Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qoʻshma majlisidagi nutqi

0
158
marta koʻrilgan.

Assalomu alaykum, hurmatli qoʻshma majlis ishtirokchilari!

Muhtaram deputat va senatorlar!

Sizlar bilan kuni kecha boʻlib oʻtgan tadbirlarda parlament palatalarining kelgusi 5 yildagi ustuvor vazifalari haqida batafsil gaplashib oldik. 

Bugun esa, Bosh vazir nomzodi hamda Hukumatning yaqin va uzoq istiqbolga moʻljallangan harakatlar dasturini koʻrib chiqib, xalqimiz farovonligi va mamlakatimiz ravnaqi uchun muhim qaror qabul qilishimiz kerak. Chunki, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarning barqaror rivojlanishi uchun aynan Bosh vazir va u rahbarlik qiladigan Hukumat masʼul hisoblanadi.

Biz oʻtgan 3 yilda davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, barqaror bozor iqtisodiyotini shakllantirish va tadbirkorlikni rivojlantirish, ijtimoiy sohalar, jumladan, tibbiyot, taʼlim va ilm-fan yoʻnalishlaridagi ishlarni takomillashtirish boʻyicha qator islohotlarni boshladik. 

Maʼmuriy islohotlar konsepsiyasi doirasida, avval egasi boʻlmagan sohalarda 12 ta mutlaqo yangi davlat boshqaruvi organlari tashkil etildi, 20 ta vazirlik va idora faoliyati tubdan takomillashtirildi.

Ijtimoiy-iqtisodiy sohaning ustuvor yoʻnalishlarini oʻrta va uzoq muddatda jadal rivojlantirish boʻyicha 3 yilda 30 dan ortiq konsepsiya va strategiyalar qabul qilindi. 

Hukumatning, vazirlik va idoralar, joylardagi hokimlar, butun davlat boshqaruvi tizimining asosiy vazifasi – islohotlar doirasida qabul qilingan ushbu dasturiy hujjatlar ijrosini qatʼiy taʼminlash, real natijadorlikka erishishdan iboratdir.

Bu borada oldimizda juda koʻp muammoli masalalar turibdi. Ayrim muhim yoʻnalishlarda amalga oshirilayotgan islohotlarimiz bir tekis borayotgani yoʻq. 

Ayniqsa, yoqilgʻi-energetika, geologiya, transport, qurilish, yoʻl qurilishi, tadbirkorlik, agrar tarmoqni rivojlantirish, yangi ish oʻrinlari yaratish, ichimlik suvi taʼminoti, aholi yashash sharoitlarini yaxshilash masalalarida xalqimiz bizdan yanada koʻproq va aniq natijalar kutmoqda. Hozircha Hukumat ushbu sohalar boʻyicha zimmasiga yuklatilgan vazifalarni toʻliq uddalamoqda, deb aytishga hali erta. 

Joylarda juda koʻplab muammo va masalalar oʻz yechimini topishi zarur. Odamlarimizning talab va ehtiyojlari kun sayin oʻsib bormoqda. Shuning uchun Vazirlar Mahkamasining barcha yangi aʼzolaridan oʻzlari masʼul va javobgar boʻlgan sohalarga tanqidiy yondashib, zimmalaridagi vazifalarni samarali bajarishlari talab etiladi.
Bir soʻz bilan aytganda, amaliy natijadorlik va xalq manfaatlarini roʻyobga chiqarish har bir Hukumat aʼzosi faoliyatini baholashning asosiy mezoni boʻlishi shart.

Biz kelgusi besh yil uchun yuqori iqtisodiy oʻsishni taʼminlash, soliq-byudjet siyosatini takomillashtirish, sanoat tarmoqlari, energetika, transport, qishloq xoʻjaligi, uy-joy va kommunal sohalarni rivojlantirish borasida katta marralarni belgilab oldik. Jumladan, yalpi ichki mahsulotni qariyb 2 barobar oshirish yoki 58 milliard dollardan 100 milliard dollarga yetkazish zarur.

