Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz ikki yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqi

0
125
marta koʻrilgan.

Assalomu alaykum, qadrli vatandoshlar!

Muhtaram otaxon va onaxonlar!

Yurtimiz kelajagi boʻlgan yoshlar!

Hurmatli mehmonlar!

Bundan roppa-rosa oʻttiz ikki yil muqaddam Oʻzbekiston oʻz mustaqilligini eʼlon qildi. Oʻtgan davrda biz qancha sinovlarni boshimizdan oʻtkazdik, koʻplab qiyinchilik va mashaqqatlarni birgalikda yengdik.

Oʻttiz ikki yil avval tugʻilgan goʻdak bugun oʻzining mustaqil fikri, dunyoqarashi, orzu-istaklari va maqsadlariga ega shaxs sifatida voyaga yetdi. Xuddi shu singari, bugungi Oʻzbekiston ham, oʻtgan davrda turli sinovlarda toblanib, tajriba orttirib, oʻzining aniq maqsadi va yoʻli, pozitsiyasiga ega boʻlgan katta davlat sifatida shakllandi.

Bu – butun xalqimizning tarixiy yutugʻi. Unda har biringizning munosib hissangiz bor!

Siz, azizlarning Vatanga mehr va sadoqat bilan qilayotgan har kunlik mehnatingiz Oʻzbekiston mustaqilligini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Shu maʼnoda, Istiqlol bayrami – barchamizning bayramimiz, mustaqil Oʻzbekiston – barchamizning faxrimiz, iftixorimiz, desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.

Mana shu shukuhli damlarda har qanday sharoitda ham oʻz kasbiga sodiq qolib, yosh avlodimizga ilm-fan asoslarini oʻrgatib kelayotgan hurmatli muallim va murabbiylarni, xalq salomatligi yoʻlida oʻzini ayamasdan xizmat qilayotgan jonkuyar shifokorlarni, el-yurt dasturxonini yanada toʻkin qilish uchun dalalarimizda fidokorona mehnat qilayotgan mirishkor dehqon va fermerlarimizni, ona yurtimiz qalqonlari boʻlgan jasur harbiylarimizni, iqtisodiyotimiz rivoji, xalqimiz farovonligini oshirish yoʻlida jonbozlik koʻrsatayotgan tadbirkorlarimizni, oʻzining dastlabki yutuqlari bilan barchamizni xursand qilayotgan azmu shijoatli yoshlarimizni, qalb toʻla mehri, ulugʻ fazilatlari bilan xonadonlarimiz ustuni boʻlib kelayotgan hurmatli opa-singillarimizni, har bir ishda duogoʻy boʻlib, bizga Yaratgandan kuch va madad tilab turgan muhtaram otaxon va onaxonlarimizni, dunyoning qaysi oʻlkasida boʻlsa ham, Oʻzbekiston sogʻinchi bilan yashayotgan aziz vatandoshlarimizni, bir soʻz bilan aytganda, 36 millionlik butun xalqimizni bugungi ulugʻ bayram bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

Istiqlol ayyomi barchamizga muborak boʻlsin!

Qadrli doʻstlar!

Albatta, Oʻzbekiston oʻz suvereniteti, davlat mustaqilligiga osonlik bilan erishgani yoʻq. Bu yoʻlda ajdodlarimizning siyosiy va maʼrifiy intilishlari soʻnggi bir yarim asr davomida deyarli toʻxtamadi. Hurriyat uchun kurashgan koʻplab Vatan fidoyilari qatagʻon etildi, istiqlolga intilgan millat qahramonlari zulm va zoʻravonlik qurboni boʻldi.

Biz yurt ozodligi yoʻlida kurashgan, nohaq ayblanib, bu dunyodan armon bilan ketgan vatandoshlarimizning pok nomlarini tiklashni oʻz oldimizga maqsad qilib qoʻygan edik. Soʻnggi uch yilda ularning 856 nafari Oliy sud tomonidan oqlandi. Biz bunday ezgu ishlarni albatta davom ettiramiz. Zero, bu masalada adolat qaror topishi shart.

