash, sport, madaniyat va sanʼat borasidagi qoʻshma loyiha va dasturlarning amalga oshirilishida yanada faol koʻmaklashish va ishtirok etishga tayyormiz.

2023 yilda Sankt-Peterburg shahrini MDHning madaniyat poytaxti deb eʼlon qilish haqidagi qarorni qoʻllab-quvvatlaymiz.

Oʻz navbatida, qadimiy Samarqand shahrini 2024 yilda MDHning madaniyat poytaxti deb, eʼlon qilishni taklif etamiz. Bundan tashqari, har yili shaxmat boʻyicha Hamdoʻstlik ochiq kubogini oʻtkazish tashabbusini ilgari suramiz.

Hurmatli hamkasblar!

Oʻzbekiston tomoni bugungi sammitning kun tartibiga kiritilgan hujjatlarning qabul qilinishini qoʻllab-quvvatlaydi.

Biz, shuningdek, Tashkilotning Ijro qoʻmitasi raisi – MDH Ijrochi kotibi Sergey Nikolayevich Lebedevning vakolatlari navbatdagi muddatga uzaytirilishini maʼqullaymiz.

Biz uni tajribali va masʼul rahbar sifatida yaxshi bilamiz, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi koʻp tomonlama munosabatlarni kengaytirish borasidagi faol saʼy-harakatlarini qadrlaymiz.

Soʻzimning yakunida Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Nurgojoyevich Japarovga Tashkilotimizga kelgusi yilda qiladigan raislik faoliyatida muvaffaqiyatlar tilab qolaman.

Ishonamanki, bugungi yigʻilish yakunlari Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi makonida amaliy hamkorlik samaradorligini oshirishga imkon beradi.

Eʼtiboringiz uchun tashakkur.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.