Inflyasiya darajasini 5 foizga kamaytirish, oʻzimizda ishlab chiqarilayotgan isteʼmol mahsulotlari hajmini koʻpaytirish Hukumat, Markaziy bank va barcha darajadagi hokimlarning umumiy vazifasi boʻlishi kerak. 

Toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar yillik hajmini 10 milliard dollarga yetkazish va eksport hajmini 30 milliard dollargacha koʻpaytirish kerak. Ushbu ustuvor vazifalarga erishish uchun iqtisodiyotning eng muhim tarmoqlarida aniq natijalarni taʼminlash talab etiladi. Jumladan, iqtisodiyotning asosiy drayverlaridan biri boʻlgan qishloq xoʻjaligini tubdan isloh qilish, diversifikatsiya asosida eksport hajmini keskin oshirish, sohaga agrar va suvni tejaydigan yuqori texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan, uzoq muddatga moʻljallangan strategiya qabul qilindi.

Eng muhimi, bu ishlarimizning bosh maqsadi – fermer va dehqonlarning manfaatdorligini yanada oshirish, qishloqlarda zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari va yangi ish oʻrinlari barpo etishdan iborat.

Boshoqli donning oʻrtacha hosildorligini 75 sentnerga yetkazish, umumiy ekin maydonlari tarkibida ozuqa ekin maydonlarini 12 foizga kengaytirish lozim.

Meva-sabzavotchilik va chorvachilik, taʼbir joiz boʻlsa, qishloq xoʻjaligining asosiy lokomotivlari boʻlishi kerak.

Meva-sabzavotchilikda eksport hajmini 2025 yilda kamida 5 milliard dollardan oshirish, buning uchun kooperatsiya va klaster tizimini jadal joriy etish, mahsulotni saqlash, tashish va qayta ishlashning yaxlit va zamonaviy infratuzilmasini tashkil etish va yanada kengaytirish lozim.

Chorvachilikni rivojlantirish maqsadida zamonaviy chorva komplekslari va oilaviy kooperatsiyalar barpo etish, ilm-fan va yuqori texnologiyalarga asoslangan holda, chorva naslini 60 foizga yaxshilash uchun barcha choralarni koʻrish zarur.

Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash borasida Hukumat oldida mahsulot ishlab chiqarish hajmini kelgusi besh yilda 2,5 barobar oshirish vazifasi ham turibdi.

Global sharoitda, ayniqsa, mintaqamizda yildan-yilga kamayib borayotgan suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish boʻyicha kechiktirib boʻlmas choralarni koʻrish talab etiladi. 

Kelgusi besh yilda sugʻoriladigan yerlarning kamida 30 foiziga tomchilatib, yomgʻirlatib sugʻorish va boshqa suv tejaydigan texnologiyalarni joriy etish zarur. Shuningdek, suv hisobini yuritish tizimini tatbiq qilish hamda suv balansini muntazam ravishda olib borish kerak.

Davlat-xususiy sheriklikni keng joriy etish hisobidan suv inshootlari ekspluatatsiya va investitsiya xarajatlarini kamida 15 foizga qisqartirish choralarini koʻrish lozim.
Zamonaviy texnologiyalar hisobidan raqobatdosh va ilgʻor qishloq xoʻjaligi texnikalarini yetarli darajada ishlab chiqarish orqali fermer va klasterlarni texnika bilan taʼminlash koʻrsatkichini hozirgi 45 foizdan kamida 70 foizga yetkazish zarur. 

Bu borada import qilinayotgan mahsulotlarni oʻzimizda ishlab chiqarish hamda ularning tashqi bozorlarga chiqishini alohida nazoratga olish kerak.

Iqtisodiyotni jadal rivojlantirish yoʻlidagi eng katta xavf-xatarlardan yana biri – bu neft-gaz va energetika tarmogʻidagi mavjud muammolar bilan bogʻliq.