Oʻtmishga nazar tashlar ekanmiz, achchiq bir haqiqatni tan olishga majburmiz: “oʻzbek” deganda, faqat ertayu kech paxta dalasida mehnat qiladigan zahmatkash insonlar tasavvur qilinar edi. Afsuski, shu darajaga tushib qolgan edik.

Paxta hukmronligi oʻzbekning peshonasiga yozilgan balo boʻldi. Paxta siyosati Orolni quritdi, ekologiyamizni inqirozga olib keldi, iqtisodiyotimizni, taʼlim tizimini izdan chiqardi. Oqibatda bir necha avlod chalasavod boʻlib voyaga yetdi. Biz buning asoratlari bilan haligacha kurashyapmiz.

Bugun paxtachilikda bozor iqtisodiyoti tamoyillari joriy etilib, soha oʻz egasini topdi. Natijada oʻqituvchi maktabga, shifokor shifoxonaga qaytdi, tadbirkorlar paxta “oʻlponi”dan ozod boʻldi, majburiy va bolalar mehnatiga chek qoʻyildi. Oʻzbekiston xalqaro “qora roʻyxatlar”dan chiqarildi.

Barchamizning fidokorona mehnatimiz, gʻayratu shijoatimiz bilan Yangi Oʻzbekiston orzusi real haqiqatga aylanmoqda. Xalqaro maydonda Vatanimizga nisbatan hurmat va eʼtibor tobora ortib bormoqda.

Prezident sifatida dastlabki ishlarimdan biri qoʻshni mamlakatlar bilan doʻstona munosabatlarni oʻrnatish boʻldi. Yillar davomida yechimini kutayotgan muammolar hal etildi. Buning natijasida Markaziy Osiyo davlatlari bilan barcha sohalardagi aloqalarimiz yangi bosqichga chiqdi.

Qadrli yurtdoshlar!

Siyosiy mustaqillik zamirida eng avvalo iqtisodiy mustaqillik yotishi hech kimga sir emas. Oxirgi yillarda amalga oshirgan ishlarimiz, erishgan natijalarimiz bu yoʻlda mustahkam poydevor boʻlib xizmat qilmoqda. Soʻnggi 6 yilda yurtimizda yalpi ichki mahsulot hajmi 1,5 martadan ziyod, tadbirkorlik subyektlari soni 2 karra koʻpaygani, sanoatdagi oʻsish 40 foizdan oshgani buni yaqqol tasdiqlaydi. Qisqa muddatda kambagʻallikni 2 barobardan ziyod qisqartirishga erishdik.

Lekin biz bugun bilan kechagi kunni emas, bugun bilan ertangi kunni taqqoslashimiz, ishimizni shu asosda tashkil etishimiz kerak. Chunki, kelajak bugun biz tashlayotgan qadamlardan boshlanadi.

Aziz doʻstlar!

Biz mutafakkir zotlarning: “Davlatning vazifasi insonlarni baxtli-saodatli qilishdir. Bu maqsadga esa ilm va yaxshi axloq yordamida erishiladi”, degan hikmatli soʻzlarini oʻzimiz uchun dastur deb bilamiz.

Maʼlumki, biz bir yil avval taraqqiyotimizning 5 ta asosiy yoʻnalishini belgilab olgan edik. Unda taʼlim sohasini rivojlantirish birinchi galdagi ustuvor vazifa sifatida qayd etilgan.

Men doimo taʼlim, taʼlim, muallim, muallim, deb taʼkidlashim bejiz emas. Chunki taʼlimni rivojlantirmasdan turib yuksak taraqqiyotga erisha olmaymiz. Har qanday muammoning yechimi ham, ertangi kunimizni hal qiluvchi omil ham, shubhasiz, taʼlimdir.

