Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Navroʻz umumxalq bayramiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi tabrik nutqi

0
188
marta koʻrilgan.

Assalomu alaykum, qadrli vatandoshlar!

Hurmatli mehmonlar!

Avvalo, siz, azizlarni, koʻpmillatli butun xalqimizni sharqona yangi yil – Navroʻz bayrami bilan chin yurakdan samimiy tabriklayman.

Barchangizga tinchlik-omonlik, sihat-salomatlik, baxtu saodat va ulkan yutuqlar tilayman.

Bugungi fayzli damlarda chet ellardagi vatandoshlarimizni ham Navroʻz ayyomi bilan qutlab, ularga chuqur hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.

Muhtaram doʻstlar!

Biz bahor, yasharish va yangilanish fasli – Navroʻzi olamni hamisha orziqib, intizorlik bilan kutamiz.

Ammo, bu galgi sogʻinchimiz cheksiz, desam, oʻylaymanki, sizlar ham mening fikrimga qoʻshilasiz.

Chunki, koronavirus pandemiyasi tufayli biz keyingi ikki yilda ushbu ardoqli bayramni xalqimiz kutganidek yuksak darajada nishonlay olmadik.

Mana, nihoyat, Navroʻz bayramini yana keksayu yosh barchamiz birgalikda katta shodu xurramlik bilan qarshi olmoqdamiz.

Bugun Navroʻz bayramini Siz azizlar bilan mana shu muhtasham “Humo” saroyida oʻtkazayapmiz.

Chunki, barchangiz koʻrib turibsiz – soʻnggi haftada yurtimizda havo sovib, yogʻingarchilik yuz bermoqda.

Ammo hammamiz yaxshi tushunamizki, shu kunlarda osmondan yomgʻir emas, obi rahmat yogʻmoqda, qut-baraka bilan rizqu roʻz yogʻmoqda. Buning uchun Yaratganga har qancha shukronalar aytsak arziydi.

Buyuk alloma Hakim Termiziy bobomiz oʻzining “Navroʻznoma” kitobida “Navroʻzi olam dushanba kuni kirsa, yomgʻir, qor yogʻadi, dehqonchilik, hosil moʻl boʻladi – yil toʻqchilikda oʻtadi”, deb yozganlar.

Bu fikrlar bugun – ayni dushanba kuni Navroʻzni kutib olayotgan el-yurtimizning ezgu orzu-niyatlari bilan uygʻun va  hamohang desak, har tomonlama toʻgʻri boʻladi.

Hurmatli bayram ishtirokchilari!

Biz mamlakatimizda boshlagan ulkan islohotlarimizni davom ettirish maqsadida Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi hamda “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili” dasturini qabul qildik.

Mehnatkash va olijanob xalqimiz milliy rivojlanishning yangi davriga ulugʻvor maqsad va amaliy ishlar bilan kirib bormoqda.

Buning tasdigʻini biz bugun har bir oila, har bir mahalla, qishloq va ovullar, shaharlarimiz misolida yaqqol koʻrishimiz mumkin.

Yurtimizda yuzlab zamonaviy korxonalar, yoʻl va kommunikatsiya tarmoqlari, shinam turar-joylar, yangi bogʻcha va maktablar, oliygohlar hamda madaniyat maskanlari, tibbiyot va sport inshootlari barpo etilmoqda. Barcha hududlarimizda “Yangi Oʻzbekiston” bogʻlari, “Yangi Oʻzbekiston” massivlari bunyod qilinmoqda.

“Obod mahalla” va “Obod qishloq” dasturlari qatorida  butun mamlakatimiz boʻylab “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilmoqda.

Ushbu bektakror ayyomda Navroʻzning olijanob qadriyatlaridan kuch-quvvat va ilhom olgan xalqimiz  mahallalarda hasharlar qilib, koʻchat va gullar ekib, yangi-yangi  bogʻ-rogʻlar, sayilgohlar yaratmoqda.

