Oʻqituvchi va murabbiylar – yangi Oʻzbekistonni barpo etishda katta kuch, tayanch va suyanchimizdir
Assalomu alaykum, aziz yurtdoshlar!
Qadrli muallimlar!
Muhtaram ustozlar!
Bugun siz, azizlar bilan 1 oktyabr – Oʻqituvchi va murabbiylar kuni – umumxalq bayrami arafasida uchrashib turganimdan baxtiyorman.
Fursatdan foydalanib, sizlarni, joylardagi studiyalarda oʻtirgan fidoyi ustozlarimizni, “oynai jahon” orqali bugungi tantanali marosimni koʻrib turgan barcha yurtdoshlarimni ushbu qutlugʻ ayyom bilan samimiy muborakbod etaman.
Biz har birimiz hayotda qanday muvaffaqiyat va natijalarga erishgan boʻlsak, bu yutuqlarda sizlarning beqiyos hissangiz borligini doimo minnatdorlik bilan eʼtirof etamiz. Shu bois, mana shunday quvonchli kunda barcha shogirdlaringiz, butun xalqimiz nomidan sizlarga yuksak hurmat-ehtiromimiz, ezgu tilaklarimizni bildirib, chin dildan taʼzim qilamiz.
Ulugʻ shoirimiz mavlono Furqat ilm-maʼrifatni koʻngillarning sururi, koʻrar koʻzlarning nuri, deb taʼriflaganini hammamiz yaxshi bilamiz.
Darhaqiqat, millionlab farzandlarimiz qalbiga ilm-fan ziyosini singdirib, ularni el-yurtga munosib insonlar etib tarbiyalayotgan zahmatkash va olijanob ustozlarimizga har qancha tahsinlar aytsak, arziydi.
Men bugun bildiradigan fikrlarni, avvalo, hurmatli muallim va oʻqituvchilarga, qadrli tarbiyachilarga, barcha jonkuyar ziyolilarimizga yoʻllangan murojaat sifatida qabul qilishingizni istardim.
Aziz doʻstlar!
Xabaringiz bor, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida soʻzlagan nutqimda men boshqa koʻpgina muhim masalalar qatorida Yoshlar huquqlari boʻyicha xalqaro konvensiyani qabul qilishga oid Oʻzbekiston tashabbusiga yana bir bor jahon hamjamiyatining eʼtiborini qaratdim.
Yoshlar huquqi deganda, biz, birinchi navbatda, ularning tinch va sogʻlom yashash hamda taʼlim olishga boʻlgan toʻlaqonli huquqini tushunamiz. Shu bois, unib-oʻsib kelayotgan yosh avlodimizning barkamol boʻlib voyaga yetishi, sifatli va mukammal taʼlim olishini taʼminlash biz uchun hamisha ustuvor vazifa hisoblanadi.
Butun dunyo davlatlari qatori Oʻzbekiston ham koronavirus pandemiyasini boshidan kechirayotgan hozirgi murakkab davrda mamlakatimiz taʼlim tizimi ham jiddiy sinovga duch keldi. Bugungi qiyin sharoitga qaramasdan, davlatimiz tomonidan oʻz vaqtida koʻrilgan chora-tadbirlar va sizlarning fidokorona mehnatingiz bilan bu boradagi ishlarimiz izchil davom ettirilmoqda. Jumladan, qisqa muddat ichida yurtimizda “onlayn maktab” loyihasi va masofaviy taʼlim joriy etildi.
Yaqinda respublikamizning aksariyat maktablarida, karantin qoidalariga amal qilgan holda, yangi oʻquv yili boshlandi. Ezgu anʼanamizga muvofiq, qariyb 650 ming nafar 1-sinf oʻquvchisiga Prezident sovgʻalari sifatida 72 milliard soʻmlik oʻquv qurollari topshirildi. Shuningdek, moddiy yordam va koʻmakka muhtoj, boquvchisini yoʻqotgan oilalarning farzandlari va nogironligi boʻlgan bolalarga qishki kiyim-bosh toʻplamlari, maktab formasi va oʻquv qurollaridan iborat 426 milliard soʻmlik moddiy koʻmak berilgani ham ana shunday ezgu ishlarimiz qatoriga kiradi.
Ayni vaqtda, bugungi vaziyatdan kelib chiqqan holda, oʻquvchi va pedagoglarning salomatligini asrash masalasi barchamizning alohida eʼtiborimiz markazida turibdi. Shu maqsadda maktablarni zarur tibbiy va antiseptik vositalar bilan taʼminlash uchun Inqirozga qarshi kurash jamgʻarmasidan 17 milliard soʻm mablagʻ ajratildi.
Xabaringiz bor, bu yil 1,5 millionga yaqin yoshlarimiz oliy oʻquv yurtlariga kirish uchun hujjat topshirdi. Bu koʻrsatkich oʻtgan yilga nisbatan 40 foizga koʻp demakdir. Biz mana shunday ogʻir vaziyatda test sinovlarini ochiq stadionlarda, epidemiologik xavfsizlik talablariga qatʼiy amal qilgan holda, muvaffaqiyatli oʻtkazishga erishdik.
Buyuk davlat arbobi Indira Gandining “Bitta qiz bolani oʻqitsangiz, butun oilani oʻqitgan boʻlasiz”, degan soʻzlarida katta hayotiy haqiqat borligini albatta, hammamiz yaxshi tushunamiz. Shuning uchun joriy yilda qishloq joylarda yashayotgan, kam taʼminlangan oilalarga mansub qizlarimiz oliy oʻquv yurtlarining kunduzgi boʻlimida davlat granti asosida oʻqishlari uchun 940 ta oʻrin ajratdik.
Oʻylaymanki, qizlarimiz uchun yaratilgan bunday qoʻshimcha imkoniyat yana yuzlab oilalarga bilim va maʼrifat nurini olib kiradi. Bu, oʻz navbatida, yosh qizlarimizning kelajakda jamiyat uchun munosib kasb egalari boʻlib kamol topishiga puxta zamin yaratadi. Biz bu boradagi ishlarimiz koʻlamini bundan keyin ham yanada koʻpaytirib boramiz.
Hurmatli vatandoshlar!
Hammamizga ayonki, taraqqiyotning tamal toshi ham, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch ham bu – ilm-fan, taʼlim va tarbiyadir. Ertangi kunimiz, Vatanimizning yorugʻ istiqboli, birinchi navbatda, taʼlim tizimi va farzandlarimizga berayotgan tarbiyamiz bilan chambarchas bogʻliq.
Buyuk yunon olimi Aristotelning “Vatan taqdirini yoshlar tarbiyasi hal qiladi”, degan soʻzlari bor.
Qarang, bu fikrlar miloddan avval aytilgan. Demak, insoniyat ongli hayot kechira boshlagan davrdan buyon taʼlim va tarbiya masalasi, doimo dolzarb ahamiyat kasb etib kelmoqda.
Bir oʻylab koʻraylik, dunyodagi rivojlangan davlatlar qanday qilib yuksak taraqqiyot va turmush farovonligiga erishmoqda? Eng avvalo, ilm-fan va taʼlimga qaratilgan ulkan eʼtibor tufayli emasmi?
Shuning uchun ham keyingi yillarda yurtimizni har tomonlama taraqqiy ettirish, yangi Oʻzbekistonni yaratish maqsadida barcha sohalar qatori taʼlim tizimida ham tub islohotlar olib borilmoqda.
Bu borada oʻnlab muhim farmon, qaror va dasturlar qabul qilingani sizlarga yaxshi maʼlum. Mana, kuni kecha tasdiqlangan “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonun ushbu soha taraqqiyotida, hech shubhasiz, yangi ufqlarni ochib beradi. Qonunga muvofiq, taʼlim olishning masofaviy, inklyuziv shakllari joriy qilindi, taʼlim tashkilotlariga xorijiy muassasalar bilan qoʻshma fakultet va oʻquv markazlari tashkil qilishga ruxsat etildi. Shuningdek, oʻqituvchilarga mualliflik dasturi va oʻqitish uslublarini joriy etish, zamonaviy pedagogik shakllar, oʻqitish va tarbiya usullarini erkin tanlash huquqi berildi.
Biz keng koʻlamli demokratik oʻzgarishlar, jumladan, taʼlim islohotlari orqali Oʻzbekistonda yangi Uygʻonish davri, yaʼni Uchinchi Renessans poydevorini yaratishni oʻzimizga asosiy maqsad qilib belgiladik. Bu haqda gapirar ekanmiz, avvalo, uchinchi Renessansning mazmun-mohiyatini har birimiz, butun jamiyatimiz chuqur anglab olishi kerak.
Tarixga nazar solsak, Buyuk ipak yoʻlining chorrahasida joylashgan ona zaminimiz azaldan yuksak sivilizatsiya va madaniyat oʻchoqlaridan biri boʻlganini koʻramiz. Xalqimizning boy ilmiy-madaniy merosi, toshga muhrlangan qadimiy yozuvlar, bebaho meʼmoriy obidalar, nodir qoʻlyozmalar, turli osori atiqalar davlatchilik tariximizning uch ming yillik teran ildizlaridan dalolat beradi.