2022 yili mamlakatimizda 72 ta yangi maktab qurildi, 279 tasi kapital taʼmirdan chiqarildi, 514 ta maktab esa rekonstruksiya qilindi. Maktablar uchun 30 mingdan ortiq kompyuter xarid qilindi. Yangi oʻquv yilidan respublikamiz maktablarida xorijdan maxsus taklif etilgan 500 nafar ingliz tili mutaxassislari bolalarimizga dars beradi. Boshlangʻich sinf oʻquvchilari ilgʻor xorijiy tajriba asosida ishlab chiqilgan yangi dastur va darsliklar boʻyicha oʻqiy boshlaydilar.

Xuddi shu kabi, sogʻliqni saqlash, biznesni rivojlantirish, sud tizimini takomillashtirish hamda suv va yoqilgʻi-energetika muammolarini hal etish yuzasidan katta loyihalar boshlangan. Yana bir bor taʼkidlayman: ushbu belgilangan ustuvor yoʻnalishlar bizning doimiy eʼtiborimiz markazida boʻladi.

Hurmatli bayram ishtirokchilari!

Agar 3 ming yillik tariximizga nazar tashlaydigan boʻlsak, ota-bobolarimiz asrlar mobaynida dunyo tamadduniga nafaqat jismoniy, balki intellektual mehnati bilan ulkan hissa qoʻshganiga guvoh boʻlamiz.

Biz jahonga faqat xomashyo emas, avvalo ilm-maʼrifat, maʼnaviy boylik yetkazib bergan ne-ne ulugʻ zotlarning avlodimiz. Hech shubhasiz, ularga xos boʻlgan buyuk fazilatlar, ular yaratgan shonli anʼanalar bugun ham bizning qalbimizda, ongimizda, hayotimizda yashamoqda.

Men ishonaman, biz bu tarixiy yoʻlni munosib davom ettirishga har tomonlama qodirmiz. Bugungi kunda dunyo xaritasida tutgan oʻrnimiz, oʻz oldimizga qoʻyayotgan juda ulkan maqsad va marralarimiz ham aynan shuni taqozo etmoqda.

Shundan kelib chiqqan holda, biz transport-logistika tizimi bilan birga, bugun zamonning oʻzi talab qilayotgan ilm-fan, innovatsiya, IT va aqliy mehnatga asoslangan boshqa sohalarni jadal rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratyapmiz. Aynan shu yoʻnalishlar Oʻzbekiston iqtisodiyotining yaqin kelajakdagi asosiy lokomotivlariga aylanadi.

Muhtaram doʻstlar!

Bugun bizning oldimizda turgan yana bir muhim masala – ekologik muammolar va suv tanqisligidir. Tarozining bir pallasida oʻsib borayotgan qurilishlar, ishlab chiqarish, qishloq xoʻjaligi turgan boʻlsa, ikkinchi pallasida har birimiz uchun eng zarur boʻlgan suvni tejash, atrof-muhit ifloslanishining oldini olish va yer resurslaridan oqilona foydalanish masalasi turibdi.

Bizning vazifamiz – har ikki yoʻnalishda ham muvozanatni saqlashdan iborat. Hech qachon unutmasligimiz lozimki, tabiiy resurslar – bu kelajak avlodlarimizga ham tegishli boʻlgan boylikdir. Shu bois, ulardan nafaqat bugungi, balki ertangi kunimizni ham oʻylab, oqilona foydalanishimiz zarur.

Bu borada suvni, energiya va boshqa tabiiy resurslarni tejaydigan iqtisodiyotga tezroq oʻtish muhim ahamiyatga ega. Biz uchun “yashil” va raqamli texnologiyalar, innovatsion ishlab chiqarish korxonalarini barpo etish vazifasi ham dolzarb boʻlib turibdi.

Qadrli yurtdoshlar!

