Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Navroʻz umumxalq bayramiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqi

0
25
marta koʻrilgan.

Assalomu alaykum, aziz vatandoshlar!

Muhtaram faxriylar, qadrli yoshlar!

Munis opa-singillar, hurmatli mehmonlar!

Siz, azizlarni, koʻpmillatli butun xalqimizni qadimiy va hamisha navqiron bayram – Navroʻzi olam bilan chin yurakdan samimiy muborakbod etaman.

Bugungi munavvar kunni elu yurtimiz bilan tinch va xotirjam kutib olayotganimiz uchun Yaratganga cheksiz shukronalar aytamiz.

Bu yilgi Navroʻz muqaddas Ramazon oyida, uning tabarruk fazilatlariga uygʻun holda oʻtayotgani bayramga alohida ruh, oʻzgacha fayz va quvonch bagʻishlamoqda.

Qalblarimiz shodlikka toʻlgan shunday barokatli kunlarda yurtimiz moʻmin-musulmonlarini, butun islom ummatini Ramazoni sharif bilan yana bir bor qutlab, jamiki pok niyatlarimiz ijobat boʻlishini tilaymiz.

Xorijiy mamlakatlarda ona yurt mehri va sogʻinchi bilan yashayotgan vatandoshlarimizni ham chin dildan tabriklab, samimiy tilaklarimizni izhor etamiz.

Shunday shukuhli va ulugʻ kunlar barchamizga muborak boʻlsin!

Qadrli doʻstlar!

Navroʻzi olam 3 ming yillik davlatchiligimiz tarixida oʻzining beqiyos maʼnaviy ahamiyati bilan hamisha alohida eʼtibor topgan buyuk bayramdir.

Ushbu bebaho ayyom haqida bitilgan ilmiy-tarixiy va badiiy asarlar shu qadar koʻpki, ular haqli ravishda milliy merosimizning oʻlmas durdonalariga aylangan.

Xalqimiz asrlar davomida ogʻir va mashaqqatli, sinovli paytlarda ham bu bayramni olijanob tabiati va qadriyatlari bilan asrab-avaylab kelgani chinakam moʻjizadir.

Navroʻzning betakror goʻzalligi, insonparvarlik ruhi va teran falsafasi globallashuv davrida ham butun bashariyatni hayratga solayotgani uning azaliy mohiyati va hayotbaxsh kuchidan dalolat beradi.

Ayniqsa, insonning tabiat va borliq bilan uygʻunligi, yaratuvchanlik ishtiyoqi, gʻayrat va shijoati, oʻzaro hamjihatlik, mehr-oqibat va saxovat kabi olijanob fazilatlari Navroʻz timsolida yanada yorqin namoyon boʻladi.

Navroʻz kunlarida bobo dehqonlarimiz rizq-roʻzimiz, dasturxonimiz qut-barakasini oʻylab, ona zaminga oʻz mehrini beradi, moʻl hosil olish niyatida qattiq bel bogʻlaydi.

Shu maʼnoda, Mir Alisher Navoiy bobomizning “Dehqonki, dona sochar, yerni yormoq bilan rizq yoʻlin ochar” degan soʻzlarida chuqur hayotiy maʼno mujassam.

Koʻnglimizda mehnat va ijod, uygʻonish va yasharish zavqi tobora kuchayib borayotgan mana shunday bahoriy lahzalarda mirishkor dehqon va fermerlarimiz, bogʻbon va chorvadorlarimizga alohida ehtirom izhor etamiz.

Hech shubhasiz, yuksak bunyodkorlik ruhi Yangi Oʻzbekistonimizda amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar va jadal oʻzgarishlarning asl mazmuni va ezgu gʻoyalariga hamohangdir.

Bugun mamlakatimizda inson qadrini ulugʻlash, ijtimoiy adolat tamoyillarini mustahkamlash, aholi daromadlari va turmush darajasini yuksaltirish yoʻlida qatʼiy qadamlar qoʻymoqdamiz.

Yurtimizda koʻplab zamonaviy sanoat majmualari, infratuzilma va logistika tarmoqlari, avtomobil va temir yoʻllar barpo etilmoqda.

Biznes, “Ay-ti” va turizm sohalari jadal rivojlanmoqda.

Minglab yangi imorat va uy-joylar, bogʻcha va maktablar, oliygohlar, shifoxonalar, madaniyat va sport maskanlari bunyod etilmoqda.