Aytish mumkin-ki, ayni paytda butun mamlakatimiz bayram kayfiyati va bunyodkorlik ruhi bilan yashamoqda.

Qadrli doʻstlar!

Maʼlumki, dunyoda turli bayramlar, qutlugʻ sanalar koʻp. Lekin inson qadri va shaʼnini ulugʻlashda Navroʻz ayyomi alohida oʻrin tutadi, desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.

Navroʻzi olam bizni tabiat farzandi boʻlib, Vatan tuprogʻini, ona zamindagi har bir giyohni koʻzimizga toʻtiyo qilib yashashga oʻrgatadi.

Navroʻz hammamizga insoniylik, mehr-oqibat va bagʻrikenglik fanidan saboq beradi.

Shu fayzli lahzalarda barchamiz tinchlik va osoyishtalik naqadar bebaho neʼmat ekanini, uning qadr-qimmati va ahamiyatini yaxshi anglaymiz.

Bugungi murakkab dunyoda xalqimiz hayotini, farzandlarimiz kelajagini, musaffo osmonimizni asrab-avaylash uchun har birimiz masʼul va javobgar ekanimizni yanada chuqurroq his etamiz.

Navroʻz bayrami mamlakatimizda yashayotgan, millati, tili va dinidan  qatʼi nazar, barcha vatandoshlarimiz uchun umumxalq bayramiga, eng sevimli va ardoqli ayyomga aylangani bilan  cheksiz faxrlanamiz.

Ayni shu kunlarda bagʻrikeng diyorimizda millatlararo doʻstlik, oʻzaro hurmat, saxovat va muruvvat tuygʻulari yaqqol namoyon boʻlmoqda.

Inson qadrini ulugʻlashga qaratilgan ezgu ishlarimiz doirasida keng jamoatchilik uyma-uy yurib, bemorlar, keksa va nogironlarga, koʻmakka muhtoj oilalarga mehr-oqibat, amaliy yordam koʻrsatmoqda.

Biz, barcha havas qiladigan bunday boqiy urf-odatlarimizni koʻz qorachigʻidek asrab, aziz farzandlarimizni mana shunday yuksak odamiylik ruhida tarbiyalashni davom ettirishimiz lozim.

Ushbu imkoniyatdan foydalanib, Xalqaro Navroʻz kuni munosabati bilan barcha xorijiy doʻstlarimiz va hamkorlarimizni, bugungi bayramimizda ishtirok etayotgan diplomatik korpus vakillarini ulugʻ ayyom bilan tabriklab, ularning mamlakatlari va xalqlariga tinchlik, farovonlik va ravnaq tilaymiz.

Aziz yurtdoshlar!

Ertaga yurtimizda yana bir qutlugʻ bayram – Mahalla kuni keng nishonlanadi. Mahalla biz uchun Vatan ichra kichik vatandir.

Shu bois, biz inson qadrini mahalla bilan uygʻun holda tasavvur etamiz. Mahalla tinch boʻlsa – butun yurtimiz tinch boʻladi. Mahalla obod boʻlsa, butun mamlakatimiz farovon boʻladi.

Ayni shu sababli, hayotimizda mahallaning oʻrni va nufuzini oshirish, uning vakolat va imkoniyatlarini kengaytirishga alohida ahamiyat qaratmoqdamiz.

“Mahallabay” ishlash asosida aholining yashash sharoitlarini, hayot darajasi va sifatini yaxshilash, odamlarimizning sogʻligʻini asrash, ijtimoiy muammolarni yechish, xotin-qizlar va yoshlarni zamonaviy kasb-hunarlarga oʻqitish, ularni ish oʻrinlari va uy-joy bilan taʼminlash, ehtiyojmand oilalarni qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlarimiz  yangi bosqichga chiqmoqda.

Doimo el-yurt xizmatida boʻlish, uning tashvish va muammolari  bilan yashash,  barcha darajadagi rahbar va mutasaddilar uchun faoliyat mezoniga aylanmoqda.

