Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Navroʻz umumxalq bayramiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqi

0
35
marta koʻrilgan.

Assalomu alaykum, aziz va muhtaram vatandoshlar!

Uzoq-yaqindan tashrif buyurgan hurmatli mehmonlar!

Siz, qadrdonlarimni, koʻpmillatli butun Oʻzbekiston xalqini barchamiz sogʻinib kutgan Navroʻzi olam bilan samimiy muborakbod etishdan baxtiyorman.

Bugun fasllar almashib, yeru koʻkda ilohiy moʻjizalar yuz bermoqda. Yangi kun, yangi mavsum, yangi hayot nafasi boshlanmoqda. Tabiat uygʻonishi bilan zimiston kechalardan zerikkan koʻngillar yasharib-yayramoqda.

Albatta, bugungi shodiyona bayramni el-yurtimiz bilan muazzam “Yangi Oʻzbekiston bogʻi”da oʻtkazishni niyat qilgan edik. Lekin hammamiz koʻrib turibmiz – soʻnggi kunlarda havo sovib, harorat biroz pasayib qoldi. Bugun obi rahmat yomgʻirlari bilan osmondan rizqu roʻz, qut-baraka yogʻmoqda. Hammamiz bu holatni shukronalik bilan qabul qilamiz.

Mana shu muhtasham saroyda turib, barcha-barchangizga eng ezgu va samimiy tilaklarimni izhor etishga ijozat bergaysiz.

Xush kelibsan yurtimizga, goʻzal Navroʻz!

Olam sen bilan nurga toʻlsin!

Sharqona Yangi yil hammamizga muborak boʻlsin!

Qadrli doʻstlar!

Mana shu quvonchli kunlarda ona zaminimiz, jonajon Oʻzbekistonimiz bamisoli ulkan va muhtasham bir sayilgohga aylanmoqda. Fargʻona vodiysiyu Surxon va Qashqadaryo togʻlarida, Xorazm va Qoraqalpoq diyorida, Samarqandu Buxoro, Navoiyning goʻzal bogʻlarida, Jizzaxu Sirdaryo kengliklarida, Toshkent vohasining yam-yashil adirlarida, azim poytaxtimiz maydonlarida el-yurtimiz sayil-tomoshalar oʻtkazib, Navroʻzni shodu xurramlik bilan kutib olmoqda.

Navroʻzi olam falsafasi bizning orzu-intilishlarimiz, amaliy ishlarimiz bilan uzviy bogʻlanib ketganini bugun har qadamda yaqqol koʻrish mumkin. “Yangi hayot uchun, Yangi Oʻzbekiston uchun!” degan ezgu gʻoya atrofida birlashgan xalqimizning oliyjanob mehnati bilan mamlakatimizda yangi-yangi zamonaviy korxonalar, shinam uy-joylar, ijtimoiy va madaniy obyektlar, yoʻl va koʻpriklar, bogʻ va xiyobonlar barpo etilmoqda. Yurtimiz qiyofasi kundan-kunga obod va goʻzal boʻlib bormoqda.

Inson qadrini ulugʻlash, uning hayotiy manfaatlari va ijtimoiy himoyasini taʼminlash, ehtiyojmand aholi qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash, millati, tili va dinidan qatʼi nazar, har bir yurtdoshimizga mehr va eʼtibor koʻrsatish faoliyatimiz mezoniga aylanmoqda.

Mamlakatimizdagi doʻstlik va hamjihatlik muhiti, yaxshi qoʻshnichilik, tinchliksevar tashqi siyosat tufayli xalqaro maydonda Oʻzbekistonimizning obroʻ-eʼtibori yuksalmoqda.

Navroʻzi olamning insonparvarlik, tinchlik va bagʻrikenglik kabi qadriyatlariga uygʻun va hamohang bunday ishlarimizni biz kelgusida yanada kengaytiramiz.

Muhtaram yurtdoshlar!

Navroʻzi olam bizni butun borliqni, avvalambor, yer va suv, hayvonot va oʻsimlik dunyosini, sof havoni asrab-avaylab, ona tabiatga mehribon farzand boʻlib yashashga daʼvat etadi.