Men yuqorida Aristotelning fikrlarini bejiz eslamadim. Hammangizga yaxshi maʼlum, antik davrda Yunonistonda yongan ilm mashʼalasi toʻqqizinchi – oʻn ikkinchi asrlarda Markaziy Osiyo hududida qayta porladi. Bu davrda yurtimiz hududida birinchi Renessans yuzaga keldi va u butun dunyo tan oladigan mashhur daholarni yetishtirib berdi. Xususan, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mahmud Zamahshariy singari oʻnlab buyuk allomalarimizning jahonshumul ilmiy-ijodiy kashfiyotlari umumbashariyat taraqqiyoti rivojiga beqiyos taʼsir koʻrsatdi.
“Islom madaniyatining oltin asri” deb eʼtirof etiladigan bu davrda ona zaminimizdan yetishib chiqqan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Margʻinoniy, Abul Muʼin Nasafiy kabi ulugʻ ulamolar butun musulmon olamining faxru iftixori va cheksiz gʻururi hisoblanadi.
Oʻn beshinchi asrda Sohibqiron Amir Temur bobomiz asos solgan va uning munosib avlodlari davom ettirgan muhtasham saltanat, yurtimizda ikkinchi Uygʻonish, yaʼni ikkinchi Renessans davrini boshlab berdi. Bu davrda Qozizoda Rumiy, Mirzo Ulugʻbek, Gʻiyosiddin Koshiy, Ali Qushchi singari benazir olimlar, Lutfiy, Sakkokiy, Hofiz Xorazmiy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo kabi mumtoz shoir va mutafakkirlar maydonga chiqdi. Sharafiddin Ali Yazdiy, Mirxond, Xondamir kabi tarixchilar, Mahmud Muzahhib, Kamoliddin Behzod singari musavvirlar, koʻplab xattot va sozandalar, musiqashunos va meʼmorlarning shuhrati dunyoga yoyildi.
Donishmand xalqimiz har ikki Renessans davrida jahonning eng ilgʻor, taraqqiy etgan xalqlari qatorida boʻlgani barchamizga ulkan gʻurur va iftixor bagʻishlaydi.
Bir oʻylab koʻraylik, ajdodlarimiz bunday yuksak choʻqqilarga qanday erishganlar? Ular, eng avvalo, jaholatga qarshi maʼrifat bayrogʻini baland koʻtarib, oʻz aql-zakovati va salohiyatini bashariyat yaratgan ilm-fan yutuqlarini chuqur oʻrganish va boyitishga bagʻishlaganlar.
Tan olish kerakki, biz ana shunday bebaho merosga koʻpincha faqat tarixiy yodgorlikka qaraganday munosabatda boʻlib kelmoqdamiz. Bunday tengsiz boylikni amaliy hayotimizga tatbiq etishda beparvolik va eʼtiborsizlikka yoʻl qoʻymoqdamiz. Vaholanki, bunday noyob meros kamdan-kam xalqlarga nasib etgan. Birgina Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik instituti fondlarida saqlanayotgan 100 mingdan ortiq nodir qoʻlyozmalarga dunyo ahli havas qiladi. Biz bu haqiqatni har tomonlama teran anglashimiz zarur.
Buyuk ajdodlarimizning betakror va noyob ilmiy-maʼnaviy merosi biz uchun doimiy harakatdagi hayotiy dasturga aylanishi kerak. Bu oʻlmas meros hamisha yonimizda boʻlib, bizga doimo kuch-quvvat va ilhom bagʻishlashi lozim. Avvalambor, milliy taʼlim tizimini ana shunday ruh bilan sugʻorishimiz kerak. Buning uchun olim va mutaxassislarimiz, hurmatli ulamolarimiz bu maʼnaviy xazinani bugungi avlodlarga sodda va tushunarli, jozibali shakllarda yetkazib berishlari zarur.
Shu munosabat bilan Fanlar akademiyasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Madaniyat vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Musulmonlar idorasi, Xalqaro islom akademiyasi, Islom sivilizatsiyasi markazi buyuk mutafakkirlarimizning ilmiy-maʼrifiy va madaniy merosini fundamental asosda nashrga tayyorlash, chop etish va keng ommaga yetkazish, shuningdek, uni oʻrganish metodikasini ishlab chiqib, amalda qoʻllash chora-tadbirlarini koʻrsin. Bu masalaga Bosh vazir oʻrinbosari B.Musayev masʼul etib belgilanadi.
Yana bir masalaga alohida toʻxtalib oʻtmoqchiman: ming afsuski, oʻn oltinchi asrning ikkinchi yarmidan boshlab Markaziy Osiyo zaminida ichki urush va nizolar, hokimiyat uchun kurash avj oldi. Ayirmachilik va mahalliychilik kuchaydi, maʼrifat oʻrniga jaholat ildiz otdi. Natijada bir paytlar gullab-yashnagan oʻlkamizda ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy inqiroz yuzaga keldi. Ilm-fan va tafakkur mashʼali soʻna boshladi. Yurtimizning oʻn toʻqqizinchi asrga kelib qaramlikka tushib qolishida ayni shunday salbiy holatlar asosiy sabab boʻlgani hammamizga yaxshi ayon.
Koʻpchilik ziyolilar qatorida men ham bir fikrni hamisha katta armon bilan oʻylayman: mamlakatimizda Uchinchi Renessansni yigirmanchi asrda maʼrifatparvar jadid bobolarimiz amalga oshirishlari mumkin edi. Nega deganda, bu fidoyi va jonkuyar zotlar butun umrlarini milliy uygʻonish gʻoyasiga bagʻishlab, oʻlkani jaholat va qoloqlikdan olib chiqish, millatimizni gʻaflat botqogʻidan qutqarish uchun bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etdilar. Shu yoʻlda ular oʻzlarining aziz jonlarini ham qurbon qildilar. Ular “Ilmdan boshqa najot yoʻq va boʻlishi ham mumkin emas” degan hadisi sharifni hayotiy eʼtiqod deb bildilar. Milliy istiqlol, taraqqiyot va farovonlikka, avvalo, maʼrifat orqali, dunyoviy va diniy bilim, zamonaviy ilm-hunarlarni chuqur egallash orqali erishish mumkin, deb hisobladilar.
Bu davrda Abdulla Avloniy, Mahmudxoʻja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Ubaydulla Xoʻjayev, Abdurauf Fitrat, Ibrat domla, Abdulhamid Choʻlpon, Abdulla Qodiriy, Ashurali Zohiriy, Hoji Muin va boshqa yana yuzlab ulugʻ insonlar milliy uygʻonish va millatparvarlik harakatining oldingi saflarida turdilar. Ular yangi usul maktablari bilan bir qatorda, odamlarning dunyoqarashi va turmush tarzini oʻzgartirishga qaratilgan gazeta-jurnallar, nashriyot va kutubxonalar, teatrlar tashkil etdilar.
Ming afsuski, jadid bobolarimiz oʻz oldiga qoʻygan ezgu maqsadlarni amalga oshirishga mavjud vaziyat, ijtimoiy tuzum yoʻl bermadi. Maʼrifat fidoyilari oʻsha davrning turli johil kimsalarining tuhmat-malomatlariga duchor boʻldilar. Avval chor hukumati, keyinchalik sovet hukumati ularni ayovsiz quvgʻin va qatagʻon qildi. Shu tariqa milliy uygʻonish va taraqqiyot harakati el-yurtimiz uchun armon boʻlib qoldi.
Vatanimiz ozodligi va xalqimiz baxt-saodati yoʻlida jonini fido qilgan jadidlarning ilmiy-maʼrifiy, adabiy-badiiy merosi biz uchun bugun ham beqiyos ahamiyatga ega.
Birgina misolga eʼtiboringizni qaratmoqchiman.
Bu yil tavalludining 145 yilligi nishonlanayotgan ulugʻ maʼrifatparvar bobomiz Mahmudxoʻja Behbudiy oʻz vaqtida biz uchun ikki emas, toʻrt tilni bilish zarur, deb bong urgan edi. Behbudiy bobomizning ushbu daʼvati hozir ham gʻoyat dolzarb boʻlib turibdi.
Qadrli muallimlar, men bugun Oʻqituvchi va murabbiylar bayrami munosabati bilan bir guruh vatandoshlarimizni mukofotlash toʻgʻrisidagi Farmonni imzoladim. Ana shunday yurtdoshlarimiz orasida Vatanimiz istiqloli, xalqimizning ozodligi va erkinligi, obod va farovon hayotini taʼminlash yoʻlida fidokorlik koʻrsatib, milliy taʼlim va tarbiya tizimini yaratishga beqiyos hissa qoʻshgan Abdulla Avloniy, Mahmudxoʻja Behbudiy va Munavvarqori Abdurashidxonov “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlanganini sizlarga va butun elimizga mamnuniyat bilan aytmoqchiman.