Hukumat bu sohalarni transformatsiya qilish, ularga xususiy sektorni faol jalb etish, hisob-kitobni joy-joyiga qoʻyish orqali ortiqcha yoʻqotishlarni toʻliq qisqartirish va talon-torojliklarning oldini olish boʻyicha taʼsirchan choralarni koʻrishi zarur.

Neft-gaz sohasida 2025 yilda yoqilgʻi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 5,2 million tonnaga oshirish, buning uchun bu yil 4,1 milliard dollarlik 5 ta obyektni ishga tushirish kerak.

Kelgusi besh yilda elektr energiyasi ishlab chiqarishni kamida 80 milliard kilovatt soatga yetkazish, shuning kamida 20 foizini qayta tiklanadigan energiya manbalari hisobidan taʼminlash talab etiladi. Shuningdek, 2020 yilda elektr energiyasi boʻyicha 7 million, 2022 yilda tabiiy gaz boʻyicha 3,5 million isteʼmolchilarni hisobga olish va ularning avtomatlashgan nazorat tizimiga ulanishini taʼminlash uchun Hukumat zarur chora-tadbirlarni koʻrishi kerak. 

Mamlakatimizda mavjud tabiiy resurslardan oqilona va samarali foydalanish uchun barcha amaliy choralarni koʻrishimiz zarur. Buning uchun Hukumat geologiya sohasini tubdan isloh qilish boʻyicha qabul qilingan dasturiy hujjatlar ijrosini toʻliq bajarishi shart.

Togʻ-kon sanoatida amalga oshirilayotgan chuqur tarkibiy oʻzgarishlar va yirik investitsiya loyihalari hisobidan mahsulot ishlab chiqarish hajmini 2025 yilgacha 1,5 barobar koʻpaytirish lozim. 

Mavjud xomashyo bazasini toʻliq safarbar etish, chet eldan olib kelinayotgan mahsulotlarni oʻzimizda chiqarishni koʻpaytirish, eksport hajmini oshirish hisobidan qurilish materiallari ishlab chiqarishni shu davrda 3 barobar koʻpaytirish – eng muhim vazifalardan biridir. 

Toʻqimachilik va charm-poyabzal sanoati sohalarida mahalliy xomashyoni toʻliq qayta ishlash va eksportni keskin oshirish zarur. Bu borada 2025 yilda toʻqimachilik va charm sanoatida yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulot ishlab chiqarishni 4-5 barobar oshirib, 8 milliard dollarlik eksportni taʼminlash kerak. 

Yuqori texnologiyalar asosida elektrotexnika sanoatini jadal rivojlantirish, maishiy texnika va sanoat elektr uskunalari, kabel mahsulotlari ishlab chiqarishni koʻpaytirish lozim. Buning uchun bu yil ishlab chiqarishni 1,5 barobar oshirib, eksport hajmini 2022  yilgacha 500 million dollarga yetkazish talab qilinadi.

Avtomobil sanoatida 2023 yilgacha yengil va yuk avtomobillari hamda avtobuslar ishlab chiqarish hajmini 360 ming donaga yetkazish, shundan kamida 100 ming donasini xorijga eksport qilish soha masʼullari uchun asosiy vazifa boʻladi. 

Kimyo sanoatida nafaqat mavjud mineral oʻgʻitlar ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish, balki polimer, kichik tonnajli kimyo mahsulotlari ishlab chiqarishni keng yoʻlga qoʻyish kerak.

Hukumatdan chet el investorlari bilan birga tabiiy gazni chuqur qayta ishlashga qaratilgan yangi yirik loyihalarni amalga oshirish talab etiladi. Shuningdek, Hukumat kimyo sanoatini rivojlantirish boʻyicha qabul qilingan dasturning toʻliq bajarilishini taʼminlab, tarmoqda mineral oʻgʻit ishlab chiqarish ulushini 76 foizdan 33 foizga kamaytirishni oʻzi uchun asosiy vazifalardan biri sifatida belgilab olishi lozim.

Farmatsevtika sohasida kelgusi 5 yilda mahalliy dori vositalari ishlab chiqarish hajmining ichki bozordagi ulushini 45 foizdan 70 foizga oshirish va eksportni 100 million dollarga yetkazish zarur.

