Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengash majlisidagi nutqi

0
102
marta koʻrilgan.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Xonimlar va janoblar!

Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengash Sammitining barcha ishtirokchilarini samimiy qutlashdan mamnunman.

Uchrashuvimizni yuqori saviyada tashkil etgani uchun Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti hurmatli Qasim-Jomart Kemelevich Toqayev nomiga bildirilgan minnatdorlik soʻzlariga qoʻshilaman.  

Shuningdek, Kengash faoliyati boʻyicha bugun bu yerda bildirilgan baholarni ham maʼqullayman. 

Oʻtgan davr davomida ushbu tuzilma xavfsizlikni taʼminlash, Osiyoda oʻzaro ishonch va barqaror taraqqiyotni mustahkamlash masalalari boʻyicha keng va ochiq muloqot uchun muhim maydon sifatida oʻzining gʻoyatda zarur ekanligini koʻrsatdi.

Forumimizni transformatsiya qilish masalasi boʻyicha qoʻshma faoliyatda ishtirok etishga tayyorligimizni bildiraman.

Hurmatli sammit ishtirokchilari!

Bugun biz xalqaro munosabatlarda noaniqlik tobora oʻsib, muloqot va ishonchning misli koʻrilmagan darajada taqchil boʻlib borayotganiga guvoh boʻlmoqdamiz.

Bularning barchasi koʻp tomonlama hamkorlik asoslariga putur yetkazmoqda, mojarolarning avj olishiga sabab boʻlib, global iqtisodiyotda tizimli uzilishlarga olib kelmoqda.

Yuzaga kelgan yangi geosiyosiy voqelik butun Osiyo qitʼasi barqarorligiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Inqirozli holatlar Markaziy Osiyo davlatlariga ham toʻgʻridan-toʻgʻri daxl qilmoqda, iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirish boʻyicha bizning saʼy-harakatlarimizni sekinlashtirmoqda.

Ushbu omillarning umumiy xavfsizlik manfaatlari, taraqqiyot va farovonligimizga taʼsiridan kelib chiqib, quyidagi ustuvor yoʻnalishlarga diqqatimizni qaratishimiz zarur.

Birinchidan. Afgʻonistondagi vaziyat alohida eʼtiborni talab qilmoqda.

Afsuski, boshqa oʻtkir xalqaro muammolar qalqib chiqishi natijasida Afgʻoniston masalasi ikkinchi darajaga tushib qolmoqda.

Oʻtmishda ushbu davlat amalda xalqaro terrorchilik makoniga aylanib qolgani bilan bogʻliq achchiq tajriba qayta takrorlanishiga aslo yoʻl qoʻyib boʻlmaydi.

Afgʻoniston muvaqqat hukumati bilan oʻzaro hamkorlik boʻyicha umumiy va muvofiqlashtirilgan yondashuvlarni ishlab chiqishimiz zarur.

Afgʻon muammosi yuzasidan keng konsensusga erishish va global darajada amaliy chora-tadbirlarni qabul qilish maqsadida,

Afgʻoniston hukumati bilan tomonlar majburiyatlarini bosqichma-bosqich bajarish algoritmini tayyorlash va kelishish lozim. Buning uchun yuqori darajadagi xalqaro muzokara olib boruvchi guruhni shakllantirish haqidagi tashabbus ifoda etilgan Osiyo mamlakatlarining Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasiga qoʻshma murojaati imkoniyatlarini koʻrib chiqishni taklif etamiz.

Ikkinchidan. Biz radikal gʻoyalarning keng xurujiga yanada koʻproq toʻqnash kelayapmiz.

Buzgʻunchi kuchlar targʻibot va mafkuraviy taʼsirning yangi uslublaridan foydalangan holda ekstremistik tashkilotlarga yoshlarni faol jalb etmoqda.

Shu munosabat bilan yosh avlodni radikalizmdan asrash, ularning kuch-gʻayrat va shijoatini bunyodkorlik sari yoʻnaltirish uchun tizimli hamkorlikni oʻrnatishimiz kerak.

Oʻgʻil-qizlarimiz oʻz kuchiga ishonishi, adolatli kelajakni qaror toptirishda oʻz ishtirokini his etishi, oʻz salohiyat va umidlarini amalda roʻyobga chiqarish imkoniyatlariga ega boʻlishi lozim.

Majlisimizning Yoshlar kengashi hamraisi sifatida turli yoshdagi insonlar oʻrtasida bir-birini yaxshiroq tushunishga daʼvat etadigan, farzandlarimizning eng dolzarb muammolariga birgalikda yechim izlashga koʻmaklashuvchi yangi formatni – Avlodlar muloqotini yoʻlga qoʻyishni taklif etamiz.