Hozirgi vaqtda mustabid tuzum davrida siyosiy qatagʻon qurboni boʻlgan ota-bobolarimizning hayoti va faoliyatini, xususan, jadidlar merosini yanada chuqur oʻrganish va ularning xotirasini abadiylashtirish boʻyicha qaror loyihasi tayyorlanmoqda.
Hurmatli doʻstlar!
“Oqqan daryo – oqaveradi”, deydi dono xalqimiz. Bugun buyuk ajdodlarimizning bebaho merosiga tayanib, yangi Renessans poydevorini yaratish uchun bizda barcha imkoniyatlar mavjud, deyishga toʻla asoslarimiz bor. Hamma gap ana shu imkoniyatlardan qay darajada oqilona foydalana olishimizga bogʻliq.
Bu fikrlarga bir misol keltirmoqchiman.
Bilasizlar, Qorakoʻl tumanida hammamizga maʼlum bir maktab bor. Bu maktabni mashhur qilgan fidoyi muallim Toʻxtamurod Jumayev nomini ham barchamiz yaxshi bilamiz. Bu ajoyib pedagog oʻzining tinimsiz izlanishi, yangi taʼlim metodikasi bilan oddiy bir qishloq maktabini respublika darajasidagi mashhur taʼlim dargohiga aylantirdi. Holbuki, ushbu maktab Buxoroning olis choʻl tumanida joylashgan boʻlib, zamonaviy sharoitga, qulay imkoniyatlarga ham ega emas edi.
Bugun ushbu maktab bitiruvchilarining 95 foizdan ortigʻi oliy oʻquv yurtlariga oʻqishga kiryapti. Xalqaro olimpiadalardan eng koʻp medal olib kelayotganlar ham aynan shu maktabning oʻquvchilari hisoblanadi. Mamlakatimizning barcha hududlaridan, hatto poytaxt Toshkentdan ham odamlar oʻz farzandini Qorakoʻlga olib borib, ana shu maktabga oʻqishga beryapti.
Biz bu taʼlim maskani erishayotgan katta yutuqlarni inobatga olib, oʻtgan yili uni Xalqaro matematika maktabiga aylantirdik.
Toʻxtamurod domla ham, jadid bobolarimiz kabi, tinimsiz va fidokorona mehnat qilib, hozirgi davrning yangi usul maktabini yaratishga erishdi.
Mana, bugungi kunimizning haqiqiy maʼrifatparvari, davrimizning Avloniysi, Behbudiy domlasi, Munavvarqorisi!
Bunday ulkan natijaga erishish uchun albatta oʻziga xos oʻqitish tizimi boʻlishi kerak. Ayni vaqtda bunday yutuqlar zamirida insonning oʻz kasbiga, Vataniga mehri va sadoqati, yuksak masʼuliyat tuygʻusi mujassam, desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.
Mana shu maktabda Toʻxtamurod aka boshchiligida har bir oʻqituvchi shogirdlarini oʻz bolasiday koʻrgan, bu yerda chinakam ijodiy musobaqa muhiti shakllangan va bu ishlar bugun oʻzining munosib natijasini bermoqda.
Mohir pedagog Toʻxtamurod Jumayev taʼlim-tarbiya sohasida erishgan ulkan yutuqlari va ibratli faoliyati uchun Prezident Farmoniga asosan davlatimizning yuksak mukofoti – “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandilar.
Fursatdan foydalanib, Toʻxtamurod akani va mukofotga sazovor boʻlgan barcha oʻqituvchi va murabbiylarimizni oʻz nomimdan, xalqimiz nomidan samimiy muborakbod etaman.
Hurmatli yigʻilish ishtirokchilari, shu oʻrinda savol tugʻiladi: Qorakoʻl maktabi biz uchun zamonaviy maktabning haqiqiy andozasi emasmi? Nima uchun Xalq taʼlimi vazirligi uning noyob tajribasini yetarlicha ommalashtirmayapti? Nima uchun boshqa maktab direktorlari bu taʼlim dargohidan ibrat olmayapti? Xalq taʼlimi vaziri Sh.Shermatov nega uch yildan buyon bu jiddiy masalaga yetarlicha eʼtibor bermayapti?
Afsuski, hammamiz “Oldingdan oqqan suvning qadri yoʻq”, deb, beparvo boʻlib yuribmiz.
Nima uchun boshqa viloyatlarda, deylik, Andijonda, Fargʻona, Samarqand, Xorazm yoki Qarshida, Jizzax va Sirdaryoda bunday maktablar yoʻq?
Vaholanki, bugungi kunda bizga mana shunday yuzlab maktablar,
oʻz kasbining chinakam ustasi va fidoyisi boʻlgan minglab murabbiylar suv bilan havoday zarur.
Shu munosabat bilan Xalq taʼlimi vazirligi hududlar rahbarlari bilan birgalikda har bir tumanda kamida bittadan mana shunday maktab yaratish choralarini koʻrishi zarur.
Prezidentning har bir hududdagi vakillari, har bir viloyat va tumanning yetakchilari – bu hokimlar. Maʼmun akademiyasining beshigi, Muhammad Xorazmiy yurti boʻlgan Xorazm, Mirzo Ulugʻbek kamolga yetgan Samarqand, dunyoga Bobur Mirzoni bergan Andijon, Ahmad Fargʻoniy vatani boʻlgan Fargʻona viloyatlarining hokimlari bugun bu oqsoqlik va beparvolik toʻgʻrisida nima deydilar?
Oʻzingiz rahbarlik qilayotgan viloyatlarda mana shunday namunali maktablar tashkil etish uchun sizlarga olti oy muhlat beramiz.
Albatta, yangi maktablarni qurish, chiroyli qilib jihozlash, bezash mumkin, lekin ularni zamonaviy maʼno-mazmun, ilm-maʼrifat, tarbiya bilan toʻldirish qoʻlimizdan keladimi?
Bu dolzarb masala ustida hokimlar bilan Vazirlar Mahkamasi, mutasaddi vazirliklar va idoralar rahbarlari birgalikda jiddiy ishlashlari talab etiladi.
Aziz doʻstlar!
Biz Uchinchi Renessans masalasini strategik vazifa sifatida oldimizga qoʻyib, uni milliy gʻoya darajasiga koʻtarmoqdamiz.
Biz maktabgacha taʼlim va maktab taʼlimi, oliy va oʻrta maxsus taʼlim tizimi hamda ilmiy-madaniy muassasalarni boʻlgʻusi Renessansning toʻrt uzviy halqasi, deb bilamiz. Bogʻcha tarbiyachisi, maktab muallimi, professor-oʻqituvchilar va ilmiy-ijodiy ziyolilarimizni esa yangi Uygʻonish davrining toʻrt tayanch ustuni, deb hisoblaymiz.
Men ishonaman – hurmatli ota-onalar bu tashabbusni albatta qoʻllab-quvvatlab, yangi Renessansning beshinchi halqasi, beshinchi ustuni boʻladilar. Va bu maʼnaviy-maʼrifiy hayotimizdagi eng mustahkam ustun boʻladi, desam, oʻylaymanki, sizlar toʻla qoʻllab-quvvatlaysizlar.
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Barchangiz xabardorsiz, bugun yurtimizda bir-biri bilan chambarchas bogʻlangan muhim sohalarni, yaʼni maktabgacha taʼlim, maktab va oliy taʼlim tizimlari, ilmiy-tadqiqot muassasalarini rivojlantirish boʻyicha beqiyos oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda. Lekin sir emas, maktabgacha taʼlim sohasi bu boradagi islohotlardan yaqin vaqtgacha chetda qolib keldi.
Aslida, farzandlarimiz tarbiyasida eng asosiy boʻgʻin hisoblangan maktabgacha taʼlim tizimining jamiyatimiz hayotidagi oʻrni va ahamiyatini hech narsa bilan oʻlchab boʻlmaydi. Aynan maktabgacha taʼlim sohasiga boʻlgan eʼtibor mamlakatning ertangi taraqqiyoti uchun mustahkam zamin yaratadi. Shularni nazarda tutib, biz yurtimizda ilk bor Maktabgacha taʼlim vazirligini tashkil etdik.
Bugun yirik shaharlarimizdan tortib, chekka tumanlar, qishloq va ovullarimizda yangi-yangi zamonaviy bogʻchalar barpo etilmoqda. Qisqa vaqt, yaʼni toʻrt yil ichida respublikamizda bogʻchalar soni 3 barobar oshib (5 ming 200 tadan 14 ming 200 taga), bolalarni qamrab olish darajasi 28 foizdan 54 foizga yetgani ana shunday amaliy harakatlarimiz natijasidir.
Sohaga davlat-xususiy sheriklik mexanizmi joriy etilishi tufayli 223 mingdan ortiq oʻringa ega boʻlgan 7 ming 400 ta xususiy bogʻcha tashkil qilindi. Bu maqsadlar uchun 1 trillion 850 milliard soʻm imtiyozli kredit mablagʻlari yoʻnaltirilib, 20 mingga yaqin yangi ish oʻrni yaratildi.
Koʻrinib turibdiki, dastlabki natijalar yomon emas. Biroq hali bu borada qiladigan ishlarimiz anchagina.