Yangilangan Konstitutsiyamizda Oʻzbekistonning dunyoviy davlat va turli madaniyatlarni birlashtirgan makon ekani aniq belgilab qoʻyildi. Bizning kuch-qudratimiz – mana shunda, biz bu boylikni koʻz qorachigʻidek asrashimiz kerak. Tarixga qaraydigan boʻlsak, asrlar davomida yurtimizda turli xil eʼtiqod va qarashlar, dinlar, madaniyatlar bagʻrikenglik bilan qabul qilinganini koʻramiz.

Biz – nizolarni urush bilan emas, tinchlik bilan hal etish yoʻlini tanlaydigan xalqmiz. Biz barcha xalqlar bilan hamisha murosai madora, doʻstlik va hamkorlikda yashab kelganmiz. Bugungi taraqqiyot yoʻlimizda ham aynan shu tamoyillarga tayanamiz.

Bizga, birinchi navbatda, kuchli fuqarolik jamiyati zarur, chunki har qanday islohot har birimizning yuragimizdan, ongimizdan boshlanishi lozim. Adolatli qonunlar boʻyicha vijdonan yashashga tayyor boʻlishimiz, mamlakat kelajagi uchun bir yoqadan bosh chiqarib, olgʻa qadam bosmogʻimiz kerak.

Bugun rivojlangan fuqarolik jamiyatini shakllantirish haqida gap borar ekan, buni soʻz va matbuot erkinligisiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Butun dunyoda jurnalistlar oʻzlari va jamiyatni oʻylantirayotgan, xavotirga solayotgan mavzular haqida gapirish va yozish huquqi uchun, haqiqat uchun kurashganlar va bundan keyin ham kurashadilar.

Ammo, ishonch bilan ayta olamanki, men erkin fikrli jurnalistlar tarafida boʻlganman va doimo shu pozitsiyada boʻlaman. Ayni vaqtda axborot makonida haqqoniylik va xolislik bosh mezon boʻlishi kerak.

Hurmatli bayram qatnashchilari!

Buyuk maʼrifatparvar bobomiz Abdurauf Fitrat taʼbiri bilan aytganda, “xotin-qizlar – bu millat onalaridir”. Ular millatning yangi nasli – farzandlarini tarbiyalash uchun oʻzlari ham yuksak bilimli boʻlishlari zarur.

Shunday ekan, oldimizda turgan yana bir muhim vazifa – jamiyat hayotining barcha sohalarida ayollar uchun teng imkoniyatlar yaratishdir. Hurmatli xotin-qizlarimizning jamiyatdagi oʻrni va nufuzini oshirish, ularning huquq va manfaatlarini, kasb sohasi boʻyicha oʻsishini taʼminlash borasida oʻtgan davrda koʻp ishlarni amalga oshirdik. Shu bilan birga, bu yoʻnalishda qiladigan ishlarimiz ham oz emas.

Maʼlumki, muhtarama ayollarimiz zimmasida xizmat sohasidagi vazifasidan tashqari, farzandlar tarbiyasi, oilada sogʻlom muhitni mustahkamlash, axloqiy-maʼnaviy anʼanalarni davom ettirishdek murakkab vazifalar ham bor. Shunday ekan, mehribon opa-singillarimizni har qancha qoʻllab-quvvatlasak, arziydi.

Mana, bu yil oiladagi zoʻravonlikka qarshi qonunni qabul qildik. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad – oilalar mustahkamligini, ayollarimizning baxti va himoyasini taʼminlashdir. Biz bu yoʻnalishdagi ishlarimizni bundan keyin ham izchil davom ettiramiz.

Aziz yurtdoshlar!

Oʻzbekistonning har bir farzandi xalqimizning birdamligi, mamlakat yaxlitligi uchun kurashib yashashni oʻz hayotining maʼnosi deb bilmogʻi kerak!

Biz bir boʻlsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!

Hurmatli yurtdoshlar!

Insoniyat oxirgi besh-olti yil mobaynida soʻnggi yuz yil davomida oʻz boshidan oʻtkazishi mumkin boʻlgan barcha sinovlar bilan yuzma-yuz kelgani sizlarga maʼlum.