Fursatdan foydalanib, aholining ogʻirini yengil, mushkulini oson qilish maqsadida astoydil xizmat qilayotgan barcha-barcha insonlar – mahalla raislari va faollarini, muhtaram nuroniylar va xalq noiblarini, kayvoni opa-singillarimizni, hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilarini samimiy tabriklab, ularga yangi zafarlar va omadlar tilayman.

Aziz doʻstlar!

Mana shu barakali kunlarda rizqu nasibamiz bunyodkori boʻlgan mirishkor dehqon va fermerlarimiz, sohibkor bogʻbon va choʻponlarimiz yaxshi kayfiyat va ezgu niyatlar bilan qadrdon dalalari va bogʻlari, yashil yaylovlari tomon yoʻl olmoqdalar.

Ularning barchasini chin dildan qutlab, yangi mavsumda ishlariga rivoj va omadlar tilab, hosilimiz moʻl, xirmonlarimiz baland boʻlsin, deb pok niyatlar qilamiz.

Hurmatli yurtdoshlar!

Navroʻz va yoshlik tushunchalari bir-biriga bagʻoyat yaqin va mushtarakdir.

Bugun azmu shijoatli millionlab farzandlarimizga gʻurur bilan qarar ekanmiz, bu haqiqatga takroran ishonch hosil qilamiz.

Mana shu hayajonli daqiqalarda, ezgu orzu-intilishlar bilan hayotga kirib kelayotgan yosh avlodimizga – aziz bolalarimga murojaat qilib aytmoqchiman:

Qadrli oʻgʻil-qizlarim, sizlar mustaqil, erkin va obod Vatan bagʻrida voyaga yetmoqdasiz. Bu, hech shubhasiz, bebaho boylik va katta baxt, ayni vaqtda cheksiz masʼuliyatdir.

Nega deganda, ota-onalar, ustozlaringiz boshlagan ulkan ishlarni ertaga aynan sizlar davom ettirasiz.

Bu ulugʻ vazifaga hozirdan tayyor boʻlishingiz, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallashingiz, muqaddas Vatanimizni koʻz qorachigʻidek asrashingiz, unga hamisha sodiq boʻlib yashashingiz zarur.

Doimo yodingizda boʻlsin – biz intilayotgan yuksak marralarga, hech qachon oʻz-oʻzidan, osonlik bilan erishib boʻlmaydi.

Yangi Oʻzbekistonni, Uchinchi Renessansni xalqimizning buyuk qudratidan kuch olib, bugungi va ertangi avlodimiz bunyod etadi.

Sizlar boʻlgʻusi Xorazmiy va Fargʻoniylar, Beruniy va Ibn Sinolar, Ulugʻbek va Navoiylar, Boburlar sifatida Vatanimiz shonu-shuhratini butun dunyoga, albatta, tarannum etasizlar.

Ilm va hunar oʻrganishdan, kamolot sari parvozdan aslo toʻxtamang. Doimo oldinga, yuksak choʻqqilarga intiling, aziz farzandlarim!

Muhtaram yurtdoshlarim, qadrdonlarim!

Mana shu qutlugʻ ayyomda siz, azizlarni, butun xalqimizni Navroʻz bayrami bilan, yana bir bor, chin qalbimdan muborakbod etaman.

Navroʻzi olam har bir inson, har bir oilaga tinchlik-xotirjamlik, yaxshilik va fayzu baraka olib kelsin!

Muhtaram otaxon va moʻtabar onaxonlarimizning umrlari ziyoda boʻlsin!

Mehribon opa-singillarimizning ezgu tilaklari roʻyobga chiqsin!

Aziz farzandlarimizning baxtu iqbolini bersin!

Jonajon Vatanimiz yanada goʻzal va obod boʻlsin!

Yurtimiz tinch va osoyishta, xalqimiz doimo sogʻ-omon boʻlsin!

Navroʻz bayramingiz muborak boʻlsin!

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.