Sohada davlat-xususiy sheriklik tizimini rivojlantirib, nodavlat sektorning ulushini 75 foizga yetkazish, maktabgacha taʼlim qamrovini esa 80 foizdan oshirish zarur.
Bolalar bogʻchalari uchun kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishning amaldagi tizimi davr talablariga javob bermaydi. Qolaversa, maktabgacha taʼlimda zamonaviy oʻqitish shakllari, yangi pedagogik va axborot texnologiyalarini joriy qilish masalasi ham dolzarb boʻlib turibdi.
Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda maktabgacha taʼlim sohasidagi ushbu muhim vazifalar ijrosi yuzasidan hukumat qarorini qabul qilsin.
Muhtaram doʻstlar!
Xalqimiz hamisha ustozlarni eʼzozlab, ularning hurmat-izzatini joyiga qoʻyib kelgan. “Ustoz ota kabi ulugʻ” degan hikmatli naql ham bejiz aytilmagan. Endi ana shu soʻzlarni qogʻozda emas, amalda qaror toptiradigan, oʻqituvchi-muallimning qadr-qimmatini joyiga qoʻyadigan payt keldi.
Men bu gaplarni nima uchun aytayotganimni hammangiz yaxshi tushunib turibsiz, albatta.
Yashirib nima qildik, koʻp yillar davomida oʻqituvchiga eʼtibor borasida soʻzimiz boshqa, ishimiz boshqa boʻlib keldi. Oqibatda soha xodimlari goʻyoki keraksiz va himoyasiz qatlamga aylanib qoldi. Maktab oʻqituvchilarining asosiy vazifasi bir chetda qolib, ularni oʻzlariga mutlaqo aloqasi boʻlmagan ishlarga jalb etish chuqur ildiz oldi. Yanayam ochiqroq aytsak, muallimlarning “xoʻjayini” koʻpayib ketdi. Bunday nojoʻya ishlar nafaqat taʼlim sifatiga, balki soha xodimlarining oʻz kasbiga boʻlgan munosabatiga ham salbiy taʼsir koʻrsatdi. Qanchadan-qancha tajribali oʻqituvchilar dili ogʻrib, sevgan kasbini noiloj tashlab ketganini ham bilamiz.
Mana, yaqin-yaqingacha oʻqituvchi-muallimlar, ayrim joylarda oʻquvchilar ham, toʻrt oylab paxta yigʻim-terimi, chopiq va yaganaga chiqarilgani sir emas. Natijada oʻqituvchi bir oyda oʻrtacha 80 soat dars oʻtishi kerak boʻlsa, toʻrt oyda 320 soat yoʻqotadigan vaziyat vujudga keldi. Oʻz navbatida, oʻquvchi bir oyda 136 soat saboq oladigan boʻlsa, toʻrt oyda 544 soat darsni boy berishga majbur boʻldi.
Agar bu raqamlarni oʻn bir yilga koʻpaytirsak, bilasizmi, qancha boʻladi? Bu, axir, yuqori sinf oʻquvchilari uchun belgilangan 8,5 ming soatlik oʻquv dasturining qariyb 3 ming soati – 30 foizi dalada majburiy mehnatda oʻtdi, degani emasmi? Boshqacha aytganda, bola 11 yil oʻrniga atigi 7 yil oʻqishga majbur boʻldi.
Yaratganga shukrki, bunday salbiy holatlar endi tarixda qoldi. Hamma sohani oʻz egasiga, jumladan, qishloq xoʻjaligini ham fermer va klasterlarga topshirayotganimiz tufayli bunga erishmoqdamiz.
Keyingi toʻrt yilda maktab oʻqituvchilarining oylik maoshi bir yarim barobar koʻpaytirildi. Davlat mukofotlari bilan taqdirlanayotgan ustozlar soni oshib boryapti. Oʻqituvchi tayyorlaydigan hisobotlar, qogʻozbozliklar soni keskin kamaytirildi.
Oʻzingiz oʻylang, toʻrt yil oldin bunday oʻzgarishlarni tasavvur qilib boʻlarmidi?
Jamiyatda ustoz va murabbiylarga qaratilayotgan eʼtibor tufayli qariyb 15 ming nafar erkak oʻqituvchi maktablarga qaytdi. Ammo, shuni taʼkidlash kerakki, hali bu borada koʻzlangan natijaga erishganimiz yoʻq. Hozirgi kunda ham xalq taʼlimidagi pedagoglarning qariyb 70 foizini ayol oʻqituvchilar tashkil etmoqda.
Albatta, hammamiz maktab davrini eslaganimizda, koʻz oldimizga avvalo, talabchan va mehribon sinf rahbarimiz keladi. Nima uchun? Chunki, maktabdagi har bir qadamimiz mana shu aziz va olijanob insonlarning doimiy eʼtibori va gʻamxoʻrligida boʻlgan. Hayotga ilk yoʻllanmani ham bizga mana shu ustozlarimiz bergan.
Shu sababli biz sinf rahbarlarining mashaqqatli va masʼuliyatli mehnatini munosib ragʻbatlantirish chorasini koʻryapmiz. Xususan, 2020 yil 1 oktyabrdan boshlab 242 ming nafar sinf rahbari uchun qoʻshimcha toʻlov miqdori bir yarim barobar oshiriladi. Mazkur maqsadlar uchun yillik 400 milliard soʻmdan ziyod qoʻshimcha mablagʻ yoʻnaltiriladi.
Oʻrni kelganda aytmoqchimanki, men bugun imzolagan Farmon bilan birinchi marta 14 nafar sinf rahbari davlatimizning orden va medallari bilan taqdirlandi.
Oʻqituvchilarning doimiy va uzluksiz psixologik koʻnikmalarini rivojlantirish maqsadida Xalq taʼlimi vazirligi qoshidagi hududiy malaka oshirish institutlarida sinf rahbarlarini tayyorlash boʻyicha alohida oʻquv kurslarini tashkil etish kerak.
Bugungi kunda jamiyatimizda oʻqituvchi va murabbiylarning qaddi, shaʼni va gʻururi tiklanayotgani barchamizni quvontiradi.
Ayni vaqtda bu oʻta muhim masala eng dolzarb vazifamiz ekanini alohida taʼkidlab, uni amalga oshirish butun jamiyatimizning burchiga aylanishini istardim.
Farzandlarimiz maktabdan qanchalik bilimli boʻlib chiqsa, yuqori texnologiyalarga asoslangan iqtisodiyot tarmoqlari shuncha tez rivojlanadi, koʻplab ijtimoiy muammolarni yechish imkoni tugʻiladi. Shunday ekan, Yangi Oʻzbekiston ostonasi maktabdan boshlanadi desam, oʻylaymanki, butun xalqimiz bu fikrni qoʻllab-quvvatlaydi.
Hurmatli yigʻilish ishtirokchilari!
Mamlakatimizning kelgusi taraqqiyotini oʻylab, oʻqituvchi va muallimlarning hayotimizdagi nufuzi va mavqeini oshirish maqsadida ularning maqomini qonun darajasida belgilashni taklif qilaman. Ushbu qonunda yoshlarga taʼlim va tarbiya berish jarayonida oʻqituvchilar oʻzlarining salohiyatini toʻliq namoyon etishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ularni ijtimoiy, huquqiy, moddiy qoʻllab-quvvatlash choralari kafolatlanishi kerak. Jumladan, maktab direktori, uning oʻrinbosari, sinf rahbari, oʻqituvchining maqomi aniq belgilanishi lozim.
Oʻqituvchilarga ustamalar toʻlash, ularni ragʻbatlantirish mezonlari ham toʻliq qayta koʻrib chiqilishi zarur. Amalda bu masala oʻta murakkabligi va ortiqcha qogʻozbozlik talab qilishi ham haqiqat. Bunda aksariyat eskirgan qonunosti hujjatlari qayta koʻrib chiqilib, bekor qilinsa, oʻylaymanki, maqsadga muvofiq boʻladi.
Oʻqituvchilarning huquqlari davlat himoyasida boʻlishini, ularning kasbiy faoliyatiga noqonuniy aralashuv, boshqa ishlarga jalb qilish javobgarlikka sabab boʻlishini qatʼiy belgilash lozim.
Qonunda, shuningdek, maktab direktoriga qoʻyiladigan talablar, uning asosiy vazifalari va faoliyatini baholash mezonlari hamda hisobot berish tartibini belgilash zarur.
Maktab direktori lavozimini tanlov asosida, maktabni kelgusi 5 yilda rivojlantirish boʻyicha eng yaxshi dasturga ega nomzod egallashi kerak. Endi maktab direktori yil yakuni boʻyicha dastur ijrosi haqida mahalliy kengashda hisobot beradi va uning faoliyatiga xalq vakillari tomonidan ochiq-oydin baho berib boriladi. Maktab direktoriga intizomiy jazo berish va uni lavozimidan ozod etish masalalari ham mahalliy kengashlar bilan kelishilgan holda amalga oshirilishi zarur.