Shahar va qishloqlarimiz, butun yurtimiz qiyofasi tobora goʻzal va obod boʻlib bormoqda.

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida diyorimizda yangi ekologik muhit yaratilmoqda.

Har yili millionlab koʻchatlar ekish, yashil bogʻlar barpo etish, hayvonot dunyosini asrab-avaylash, har bir qarich yerdan unumli foydalanish kabi yuksak ekologik madaniy qadriyatlar kundalik hayotimizning ajralmas qismiga aylanmoqda.

“Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” davlat dasturi doirasidagi ulkan ishlarimiz bu jarayonlarni yanada yuqori bosqichga olib chiqishiga aminman.

Maʼlumki, xalqimiz qadimda Navroʻzni “yil boshi” deb atagan. Biz ham ajdodlarimiz kabi shu ajoyib kunda yaxshi niyatlar qilamiz:

Sharqona Yangi yilimiz qutlugʻ kelsin, daryolarimiz suvga, omborlarimiz hosilga toʻlsin!

Bunyodkor quruvchilarimiz, aziz va moʻtabar ustoz-murabbiylarimiz, fidoyi shifokorlarimiz, iqtisodiyotimiz tayanchi boʻlgan gʻayratli tadbirkorlarimiz, yurtimiz posbonlari hamisha sogʻ-omon boʻlsin!

Oldimizga qoʻygan baland marralar va ulugʻ rejalar toʻliq roʻyobga chiqsin!

Muhtaram yurtdoshlar!

Navroʻz – yoshlik va shijoat ayyomidir.

Hayotga katta orzu-umidlar bilan kirib kelayotgan yoshlarimiz Yangi Oʻzbekistonning ilgʻor va qudratli kuchiga aylanib borayotganiga barchamiz guvohmiz.

Azmu shijoatli, isteʼdodli farzandlarimizning dadil va mardona harakatlari butun dunyoda katta aks-sado berayotgani bizni benihoya quvontiradi.

Bugun mamlakatimizdagi yuqori texnologik korxonalarni boshqarayotganlar – asosan bilimli va malakali yoshlarimizdir.

Tadbirkorlik rivojiga yangi kuch va shiddat berayotgan ham aql-idrokli, sergʻayrat va ishbilarmon oʻgʻil-qizlarimizdir.

Sarhadlarimizda doimo sergak turgan askar va ofitserlar ham mard va jasur oʻgʻlonlarimizdir.

Ilm-fan, madaniyat, adabiyot va sanʼat sohalarida Vatanimizni dunyoga tarannum etayotganlar ham yoshlardir.  

Xususan, yurtimizni jahonga mashhur qilishda yosh sportchilarimizning alohida oʻrni va hissasi bor.

Xalqimizga har tomonlama munosib boʻlgan bunday navqiron avlodimizga shon-sharaflar boʻlsin!

Aziz farzandlarim, sizlar Vatanimiz osmonida yorqin yulduzlar boʻlib porlaydigan vaqt keldi.

Bu ulugʻ maqsad yoʻlida mana shu Navroʻz faslida tavallud topgan  Abduxoliq Gʻijduvoniy, Bahouddin Naqshband, Mirzo Ulugʻbek, Zulfiyaxonim, Ozod Sharafiddinov, Abdulla Oripov kabi mutafakkir zotlar sizlar uchun chinakam ibrat namunasidir.  

Yurtimizdagi beqiyos imkoniyatlarni amaliy natijalarga aylantirish uchun tinimsiz harakat qiling!

Qayerda boʻlmang, qaysi sohada ishlamang, milliy qadriyatlarimizga, oʻzligimizga, Vatanimizga munosib va sodiq boʻling!

Hech qachon unutmangki, ortingizda salkam 38 millionlik buyuk xalq, Prezident turibdi. 

Sizlarga doimo omad va zafarlar yor boʻlsin!

Hurmatli bayram ishtirokchilari!

Navroʻzning betakror sehru jozibasi, eng avvalo, toʻqqiz yarim mingga yaqin mahallamizda oʻtkazilayotgan xalq sayillarida, bayram tantanalarida oʻz ifodasini topadi.

Koʻp ming yillik anʼanalar va zamonaviy qadriyatlarimizni oʻzida mujassam etgan mahalla tizimining hayotimizdagi oʻrni va taʼsiri tobora ortib bormoqda.

Ayniqsa, turli muammo va masalalarni mahallaning oʻzida hal etayotganimiz islohotlarimiz xalqchilligi va natijadorligini keskin oshirmoqda.

