Hurmatli Emomali Sharipovich!
Hurmatli hamkasblar! Majlis ishtirokchilari!
Sizlarni chin dildan qutlayman va Shanxay hamkorlik tashkiloti tashkil etilganining yigirma yilligi munosabati bilan bildirilgan barcha tabriklarga qoʻshilaman.
Tojikiston Respublikasi Prezidenti, hurmatli Emomali Sharipovich Rahmonga bizga koʻrsatilgan har doimgidek samimiy mehmondoʻstlik va yubiley uchrashuvimiz aʼlo darajada tashkil etilgani uchun alohida minnatdorlik bildirmoqchiman.
Tojikiston tomonining muvaffaqiyatli raisligini, uning davomida koʻp tomonlama hamkorligimizning barcha yoʻnalishlarida ochiq va samarali muloqot taʼminlanganini yuksak baholaymiz.
Dushanbe sammiti – tashkilotimizning roli va ahamiyati yuzasidan fikr almashish, uning salohiyatiga va birgalikda ishlash istiqbollariga yangicha nazar bilan qarash uchun yaxshi imkoniyat.
Haqiqatdan ham, oʻtgan davrda ShHT jahon siyosatining muhim subyektiga aylandi, nufuzli xalqaro tuzilmalar qatoridan munosib oʻrin egalladi.
Mintaqaviy sheriklik “Shanxay ruhi” tamoyillari asosida mustahkamlanib bormoqda.
Yangi xavf-xatar va tahdidlarga qarshi turish boʻyicha qoʻshma salohiyatimiz mustahkamlanmoqda, iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlik kengaymoqda.
Hurmatli hamkasblar!
Bugun barchamiz dunyoda va mintaqada keskinlik ortib borayotganining guvohi boʻlib turibmiz.
Pandemiyaning salbiy oqibatlari saqlanib qolmoqda.
Bularning barchasi bizdan yanada jips boʻlish va tashkilotimiz doirasida bir-birimizni qoʻllab-quvvatlashni talab etmoqda.
Shu maqsadda:
— ShHTning ochiqligini, uchinchi davlatlar va boshqa tashkilotlarga qarshi qaratilmaganligini saqlab qolish;
— umumiy xatar va tahdidlarga qarshi oʻz vaqtida va birgalikda chora koʻrish;
— mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish;
— mintaqada doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va ishonchni mustahkamlash, ShHT makonida madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish zarur, deb hisoblayman.
Hurmatli sammit ishtirokchilari!
Hamkasblarimning chiqishlarida taʼkidlanganidek, barchamiz Afgʻonistondagi vaziyatdan juda xavotirdamiz.
Bugun ushbu mamlakatda yangi voqelik roʻy berdi, hokimiyat tepasiga yangi kuchlar keldi. Bu – amalga oshib boʻlgan fakt. Shu munosabat bilan Afgʻonistondagi vaziyatga, shuningdek, mamlakatning yangi hokimiyati bilan muloqotni rivojlantirishga doir oʻzaro kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqish zarur.
Xususan, davlat boshqaruvida afgʻon jamiyatining barcha qatlamlaridan keng siyosiy vakillikka erishish; mintaqada ekstremizmning koʻpayishiga va radikal mafkura eksportiga, Afgʻoniston hududidan qoʻshni davlatlarga qarshi buzgʻunchi harakatlar uchun foydalanilishiga yoʻl qoʻymaslik; insonning, shu jumladan xotin-qizlar va milliy ozchiliklarning asosiy huquq va erkinliklariga rioya etilishini taʼminlash; keng koʻlamli gumanitar inqiroz, qochoqlar oqimining oʻsishining oldini olish, ijtimoiy muammolarni hal etishda ushbu mamlakatga koʻmakni davom ettirish muhimdir.
Bu borada Afgʻonistonning xorijiy banklardagi davlat aktivlariga nisbatan qoʻllangan muzlatishni bekor qilish imkoniyatini koʻrib chiqish lozim.
Saʼy-harakatlarimizni birlashtirish va ushbu mamlakatdagi vaziyatni siyosiy yoʻl bilan hal qilish masalalarini keng muhokama qilish maqsadida “ShHT – Afgʻoniston” formatida, kuzatuvchi davlatlar va muloqot boʻyicha sheriklarni jalb qilgan holda yuqori darajadagi uchrashuvlarni muntazam oʻtkazib borishni taklif etamiz. Birinchi shunday uchrashuvni Toshkent shahrida oʻtkazishga tayyormiz.
Aziz doʻstlar!
Bugungi sammit yakunida Shanxay hamkorlik tashkilotiga raislik qilishdek sharafli va juda masʼuliyatli vazifa Oʻzbekiston Respublikasiga oʻtmoqda.
Hurmatli hamkasblarimdan bildirgan tabriklari va ezgu tilaklari uchun chin dildan minnatdorman.
Oʻz navbatimda, birgalikdagi ishlarimizning kelgusi davrga moʻljallangan ustuvor yoʻnalishlari va vazifalarini belgilab olishni istardim.
Birinchi. ShHT salohiyati va nufuzini yanada mustahkamlash borasidagi saʼy-harakatlarni davom ettirish muhimdir.
Navbatdagi uchrashuvimizga qadar Uzoq muddatli yaxshi qoʻshnichilik, doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisidagi shartnomani kelgusi besh yilda amalga oshirish boʻyicha kompleks dastur tayyorlashni taklif etamiz.
Ikkinchi. ShHTning mintaqa ichidagi savdoni rivojlantirish boʻyicha qoʻshma harakatlar rejasini ishlab chiqish taklifini ilgari suramiz.
