Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Navroʻz umumxalq bayramiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi tabrik nutqi

0
62
marta koʻrilgan.

Assalomu alaykum, aziz vatandoshlar!

Muhtaram mehmonlar!

 

Mana shu goʻzal va hayajonli damlarda muazzam “Yangi Oʻzbekiston” bogʻida turib, siz, qadrdonlarimni, koʻpmillatli butun xalqimizni ulugʻ ayyom – Navroʻz bayrami bilan samimiy tabriklayman.

Bugun bepoyon Vatanimizning voha va vodiylari, shahar va qishloqlari, bogʻ va maydonlarida el-yurtimiz katta shodu xurramlik bilan Navroʻz sayillarini oʻtkazmoqda.

Qalblarimiz quvonchga toʻlib turgan ushbu dilbar lahzalarda keksayu yosh jamiki yurtdoshlarimizni chin dildan qutlab, barchangizga oʻzimning yuksak hurmatim va eng ezgu tilaklarimni izhor etaman.

Sharqona yangi yilimiz muborak boʻlsin!

Navroʻzi olamning qadami qutlugʻ kelsin!

Qadrli doʻstlar!

Bugun jonajon yurtimizga goʻzallik va nafosat, yasharish va yangilanish, mehr va oqibat bayrami – Navroʻz kirib kelar ekan, dala va qirlarimiz, bogʻ va yaylovlarimiz koʻklam yomgʻirlari – obirahmatdan bahramand boʻlib, boʻlgʻusi moʻl hosil, qut va barakadan darak bermoqda.

Har bir inson oʻzining tabiat farzandi ekanini yanada chuqur anglayotgan mana shunday munavvar ayyomga el-yurtimiz bilan sogʻ-omon yetganimiz uchun, avvalo, Yaratganimizga behad shukronalar aytamiz.

Hurmatli bayram ishtirokchilari!

Biz bugun yurtimizda Yangi Oʻzbekistonni – inson erkin, ozod va farovon yashaydigan jamiyat va davlatni barpo etish yoʻlida fidokorona mehnat qilmoqdamiz.

Yangi Oʻzbekiston gʻoyasi – bu 36 millionli katta xalqimizning azmu qarori, uning hayot mazmunidir.

Bu olijanob maqsad Navroʻzi olam falsafasi va qadriyatlari bilan gʻoyat uygʻun va hamohangdir.

Inson qadrini ulugʻlash, har bir fuqaroning haq-huquqlari, qonuniy manfaatlarini amalda taʼminlash, barcha shahar va tumanlar, olis va chekka hududlar aholisi uchun munosib sharoit yaratib berish, oddiy qilib aytganda, xalqimizni rozi qilish – mana, bizning bosh maqsadimiz.

Shu ezgu yoʻlda iqtisodiyotimiz va ijtimoiy sohalarni har tomonlama rivojlantirish, ilm-fan, taʼlim va tarbiya, sogʻliqni saqlash, madaniyat va sanʼat, sogʻlom turmush tarzi va sport, ona tabiatni asrash kabi yoʻnalishlarda boshlagan katta-katta dasturlarimizni jadal davom ettiramiz.

Hayotimizni yanada goʻzal va obod qilishda biz moʻtabar otaxon va onaxonlarimizdan, ularning dono maslahatlari va duoi fotihalaridan kuch-quvvat olamiz.

Milliy taraqqiyotimizni yangi bosqichga koʻtarish yoʻlida mardona mehnat qilayotgan hurmatli aka-ukalarimiz, aziz opa-singillarimizga – butun xalqimizga ishonamiz va tayanamiz.

Shu qutlugʻ ayyomda sizlarning har biringizga Vatan ravnaqi yoʻlida qilayotgan munosib xizmatingiz uchun qoʻlimni koʻksimga qoʻyib, chin yurakdan tashakkur bildiraman.