Ana shunday ezgu chorlovga javoban bugungi kunda yurtimizda ulkan ishlar amalga oshirilmoqda, Navroʻz hasharlari oʻtkazilmoqda. Jumladan, “Yashil makon” loyihasi doirasida millionlab mevali va manzarali koʻchatlar ekilmoqda, yangi bogʻu rogʻlar barpo etilmoqda.

Qadimiy qoʻshiqlarimizda Navroʻz xazinalar ochiladigan baraka ayyomi, deb tarannum etiladi.

Mana, bugun mirishkor dehqon va fermerlarimiz, bogʻbon va chorvadorlarimiz yangi mehnat mavsumini boshlamoqda.

Ilohim, bobodehqonlarimizning omadini, baxtini bersin!

Daryolarimiz suvga toʻlib, hosilimiz moʻl boʻlsin!

Aziz doʻstlar!

Yoshlik – inson umrining bahori, uning Navroʻz bayramidir. Yoshlik – odamzod kamolot osmonida yulduzdek charaqlaydigan bebaho davrdir.

Yangi Oʻzbekiston farzandlari – yuzlab, minglab oʻgʻil-qizlarimiz turli sohalardagi yutuqlari bilan bu fikrni amalda isbotlamoqdalar. Ularning kuch-gʻayrati, ezgu harakatlariga qanot berish maqsadida biz joriy yilni mamlakatimizda “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili” deb eʼlon qildik.

Chunki doimo izlanish, tashabbus va yangilikka, oʻzligini namoyon etishga intilish yoshlik va tadbirkorlikka xos fazilatlar hisoblanadi.

Bu haqda gapirganda, bir fikrga alohida urgʻu berishni istardim. Tadbirkorlik, ishbilarmonlik azal-azaldan xalqimizning qonida, ongu tafakkurida yashab kelmoqda. El-yurtimiz qadim zamonlardayoq qoʻli gul usta va hunarmandlari, mirishkor dehqonlari, yetti iqlimni kezgan savdogarlari, noyob mahsulotlari va noz-neʼmatlari bilan butun dunyoga dong taratgan.

Bugungi kunda Oʻzbekistonda yangi tadbirkorlar avlodi ana shu anʼanani munosib davom ettirib, dadil maydonga chiqmoqda. Eng muhimi, biznes sohasi nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy hayotimizda ham hal qiluvchi kuchga aylanmoqda.

Biz ishbilarmonlik muhiti rivoji uchun yanada keng imkoniyatlar yaratib beramiz. Joriy yilda qabul qilingan davlat dasturidagi maqsadlarga 36,5 trillion soʻm va 460 million dollar mablagʻ yoʻnaltirish belgilangani ham bu fikrni tasdiqlaydi.

Oilaviy tadbirkorlik va oʻzini oʻzi band qilish dasturlari doirasida 50 mingdan ziyod yurtdoshlarimizga Biznesni rivojlantirish banki orqali zarur moliyaviy va moddiy yordam koʻrsatiladi. Jumladan, ularga garov talabisiz 100 million soʻmlik imtiyozli kreditlar ajratiladi. Bundan tashqari, oʻrta biznes vakillariga 1,5 milliard soʻmgacha boʻlgan imtiyozli kreditlar 7 yil muddatga beriladi. Umuman, joriy yilda barcha turdagi tadbirkorlik dasturlari doirasida 2 millionga yaqin aholiga moliyaviy koʻmak koʻrsatiladi.

Muxtasar aytganda, Yangi Oʻzbekistonni tadbirkorlik va biznes uchun eng qulay va jozibador mamlakatlardan biriga aylantirish yoʻlida yangi amaliy qadam qoʻyamiz.

Bugungi kunda yurtimiz yoshlari xalqaro fan olimpiadalarida, madaniyat va sanʼat, IT va sport yoʻnalishlaridagi nufuzli tanlov va festivallarda faol ishtirok etib, gʻolib va sovrindor boʻlib kelayotganlari barchamizni quvontiradi.

Birgina misol. Navqiron sportchilarimiz oʻtgan yili Osiyo oʻyinlarida 22 ta oltin, 18 ta kumush, 31 ta bronza medalini qoʻlga kiritib, Oʻzbekistonning ushbu musobaqalardagi rekordini yangiladilar.