Yosh yetakchilar Forumi doirasida bunday ilk uchrashuvni 2023 yil aprel oyida Samarqandda oʻtkazishga tayyormiz.

Uchinchidan. Bugungi uchrashuvimiz kun tartibining muhim masalasi iqtisodiyotlarimizni global inqirozning oʻsib borayotgan salbiy oqibatlariga moslashuvi hisoblanadi.

Bu oʻrinda:

— proteksionizmning kuchayishiga, global bozorlarni beqaror qiladigan omillarni, jumladan yangi cheklovlarning joriy etilishiga yoʻl qoʻymaslik;

— Osiyo qitʼasida oʻzaro bogʻliqlikni, birinchi galda, ishlab chiqarish-logistika zanjirini, Markaziy Osiyoni Janubiy va Sharqiy Osiyo, shuningdek, Yaqin Sharq bilan samarali bogʻlovchi transport yoʻlaklarini yaratish hisobiga kuchaytirish muhimdir.

Toʻrtinchidan. Jahon sanoat inqilobining yangi bosqichiga oʻtishning asosi boʻlgan bilimlar iqtisodiyotini ilgari surish barqaror taraqqiyotga tahdidlarning oldini olishga xizmat qiladi.

Innovatsiyalar transferi salohiyatini yanada toʻliqroq ishga solish, raqamlashtirishni faol ragʻbatlantirish, «bulutli» texnologiyalar, sunʼiy intellekt, «buyumlar interneti»ni rivojlantirish maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.

Bu yoʻnalishlarda Osiyo mamlakatlari global yetakchilikka birgalikda erishish uchun barcha imkoniyatlarga egadir.

Beshinchidan. Qitʼamizning koʻplab davlatlari isteʼmol mahsulotlarining asosiy import qiluvchilari hisoblanadi va oziq-ovqat inqirozining oqibatlarini juda oʻtkir his qilmoqda.

Butunjahon oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti hisob-kitoblariga koʻra, ochlikdan aziyat chekayotgan sayyoramiz aholisining yarmidan koʻpi Osiyo qitʼasida yashamoqda.

Paradoks shundan iboratki, bir vaqtning oʻzida aynan bizning mamlakatlarimiz jahonning yetakchi oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi davlatlari hisoblanadi.

Shu munosabat bilan bugungi kunda quyidagi yoʻnalishlarda yangi yondashuvlar:

— oziq-ovqat ishlab chiqarishning barqaror tizimlarini va uni yetkazib berishning optimal zanjirini shakllantirish;

— ichki mintaqaviy savdo oʻsishi uchun texnik reglamentlarni uygʻunlashtirish;

— Osiyoda oziq-ovqat xavfsizligini monitoring qilish yaxlit tizimini yaratish ayniqsa zarurdir.

Ushbu barcha masalalarni FAO shafeligida kelgusi yili Oʻzbekistonda boʻlib oʻtadigan xalqaro konferensiyada muhokama qilishni taklif etaman.

Oltinchidan. Ekologiya va iqlim oʻzgarishi muammolarini hal qilish uchun saʼy-harakatlarimizni birlashtirishni hamda mamlakatlarimizni jadal koʻklamzorlashtirish va ekotizimlar bogʻliqligini qoʻllab-quvvatlash masalalari boʻyicha “Yashil Osiyo” konseptual dasturlari doirasida doimiy ekspert maslahatlashuvlarini yoʻlga qoʻyishni taklif qilaman.

Hurmatli doʻstlar!

Ishonchim komilki, zamonaviy tahdidlarni faqat muloqot, bir-birining manfaatlarini hisobga olish, umumeʼtirof etilgan xalqaro huquq meʼyorlariga amal qilish orqali samarali yengib oʻtish mumkin.

Aynan shuning uchun ham biz ilgari surgan umumiy xavfsizlik va farovonlik yoʻlida hamjihatlik borasidagi Samarqand tashabbusining asosiy maqsadi insoniyat kelajagi uchun befarq boʻlmagan, tinchlik, totuvlik va birgalikda gullab-yashnash uchun intilayotgan barcha sogʻlom kuchlarni amaliy muloqotga jalb etishga qaratilgandir.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Sammit ishtirokchilari!

Biz Qozogʻistonning Kengashga 2024 yilga qadar raislikni davom ettirish niyatini qoʻllab-quvvatlaymiz va qozogʻistonlik doʻstlarimizga omadlar tilaymiz.

Ishonchim komil, sheriklik va ishonchni mustahkamlagan holda, umumiy intilishlarimiz bilan biz ezgu maqsadlarga – mamlakatlarimiz tinchligi, barqarorligi va ravnaqini taʼminlashga erishamiz.

Eʼtiboringiz uchun rahmat.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.