Parlamentimiz aʼzolaridan mahalliy kengashlarning maktablar bilan ishlash tizimini alohida nazoratga olib, ushbu jarayonlarga yaqindan koʻmak berishlarini soʻrayman. Oliy Majlis palatalari (T.Norboyeva, N.Ismoilov) ikki oy muddatda umumtaʼlim maktablari bilan ishlashni yanada kuchaytirish boʻyicha tegishli chora-tadbirlarni ishlab chiqishlari maqsadga muvofiq boʻladi.
Kelgusi ikki yil davomida maktablarni moddiy-texnik jihatdan taʼminlash xarajatlarini 2 barobar oshirish, ularni zamonaviy jihozlar va koʻrgazma qurollari bilan toʻliq taʼminlash lozim.
Afsuski, bugungi kunda tuman va shahar xalq taʼlimi mudirlarining tizimdagi oʻrni sezilmayapti. Ularning faoliyati asosan xoʻjalik ishlarini nazorat qilish va tegishli jazo choralari qoʻllashdan iborat boʻlib, taʼlim sifati bilan shugʻullanish ikkinchi darajali masalaga aylanib qolgan. Mazkur rahbarlarning tizimdagi rolini qayta koʻrib chiqish va ularning maqomini oshirishni davrning oʻzi talab qilmoqda. Bundan buyon tuman xalq taʼlimi boʻlimi mudirlari hokimning maorif boʻyicha maslahatchisi sifatida faoliyat olib boradi va bevosita hokimlik binosida oʻtiradi. Shunga mos ravishda ularga zarur vakolatlar beriladi.
Bundan tashqari, taʼlim sohasini rivojlantirish maqsadida tuman va shaharlarda alohida jamgʻarma tashkil etsak, nima deysizlar?
Jamgʻarma mablagʻlari ilgʻor va namunali maktab rahbarlari hamda xalq taʼlimi boʻlimlari metodistlarini ragʻbatlantirishga yoʻnaltiriladi.
Vazirlar Mahkamasi (J.Qoʻchqorov), Moliya vazirligi (T.Ishmetov) bir oy muddatda ushbu jamgʻarmani tashkil etish va uning moliyaviy manbalarini shakllantirish boʻyicha qaror loyihasini tayyorlasin.
Qadrli doʻstlar!
Keyingi vaqtda mamlakatimizda maktab taʼlimi umummilliy harakatga aylanib, soha rivojida yangi davr boshlanganidan xabardorsiz. Ana shu harakatning amaliy ifodasi sifatida soʻnggi ikki yilda 556 milliard soʻm mablagʻ hisobidan 77 ta yangi maktab qurildi. 1 ming 930 ta maktabda qayta qurish va taʼmirlash ishlari bajarildi.
Ayni paytgacha mavjud boʻlgan qishloq maktablaridagi “Qoʻlbola pechka”lar ham toʻliq almashtirilmoqda. Yuzlab maktablarda elektr energiyasi, toza ichimlik suvi taʼminoti, isitish tizimi yaxshilandi, oshxona, sport zallari va boshqa zarur binolar barpo etildi. 6 mingga yaqin maktab yuqori tezlikdagi Internetga ulandi.
Shu bilan birga, xususiy taʼlim tizimiga keng yoʻl ochilmoqda. Bu borada litsenziya olish tartibi soddalashtirildi. Oʻtgan uch yil davomida ularning soni 6 marta oshib, 140 taga yetgani diqqatga sazovordir.
Mutlaqo yangicha mazmun va shaklga ega boʻlgan Prezident maktablari hamda ijod maktablari boʻyicha ishlar faol davom ettirilmoqda.
Matematika hamda kimyo-biologiya fanlarini rivojlantirish boʻyicha qarorlar qabul qildik. Ularga asosan har bir tuman va shaharda ana shu fanlarga ixtisoslashgan maktablar bosqichma-bosqich tashkil etiladi. Shu yilning oʻzida matematika yoʻnalishida 56 ta, kimyo-biologiya yoʻnalishida 27 ta maktab tashkil etilgani bu ishlarning boshlanishidir.
Matematika, kimyo, biologiya, axborot tizimlari va informatika fanlari boʻyicha sertifikatsiya tizimini joriy etishni boshladik. Oʻrta taʼlim tizimida iqtidorli oʻquvchilar va oʻqituvchilar bilimini baholash tizimini kengaytirish maqsadida boshqa asosiy fanlar boʻyicha ham sertifikatsiya tizimini joriy etish zarur.
Xabaringiz bor, poytaxtimizda Muhammad Xorazmiy nomida axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga ixtisoslashgan yangi maktab ochdik. Ayni paytda farzandlarimizning “ay-ti” texnologiyalarga qiziqishini yanada oshirish va ularning yetuk mutaxassis boʻlib yetishishi uchun sharoit yaratish maqsadida joriy yilda – 14 ta, kelgusi yilda – 82 ta, 2022 yilda – 64 ta, 2023 yilda – 45 ta axborot texnologiyasiga ixtisoslashgan maktablar tashkil etiladi va barcha tuman va shaharlar qamrab olinadi.
Oʻqituvchilar ishini yengillashtirish va ularning salohiyatidan oqilona foydalanish uchun kelgusi yilda taʼlimni raqamlashtirish ishlarini yakunlab, “Onlayn maktab”, “Raqamli va xavfsiz maktab”, “Elektron darslik”, “Elektron kundalik” kabi tizimlar joriy etiladi. 2020 yil oxirigacha maktablarni keng polosali Internet tarmogʻiga ulash darajasi 70 foizga yetkaziladi. Kelgusida barcha maktablar 100 foiz Internet bilan taʼminlanadi va buning uchun Davlat byudjeti mablagʻlari yoʻnaltiriladi.
Biz xalqaro fan olimpiadalari gʻoliblari va ularning oʻqituvchilarini ragʻbatlantirish tizimini yoʻlga qoʻydik. Ilgari olimpiadada oltin yoki kumush medal olsa, sovrindor oʻquvchiga ham, uni tayyorlagan oʻqituvchiga ham nari borsa bitta faxriy yorliq berilardi. Hozir ular millionlab pul mukofoti bilan taqdirlanmoqda.
Bu ragʻbatlantirish tizimi amalda ijobiy natija bera boshlaganini alohida taʼkidlamoqchiman. Pandemiya sharoitiga qaramasdan, oʻquvchi yoshlarimiz xalqaro fan olimpiadalarida faol ishtirok etib, yuqori oʻrinlarni egallayotgani barchamizni quvontiradi. Xususan, bu yil 28 nafar iqtidorli oʻgʻil-qizimiz ana shunday olimpiadalarda 2 ta oltin, 8 ta kumush, 15 ta bronza medal hamda 3 ta diplomni qoʻlga kiritgani alohida eʼtiborga loyiq.
Ushbu yoʻnalishdagi ishlarimizni yangi bosqichga koʻtarish maqsadida,
Xalq taʼlimi vazirligi qoshidagi Fan olimpiadalari boʻyicha iqtidorli oʻquvchilar bilan ishlash departamenti faoliyatini kuchaytirish, vazirning birinchi oʻrinbosarini bu masala boʻyicha bevosita masʼul etib belgilash lozim.
Biz keyingi paytda taʼlim sohasida mutlaqo yangi tizim yaratish maqsadida tashkil etishni boshlagan Prezident va ijod maktablari zimmasiga barcha umumtaʼlim maktablari uchun oʻrnak va andoza boʻlish vazifasi yuklatilgan. Afsuski, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligining (S.Boboxoʻjayev) bu boradagi jonbozligi va tashabbuskorligi hali-hanuz sezilmayapti.
Ayni vaqtda, koʻzlagan maqsadlarimizga erishish uchun, maktabning ham masʼuliyatini oshiradigan vaqt keldi. Bu – davr talabi. “Qars ikki qoʻldan chiqadi”, deydi xalqimiz.
Bugun shiddat bilan rivojlanayotgan zamon har birimizdan doimo izlanib, tashabbus koʻrsatib, yangicha ishlashni talab etmoqda.
Bir oʻylab koʻraylik, nega qanchadan-qancha maktablarda bitiruvchilarning 10 foizi ham oliygohlarga kira olmayapti? Ota-onalar repetitor yollab, pul toʻlab bolalarini oʻqishga tayyorlashga majbur boʻlyapti.
Savol tugʻiladi: nima uchun aksariyat maktablarimiz 11 yil oʻqitgan oʻquvchilar oliygohga kira olmayapti-yu, repetitor 2 yilda bunga erishyapti?
Bu savollar har bir maktab oʻqituvchisi, jamoasi va direktorini, har qaysi vijdonli pedagogni oʻylantirishi zarur, deb oʻylayman.
Endi maktab jamoatchilik oldida hisobot beradigan boʻladi. Maktabni bitirgan oʻquvchi oliygohga kirishi kerak yoki maktab davridayoq biror-bir kasb-hunarga ega boʻlishi shart. Aynan shu mezon asosida maktab jamoasi va direktori faoliyatiga baho beriladi.
