Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi yigʻilishidagi nutqi

0
91
marta koʻrilgan.

Hurmatli Qasim-Jomart Kemelevich!

Hurmatli Nursulton Abishevich!

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi navbatdagi yigʻilishining barcha ishtirokchilarini qutlashdan bagʻoyat mamnunman.

Hamkasblarimning soʻzlariga qoʻshilgan holda, Qozogʻiston Respublikasining Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqidagi muvaffaqiyatli raisligini qayd etmoqchiman.

Qozogʻistonlik hamkorlarimiz tashabbusi bilan Birlashma doirasidagi koʻp qirrali sheriklikni kengaytirishga xizmat qilgan muhim qarorlar qabul qilindi.

Oʻzbekiston va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi oʻrtasidagi konstruktiv hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan qoʻshma tadbirlar qoʻllab-quvvatlangani uchun alohida minnatdorlik bildiraman.

Hurmatli hamkasblar!

Oʻzbekiston Respublikasi Yevroosiyo iqtisodiy kengashiga kuzatuvchi sifatida qoʻshilganiga roppa-rosa bir yil boʻldi.

Oʻtgan davrda biz uzoq muddatli munosabatlarni har tomonlama rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratdik.

Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan tizimli va samarali ish yoʻlga qoʻyildi.

Memorandum va uch yillik aniq Chora-tadbirlar rejasi amalga oshirilmoqda.

Oʻzbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining boshqa organlari ishida ham faol qatnashmoqda.

Biz milliy qonunchilikni Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi normalari bilan, birinchi navbatda, standartlashtirish va tashqi savdoni notarif tartibga solish choralari sohasida yaqinlashtirish masalasida izchil harakat qilmoqdamiz.

Yurtimiz “COVIDsiz sayohat qilaman” raqamli platformasiga ulandi.

Oʻzbekistonning Yevroosiyo taraqqiyot bankiga qoʻshilish jarayoni boshlandi.

Bugungi davr qiyinchiliklariga qaramay, murakkab sharoitlarga moslashish va yangi “oʻsish nuqtalari”ni izlab topishga muvaffaq boʻlyapmiz.

Xususan, Oʻzbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari bilan tashqi savdo aylanmasi joriy yilning 11 oyida 30 foizga ortdi.

Ayni paytda, pandemiyadan avvalgi 2019 yil bilan taqqoslaganda, Birlashma mamlakatlari bilan oʻzaro savdomiz 11 foizga oshdi.

Hurmatli yigʻilish ishtirokchilari!

Oʻzbekiston Tashkilotimizga aʼzo davlatlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalarda ijobiy surʼatni saqlab qolish va ularni barqaror rivojlantirish boʻyicha oʻzaro kelishilgan chora-tadbirlarning ishlab chiqilishi tarafdoridir.

Shu munosabat bilan qoʻshma qarorlar qabul qilishni taqozo etayotgan eng dolzarb vazifalarga toʻxtalib oʻtmoqchiman.

Birinchi. Oʻzaro savdodagi toʻsiq va cheklovlarni bartaraf etishni davom ettirish muhim, deb hisoblaymiz.

Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari bilan tovar ayirboshlashni koʻpaytirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasidagi yondashuv va mexanizmlarni birgalikda ishlab chiqishga tayyormiz.

Texnik tartibga solish normalari, sanitariya, fitosanitariya va veterinariya talablarini uygʻunlashtirish ishlarini davom ettirmoqdamiz.

Bu borada Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan birgalikda alohida “Yoʻl xaritasi”ni kelishish jarayonini yakunlayapmiz.

Ikkinchi. Avvalgi sammitda sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish muhim ekani xususida ancha soʻz yuritildi.

Bugun ushbu yoʻnalishdagi ishlarimiz ishtirokchi davlatlar bilan koʻproq ikki tomonlama asosda olib borilmoqda.