Xabaringiz bor, yaqinda mashhur shaxmat grossmeysteri – Nodirbek Abdusattorov Praga xalqaro turnirida muddatidan oldin gʻalaba qozonib, jahondagi eng kuchli toʻrtta shaxmatchining biriga aylandi.

Kelinglar, shu ulugʻ ayyom kunda barchamiz astoydil niyat qilaylik: Nodirbekka tez kunlarda Vatanimizga jahon shaxmat tojini olib kelish nasib etsin! Sen bunga albatta qodirsan, Nodirbek oʻgʻlim! Butun el-yurtimiz sendan shu buyuk gʻalabani kutmoqda.

Eng quvonarlisi, bunday yuksak marralarni zabt etishda qizlarimiz ham oʻgʻlonlarimizdan qolishmayapti. Xususan, isteʼdodli qizimiz Zaynab Dayibekova qilichbozlik boʻyicha Peruda boʻlib oʻtgan jahon kubogi oʻyinlarida Oʻzbekiston sporti tarixida birinchi marta bronza medalini qoʻlga kiritdi.

Yana bir mahoratli qizimiz Shahina Yigitaliyeva esa Paraosiyo oʻyinlarida nayza otish boʻyicha oltin medalga sazovor boʻlib, mazkur musobaqalar rekordini yangiladi.

Aziz sportchi farzandlarim, sizlarni oldinda gʻoyat muhim va ulkan sinov – Parij Olimpiadasi va Paralimpiya oʻyinlari kutmoqda. Jahonning eng zoʻr sportchilari bellashadigan ana shu musobaqalarda Oʻzbekiston bayrogʻini baland koʻtarib, yurtimizga qoʻsha-qoʻsha medallar, yutuq va sovrinlar olib kelasiz, deb ishonaman.

Barchangizga gʻalaba yor boʻlsin!

Hurmatli bayram ishtirokchilari!

Navroʻzning oʻlmas ruhi ayniqsa mahallalarimiz hayotida yaqqol namoyon boʻlmoqda.

Barchangiz guvohsiz, keyingi ikki-uch oyda bu sohada qanday katta oʻzgarishlar yuz berdi! Mahallani qoʻllab-quvvatlash kengashlari, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi va uning hududiy tuzilmalari tashkil etildi. Hamma soha va yoʻnalishlar boʻyicha “mahalla yettiligi” tizimi samarali faoliyat olib bormoqda.

Albatta, bu tizimni tashkil etganimiz, shu boradagi tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligi va daromadini oshirish, kambagʻallikni qisqartirishga qaratilgan dasturlarimiz zamirida katta hayotiy maʼno bor.

Ana shu ishlarimizni kuchaytirish maqsadida Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida yangi tajriba joriy etilmoqda.

Bu borada ayniqsa tomorqa yerlaridan unumli foydalanish, tomorqa egalarini zarur vosita va resurslar bilan taʼminlash, ular yetishtirgan mahsulotga bozor topib berish uchun koʻmaklashish, har qaysi oila va mahallada kichik-kichik ishlab chiqarishlarni yoʻlga qoʻyish, servis va xizmat turlarini koʻpaytirish asosiy maqsadimizga aylanmoqda.

Oʻzingiz tasavvur qiling, hozirgi vaqtda mamlakatimiz boʻyicha besh yarim millionta xonadonda 510 ming gektar – eʼtibor bering – 510 ming gektar tomorqa yerlari bor. Bu – hali toʻla ishga solinmagan ulkan imkoniyat, katta boylikdir.

Barchamizga ayonki, Oʻzbekiston sharoitida ana shunday imkoniyatlardan foydalanib, astoydil mehnat qilgan odam hech qachon kam boʻlmaydi.

Mana, soʻnggi ikki yilda Oʻzbekistonda kambagʻallik darajasini 17 foizdan 11 foizga tushirishga erishdik. Albatta, bu natijalar oʻz-oʻzidan boʻlayotgani yoʻq. Shu davrda 900 mingga yaqin aholiga qariyb 20 trillion soʻm imtiyozli kredit, 200 mingdan ziyod fuqarolarga 1,5 trillion soʻm subsidiya, qariyb 700 ming oilaga esa dehqonchilik uchun 200 ming gektar yer ajratib berilgani bu borada muhim ahamiyatga ega boʻldi.