Bugun har bir oʻqituvchi va tarbiyachi, oliygoh domlasi taʼlim va ilm-fan sohasidagi eng soʻnggi ijobiy yangiliklarni oʻquv jarayonlariga tatbiq eta oladigan, chuqur bilim va dunyoqarash egasi, bir soʻz bilan aytganda, zamonamiz va jamiyatimizning eng ilgʻor vakillari boʻlishlari kerak.
Bunday ustozlar qoʻlida taʼlim olgan farzandlarimiz biz orzu qilgan Oʻzbekistonning yorugʻ kelajagini bunyod etishga qodir avlod boʻlib kamol topadi. Lekin bu yuksak natijalarga erishish uchun taʼlim tizimidagi mavjud muammolarni hal qilishimiz lozim.
Bugun aniq va tabiiy fanlarni oʻqitish metodikasi murakkab tuzilgani, ularda nazariy bilimlar amaliyot bilan bogʻlanmagani, oʻquv dasturlarida uzviylik yoʻqligi, darsliklarning mazmuni va sifati qoniqarsiz ekani haqli eʼtirozlarga sabab boʻlmoqda. Amaldagi taʼlim standartlari hamda oʻquv dasturlari asosan oʻquvchini taʼlimning navbatdagi bosqichiga tayyorlashga yoʻnaltirilgan boʻlib, ularni erkin fikrlash va mustaqil hayotga tayyorlash masalasi eʼtibordan chetda qolmoqda. Bunday holatlarga barham berish uchun, xorijiy ekspertlar va tajribali oʻqituvchilarni keng jalb qilgan holda, umumiy taʼlimning Milliy oʻquv dasturi loyihasini ishlab chiqish va joriy oʻquv yili davomida uni ilmiy-tadqiqot va taʼlim muassasalarida sinovdan oʻtkazish lozim.
Shuningdek, umumtaʼlim maktablarida darslik va oʻquv-metodik majmualarni tajriba-sinovdan hamda chet ellik mutaxassislar ishtirokida ekspertizadan oʻtkazish tizimi mavjud emas. Maktab darsliklarini yaratish va chop etishni tartibga solish masalasi ham dolzarb boʻlib qolmoqda.
Shu sababli Respublika taʼlim markazi faoliyati zamonaviy talablar asosida tubdan qayta koʻrib chiqilib, takomillashtirilishi kerak. Ushbu markazning faoliyati Vazirlar Mahkamasida Bosh vazir oʻrinbosari B.Musayev tomonidan shaxsan muvofiqlashtirilishi va nazoratga olinishi zarur.
Boshlangʻich sinflardan boshlab farzandlarimizning qiziqish va qobiliyatlarini aniqlash, kelgusida ularni ixtisoslashgan sinflarda oʻqitishni davom ettirish tizimini joriy etish lozim. Buning uchun Xalq taʼlimi vazirligi, Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi navbatdagi oʻquv yilidan boshlab 4-sinf bitiruvchilarini fanlar boʻyicha saralash va yoʻnaltirish tartibini amaliyotga kiritishi kerak.
Hozirgi paytda umumtaʼlim muassasalarining oliy maʼlumotli pedagog kadrlar bilan taʼminlanish darajasi 87 foizni tashkil etadi. Koʻplab maktablar, ayniqsa, chekka hududlardagi taʼlim maskanlarida bir qator fanlar boʻyicha malakali oʻqituvchilar yetishmayapti. Shu munosabat bilan pedagog kadrlar tayyorlash masalasi hamisha eʼtiborimiz markazida turishi zarur.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri rahbarlari oʻz hududidagi pedagog kadrlar tayyorlaydigan universitet va institutlar bilan jiddiy ishlashi kerak. Ushbu oliy taʼlim dargohlarining professor-oʻqituvchilariga ipoteka va isteʼmol kreditlari ajratish, ularning sogʻligʻini mustahkamlash, sanatoriy va kurortlarda davolanishini tashkil etish masalalari shaxsan hudud rahbarining nazoratida turishi lozim. Chunki, eʼtibor qaratadigan boʻlsak, joylardagi hamma mutaxassisning – fermer yoki injenerni olasizmi, boshqa kasb vakillarini olasizmi, hammasiga eʼtibor va gʻamxoʻrlik qiladigan tashkilotlar bor. Faqat oʻqituvchining, oʻqituvchi tayyorlaydigan institutlarning, taʼbir joiz boʻlsa, joylarda “egasi” yoʻq.
Takror aytaman, endi bu masala bilan shaxsan hokimlar shugʻullanadi.
Bugungi tez oʻzgarayotgan zamonda, barcha sohalarda xodimlarning bilim va malakasini muntazam oshirib borish hal qiluvchi masalaga aylangan bir paytda pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimi bu talablardan orqada qolmoqda.
Xalq taʼlimi vazirligining Abdulla Avloniy nomidagi Xalq taʼlimi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti bor. Ming afsuski, bu institutning ismi jismiga mos emas. Ulugʻ maʼrifatparvar ilgari surgan va muvaffaqiyatli amalga oshirgan gʻoyalar, zamonaviy taʼlim metodikasini ishlab chiqish masalalari institut faoliyatida oʻzining amaliy ifodasini topa olmayotganini aytishga majburmiz.
Shu munosabat bilan maktab direktorlari va oʻqituvchilarining malakasini oshirish tizimini tanqidiy koʻrib chiqish zarur. Bu borada Abdulla Avloniy nomidagi institut faoliyatini tubdan qayta tashkil etish talab etiladi.
Mazkur taʼlim dargohi hududlardagi universitetlar va pedagogika institutlari bilan birgalikda tuman xalq taʼlimi boʻlimi mudirlari va maktab direktorlarining malakasini oshirish, oʻqitishning zamonaviy metodikalarini yaratish, masofaviy taʼlim berish masalalariga alohida eʼtibor qaratishi kerak.
Sohada raqobatni taʼminlash maqsadida nodavlat taʼlim tashkilotlarini ham malaka oshirish va qayta tayyorlash tizimiga jalb qilish vaqti keldi. Bu jarayonda oʻqitish xarajatlarini qoplash uchun Davlat byudjetidan mablagʻ yoʻnaltiriladi.
Oʻrnak koʻrsatgan oʻqituvchilar uchun majburiy malaka oshirish talablarini bekor qilish, ularning faoliyatini bevosita oʻquvchilari olgan bilim darajasi bilan baholashni nazarda tutish lozim. Oʻquvchilari xalqaro fan olimpiadalarida gʻolib boʻlgan pedagoglarga oliy malaka toifasi toʻgʻridan-toʻgʻri taqdim etilishi kerak.
Endilikda xalq taʼlimi xodimlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlashning yangi tizimi joriy etiladi. Yaʼni, oʻqituvchilar bevosita malaka oshirish markazlariga bormasdan, masofadan turib oʻz kasbiy koʻnikmalarini doimiy rivojlantirish imkoniyatiga ega boʻladilar. Bundan tashqari, taʼlim sifatini oshirishga koʻmaklashadigan va oʻqituvchilarning doimiy kasbiy rivojlanishiga amaliy yordam koʻrsatadigan ustoz-shogird tizimi tashkil qilinadi va ularning mehnati munosib ragʻbatlantiriladi.
Maktablarda informatika, kimyo, xorijiy tillar kabi fanlar boʻyicha oʻqituvchilar yetishmovchiligini bartaraf etish maqsadida pedagogik boʻlmagan yoʻnalishlar boʻyicha oliy taʼlim olayotgan yoshlar uchun qisqa muddatli pedagogik kurslar tashkil qilinadi.
Muallim va oʻqituvchilarning bilimi va malakasini oshirish haqida gapirganda, bugun jamiyatimizda dolzarb boʻlib turgan yana bir masalaga toʻxtalib oʻtish zarur, deb oʻylayman.
Ayting-chi, oʻqituvchi oʻz ustida ishlashi, bilim va mahoratini oshirishi uchun qoʻshimcha metodik yordamni qayerdan oladi? Albatta, shu sohaga oid kitob va qoʻllanmalardan, maxsus pedagogik nashrlardan oladi.
Afsuski, biz keyingi yillarda “majburiy obuna” bahonasida ixtiyoriy obunani ham yoʻq qildik. Buning natijasida maktab va oliygohlarning oʻqituvchi va domlalari oʻzlari uchun zarur boʻlgan gazeta va jurnallardan ajralib qoldi. Shunday ayanchli holga keldikki, hatto ayrim rahbarlar gazeta oʻqimasligi bilan maqtanadigan boʻldilar.
Oʻzingiz bilasiz, dunyoda kompyuter texnologiyalari eng rivojlangan davlatlardan biri bu – Yaponiyadir. Lekin ushbu mamlakatda kuniga 3-4 million nusxada nashr etiladigan gazetalar borligiga nima deysiz? Aytmoqchimanki, hayotimizda radio-televideniye, Internet bilan birga bosma nashrlarning ham oʻz oʻrni bor.
Bugungi kunda bosma nashrlarni taʼlim muassasalariga, oʻqituvchi-professorlarga yetkazib berish ham jiddiy muammoga aylangan. Chunki bu borada matbuot tarqatish va pochta tizimining faoliyati mutlaqo talabga javob bermaydi.
Shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda bosma matbuot nashrlari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, xususan, maktab va oliygohlarni pedagogik faoliyat uchun zarur nashrlar bilan taʼminlash, ularning kutubxonalarini oʻquv va badiiy adabiyotlar bilan toʻldirish chora-tadbirlarini ishlab chiqsin va amalga oshirsin.
Oʻquvchilarning qobiliyatini yuzaga chiqarish, boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etishga qaratilgan besh muhim tashabbus doirasida ham ijobiy ishlar olib borilmoqda. Bu boradagi amaliy harakatlarni davom ettirish, ayniqsa, musiqa va sanʼat, axborot texnologiyalari va sport toʻgaraklari faoliyatini yanada rivojlantirish, ularni zarur vosita va jihozlar bilan toʻliq taʼminlash alohida diqqat markazida boʻlmogʻi lozim.
Hammamizga ayonki, bugungi murakkab globallashuv davrida jamiyatimizda milliy gʻoya va mafkuraviy immunitetni kuchaytirish, yoshlarimizni turli zararli gʻoya va tahdidlardan asrash, ularni oʻz mustaqil fikriga ega, irodali, fidoyi va vatanparvar insonlar etib tarbiyalash har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu sababli biz birinchi marta umumtaʼlim maktablarida “Tarbiya” fanini joriy etmoqdamiz.
Maʼrifatparvar bobomiz Abdulla Avloniyning asriy qadriyatlarimiz asosida yaratgan “Turkiy “Guliston” yoxud axloq” asari sharqona tarbiyaning noyob qoʻllanmasi sifatida bugungi kunda ham oʻzining qadri va ahamiyatini yoʻqotgan emas. Biz “Tarbiya” fanining nazariy asoslarini ishlab chiqishda mana shunday bebaho asarlardan samarali foydalanishimiz zarur.
Xabaringiz bor, bir yil oldin oʻtkazilgan selektor yigʻilishida xalq taʼlimini rivojlantirishni umummilliy maqsad, umumxalq harakati sifatida belgilab olgan edik. Ushbu harakat doirasida barcha pogʻonadagi rahbarlar va ularning oʻrinbosarlari maktablarni otaliqqa olgan edi. Shundan soʻng hokimlarimiz “urra-urrachilik” bilan bir muddat maktabga kirgandek boʻldi, buni “oynai jahon”da namoyish ham qildi. Lekin shu bilan tamom – maktab esimizdan chiqdi.
Takror aytaman, bugun maktabga kirmagan, maktabning, yosh avlodning dardu tashvishlari bilan yashamagan rahbarni ertaga hayotning oʻzi qabul qilmaydi.
Hozirgi vaqtda qishloq xoʻjaligi sohasida ham institutsional islohotlar olib borilmoqda. Endi hokimlar ish vaqtining faqat 10-15 foizini qishloq xoʻjaligi sohasiga sarflaydigan sharoit vujudga kelmoqda. Qolgan vaqtda ular ijtimoiy masalalar, avvalo, taʼlim-tarbiya, maʼnaviyat bilan bevosita shugʻullanishlari lozim.
Mana, har bir hokim yoki uning oʻrinbosarlari hamma fermerlarni nomma-nom biladi. Lekin maktab direktorlarini, ilgʻor sinf rahbarlarini, faol oʻqituvchilarni-chi? Bugun bu borada qaysi hokimni ibrat, namuna qilib koʻrsata olamiz? Afsuski, javob yoʻq.
Shundan kelib chiqqan holda, har bir viloyat, tuman va shahar hokimi haftada bir kunni albatta maktabga bagʻishlashi kerak.
Maktab muammosiga birinchi darajali masala deb qarashimiz lozim. Maktab – faqatgina taʼlim beradigan maskan emas, barchamiz uchun yuksak maʼnaviyat beshigiga, farzandlarimizni bolalikdan boshlab kasbga oʻrgatuvchi dargohga aylanishi zarur.
Joriy oʻquv yilidan boshlab professional taʼlim tizimida yangi shakldagi muassasalar tarmogʻi yoʻlga qoʻyilayotganidan barchangiz xabardorsiz. Jumladan, xalqaro standartlarga mos 725 ta professional taʼlim muassasasi – kasb-hunar maktabi, kollej va texnikumlar yaqin kunlarda oʻz faoliyatini boshlaydi. Ularda 200 mingdan ortiq oʻquvchilar bugungi talablarga javob beradigan oʻquv dasturlari asosida taʼlim oladi.
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi xalqaro mehnat bozori talablariga javob beradigan kadrlarni tayyorlash, professional taʼlimning mazmuni va sifatini oshirish dasturini ishlab chiqsin. Hududlarning rahbarlari esa bitirib chiqayotgan yosh mutaxassislarni munosib ish bilan taʼminlash haqida bosh qotirishi zarur.
Qadrli yurtdoshlar!
Bugungi kunda jahondagi nufuzli oliy taʼlim muassasalari ilm-fanning yirik oʻchoqlari hisoblanishi hech kimga sir emas. Shuni hisobga olib, biz mamlakatimiz oliy taʼlim tizimida tub islohotlarni amalga oshiryapmiz. Yangi-yangi oliy oʻquv yurtlari, dunyodagi yetakchi universitetlarning filiallari tashkil etilmoqda.
Misol uchun, soʻnggi 4 yilda mamlakatimizda 47 ta yangi oliy taʼlim muassasasi, jumladan, xorijiy universitetlarning filiallari tashkil etilib, oliy oʻquv yurtlarining soni 125 taga yetdi.
Davlat-xususiy sheriklik tizimi asosida nodavlat oliy taʼlim muassasalari faoliyati yoʻlga qoʻyilmoqda. Aholi fikrini oʻrgangan holda, sirtqi va kechki taʼlim shakllarini qayta tikladik, qabul kvotalari oshirilmoqda. Maktab bitiruvchilarini oliy taʼlimga qamrab olish darajasi 2016 yilgi 9 foizdan 2020 yilda 25 foizga yetgan boʻlsa-da, biz bu ishlarni yanada kengaytirishimiz zarur.
Professor-oʻqituvchilarning xorijdagi oliy taʼlim hamda ilmiy-tadqiqot maskanlarida malaka oshirishi va stajirovka oʻtashini taʼminlaydigan mexanizm yaratildi. Ularning oylik ish haqi miqdori 2018 yilga nisbatan oʻrtacha 2,5 barobar oshirildi. Bu yildan boshlab 10 ta oliy taʼlim muassasasi oʻzini oʻzi moliyalashtirish tizimiga oʻtkazildi.
Ayni paytda oliy taʼlim sohasida bir qator muammolar saqlanib qolayotganini taʼkidlash lozim. Bu muammolar nimalardan iborat? Ularni hal etish uchun qanday tadbirlarni amalga oshirishimiz kerak?
Avvalo, sohada davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, ayniqsa, hududlarda nodavlat oliy oʻquv yurtlarini tashkil etish sekin bormoqda. Mana, Fargʻonada Koreya bilan, Xorazmda Malayziya bilan hamkorlikda oliy oʻquv yurtlari tashkil etilyapti. Lekin, nima uchun boshqa viloyatlarda bunday harakatlar sezilmayapti?
Aksariyat bitiruvchilarning bilim va malakasi mehnat bozori talablariga javob bermayotganini ham tan olishimiz kerak. Mahalliy taʼlim muassasalarida innovatsion faoliyat hamda tadqiqot natijalarini amaliyotga joriy etish darajasi juda past. Tizimda ilmiy darajali oʻqituvchilar ulushi oʻrtacha 37 foiz ekani bizni qoniqtirmaydi. Hududlarda bu koʻrsatkich yanayam past darajada saqlanib qolmoqda.
Oliy taʼlim maskanlarini ilmiy laboratoriyalar bilan jihozlash, tizimda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllash darajasi ham past ekanini qayd etish lozim.
Sir emas, bugungi pandemiya juda koʻp sohalar qatorida sogʻliqni saqlashning ilm-fan yoʻnalishida ham hali bilimlarimiz zaif ekanini koʻrsatib qoʻydi. Barchamiz bundan jiddiy xulosa qilishimiz kerak.
Oliy taʼlim tizimining vazifasi faqat talabalarga dars berishdan iborat emas. Universitet va institutlarimiz ilm-fan sohasida ham faol ishlashi, yoshlarni ilmiy ishlarga, katta-katta loyihalarga jalb etishi kerak. Ushbu muassasalarda ilmiy-tadqiqot ishlarini yanada rivojlantirish maqsadida ilmiy-texnik dasturlar doirasida amalga oshiriladigan loyihalar koʻlamini 3 barobar kengaytirish, doktoranturaga qabul kvotalarini 4 marta koʻpaytirish zarur.
