Hurmatli rais!
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Shanxay hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammitida barcha ishtirokchilarni samimiy qutlashdan mamnunman.
Hindiston Respublikasi Bosh vaziri janob Narendra Modiga bugungi uchrashuvimizni tashkil etgani uchun bildirilgan barcha minnatdorlik soʻzlariga qoʻshilaman. Hindistonning ShHTga birinchi raisligi muvaffaqiyatli boʻlganini qayd etamiz.
Samarqand sammitida erishilgan kelishuvlarga muvofiq koʻp qirrali hamkorligimiz jadal rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan taʼkidlab oʻtmoqchiman. Biz tashkilotimizni yanada kengaytirish va isloh qilish boʻyicha qabul qilingan qarorlarni amalga oshirishni boshladik.
Fursatdan foydalanib, Eron Islom Respublikasining Shanxay hamkorlik tashkilotiga kirishi bilan bogʻliq barcha tartib-taomil jarayonlari yakuniga yetgani va ushbu davlatning tashkilotga aʼzo boʻlgani bilan Eron Prezidenti Ibrohim Raisiyga bildirilgan tabriklarga qoʻshilaman.
Oʻzbekiston, shuningdek, ShHTga aʼzo davlat maqomini olish maqsadida Belarus Respublikasining majburiyatlari toʻgʻrisida qabul qilinayotgan qarorni ham toʻliq qoʻllab-quvvatlaydi.
Hurmatli majlis ishtirokchilari!
Barchamiz xalqaro munosabatlar tizimida davom etayotgan tub oʻzgarishlarning guvohi boʻlib turibmiz.
Afsuski, geosiyosiy keskinlik va mojarolarning kuchayishi kuzatilmoqda, global xavfsizlik va barqaror rivojlanishga nisbatan yangi tahdid va xavf-xatarlar paydo boʻlmoqda, ekologiya, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi sohalarida tahdidlar avj olmoqda. Shu munosabat bilan konstruktiv va ishonchli muloqotni yoʻlga qoʻyish oʻtkir zaruratga aylanib borayotgani oʻz-oʻzidan ayondir.
Oʻzbekiston bahs va mojarolarni hal etish, tinchlik va barqarorlikni taʼminlash boʻyicha maqbul yechimlarni izlash va qarorlarni qabul qilishda Birlashgan Millatlar Tashkiloti markaziy oʻrin egallashi kerak, degan prinsipial pozitsiyaga rioya qiladi.
Taʼkidlash joizki, oʻzaro muloqot va ishonch borasidagi chora-tadbirlarni mustahkamlash maqsadida oʻtgan yili umumiy xavfsizlik va farovonlik yoʻlidagi birdamlik boʻyicha Samarqand tashabbusini ilgari surgan edik.
Global miqyosda kun tartibida turgan eng dolzarb muammolarni muhokama qilish, ularning bepoyon mintaqamizga taʼsirini baholash va oʻzaro hamkorlikda takliflar ishlab chiqish maqsadida biz BMT, boshqa nufuzli xalqaro sheriklar bilan birgalikda mazkur Tashabbusning doimiy platformasini yoʻlga qoʻyishni rejalashtirmoqdamiz.
Qadrli hamkasblar!
ShHT doirasidagi koʻp tomonlama va koʻp qirrali hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlash yoʻlidan borar ekanmiz, bugun biz tashkilotimizning muvaffaqiyati uning asosiy tamoyillariga qatʼiy rioya etish asosida taʼminlanishini yaxshi tushunamiz. Bular – tashkilotning blokdan tashqari maqomi, ochiqlikka qatʼiy sodiqlik, teng huquqlilik va qarorlarni konsensus asosida qabul qilish tamoyillaridir.
Eng muhimi, bizning hamkorligimiz turli manfaatlar, yondashuvlar, qarashlar va tashkilotga aʼzo davlatlar oʻrtasidagi madaniy tafovutlarni oʻzaro hurmat qilish va konstruktiv idrok etishga asoslanadi.
ShHTni rivojlantirishning hozirgi bosqichida biz uning mintaqaviy kun tartibidagi eng dolzarb masalalarni hal qilishda samarali xalqaro tuzilma sifatidagi etakchilik rolini saqlab qolish va kuchaytirish juda muhim, deb hisoblaymiz.
Shu munosabat bilan tashkilot doirasida qabul qilingan kelishuv va qarorlarni inventarizatsiya qilish, hamkorlik institut va mexanizmlari faoliyatini auditdan oʻtkazish, tashkilotimizni modernizatsiya qilish boʻyicha kelishuvlarning amalga oshirilishini jadallashtirishni maqsadga muvofiq, deb bilamiz.
Milliy tahlil markazlarini birlashtirgan Ekspertlar forumi doirasida ShHT istiqbollari boʻyicha qoʻshma tadqiqot loyihasini amalga oshirishni ham taklif etamiz.
