Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Oliy darajadagi Yevroosiyo iqtisodiy kengashining yigʻilishi ishtirokchilarini qutlashdan mamnunman, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Hamkasblarimning soʻzlariga qoʻshilgan holda, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti hurmatli Vladimir Vladimirovich Putinga ushbu uchrashuvimizni tashkil etgani uchun minnatdorlik bildiraman.
Hech shubhasiz, Rossiyaning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga samarali raisligi mamlakatlarimiz oʻrtasidagi koʻp qirrali sheriklikning yangi yoʻnalishlarini ilgari surishga xizmat qiladi.
Hurmatli hamkasblar!
Oʻzbekiston YeOII huzuridagi kuzatuvchi davlat sifatida Birlashma doirasida oʻzaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan koʻp tomonlama tadbir va loyihalardagi faol ishtirokini davom ettirmoqda.
Birinchidan, savdo munosabatlarini kengaytirish uchun qulay shart-sharoitlarni shakllantirish, yangi oʻsish nuqtalari va imkoniyatlarni izlash boʻyicha birgalikda samarali ishlar olib borildi. Oʻtgan yil yakunlariga koʻra, Oʻzbekistonning YeOII mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 23 foizga koʻpaydi. Barqaror oʻsish surʼatlari joriy yilda ham kuzatilmoqda.
Ikkinchidan, biz sanoat kooperatsiyasi sohasida jiddiy yutuqlarga erishdik. Faqatgina keyingi yillarda yurtimizda Birlashma tarkibidagi mamlakatlarning kompaniyalari ishtirokida ustuvor tarmoqlarda yuzlab loyiha va korxonalar ishga tushirildi.
Uchinchidan, ishbilarmonlar oʻrtasidagi muloqotni ragʻbatlantirish uchun, jumladan, mamlakatlarimiz hududlarining mavjud salohiyatidan foydalangan holda, samarali platformalar yaratildi.
Anʼanaviy tus olgan “INNOPROM. Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat koʻrgazmasini bunga misol sifatida keltirmoqchiman. Aprel oyida ushbu koʻrgazma uchinchi bor Toshkentda muvaffaqiyatli oʻtkazildi, unda mamlakatlarimizning ikki mingdan ziyod kompaniyalari ishtirok etdi. Koʻrgazma yakunlari boʻyicha umumiy qiymati 10 milliard dollardan ortiq boʻlgan investitsiya bitimlari va savdo shartnomalari imzolandi.
Toʻrtinchidan, biz institutsional mexanizmlarni mustahkamlayapmiz – Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan yaqin va konstruktiv hamkorlikni rivojlantiryapmiz, YeOII organlarining tadbirlarida faol ishtirok etmoqdamiz.
Uch yilga moʻljallangan Birgalikdagi ishlar rejasi doirasida qonunchilikni xalqaro normalarga uygʻunlashtirish, iqtisodiyotni tartibga solish borasida tajriba almashish, savdo-iqtisodiy va transport-kommunikatsiya sohalaridagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish yoʻlidagi toʻsiqlarni bartaraf etish boʻyicha 200 dan ziyod tadbirlar oʻtkazildi.
Oʻzbekiston savdo tartibotlarini soddalashtirish boʻyicha hamda transport, qishloq xoʻjaligi, ekologiya va turizm sohalaridagi alohida dasturlar va tarmoq loyihalarida ishtirok etishni boshladi.
Yaqin istiqboldagi rejalarimizdan qoʻshma Ishchi guruhning navbatdagi yigʻilishini shu yilning avgust oyida oʻtkazish oʻrin olgan.
Shu bilan birga, joriy vaziyat tahlili yoʻlimizda toʻsiq boʻlayotgan bir qator omillar va hal qilinmagan masalalar ham borligini koʻrsatmoqda. Bu oʻrinda kuzatuvchi davlatlarning Birlashma doirasidagi amaliy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarini roʻyobga chiqarish mexanizmlari yoʻqligi haqida soʻz bormoqda.
Bundan tashqari, YeOII mamlakatlaridagi savdoga, shu jumladan, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, energiya resurslari va boshqa xomashyo tovarlarini yetkazib berishga nisbatan cheklovlarni qoʻllash bilan bogʻliq masalalar tartibga solinmagan.
Transport va logistika sohasida amalga oshirish tashabbusi ilgari surilgan, xususan, sifatli va hamyonbop oziq-ovqat mahsulotlarini jadallashtirilgan tartibda oʻzaro yetkazib berish loyihalari kutilgan natijasini hali berayotgani yoʻq.
Hurmatli yigʻilish ishtirokchilari!
Global xavf-xatarlar, transport-logistika zanjirlarida jiddiy uzilishlar, oziq-ovqat taqchilligi va energetik xavfsizlik tahdidlari va boshqa muammolar kuchayib borayotgani mamlakatlarimiz barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining birinchi galdagi vazifalarini hal etish uchun yaqin hamkorlikni yanada muvofiqlashtirishni taqozo qilmoqda.
Mazkur sammit amaliy hamkorligimizning ustuvor yoʻnalishlarini belgilab olish va birgalikdagi harakatlarimizni muntazam kelishib borish uchun imkon yaratadi, deb umid qilaman.