Biz xorijiy turistlar sonini 12 million nafardan oshirish vazifasini belgilab olganmiz. Buni amalga oshirish uchun, birinchi navbatda, infratuzilmalarni yaxshilash, mehmonxonalar sonini koʻpaytirish, transport tarmoqlarini rivojlantirish va xizmatlar sifatini yuksaltirish Hukumat va hokimliklarning asosiy diqqat-eʼtiborida boʻlishi lozim.

Yuqorida aytilgan barcha rejalarni roʻyobga chiqarish hisobidan ishsizlikni 7 foizga kamaytirib, yiliga kamida 500 mingta ish joyi yaratish, aholi daromadini 2 barobar oshirish – yangi Hukumat oldidagi muhim vazifadir.

Ijtimoiy sohadagi islohotlar ham Hukumat oldiga aniq vazifalarni qoʻymoqda. Jumladan, aholining oʻrtacha umr koʻrish davomiyligini hozirgi 74,6 yoshdan 76 yoshga yetkazish va goʻdaklar oʻlimi koʻrsatkichini hozirgi 10 promilledan 1,5 barobar kamaytirib, 7 promillega tushirish lozim. Oʻlim koʻrsatkichini saraton kasalligi boʻyicha hozirgi 73 foizdan 65 foizga, yurak-qon tomir kasalliklari boʻyicha esa bugungi 41 foizdan 30 foizga tushirish ustida sogʻliqni saqlash vazirligi jiddiy chora-tadbirlar koʻrishi kerak.

Bundan tashqari, aholini ichimlik suvi bilan taʼminlash, yoʻl infratuzilmasini rivojlantirish kabi ogʻir hayotiy masalalarni uzil-kesil hal etish lozim.

Shu bilan birga, zarur shart-sharoitlarga ega boʻlgan uy-joylarda yashaydigan aholi sonini 65 foizga yetkazish – ustuvor yoʻnalishlardan biridir. Bu borada Hukumatdan, ipoteka krediti berishning yangi tartibiga binoan, xususiy pudrat tashkilotlarini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish, aholining ehtiyojmand qatlamini qoʻllab-quvvatlashning aniq mexanizmlarini joriy etish talab etiladi. Bu masala boʻyicha barcha viloyat, tuman va shahar hokimlarining masʼuliyatini oshirish zarurligini alohida taʼkidlamoqchiman.

Issiqlik taʼminoti sohasida joriy yil Toshkent shahrida, 2022 yilga qadar Namangan, Jizzax, Qashqadaryo va Buxoro viloyatlarida davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish zarur.

Barchamiz bir fikrni chuqur tushunib olishimiz kerak: biz oʻz oldimizga qoʻygan ana shunday ustuvor vazifalar – juda murakkab va haqiqatan ham ulkan marralardir.

Shu bilan birga, vaqt oʻtgani sayin dunyo ham oʻzgarmoqda, odamlarimizning yaxshi yashashga boʻlgan talablari ham ortib bormoqda. Endi kechagi natija bilan xalqimizni rozi qila olmaymiz. Bugungi kun har kuni izlanish, yangilik yaratishni talab etmoqda. Faqat ana shunday talablar asosida ish olib borib, xalqimizning hayotini yaxshi tomonga oʻzgartirish mumkin.

Vazirlar Mahkamasi ushbu vazifalar ijrosini toʻla taʼminlash uchun ish uslubini tubdan takomillashtirishi, oʻz faoliyatini samarali tashkil etishi kerak.

Birinchidan, Hukumat qonun, farmon va qarorlar ijrosini toʻgʻri tashkil etib, amalga oshirilayotgan islohotlarning har bir tuman va qishloqqa, hatto olis va chekka hududlargacha yetib borishini taʼminlashi zarur.