Bugun “raqamli iqtisodiyot” degan tushuncha dunyoda eng dolzarb masalaga aylanganini barchamiz koʻrib turibmiz. Ayni paytda axborot texnologiyalari sohasida chuqur bilim va malakaga ega boʻlgan, ulardan unumli foydalana oladigan zamonaviy mutaxassislar milliy iqtisodiyotimiz uchun nihoyatda zarur. Barchamiz bu masalani chuqur anglagan holda, shu maqsadga erishish uchun jiddiy harakat qilishimiz shart. Bu ishga bugun kirishmasak, ertaga kech boʻladi.
Vazirlar Mahkamasi ushbu ustuvor vazifalar ijrosi yuzasidan alohida dastur ishlab chiqishi zarur.
Muhtaram doʻstlar!
Yodingizda boʻlsa, davlat rahbari sifatidagi mening birinchi uchrashuvim 2016 yil 30 dekabrda mamlakatimiz akademiklari bilan boʻlib oʻtgan edi. Bu paytda Fanlar akademiyasi muammolar girdobiga botib qolgan, unga oxirgi saylovlar 1995 yilda oʻtkazilgan edi. Oqibatda oʻtgan davr mobaynida akademiklarning soni 2 barobar qisqarib, 63 nafar akademik qolgan edi, xolos.
Biz akademiyani, taʼbir joiz boʻlsa, reanimatsiya holatidan chiqarib, sogʻlom, toʻlaqonli faoliyatga qaytarish uchun zarur amaliy choralarni koʻrdik. 32 nafar yangi akademik saylandi. Fanlar akademiyasining faoliyatini davlat byudjetidan moliyalashtirish tizimi yoʻlga qoʻyildi. Bir qator ilmiy-tadqiqot institutlari va markazlar faoliyati qayta tiklandi. Jumladan, 40 ta ilmiy laboratoriya zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlandi. Ushbu maqsadlar uchun birgina Fanlar akademiyasining institutlariga qariyb 300 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi.
Biz jamiyatimizda ilm-fanning qadrini keskin oshirish, olimlar va tadqiqotchilar uchun sharoit va imkoniyatlarni kengaytirish yoʻlida jiddiy harakat qilyapmiz. Ayni paytda taʼkidlash lozimki, oʻsha uchrashuvda bildirilgan aksariyat vazifa va topshiriqlar bugun ham dolzarb boʻlib, ularni toʻlaqonli amalga oshirish uchun barchamiz masʼulmiz.
Fanlar akademiyasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi bir oy muddatda Oʻzbekistonda ilm-fan sohalarini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi loyihasini kiritsin.
Shaxsan men jonkuyar olimlarimiz buyuk ajdodlarimizning ilmiy anʼanalarini munosib davom ettirgan holda, ilm-fanni taraqqiyotimizning drayveriga aylantirib, mamlakat rivojiga xizmat qiladigan muhim kashfiyotlar yaratishlariga ishonaman.
Qadrli vatandoshlar!
Barchamiz yaxshi bilamizki, insonning ongi va dunyoqarashi, fikri oʻzgarmasa, jamiyat oʻzgarmaydi. Jamiyat oʻzgarmagan joyda hech qanday ijobiy natija ham, taraqqiyot ham boʻlmaydi. Odamlarning ongu tafakkurini oʻzgartiruvchi kuch esa, hech shubhasiz, avvalo, oʻqituvchi-murabbiylar, oliygoh domlalari, ilm-fan arboblari, madaniyat va sanʼat, adabiyot namoyandalaridir.
Bugun biz yashayotgan jamiyatga yangi fikr, yangi gʻoya, eng muhimi, islohotlarni amalga oshirishga qodir boʻlgan yangi avlod kadrlari kerak. Albatta, xalqimizning mardona mehnati, oʻqituvchi va murabbiylarning jonbozligi tufayli taʼlim sohasini tubdan modernizatsiya qilish boʻyicha koʻp ish qildik. Lekin hammamiz yaxshi tushunamizki, bular – katta maqsad yoʻlida tashlangan dastlabki qadamlar, xolos.
Barchangiz guvohsiz, bugun zamon shiddat bilan oʻzgarib, barcha sohalar qatori taʼlim tizimi oldiga ham oʻta dolzarb va murakkab vazifalarni qoʻymoqda. Biz dunyo miqyosidagi keskin raqobatga bardosh bera oladigan milliy taʼlim tizimini yaratishimiz zarur. Shu maqsadda, avvalo, taʼlim maskanlarining moddiy-texnik bazasini, kadrlar salohiyatini mustahkamlash, darsliklar va oʻquv qoʻllanmalarini zamon talablari asosida takomillashtirish, oʻquv dasturlari va standartlarini optimallashtirish, soha xodimlarining ish haqini bosqichma-bosqich oshirib borish, ularning mashaqqatli mehnatini munosib qadrlash bundan buyon ham doimiy eʼtiborimiz markazida boʻladi.
Bugun men, avvalo, taʼlim-tarbiya sohasi fidoyilariga, barcha yurtdoshlarimizga murojaat qilib aytmoqchiman: aziz doʻstlar, birodarlar, agar intilsak, astoydil harakat qilsak, har qanday baland marrani egallash qoʻlimizdan keladi. Biz maʼrifat borasida, taʼbir joiz boʻlsa, “iligi toʻq” xalqmiz. Ilm-fanga intilish bizning qonimizda, bugungi til bilan aytganda, genimizda bor.
Hammamiz yaxshi tushunamiz, Uchinchi Renessans poydevorini yaratish –besh-oʻn yilda boʻladigan ish emas. Buning uchun, avvalo, yuzlab, minglab isteʼdodli kadrlar, fidoyi shaxslar kerak.
Biz Xudo bergan isteʼdodga parvarish zarurligini, agar oʻz vaqtida sharoit yaratib berilmasa, har qanday iqtidor ham soʻnib qolishi mumkinligini yaxshi anglaymiz.
Mana, Temuriylar davrini eslaylik, Gʻaznaviylar, Xorazmshohlar, Navoiylar zamonini yodga olaylik. Agar davlat tomonidan eʼtibor va homiylik boʻlmasa, ijodiy muhit yaratib berilmasa, ulugʻ allomalarimizning salohiyati bu darajada yorqin namoyon boʻlmas edi.
Bugun davlatimiz tomonidan ilm-fan, taʼlim va tarbiya, madaniyatni rivojlantirish uchun qancha kuch, qancha mablagʻ kerak boʻlsa, hammasini topamiz. Qanday imkoniyat zarur boʻlsa – yaratamiz.
Baʼzi odamlar, pandemiya davrida shu gaplar zarurmi, deb oʻylashi ham mumkin. Bunday tor qarash bilan yashaydigan kishilar yanglishadi. Xudo xohlasa, koronavirus pandemiyasi ham ertami-kechmi, albatta tarixga aylanadi.
Bu kasallik boshlangan mart oyidayoq biz ushbu ogʻir sinovdan munosib holda, yanada kuchli boʻlib oʻtishimiz kerak, deb oʻz oldimizga ulkan vazifa qoʻygan edik. Bugun ana shu maqsadlarimiz asta-sekin amalga oshmoqda. Biz barchamiz ulugʻ ajdodlarimizdan ibrat olib, ularga munosib boʻlib, doimo ezgu orzu-intilishlar bilan yashashimiz kerak.
Bugungi fursatdan foydalanib, men yil boshida Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomadagi bir fikrga eʼtiboringizni qaratishni oʻrinli, deb bilaman. Yaʼni: “Eng katta boylik – bu aql-zakovat va ilm, eng katta meros – bu yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik – bu bilimsizlikdir”.
Chindan ham, bugun biz ulugʻ niyatlar bilan poydevor qoʻyayotgan yangi Uygʻonish davri mamlakatimizda mana shunday ulkan boylik yaratishga, xalqimizning hayotini farovon qilishga va kelgusi avlodlarga oʻzimizdan munosib meros qoldirishga xizmat qiladi.
Ishonamanki, oʻz tarixida ne-ne buyuk ishlarni sharaf bilan amalga oshirgan xalqimizning intellektual va maʼnaviy salohiyati, kuch-qudrati va olijanob fazilatlariga tayanib, oʻz oldimizga qoʻygan ulugʻ va ezgu maqsadlarimizga albatta erishamiz.
Aziz muallimlar, muhtaram domlalar!
Men yangi Oʻzbekistonni – obod va farovon, demokratik mamlakatni barpo etishda siz, muhtaram pedagoglarni, professor-oʻqituvchilarni oʻzim uchun eng katta kuch, tayanch va suyanch, deb bilaman. Sizlarning hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻlgan faoliyatingizni qoʻllab-quvvatlash, sizlar uchun munosib mehnat va turmush sharoiti yaratib berishni Prezident sifatida oʻzimning muqaddas burchim, deb hisoblayman.
Sizlarni qutlugʻ bayramingiz bilan yana bir bor chin yurakdan tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxtu saodat, masʼuliyatli va sharafli faoliyatingizda muvaffaqiyatlar, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.
Doimo farzandlaringiz, shogirdlaringiz, elu yurtimiz hurmati va ardogʻida boʻlish baxti nasib etsin, aziz ustozlar!
Eʼtiboringiz uchun rahmat.