Biz Rossiya, Qozogʻiston, Belarus va Qirgʻiziston bilan sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash boʻyicha “yoʻl xarita”larini qabul qilganmiz va izchil amalga oshiryapmiz.

Birlashma bilan tegishli hamkorlikni tizimli asosda tashkil etishni maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz.

Jumladan, Yevroosiyo iqtisodiy kengashining Industriallashtirish onlayn xaritasini yaratishda ishtirok etishga tayyormiz.

Uchinchi. Yangi transport yoʻlaklarini barpo etish loyihalarini ilgari surish mamlakatlarimiz tranzit salohiyatini oshirish borasidagi birgalikdagi ishlarga qoʻshimcha surʼat bagʻishlaydi.

Oʻzbekistonning bugun imzolanayotgan bitimga muvofiq amalga oshiriladigan yuk tashishlarni kuzatish uchun navigatsiya tamgʻalarini joriy etish boʻyicha dasturga qoʻshilish imkoniyatini koʻrib chiqmoqdamiz.

Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining Logistika zanjirlarini rivojlantirishning raqamli ekotizimini yaratish toʻgʻrisidagi yangi tashabbus ham bizda qiziqish uygʻotmoqda.

Toʻrtinchi. Global iqlim kun tartibini hisobga olib, aʼzo va kuzatuvchi davlatlarning “yashil” energetika loyihalarini amalga oshirish borasidagi saʼy-harakatlarini birlashtirish muhimdir.

Shu munosabat bilan, hozirgina Vladimir Vladimirovich aytgan Yuqori darajadagi ishchi guruhga qoʻshilishga tayyormiz hamda uning doirasida “yashil” taraqqiyot sohasidagi qoʻshma Chora-tadbirlar rejasini tasdiqlashni taklif etamiz.

Beshinchi. Raqamli iqtisodiyotga oʻtish, innovatsiyalar va ilgʻor IT-yechimlarni keng joriy qilish mamlakatlarimiz raqobatbardoshligini oshirishda hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Bu borada bilim, tajriba va ilgʻor texnologiyalar almashish, mamlakatlarimiz  IT-parklari va markazlari oʻrtasida tizimli hamkorlikni rivojlantirish, sohada ishbilarmonlar sherikligini kengaytirish maqsadida navbatdagi Yevroosiyo raqamli forumini Oʻzbekistonda oʻtkazishni taklif etamiz.

Oltinchi. Yevroosiyo makonidagi muhim ishbilarmonlik tashabbuslari va dasturlarini amalga oshirishga kuzatuvchi davlatlarni yanada faol jalb etish yuzasidan oʻzaro kelishilgan takliflar tayyorlash, ilmiy-texnik va gumanitar almashinuvni ragʻbatlantirish maqsadida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi Taraqqiyot markazi imkoniyatlaridan samarali foydalanish niyatidamiz.

Buning uchun markaz negizida mamlakatlarimiz taraqqiyot institutlarining faol ishtirokida oʻzaro manfaatli hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha turkum tadbirlar oʻtkazishni taklif etamiz.

Yettinchi. Iqtisodiy integratsiya maqsadlaridan kelib chiqib, kuzatuvchi mamlakatlarning Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi Kengashi va organlari ishida ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirishni istardik.

Bu hamkorlik samaradorligini oshirish va qoʻshma qarorlarni ishlab chiqishga xizmat qiladi.

Hurmatli hamkasblar!

Oʻzbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirishning qatʼiy tarafdori ekanini yana bir bor tasdiqlayman.

Soʻzim yakunida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga raislik Qirgʻizistonga oʻtgani munosabati bilan Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti, hurmatli Sadir Nurgojoyevich Japarovga katta muvaffaqiyatlar tilayman.

Fursatdan foydalanib, hurmatli doʻstlar, sizlarni yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan tabriklayman, mustahkam sogʻlik, farovonlik va oʻz oldingizga qoʻygan maqsadlarning roʻyobini tilayman.

Eʼtiboringiz uchun rahmat.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.