Zero, yoshlar tarbiyasi, osoyishtalikni taʼminlash, kambagʻallikni qisqartirish, aholini tadbirkorlikka jalb etish, ijtimoiy himoya va xotin-qizlar faolligini kuchaytirish, ekologiya va obodlik kabi biri-biridan muhim vazifalar mahalla yettiligi tizimi orqali samarali yechim topmoqda.

Maʼlumki, bu yil yurtimizda mahalla raislari saylovlari boʻlib oʻtadi.

Xalqimiz ushbu masʼuliyatli jarayonda  fidoyi va vatanparvar yurtdoshlarimiz uchun ovoz beradi, deb ishonaman.

Mahallalarni har tomonlama rivojlantirish bundan buyon ham eʼtiborimiz markazida boʻladi.

Fursatdan foydalanib, ertaga – 22 mart kuni mamlakatimizda keng nishonlanadigan Mahalla tizimi xodimlari kuni bilan barcha yurtdoshlarimizni, mahalla faollarini samimiy tabriklab, ularning sharafli faoliyatida ulkan yutuqlar tilayman.

Qadrli vatandoshlar!

Navroʻz azaldan xalqimizning milliy va umumbashariy qadriyatlarga, dunyoviy davlat tamoyillariga, bagʻrikenglik, chin doʻstlik va hamkorlik gʻoyalariga sodiqligining yaqqol ramzidir.

Bu ayyom yurtimizdagi barcha millat va elat vakillari uchun sevimli, tom maʼnoda umumxalq bayramiga aylangan.

Mana shu quvonchli lahzalarda butun xalqimizga murojaat qilib aytmoqchiman:

bizning kuchimiz – birlik va ahillikda,

qudratimiz – Vatanga mehr va sadoqatda,

yutugʻimiz – oʻzimizga boʻlgan yuksak ishonchimizda!

Navroʻz Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan xalqaro bayram sifatida eʼtirof etilgani bizga alohida mamnuniyat bagʻishlaydi.

Navroʻzi olam hozirgi kunda barcha elu elatlarni, jumladan, Markaziy Osiyo xalqlarini yanada jipslashtirmoqda.

Bugungi imkoniyatdan foydalanib, bepoyon mintaqamizda yashayotgan jamiki sof niyatli insonlarni el-yurtimiz nomidan qizgʻin tabriklayman.

Tom maʼnoda doʻstlik, qardoshlik va hamkorlik makoniga aylanayotgan mintaqamiz hamisha tinch boʻlsin, hamisha gullab-yashnasin!

Shu oʻrinda mintaqamizning hurmatli ziyolilari, ilm-fan, madaniyat, sanʼat va adabiyot namoyandalariga murojaat qilib aytmoqchiman.

Aziz doʻstlar, sizlar noyob isteʼdodingiz, aql-tafakkuringiz bilan azaliy qardoshligimizni, mushtarak qadriyat va urf-odatlarimizni, ezgu intilishlarimizni tarannum etadigan asarlar yaratib, yoshlarimizni ayni shu ruhda tarbiyalashga hissa qoʻshsangiz, xalqlarimiz sizlardan albatta minnatdor boʻladi.

Bunday barkamol ijod namunalari bugungi tahlikali davrda ellarimiz, ayniqsa, yosh avlodlarimizga mustahkam maʼnaviy qalqon boʻlib xizmat qilishi shubhasiz.

Shu oy oxirida qadimiy Xoʻjand shahrida Oʻzbekiston, Tojikiston va Qirgʻiziston yetakchilarining uch tomonlama uchrashuvi mana shu yoʻlda yana bir amaliy qadam boʻladi, deb ishonaman.

Fursatdan foydalanib, bugungi bayramimizda ishtirok etayotgan xorijiy davlatlarning muhtaram elchilarini, barcha diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillarini XALQARO Navroʻz kuni bilan samimiy qutlaymiz.

Mamlakatlaringiz va xalqlaringizga doʻstlik salomini yoʻllaymiz.

Muhtaram vatandoshlar!

Ushbu unutilmas, dilbar lahzalarda siz, azizlarni, barcha-barcha yurtdoshlarimizni Navroʻz bayrami bilan yana bir bor qutlayman.

Har bir xonadonga, butun yurtimizga tinchlik, baxtu saodat va fayzu baraka tilayman!

Qadriyatlaring boqiy boʻlsin, Navroʻz!

Navroʻzi olam muborak boʻlsin!

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.