Biz qancha mukammal qonun, farmon va qarorlar qabul qilmaylik, agar ular joylarda yetarlicha amalga oshirilmasa, shuncha mehnat va saʼy-harakatimiz natijasi sezilmay qolaveradi. Shuning uchun vazirlik va idoralar hamda joylardagi hokimliklar ishini oqilona va samarali yoʻlga qoʻyish Vazirlar Mahkamasining bosh vazifasi boʻlishi lozim.

Endi har bir topshiriqning ijro etilgani qogʻozga qarab emas, erishilgan pirovard natijaga qarab baholanadi.

Shu bois, barcha darajadagi ijro organlarida intizomni kuchaytirish, belgilangan vazifa va topshiriqlar natijadorligini tanqidiy tahlil qilishning taʼsirchan mexanizmlarini joriy etish zarur. 

Bunda Vazirlar Mahkamasi va Hisob palatasi bir oy muddatda ijroni nazorat qilish borasidagi yondashuvlarini tubdan takomillashtirishi lozim. Vazirlik va idoralarning quyi tuzilmalari bilan birgalikdagi faoliyati ustidan vertikal nazorat ham eʼtibordan chetda qolmasligi kerak.

Eng asosiysi, Hukumat markaziy idoralarning Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda hokimliklar bilan hamkorligini va ular oʻrtasidagi manfaatlar muvozanatini taʼminlash uchun masʼul va javobgar boʻladi. Buning uchun mamlakatimiz darajasida qarorlar qabul qilishda hokimliklarning ishtirokini oshirish lozim.

Yaʼni, ishlab chiqilayotgan qaror loyihalarini mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan ham kelishish tartibini koʻrib chiqish maqsadga muvofiqdir. 

Shuni alohida qayd etib oʻtmoqchiman, ijtimoiy, iqtisodiy sohalardagi va maʼnaviy hayotga oid qonun hujjatlari ijrosi bilan bogʻliq barcha muammolar oʻz yechimini Hukumat darajasida topishi kerak. Xususan, turistlar oqimini koʻpaytirishda havo, temir yoʻl transporti xarajatlarini kamaytirish, biletlar narxini arzon qilish, yoʻllar sifati va infratuzilmasini yaxshilash kabi qator muammolar mavjud. Ularning yechimi yuzasidan Turizm qoʻmitasi va Transport vazirligi oʻrtasida yagona siyosat va yondashuv boʻlishi kerak. 

Yoki investitsiya kiritish va unga toʻsiq boʻlayotgan turli muammolar bir vaqtda muhokama qilinib, oʻsha joyning oʻzida ularning yechimlari topilishi zarur. Shu bois, Hukumat aʼzolari eng dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masalalar boʻyicha haftada kamida bir marta yigʻilib, xalqimizni qiynagan muammolarni oʻrtaga tashlab, yuzma-yuz oʻtirib, muhokama qilishlari, ularning yechimini tezkorlik bilan, ahil va yakdil jamoa boʻlib hal etib borishlari maqsadga muvofiqdir.

Vazirlar Mahkamasi huzurida tashkil etilgan, lekin yigʻilmasdan va real muhokama oʻtkazmasdan qaror qabul qiladigan komissiya va ishchi guruhlarni tugatish vaqti yetdi.

Yana bir masala – ijro hokimiyati idoralari qabul qilingan qarorlarning bajarilishi yuzasidan ijtimoiy soʻrovlar oʻtkazish orqali va boshqa shakllarda keng jamoatchilik fikrini muntazam ravishda oʻrganib borishi kerak. Shu bilan birga, elektron portal, ijtimoiy tarmoqlarda maxsus sahifalar tashkil etib, aholi bilan “qayta aloqa” tizimini yoʻlga qoʻyish lozim.

Ikkinchidan, har bir ijro organi oʻzi masʼul boʻlgan sohani oʻrta va uzoq istiqbolda rivojlantirish boʻyicha aniq reja va dasturlarga ega boʻlishi zarur.

Afsuski, hozirgi kunda hamma rahbarlar ham bu talabni toʻliq tushunayotgani va ahamiyatini chuqur anglab yetayotgani yoʻq, desak, bu ham toʻgʻri boʻladi. Aksariyat mutasaddilar muammolarning oʻz vaqtida oldini olish oʻrniga, bor kuch va resurslarni ularning oqibatlarini bartaraf etishga samarasiz sarflamoqda. 