Bunday ishlar natijalarini navbatdagi sammitimiz davomida koʻrib chiqishimiz mumkin.
Hurmatli yigʻilish ishtirokchilari!
Bugungi uchrashuvimiz kun tartibidan kelib chiqib, ShHT doirasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish boʻyicha aniq takliflarimizni qayd etib oʻtmoqchiman.
Birinchi. Biz “Shanxay ruhi”ga muvofiq, tashkilot doirasida oʻzaro hamjihatlik va anglashuvni mustahkamlashni hal qiluvchi vazifa deb bilamiz.
Biz ShHTning yaxshi qoʻshnichilik, ishonch va transchegaraviy sheriklik kodeksini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surmoqdamiz. Ushbu hujjatning qabul qilinishi yangi sharoitlarda ustuvor vazifalarni belgilab olish, koʻp tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash boʻyicha umumiy yondashuvlar va kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish imkonini beradi.
Ikkinchi. ShHT mintaqasi – bu ulkan iqtisodiy imkoniyatlar maydoni, tashkilotimizga aʼzo barcha mamlakatlar uzoq muddat davomida barqaror rivojlanishi uchun platforma va resurs bazasidir.
Xarid qobiliyati pariteti boʻyicha jahon yalpi mahsulotining uchdan bir qismi, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarning qariyb 27 foizi va jahondagi savdo hajmining 20 foizi ShHT ulushiga toʻgʻri keladi.
Tashkilotimizga aʼzo davlatlar sanoat va innovatsion taraqqiyot koʻrsatkichlari boʻyicha yetakchilik qiladi, ulkan intellektual salohiyatga, energetika va agrar sohada boy resurslarga ega.
Shu munosabat bilan bugungi kunda ichki, yaʼni, mintaqaviy savdo va sanoat-texnologik kooperatsiyani rivojlantirish uchun umumiy makonni shakllantirish boʻyicha tashabbusni ilgari surish har qachongidan ham dolzarbdir.
Hukumatlarimiz va mutasaddi idoralarimizga ShHTning innovatsion taraqqiyot, raqamlashtirish va robotlashtirish, sunʼiy intellekt, biotexnologiya, farmatsevtika va sanoatning boshqa istiqbolli tarmoqlarini qamrab oluvchi Yangi iqtisodiy muloqot dasturini qabul qilish masalasini koʻrib chiqish boʻyicha topshiriq berishni taklif qilaman.
Bunday loyihalarni ilgari surish maqsadida Oʻzbekistonda ShHTga aʼzo davlatlar mintaqalarining innovatsion sherikligi haftaligini, yuqori texnologiyalarning qoʻshma koʻrgazmasi bilan birgalikda oʻtkazish niyatidamiz.
Uchinchi. ShHT makonida transport-kommunikatsiyaviy bogʻliqlikni kuchaytirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni qabul qilish muhimdir.
Hozirgi vaqtda biz Shimol–Janub va Sharq–Gʻarb magistral yoʻllarini rivojlantirish boʻyicha bir qator strategik loyihalarni faol ilgari surmoqdamiz. Shu borada Xitoy–Qirgʻiziston–Oʻzbekiston temir yoʻlini qurish loyihasi boʻyicha amaliy ishlar boshlanganini aytib oʻtmoqchimiz. Biz ushbu yoʻnalish boʻylab, shuningdek, Afgʻoniston orqali Janubiy Osiyo va Yaqin Sharq bozorlariga olib chiqadigan Eron va Pokiston portlari tomon multimodal tashuvlarni rivojlantirmoqdamiz.
Tahlilchilarning maʼlumotiga koʻra, ushbu loyihalarni amalga oshirish yuk tashish hajmini bir necha barobar oshirish, shuningdek, transport xarajatlarini uchdan bir qismga kamaytirish imkonini beradi.
ShHT davlatlarining transport sohasidagi oʻzaro bogʻliqligiga doir yagona xaritani ishlab chiqishni maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz. Bu mavjud “toʻsiqlar” va “boʻshliqlar”ni aniqlash, umumiy, oʻzaro integratsiyalashgan transport-tranzit tizimini shakllantirish uchun ustuvor chora-tadbirlar va loyihalarni belgilab olish imkonini beradi.
Ushbu masalalarni mamlakatlarimiz transport vazirlarining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishida yirik transport-logistika kompaniyalari, operatorlar va ekspeditorlar, tahlilchi va ushbu soha mutaxassislarini keng jalb etgan holda batafsil koʻrib chiqishni taklif etamiz.
Biz Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Oʻzbekistonda Mintaqalararo oʻzaro bogʻliqlik markazini tashkil etish boʻyicha tashabbusimizni ham hamkorlarimiz qoʻllab-quvvatlashiga umid qilamiz.
Toʻrtinchi. “Yashil” kun tartibiga oid masalalarga alohida toʻxtalib oʻtmoqchiman.
