Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi majlisidagi nutqi

0
33
marta koʻrilgan.

Muhtaram hamkasblar!

Hurmatli majlis ishtirokchilari!

Avvalambor, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti lavozimiga kirishgani munosabati bilan hurmatli Vladimir Vladimirovich Putin nomiga yoʻllangan samimiy qutlovlar va ezgu tilaklarga qoʻshilaman.

Saylovchilar yuqori faollik bilan ishtirok etgan mazkur saylovlarda erishgan ishonchli gʻalabangiz koʻpmillatli Rossiya xalqining Sizga boʻlgan yuksak ishonchini, Siz olib borayotgan siyosat va mamlakatni modernizatsiya qilish boʻyicha amalga oshirilayotgan keng koʻlamli dasturlarni qatʼiy qoʻllab-quvvatlashini yana bir bor namoyon etdi.

Sizga kelgusida yanada ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.

Ushbu majlisda ishtirok etayotgan barcha hamkasblarimizni muhim sana – fashizm ustidan qozonilgan Buyuk Gʻalabaning 79 yilligi hamda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi tashkil etilganining oʻn yilligi bilan qutlayman.

Bugun tongda Moskvaga uchishdan oldin men Ikkinchi jahon urushida qatnashgan faxriylarimiz bilan uchrashdim. Ming afsuski, ularning soni yildan-yilga kamayib bormoqda. Ular sizlar orqali urush va front ortida mehnat qilgan barcha faxriylarga samimiy tabriklarini, birodar xalqlarimizga tinchlik, farovonlik va ravnaq soʻrab, bildirgan tilaklarini yetkazishni iltimos qilishdi.

Sizlarga ulkan mamnuniyat bilan faxriylarimizning iltimosini yetkazaman.

Hurmatli majlis ishtirokchilari!

Hozirgina hamkasblarimning nutqlarida dunyodagi bugungi murakkab vaziyatga baho berildi, zamonaviy tahdidlarni bartaraf etish uchun hamkorlikni yanada kengaytirish zarurligi taʼkidlandi.

Yuzaga kelgan hozirgi sharoitda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish, kooperatsiya loyihalarini ilgari surish hamda oʻzaro investitsiyalarning oʻsishi uchun sharoit yaratish birinchi darajadagi vazifa, deb hisoblayman.

Oʻtgan oyda Toshkentda muvaffaqiyatli oʻtgan anʼanaviy “Innoprom” xalqaro koʻrgazmasi bunday hamkorlikka yorqin misoldir. Koʻrgazmada mamlakatlarimizning ikki mingdan ortiq yetakchi korxonalari qatnashdi, yangi kooperatsiya loyihalari boʻyicha yuzlab kelishuvlarga erishildi.

Bugungi kunda ushbu xalqaro forum Oʻzbekistonning Rossiya va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga aʼzo boshqa davlatlar bilan biznes sohasidagi muloqotlarini rivojlantirishda samarali platformaga aylandi. Biz ushbu muloqot maydonini yanada kengaytirish, ishtirokchilar sonini oshirish, jumladan, Kuba, Eron, Misr, Birlashgan Arab Amirliklari, Moʻgʻuliston, Vyetnam va Indoneziya kabi hamkor mamlakatlar kompaniyalarini bu jarayonga jalb etish niyatidamiz.

Umuman, Oʻzbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida kuzatuvchi maqomidagi uch yillik hamkorligi davrida oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 60 foizga oshdi. Bunga, avvalambor, sanoat mahsulotlarini yetkazib berishni koʻpaytirish hisobidan erishildi. Ayni vaqtda milliy valyutalardagi hisob-kitoblar ulushi ortib bormoqda.

Mingdan ziyod qoʻshma korxona va loyihalar ishga tushirildi. Yuk tashish hajmi oʻsmoqda, muntazam aviaqatnovlar soni ikki barobar koʻpaydi.

Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan birgalikda yuqori darajadagi Ishchi guruhning uchta yigʻilishi oʻtkazildi, Qoʻshma hamkorlik rejasidagi tadbirlar toʻliq amalga oshirildi.

Biz, shuningdek, savdo va yuk tashishni raqamlashtirish, elektron tijorat, iqlim oʻzgarishi sohalaridagi tarmoqlarga oid loyiha va dasturlarga ham qoʻshildik.

Muhtaram hamkasblar!

Mamlakatimizning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan oʻzaro manfaatli hamkorligining ustuvor yoʻnalishlari haqida qisqacha toʻxtalib oʻtishga ruxsat bergaysiz.

Birinchidan, Oʻzbekiston YeOIIni rivojlantirishning strategik yoʻnalishlari doirasida amaliy sheriklikni kengaytirish va tarmoqlarda koʻp tomonlama hamkorlik loyihalarini amalga oshirishda yanada faol ishtirok etishdan manfaatdor.

Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi oʻrtasida oʻrta muddatdagi istiqbolga moʻljallangan Qoʻshma tadbirlarning yangi kompleks rejasini tayyorlashni taklif etamiz.

Ishonchim komilki, kuzatuvchi davlatlarning loyihalarda toʻlaqonli ishtirok etishini tartibga soladigan mexanizmning tezroq qabul qilinishi ushbu hujjatni samarali amalga oshirishga xizmat qiladi.

Ikkinchidan, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga aʼzo mamlakatlar bilan oʻzaro savdo-sotiqdagi toʻsiq va cheklovlarni birgalikda bartaraf etishga tayyor ekanimizni tasdiqlaymiz.

2009 yilda qabul qilingan Tovarlar ishlab chiqarilgan mamlakatni aniqlash qoidalariga Oʻzbekistonning qoʻshilish jarayoni boshlandi.

Bojxona chegaralarimiz orqali olib oʻtiladigan tovar va transport vositalari haqidagi maʼlumotlarning elektron almashinuvini yoʻlga qoʻyish, sanitariya, fitosanitariya va veterinariya nazorati borasidagi axborot tizimlarini integratsiya qilish, texnik jihatdan tartibga solish choralarini oʻzaro moslashtirish va elektron sertifikatlashni qoʻllash rejasini qabul qilish ushbu yoʻnalishdagi aniq amaliy qadamlar boʻlishi mumkin.

Uchinchidan, Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo, Yaqin Sharq mamlakatlari bozorlari bilan bogʻlovchi “Shimol – Janub» transport yoʻlagini rivojlantirish boʻyicha yaqin muloqotni davom ettirish muhimdir.

Shu borada transport idoralari rahbarlarining Termiz shahrida aprel oyida boʻlib oʻtgan Belarus – Rossiya – Qozogʻiston – Oʻzbekiston – Afgʻoniston – Pokiston multimodal marshrutini rivojlantirish boʻyicha birinchi uchrashuvi samarali boʻlganini mamnuniyat bilan taʼkidlaymiz.

Mamlakatlarimiz oʻrtasida tranzitga doir tartib-taomillarni soddalashtirish maqsadida joriy etilayotgan YeOII bojxona tranzitining yagona tizimi bilan Raqamli hamkorlik boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish tarafdorimiz.

Toʻrtinchidan, sanoat kooperatsiyasi sohasidagi loyihalar va talab yuqori boʻlgan mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturlarini kelgusida ham faol qoʻllab-quvvatlashni maqsad qilganmiz.

Bu yoʻnalishda, mamlakatlarimiz hududlarida birgalikda yaratilayotgan sanoat zonalari va texnoparklarda yangi quvvatlarni joylashtirishni nazarda tutgan holda, alohida “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqishni taklif qilaman. Bunday loyihalarga biznesni keng jalb etish masalalarini joriy yilda Samarqandda boʻlib oʻtadigan Oʻzbekiston savdo-sanoat palatasi va YeOII Ishbilarmonlik kengashining birinchi uchrashuvida koʻrib chiqish mumkin.

Bundan tashqari, Birlashma doirasida sanoat kooperatsiyasi dasturlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha maxsus mexanizm imkoniyatlaridan foydalanishdan ham manfaatdormiz.

Beshinchidan, quyidagi muhim yoʻnalishlarda ishlarni tizimli yoʻlga qoʻyish va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi organlari bilan hamkorlikni kengaytirish zarurligini alohida taʼkidlab oʻtmoqchiman.

— Yevroosiyo Agroekspressini rivojlantirish, “yashil” va suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, qoʻshma agrosanoat klasterlari va logistika markazlarini tashkil etishni qoʻllab-quvvatlash;

— Iqlim oʻzgarishining salbiy oqibatlarini bartaraf etish masalalarida umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish va yaqin hamkorlik qilish. Bunda tegishli Ishchi guruhining navbatdagi majlislaridan birini Oʻzbekistonda oʻtkazishni taklif etamiz;

— Mamlakatlarimizda mehnat migrantlari faoliyati uchun raqamli platformalarga ulangan holda, qulay sharoit va ijtimoiy kafolatlarni shakllantirish;

— Sayyohlar almashinuvini keskin oshirishga qaratilgan qoʻshma turistik dastur va mahsulotlarni ishlab chiqish.

Ushbu yoʻnalishlarning barchasi hamkorlikning oʻrta muddatdagi istiqbolga moʻljallangan yangi Rejasida oʻz aksini topishi mumkin, deb hisoblayman.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Soʻzimning yakunida Rossiya Federatsiyasi Prezidenti hurmatli Vladimir Vladimirovich Putinga anʼanaviy doʻstona va iliq qabul uchun samimiy minnatdorlik bildiraman.

Ishonchim komilki, ushbu uchrashuvimiz natijalari oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi, mamlakatlarimiz va xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik va sheriklikni mustahkamlash yoʻlida yana bir amaliy qadam boʻladi.

Eʼtiboringiz uchun rahmat.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.