Endi ish faoliyatini faqat ishxonasida oʻtkazgan va qogʻozbozlikka berilib, amaliy natijani keyingi oʻringa tushirib qoʻygan rahbarlar bilan xayrlashamiz. Qonunchilik palatasi deputatlaridan ham Vazirlar Mahkamasi yangi tarkibini koʻrib chiqishda ushbu masalalarga alohida eʼtibor berishlarini soʻragan boʻlar edim.

Tarmoq va hududlar rahbarlari faoliyatini samarali tashkil etish uchun zamonaviy menejment tizimiga oʻtishimiz lozim. Vazirlik va idoralar rahbarlari ish uslubini oʻzgartirib, masʼuliyat va javobgarlikni oʻz zimmasiga olishni oʻrganishi kerak.

Aholi va tadbirkorlar muammolarini hal etish boʻyicha yangi tashabbuslarni ilgari surib, ularni hayotga joriy etish rahbarlar faoliyatini baholashning asosiy mezoniga aylanishi lozim.

Oʻz vaqtida hal qilinmagan muammolar joylardagi aholi kayfiyati va turmush sharoitiga salbiy taʼsir koʻrsatishini bir soniya boʻlsa ham unutmasligimiz zarur.

Bosh vazir va Hukumat aʼzolaridan boshlab ijro hokimiyati organlarining barcha darajadagi rahbar va xodimlari faoliyatiga natijadorlik mezonlari (KRI) asosida baholash tizimini joriy etish maqsadga muvofiqdir. 

Ushbu tizimni xalqaro reyting va indeks koʻrsatkichlari bilan uygʻunlashtirish talab etiladi. Binobarin, ulardagi baholash mezonlarining barchasi xalqimizning mushkulini oson etishga xizmat qiladi. Axir, biz uchun eng muhim, aytish mumkinki, birlamchi vazifa aynan shu emasmi? 

Misol uchun, Jahon bankining oʻtgan yilgi “Davlat boshqaruvi indikatori”da mamlakatimiz 5 ta koʻrsatkich boʻyicha oʻz oʻrnini yaxshiladi. Bunga erishish uchun xalq dardini eshitadigan, uning ogʻirini yengil qiladigan samarali tizim yaratdik, matbuot erkinligi hamda davlat idoralarining aholi oldidagi hisobdorligini taʼminlashga qaratilgan keng koʻlamli islohotlarni boshladik. 

Bundan foyda boʻldimi? Albatta foyda boʻldi.

Yoki yana bir misol, 2 ta soliq turini birlashtirganimiz “Biznes yuritish” reytingining soliqqa tortish yoʻnalishidagi koʻrsatkichimiz yaxshilanishiga sabab boʻldi. Bundan kim koʻp manfaat koʻrdi? Albatta, tadbirkor va ishbilarmonlarimiz. Chunki soliq toʻlash shakli va jarayonlari keskin soddalashdi.

Shuningdek, mahalliy ijro hokimiyati organlari faoliyatini kompleks baholash tizimini yaratish maqsadida Hududlarning rivojlanish indeksi ishlab chiqilishi lozim.

Hukumat mazkur indeks asosida hududlarga oid siyosatni belgilashi, mahalliy byudjetlarga moliyaviy koʻmak berish hamda rahbarlarni ragʻbatlantirish masalalarini puxta koʻrib chiqishi kerak.

Xususan, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qaysi hududda infratuzilma yetishmayapti, qaysi hududga koʻproq bank resurslari va subsidiyalar kerak, degan savollarga javobni ana shu indeks koʻrsatib berishi zarur.

Uchinchidan, davlat organlari faoliyati hamda amalga oshirilayotgan islohotlar ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishi ustuvor vazifaga aylanishi kerak.