Siz, azizlar oldimizda turgan muhim siyosiy tadbirda ham yuksak siyosiy tafakkur va madaniyatingizni namoyon etib, erishgan yutuqlarimiz va  islohotlarimizni qatʼiy davom ettirish uchun mustahkam huquqiy asos yaratishga oʻz hissangizni qoʻshasizlar, deb ishonaman.

Mana shu betakror lahzalarda koʻklamning har bir kuni, har bir soatini gʻanimat bilib, dalasiga yoʻl olayotgan mirishkor dehqon va fermerlarimizga eng ezgu tilaklarimizni bildiramiz.

Bugun katta orzu-umidlar bilan saflarimizga kirib kelayotgan navqiron oʻgʻil-qizlarimizni – Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlarini barchamiz samimiy olqishlab, ularga baxt va omad tilaymiz.

Men bir fikrni takror va takror aytishdan charchamayman – har tomonlama sogʻlom va barkamol, bilimli va sergʻayrat yoshlarimiz eng yuksak marralarni egallashlari uchun biz barcha imkoniyat va sharoitlarni yaratib beramiz.

Aziz farzandlarimiz el-yurtimiz ishonchini oqlab, katta-katta gʻalabalarga erishayotgani barchamizni cheksiz quvontiradi.

Kuni kecha futbol boʻyicha Oʻzbekiston yoshlar terma jamoasi qizgʻin bellashuvlarda mustahkam iroda va mahorat namunasini koʻrsatib, Osiyo chempioni degan yuksak sharafli nomga sazovor boʻldi.

Ayni paytda ular Indoneziyada boʻlib oʻtadigan jahon chempionatida qatnashish huquqini ham qoʻlga kiritdilar.

Shu bilan birga, Oʻzbekiston yoshlari xokkey boʻyicha oʻn sakkiz yosh toifasida barcha raqiblarni ortda qoldirib, Osiyo chempionligini qoʻlga kiritdilar.

Mamlakatimiz sport tarixida ilk bor mana shunday katta zafar qozongan yosh xokkeychilarimizga har qancha tahsinlar aytsak, arziydi.

Ayniqsa, iqtidorli hujumchimiz Jasurbek Rustamxonov musobaqa davomida oʻn toʻrtta gol urib, chempionatning haqiqiy qahramoniga aylandi.

Shuningdek, yurtimiz yosh shaxmatchilarining yuksak intellektual salohiyati dunyo boʻylab tillarda doston boʻlmoqda, desak, aslo mubolagʻa boʻlmaydi.

Yaqinda Toshkentda xotin-qizlar oʻrtasida oʻtkazilgan xalqaro turnirda isteʼdodli shaxmatchi qizimiz Nilufar Yoqubboyeva 100 dan ortiq xorijiy ishtirokchilar qatnashgan musobaqada faxrli ikkinchi oʻrinni qoʻlga kiritganini alohida taʼkidlab aytmoqchiman.

Mana shunday umidbaxsh yutuqlari bilan azmu shijoatli farzandlarimiz yurtimiz yoshlari qanday ulkan ishlarga qodir ekanini yana bir bor yaqqol namoyon etdilar.

Shu kabi gʻoyat muhim yutuqlarga yoshlarimiz ilm-fan, madaniyat va sanʼat, adabiyot sohalarida ham erishib kelmoqdalar.

Shu munosabat bilan yosh chempion va sovrindorlarimizni, ularning ustoz va murabbiylari, ota-onalarini, barcha sport muxlislarini, butun xalqimizni chin qalbimdan tabriklayman.

Bu, hech shubhasiz, azamat yoshlarimizning el-yurtimizga haqiqiy Navroʻz sovgʻasi boʻldi.

Yangi Oʻzbekistonga albatta mana shunday gʻalabalar yarashadi.

Yangi Oʻzbekistonga millionlab tengdoshlariga oʻrnak va namuna boʻladigan mana shunday vatanparvar, qahramon yoshlar kerak.