Unga savdo toʻsiqlarini bartaraf etish, texnik reglamentlarni yaqinlashtirish, bojxona tartibotlarini raqamlashtirish boʻyicha birgalikdagi choralarni hamda bozorlarga oʻzaro chiqishni yengillashtirish boʻyicha boshqa tadbirlarni kiritish lozim.
Uchinchi. ShHT sanoat kooperatsiyasi dasturining qabul qilinishini jadallashtirish muhim.
Mamlakatlarimizda Industrial kooperatsiya markazlarining tashkil etilishi dasturni amalga oshirishning amaliy mexanizmi boʻladi.
Biz, shuningdek, kelgusi yilda Oʻzbekistonda Shanxay hamkorlik tashkiloti Iqtisodiy forumi va Sanoat yangiliklari haftaligini oʻtkazishga tayyormiz.
Toʻrtinchi. ShHTning Transport bogʻliqligini rivojlantirish boʻyicha strategiyasini qabul qilish mamlakatlarimiz tranzit salohiyatini toʻliq ishga solish hamda “Sharq-Gʻarb” va “Shimol-Janub” koridorlar tizimining samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, ShHT makonida infratuzilmaviy rivojlanish boʻyicha uzoq muddatli dastur ishlab chiqish tashabbusini ilgari suramiz. Unda energetika, kommunikatsiyalar, “yashil” taraqqiyot sohalaridagi transchegaraviy loyihalarni kiritish mumkin.
Beshinchi. Kambagʻallikni qisqartirish va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash maslalari biz uchun alohida dolzarb ahamiyatga ega.
Bu borada vazirlar uchrashuvlari va ekspertlar maslahatlashuvlarini muntazam oʻtkazib borish mexanizmini yaqin fursatda joriy etishni gʻoyat muhim, deb hisoblaymiz.
Oltinchi. ShHT makonida tinchlik va barqarorlikni taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlarni faollashtirish muhim ustuvor yoʻnalish hisoblanadi.
Bugun qabul qilinayotgan Xavfsizlikka tahdid va xatarlarga qarshi kurashish mexanizmlarini takomillashtirish toʻgʻrisidagi qarorning amalga oshirilishi, jumladan, ShHT MATT salohiyatidan yanada toʻliq foydalanish bunga xizmat qiladi.
Ushbu hujjatda aks etgan tashabbuslar terrorizm, narkotrafik va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha, shuningdek, kiberxavfsizlik sohasidagi hamkorligimizni mustahkamlash imkonini beradi.
Bundan tashqari, mamlakatlarimiz ichki ishlar va jamoat xavfsizligi vazirlarining uchrashuvlarini tiklashni taklif qilamiz.
Yettinchi. Hamkorlarimiz axborot xavfsizligi sohasida toʻplagan muvaffaqiyatli tajribani hisobga olib, ShHTning bu mavzuga bagʻishlangan ekspertlar forumini taʼsis etish maqsadga muvofiq.
Bu kibermakondagi zamonaviy tahdid va xatarlarga mos ravishda javob qaytarish boʻyicha oʻzaro kelishilgan choralarni ishlab chiqishga xizmat qiladi.
Sakkizinchi. Biz “xalq diplomatiyasi”da birgalikda erishilgan natijalarni ijobiy baholaymiz, mamlakatlarimiz hududlari oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni rivojlantirish, qoʻshma madaniy, fan-taʼlim, sport va boshqa tadbirlarni oʻtkazishdan manfaatdormiz.
Shu maqsadda “ShHT Ezgu niyat elchisi” institutining taʼsis etilishi tarafdorimiz.
Shuningdek, mamlakatlarimizning Turizm sohasidagi hamkorligi toʻgʻrisida hukumatlararo bitim tayyorlashni taklif qilamiz.
Toʻqqizinchi. Pandemiya sogʻliqni saqlash sohasida yanada yaqindan hamkorlik qilish zarurligini koʻrsatdi. Bu borada infeksion kasalliklarni profilaktika qilish va davolash, koviddan keyingi reabilitatsiya, vaksinatsiya toʻgʻrisidagi sertifikatlarni oʻzaro tan olish masalalarida hamkorlik boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni qabul qilishimiz lozim.
Oʻninchi. Oʻzbekiston rais sifatida tashkilotimiz doirasidagi hamkorlik loyihalariga kuzatuvchilar va muloqot boʻyicha sheriklarni faol jalb qilishni rejalashtirgan.
Bugun qabul qilinayotgan Eron Islom Respublikasini ShHT aʼzoligiga qabul qilish tartibotini boshlash hamda Saudiya Arabistoni Podshohligi, Misr Arab Respublikasi va Qatar Davlatiga muloqot boʻyicha sherik maqomini berish toʻgʻrisidagi qarorlarni olqishlaymiz.
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
ShHT bosh kotibi lavozimiga janob Chjan Min nomzodini qoʻllab-quvvatlaymiz va unga katta muvaffaqiyatlar tilaymiz.
Mintaqaviy aksilterror tuzilma Ijroiya qoʻmitasi direktori lavozimiga Ruslan Mirzayev nomzodi qoʻllab-quvvatlangani uchun hamkasblarimga minnatdorlik bildiraman.
Shuningdek, ShHT Kotibiyati va MATT Ijroiya qoʻmitasiga umumiy maqsadlarimizni va tashkilotimiz vazifalarini ilgari surishdagi qizgʻin faoliyati uchun tashakkur izhor etaman.
Muhtaram hamkasblar!
Bugun qabul qilinayotgan gʻoyat muhim qaror va hujjatlar mamlakatlarimizning yanada rivojlanishi va ShHT nufuzining yuksalishiga xizmat qiladi.
Fursatdan foydalanib, sizlarni kelgusi yil 15-16 sentyabr kunlari Oʻzbekistonda oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisiga taklif etaman.
Eʼtiboringiz uchun rahmat.