Ijro hokimiyati organlari iqtisodiy, ijtimoiy va maʼnaviy sohalardagi islohotlar, qabul qilinayotgan hujjatlarning mohiyati va ahamiyati hamda ijrosi haqida xalqimizga sodda va ravon tilda tushuntirish berib borishlari lozim. Bu borada ommaviy axborot vositalaridan, ijtimoiy tarmoqlar, veb-saytlardan keng foydalanish, matbuot anjumanlari, brifinglar, media-turlar tashkil etish zarur. 

Shuningdek, Hukumat, vazirlik va idoralar, hududlar rahbarlari ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda koʻtarilayotgan dolzarb masalalar boʻyicha tezkor choralar koʻrishi va ularga prinsipial munosabat bildirishi lozim. Bu boradagi ishlarni samarali tashkil etish uchun har bir idora oʻzining media dasturini ishlab chiqishi, Vazirlar Mahkamasi bu masalaning ijrosini qatʼiy nazoratga olishi zarur.

Har bir vazirlik va idora maʼlumotlar ochiqligi faoliyatini tanqidiy koʻrib chiqib, oʻzining veb-saytlari va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida maʼlumotlarni muntazam joylashtirishi va yangilab borishi zarur. 

Yana bir masala – hozirgi vaqtda qarorlar loyihasini elektron portal orqali keng jamoatchilik muhokamasiga qoʻyish tizimi ishlayotgani, bu jarayonda xalqimiz oʻz fikr-mulohazalari, taklif va tashabbuslari bilan ishtirok etayotgani ijobiy natija bermoqda. Jumladan, Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga qoʻyilgan 4 mingga yaqin qonun hujjatlari loyihasiga 17 mingdan ziyod taklif kiritilgan boʻlib, mingdan ortiq hujjatlar qayta ishlangan.

Shu bilan birga, qabul qilingan qarorlarning amalda qanday ishlayotganini baholash tizimi mavjud emas. Vazirlar Mahkamasi qarorlarning samaradorligi va natijadorligi boʻyicha aholi fikrini oʻrganish tizimini amaliyotda qoʻllash yuzasidan taklif ishlab chiqsin. 

Ishonchim komil, bunday chora-tadbirlar Hukumatni xalqqa yaqinlashtiradi. Ayni vaqtda qabul qilinayotgan qarorlar sifati va rahbarlar masʼuliyatini ham oshiradi.

Toʻrtinchidan, qonun chiqaruvchi va ijro hokimiyati oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni mutlaqo yangi bosqichga koʻtarish va uning samaradorligini oshirishning fursati keldi.

Vazirlar Mahkamasi parlamentga tayyorlab kiritilayotgan qonun loyihalari sifatini oshirishga jiddiy eʼtibor qaratishi zarur. Hukumat, har bir vazirlik va idora qonunchilikni yangilash va tizimlashtirish boʻyicha yangicha ish uslubiga oʻtishi lozim.

Qonunchilik palatasida qonun loyihalari hamkorlikda koʻrib chiqilishini, Hukumat – qoʻmita – Qonunchilik palatasi oʻrtasida faoliyat uygʻunligini taʼminlash zarur.

Yana bir muhim masala – ijro hokimiyati organlari rahbarlarining Oliy Majlis palatalari oldidagi hisobdorligini yanada oshirish kerak. Bu borada har yili Davlat dasturi ijrosi yuzasidan Hukumat hisobotini eshitish tizimi joriy etildi. Endi ijro hokimiyati organlari muhim ijtimoiy-iqtisodiy masalalar yuzasidan parlament palatalari oldida muntazam ravishda hisobot berishi zarur. Mazkur hisobotlar jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida oʻtkazilishi lozim. Bu – qonun chiqaruvchi va ijro hokimiyati oʻrtasidagi oʻziga xos muloqot maydoni sifatida ijobiy natijasini koʻrsatishiga menda hech qanday shubha yoʻq.

Qadrli doʻstlar!

Konstitutsiyamizning 98-moddasiga koʻra, Bosh vazir nomzodi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylovda eng koʻp deputatlik oʻrinlarini qoʻlga kiritgan siyosiy partiya tomonidan taklif etiladi.