Oʻz davrida jahonni lol qoldirgan buyuk ajdodlarimizning munosib davomchilari boʻlgan bunday yoshlarimiz bilan xalqimiz, Vatanimiz haqli ravishda faxrlanadi.

Katta rahmat sizlarga, aziz farzandlarim! 

Hayot yoʻllaringizda barchangizga doimo yangi omad va zafarlar yor boʻlsin!

Muhtaram vatandoshlar!

Mir Alisher Navoiy bobomizning olam ahliga, biz – avlodlarga qarata “Har kuning Navroʻz boʻlsin!” deb aytgan tilaklarini hammamiz yaxshi bilamiz.

Shu maʼnoda, keksalarga hurmat, kichiklarga izzat koʻrsatish, yordam va koʻmakka muhtoj kishilarni qoʻllab-quvvatlash, bemorlarning dardiga darmon boʻlish kabi xalqimizga xos savobli amallarni nafaqat Navroʻz ayyomida, balki har kuni, vijdon amri bilan ado etishimiz lozim.

Bugun biz barpo etayotgan ijtimoiy va xalqparvar davlatda mehr-shafqat, saxovat va himmat, oʻzaro hurmat va hamjihatlik hayotimiz qoidasiga aylanishi zarur.

Men barchangizni, avvalambor, rahbar va mutasaddilarni shu borada yanada faol va samarali harakat qilishga daʼvat etaman.

Toki azaldan “odamiylik diyori” deb shuhrat qozongan Vatanimizda har bir inson xalqimiz va davlatimizning mehri va eʼtiborini toʻla his qilib yashasin.

Qadrli doʻstlar!

Bu yilgi xosiyatli Navroʻz fasli yurtimizga koʻplab quvonchli voqealar, qoʻshaloq bayramlarni boshlab kelmoqda.

Shu kunlarda barchamiz yana bir qutlugʻ va fazilatli oy – muqaddas Ramazoni sharif arafasida turibmiz.

Bugungi imkoniyatdan foydalanib, yurtimiz musulmonlarini, butun islom ummatini ana shu tabarruk ayyom bilan chin qalbimdan muborakbod etaman. 

Ushbu ilohiy oyda qiladigan xayrli amallarimiz qabul boʻlib, ezgu va pok niyatlarimiz ijobat topishini tilayman.

Ayni vaqtda mamlakatimizda ertaga nishonlanadigan Mahalla tizimi xodimlari kuni bilan ham barchangizni qutlayman.

Mustaqillik yillarida Navroʻzi olam diyorimizdagi barcha millat va elat vakillarini yagona va ahil oila etib birlashtiradigan doʻstlik va nafosat bayramiga aylanganini biz yuksak qadrlaymiz.

Bunday noyob va bebaho boyligimizni hamisha koʻz qorachigʻiday asrab-avaylaymiz.

Tinchlik va bagʻrikenglik elchisi boʻlgan bu ayyom – 21 mart Birlashgan Millatlar Tashkiloti qarori bilan Xalqaro Navroʻz kuni sifatida keng nishonlab kelinayotgani albatta barchamizni xursand qiladi.

Fursatdan foydalanib, bizga hurmat koʻrsatib, bugungi sayil-shodiyonamizda ishtirok etayotgan xorijiy davlatlarning muhtaram elchilarini, xalqaro tashkilotlar vakillarini chin dildan qutlab, ularning mamlakatlari va xalqlariga samimiy salom va ezgu tilaklarimizni yoʻllaymiz.

Aziz va muhtaram vatandoshlarim!

Barchangizni, butun xalqimizni Navroʻz umumxalq bayrami bilan yana bir bor tabriklayman.

Fasli navbahor har bir oila, har bir mahallaga, elu yurtimizga tinchlik va farovonlik, baxtu saodat olib kelsin!

Barcha ezgu ishlarimizda Yaratganning oʻzi madadkor boʻlsin!

Yurtimiz tinch, xalqimiz omon boʻlsin!

Navroʻzi olam barchamizga muborak boʻlsin!

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.