Birinchidan. Oʻzbekiston mamlakatlarimiz oʻrtasida savdo aylanmasi hajmini tubdan oshirish uchun savdo tartib-tamoyillarini soddalashtirish va zarur shart-sharoitlarni yaratish boʻyicha birgalikdagi ishlarni davom ettirishga tayyor.
Texnik toʻsiqlarni bartaraf etish va muvofiqlik sertifikatlarini oʻzaro eʼtirof etish toʻgʻrisida bitimning qabul qilinishi bunga imkon beradi, deb hisoblaymiz.
Shu maqsadda Oʻzbekistonda YeOII normalarini milliy texnik reglamentlar bilan uygʻunlashtirish boʻyicha tayyorgarlik ishlari toʻliq yakuniga yetkazildi.
Shuningdek, milliy valyutalarda oʻzaro hisob-kitoblarni rivojlantirish boʻyicha ishlarni davom ettirayapmiz.
Ikkinchidan. Bojxona maʼmurchiligi, sanitariya, fitosanitariya va veterinariya nazorati, shuningdek, tovarlar kelib chiqishini sertifikatlash boʻyicha elektron platformalar va onlayn-tizimlarning integratsiyasi, fikrimizcha, iqtisodiy hamkorlikni va ishbilarmonlar muloqotlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Bu tashabbusni amalga oshirish mexanizmlarini ishlab chiqish uchun ekspertlar darajasida batafsil maslahatlashuvlarni oʻtkazishga tayyormiz.
Uchinchidan. Sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirishni chuqurlashtirish boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlarni qabul qilish Yevroosiyo makonida yangi ish oʻrinlarini yaratish va sanoat xablarini shakllantirishning muhim omili, deb hisoblaymiz.
Kooperatsiya loyihalarini amalga oshirishni moliyaviy qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan koʻp tomonlama dasturlarda ishtirok etishdan manfaatdormiz. Bu oʻrinda soʻz qayta sugʻurtalash faoliyati sohasida biznes-hamjamiyat tashabbuslari va milliy taraqqiyot institutlarining amaliy hamkorligi haqida bormoqda.
Biznes darajasida uzoq muddatli sheriklik aloqalarini yoʻlga qoʻyish uchun YeOII Ishbilarmonlar kengashi faoliyatiga qoʻshilish rejalashtirilgan.
Toʻrtinchidan. Transport va tranzit sohasida oʻzaro hamkorlik bizning sherikligimizda strategik yoʻnalish hisoblanadi. Hozirgi sharoitda muqobil transport yoʻlaklarini shakllantirish boʻyicha birgalikdagi ishlarimizni kuchaytirish va barqaror logistika zanjirlarini yaratish muhimdir.
Shimol – Janub xalqaro yoʻlaklarini va Xitoyni mintaqamiz, Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan bogʻlovchi boshqa magistrallarni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlaymiz.
Tarif siyosati masalalarida yaqin muvofiqlashtirish tarafdorimiz.
Shuningdek, Oʻzbekiston – Afgʻoniston – Pokiston temir yoʻli qurilishini amalga oshirish boʻyicha loyiha ofisi ishiga qoʻshilishga taklif etamiz.
Beshinchidan. Oziq-ovqat xavfsizligi sohasida hamkorlikni kengaytirish muhim deb hisoblaymiz.
Shu nuqtai nazardan, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat tovarlari importi oʻrnini davlatlarimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar bilan faol egallashni ragʻbatlantirish, “yashil” yoʻlaklar, shu jumladan, “Yevroosiyo agroekspressi”ning toʻlaqonli faoliyatini taʼminlash, ilmiy-amaliy tadqiqotlarni birgalikda olib borish va innovatsiyalarni joriy etishni qoʻllab-quvvatlash, mamlakatlarimiz agrobiznes vakillari kooperatsiya aloqalarini rivojlantirishni ragʻbatlantirish va faoliyatini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash muhimdir.
Ushbu maqsadlarda shu yilning oktyabr oyida Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligi vazirlari, yetakchi ishlab chiqaruvchilar va oziq-ovqat mahsulotlari import qiluvchilar ishtirokida “YeOII plyus” formatida Agrar forum oʻtkazishni taklif etamiz.
Oltinchidan. Oʻzbekiston yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashda yanada keng hamkorlik qilish, oliy oʻquv yurtlari va professional taʼlim markazlari oʻrtasida sheriklik munosabatlarini yoʻlga qoʻyish, ilmiy tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshma loyihalarda ishtirok etishdan ham manfaatdordir.
Muhandislik-texnik ixtisosliklar boʻyicha talab yuqori boʻlgan kadrlarni birgalikda tayyorlash yuzasidan “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish zarur, deb hisoblaymiz.
Hurmatli sammit ishtirokchilari!
YeOII doirasidagi koʻp tomonlama sheriklik boʻyicha dastur va loyihalarda Oʻzbekistonning ishtirokini qoʻllab-quvvatlayotgani uchun hamkasblarimga yana bir bor minnatdorlik bildiraman.
Bugungi yigʻilish natijalari mamlakatlarimizning barqaror taraqqiyoti va farovonligi yoʻlida oʻzaro manfaatli hamkorlikning yangi yoʻnalishlari, shakl va mexanizmlarini rivojlantirishga xizmat qilishiga ishonaman.
Eʼtiboringiz uchun rahmat.