Xabaringiz bor, saylovlarda Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi Qonunchilik palatasida eng koʻp, yaʼni 53 nafar deputatlik oʻrnini egalladi. Ushbu partiyadan saylangan deputatlarni hamda Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasining barcha aʼzolarini ana shunday yuksak natija bilan samimiy tabriklayman. 

Partiyaning kuni kecha boʻlib oʻtgan Siyosiy kengashi majlisida Bosh vazir nomzodi koʻrib chiqildi va Prezidentga taqdim etildi.

Bosh vazir lavozimiga nomzod tanlash va uni tasdiqlash haqida gap borar ekan, albatta, bu oʻta murakkab va masʼuliyatli masala ekanini barchamiz juda yaxshi tushunamiz.

Chunki bu lavozimga har tomonlama chuqur bilim va katta tajribaga, keng tafakkur va zamonaviy fikrlash qobiliyatiga ega boʻlgan, jonkuyar, oʻziga va boshqalarga talabchan hamda tashkilotchi nomzod tanlanishi zarur.

Albatta, turli sinovlarda toblangan, javobgarlikni zimmasiga olishga qodir, odamlar bilan til topisha oladigan, ularning hurmatini qozongan, qisqacha aytganda, koʻpni koʻrgan va jonkuyar insonni topish ancha ogʻir va murakkab vazifadir.

Shu maʼnoda, bugun Sizlarning muhokamangizga taqdim etiladigan nomzod oʻz faoliyati va avvalgi lavozimlarida amalga oshirgan ishlari bilan el-yurtimiz erishgan yutuqlarga munosib hissa qoʻshgan shaxs boʻlishi kerak. 

Biz bu masala boʻyicha juda koʻp oʻylab, tegishli maslahat va kengashlar oʻtkazdik. Jumladan, Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi rahbariyati va faollari bilan ham atroflicha maslahatlashib oldik.

Bildirilgan barcha fikr-mulohazalarni inobatga olgan holda, men ushbu oʻta masʼuliyatli lavozimga ham amaliy sohada, ham markaziy idoralarda koʻp yillik boshqaruv koʻnikmasi va tajribasiga ega boʻlgan, soʻnggi uch yil davomida Bosh vazir lavozimida faoliyat koʻrsatib kelayotgan Abdulla Nigmatovich Aripov nomzodini tavsiya etaman.

Abdulla Aripov bugungi kunda oldimizda turgan juda katta vazifalarni hal etishda Vazirlar Mahkamasi faoliyatini samarali tashkil etish, Hukumat aʼzolari, hokimlar va boshqa rahbarlar bilan bir yoqadan bosh chiqarib, barchani safarbar qilish salohiyatiga ega ekanini alohida taʼkidlashni istardim. 

Shuning uchun siz, hurmatli deputat va senatorlardan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga tavsiya etilgan Abdulla Nigmatovich Aripov nomzodini qoʻllab-quvvatlashingizni soʻrayman.

Hurmatli deputat va senatorlar!

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yaqin kunlarda parlamentga taqdim etiladigan Murojaatnomasida Oʻzbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, davlat va jamiyat qurilishi, sud-huquq sohalari hamda xalqaro munosabatlardagi eng ustuvor vazifalarni batafsil muhokama qilib olamiz.

Xulosa sifatida shuni taʼkidlab aytmoqchimanki, jonajon Vatanimiz taraqqiyoti yoʻlida bir tanu bir jon boʻlib, belni mahkam bogʻlab harakat qilish, boshlagan islohotlarimizni jadal davom ettirish – kelgusi 5 yilda Parlament uchun ham, Hukumat uchun ham gʻoyatda muhim va ustuvor vazifa boʻlib qoladi. Shuning uchun barchangizni yaqin hamkorlikda ish olib borishga chaqiraman.

Shu yoʻlda hammangizga sihat-salomatlik, faoliyatingizda ulkan zafarlar, baxt va omadlar yor boʻlishini tilayman.

Eʼtiboringiz uchun rahmat.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.