Eng asosiysi, tadbirkorlik, jumladan, tomorqadagi mehnat, odamni, ayniqsa, yoshlarni jismoniy va maʼnaviy tarbiyalaydi, ularni oʻz kuchi va imkoniyatiga ishonib yashashga oʻrgatadi.

Taʼkidlab aytmoqchiman: davlatimiz bunday faol insonlarni doimo qoʻllab-quvvatlaydi.

Masalan, xonadonlardagi tomorqada yetishtiriladigan mahsulotlarni sotib oluvchi, qayta ishlovchi, shu mahsulotlarni eksport qiluvchi tadbirkorlarga 300 million soʻmdan 1 milliard soʻmgacha grant beriladi. Bundan tashqari, boʻsh yerlarda sanoatbop daraxtlar oʻstirish, chorvachilik, baliqchilik, parrandachilik, asalarichilik uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratiladi.

Bu chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun mamlakatimiz iqtisodiyot kompleksining barcha rahbar va xodimlari mahalla darajasiga tushib, ishni tashkil etishga masʼul va javobgar boʻladi.

Roʻzai ramazon kunlarida yaxshi niyat bilan Sayxunobodda boshlangan tajriba butun yurtimiz boʻylab keng tarqaladi, deb ishonaman.

Albatta, bu oson ish emas. Lekin, qanchalik qiyin boʻlmasin, oʻz kasbining ustasi va fidoyisi boʻlgan xalqimiz, togʻni ursa talqon qiladigan azamat yoshlarimiz bilan barchamiz birgalikda bu vazifani amalga oshirishga qodirmiz.

Tabiiyki, bu borada fuqarolik jamiyatining noyob namunasi boʻlgan mahalla yetakchi oʻrin tutadi.

Shu bois mahallani qoʻllab-quvvatlash, uni yanada rivojlantirish doimo eʼtiborimiz markazida boʻladi. Chunki, mahalla – bu mehr va ahillik qoʻrgʻonidir. Mahalla – oqkoʻngil, bunyodkor xalqimiz qalbining koʻzgusidir.

Fursatdan foydalanib, 22 mart kuni mamlakatimizda nishonlanadigan Mahalla tizimi xodimlari kuni bilan barcha yurtdoshlarimizni, jonkuyar va fidoyi mahalla faollarini chin yurakdan tabriklab, ularning ishlariga muvaffaqiyat tilaymiz.

Qadrli doʻstlar!

Dunyodagi vaziyat tobora murakkab va tahlikali tus olayotgan hozirgi kunda Navroʻz Yer yuzida turli xalqlar va millatlar oʻrtasida tinchlik va hamkorlikni mustahkamlashdek ezgu maqsadga xizmat qilmoqda.

Bugungi davramizda Oʻzbekistonda faoliyat koʻrsatayotgan diplomatik korpus namoyandalarini koʻrib turganimdan gʻoyat mamnunman. Fursatdan foydalanib, xorijiy davlatlarning muhtaram elchilarini, xalqaro tashkilotlar vakillarini samimiy qutlab, ularning mamlakatlari va xalqlarini 21 mart – Xalqaro Navroʻz kuni bilan muborakbod etib, barchalariga qizgʻin salom va tabriklarimizni yoʻllaymiz.

Bu yilgi Navroʻz bayrami fazilatli Ramazon oyida boʻlib oʻtayotgani uning fayzu tarovatini yanada ziyoda qilmoqda.

Ushbu muborak ayyomda mamlakatimiz moʻmin-musulmonlarini, butun islom ummatini yana bir bor qutlab, ularning chin dildan qilayotgan duolari ijobat boʻlishini Parvardigori olamdan soʻraymiz.

Aziz va muhtaram vatandoshlarim!

Mana shu bahoriy lahzalarda barchamiz ulugʻ ajdodlarimizning tilaklariga qoʻshilib, ilohim, har kunimiz Navroʻzdek goʻzal, Navroʻzdek fayzli va mazmunli boʻlsin, deb niyat qilamiz.

Barchangizga sihat-salomatlik, yangi yutuq va zafarlar, oilaviy baxt va farovonlik tilayman.

Yurtimiz tinch, xalqimiz omon boʻlsin!

Navroʻzi olam barchamizga muborak boʻlsin!

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.