Bu pandemiya boʻladimi, tabiiy ofatlar, zilzilalar boʻladimi, qurolli toʻqnashuvlar, global isish hamda qurgʻoqchilik boʻladimi – barchasi bashariyatni qattiq sinovdan oʻtkazdi va oʻtkazmoqda. Mazkur murakkab vaziyatni, taʼbir joiz boʻlsa, kuchli va qattiq toʻfonga qiyoslash mumkin.

Bunday ofatlar oqibatida “manaman” degan daraxtlarning ham barglari uzilishi, shoxlari sinishi, kurtaklari toʻkilishi, hatto mevalari nobud boʻlishi mumkin. Lekin ildizi mustahkam va chuqur boʻlgan daraxtlar yiqilmaydi. Aksincha, yerga oʻsha tomirlari bilan yanada mahkam bogʻlanadi. Qayta kurtak yozadi, mevalar tugaveradi. Bu – hayot qonuni.

Bizning qadimiy va mustahkam ildizlarimiz bor. Bu – bizning tariximiz, qadriyat va anʼanalarimiz, urf-odatlarimiz, milliy oʻzligimizdir. Men ana shu teran ildizlarimizda yurtni, millatni birlashtiradigan buyuk bir gʻoyani koʻraman.

Biz Vatanimiz mustaqilligi, xalqimiz tinchligini taʼminlashning ishonchli kafolati boʻlgan Qurolli Kuchlarimiz salohiyatini oshirishga, harbiy xizmatchilar va ularning oilalari uchun yanada munosib sharoit yaratishga alohida eʼtibor qaratamiz.

Dunyoning olis va yaqin mamlakatlari, ayniqsa, qoʻshni davlatlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan doʻstlik va oʻzaro manfaatli hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqamiz. Bu borada mamlakatimiz va xorijiy davlatlar diplomatlarining xizmatlarini alohida taʼkidlash lozim.

Mana shu imkoniyatdan foydalanib, bugungi tantanali marosimda xorijiy davlatlarning hurmatli elchilari, xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etayotganidan mamnun ekanimni bildirib, ularning mamlakatlari va xalqlariga tinchlik va ravnaq tilayman.

Aziz va muhtaram vatandoshlar!

Barchangiz bir haqiqatni bilishingizni istardim. Bizning jamiki saʼy-harakatlarimiz mamlakatimiz ravnaqi uchun, oʻz Vataniga sadoqatli xalqimiz uchun, sizlar uchun, aziz yurtdoshlar!

Bugun oldimizda turgan vazifalar qanchalik ulkan va murakkab boʻlmasin, ularni birgalikda hal etishga kuchimiz ham, imkoniyatimiz ham yetadi.

Biz endi kechagi odamlar emasmiz. Xalqimiz ham kechagi xalq emas.

Tarixdan maʼlum: vaqtni – imkoniyatga, imkoniyatni – yutuqqa, yutuqni taraqqiyot poydevoriga aylantira olgan xalq – buyuk xalqdir. Bugun mehnatkash, mard va olijanob, mehr-oqibatli elimiz ayni shunday xalq boʻlib maydonga chiqmoqda.

Fursatdan foydalanib, Yangi Oʻzbekistonni barpo etishda fidokorona mehnat qilib kelayotgan barcha yurtdoshlarimizga, ona xalqimga chin qalbimdan minnatdorlik bildiraman.

Siz, azizlarni, kattayu kichik barcha vatandoshlarimni bugungi ulugʻ ayyom – Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining oʻttiz ikki yilligi bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman.

Barchangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga baxtu saodat, fayzu baraka tilayman.

Barcha yutuq va gʻalabalarimizning ijodkori va bunyodkori boʻlgan xalqimiz hamisha omon boʻlsin! Goʻzal yurtimizda tinchlik va osoyishtalik bardavom boʻlsin!

Jonajon Vatanimizga koʻz tegmasin!

Mustaqilligimiz abadiy boʻlsin!

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.