Bugungi kunda barcha mamlakatlarimiz bu borada koʻp ishlarni olib bormoqda. Biroq ShHT maydonida iqlim oʻzgarishiga moslashish, dekarbonizatsiya va “toza” texnologiyalarni joriy etish, “aqlli” qishloq xoʻjaligi va suvdan tejamkorlik bilan foydalanishni rivojlantirish masalalari boʻyicha yanada yaqin muvofiqlashtirish va amaliy hamkorlik zarur.
Biz tashkilotimiz makonida keyingi yil – Ekologiya yili deb eʼlon qilinishini qoʻllab-quvvatlaymiz.
“Yashil belbogʻ” dasturi doirasida Mintaqaviy ekologik loyihalarni qoʻllab-quvvatlash va “yashil” texnologiyalarni joriy etish boʻyicha qoʻshma harakatlar rejasini tayyorlashni taklif qilamiz. Ushbu ishni Oʻzbekistonda tashkil etilayotgan Markaziy Osiyo atrof-muhitni oʻrganish va iqlim oʻzgarishi universiteti negizida tashkil etish mumkin.
Beshinchi. Oziq-ovqat xavfsizligi bilan bogʻliq xatarlar ortib borayotgani munosabati bilan Oziq ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti bilan birgalikda joriy yilning sentyabr oyida Oʻzbekistonda mazkur masala boʻyicha xalqaro konferensiya oʻtkazishni rejalashtirmoqdamiz.
Ushbu tadbirning alohida sessiyasi mazkur masalani global darajada hal etishga amaliy hissa qoʻshish uchun umumiy tamoyil va yondashuvlarni ishlab chiqish maqsadida ShHT davlatlari hamkorligiga bagʻishlanadi.
Ushbu konferensiyada sizning mamlakatlaringiz delegatsiyalarini faol ishtirok etishga taklif qilamiz.
Oltinchi. Turizm sohasidagi hamkorlik asosiy ustuvor yoʻnalishlardan biri hisoblanadi.
Hozirgi vaqtda sifatli va maqbul narxlardagi umummintaqaviy sayyohlik mahsulotlari yetishmasligi yaqqol sezilmoqda.
ShHT mintaqasida Turizmni rivojlantirish yilida turizm maʼmuriyatlari, yetakchi operator va aviakompaniyalar oʻrtasidagi aloqalarning faollashuvini qoʻllab-quvvatlaymiz.
Samarqand shahridagi «Ipak yoʻli» xalqaro universitetida shu yilning oktyabr oyida boʻlib oʻtadigan Jahon sayyohlik tashkiloti Bosh assambleyasining yubiley sessiyasi doirasida ShHT turizm industriyasini rivojlantirish boʻyicha qoʻshma ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazishni taklif etamiz.
Yettinchi. ShHT mamlakatlari boy madaniy-gumanitar salohiyatga ega.
Ushbu yoʻnalishda muvofiqlashtirilgan siyosatni amalga oshirish mamlakatlarimiz va xalqlarimizni yanada yaqinlashtiradi, deb hisoblaymiz.
Shu munosabat bilan biz faol madaniy almashinuvlar boʻyicha yillik taqvimlarni shakllantirish amaliyotini joriy etishni taklif qilamiz. Xalqlarimizning betakror tarixiy merosi boʻyicha qoʻshma koʻrgazmalar, bevosita hamda elektron platformalar asosidagi konsertlar, teatrlar gastrollari, forumlar, kinofestivallar va taqdimotlar ushbu taqvimdan oʻrin oladi.
Ilmiy va taʼlim dasturlarini kengaytirish, tashkilotga aʼzo mamlakatlar tillarida xalqlarimizning adabiy merosini tarjima qilish va nashr etish boʻyicha tizimli ishlarni olib borish muhimdir.
Shuningdek, “ShHT – ilgʻor gʻoyalar va kelajak tashabbuslari makoni” mavzusida yoshlar oʻrtasida muloqotni kengaytirish boʻyicha tadbirlar dasturini tayyorlash tashabbusini ilgari surmoqdamiz.
Sakkizinchi. Mamlakatlarimizning barqaror rivojlanishi mintaqada yagona va boʻlinmas xavfsizlikni taʼminlash bilan chambarchas bogʻliq.
Hamkasblarim tomonidan ShHTning Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi faoliyatini faollashtirish boʻyicha tashabbuslar qoʻllab-quvvatlanayotganini mamnuniyat bilan qayd etmoqchiman.
Biz Mintaqaviy aksilterror tuzilma kengashining sayyor yigʻilishlarini oʻtkazish amaliyotini davom ettirishni qoʻllab-quvvatlaymiz. Bu ushbu tuzilmaning zamonaviy tahdidlarga tezkor javob berish boʻyicha imkoniyatlarini oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, koʻp tomonlama muhim hujjatlar – Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisidagi shartnoma hamda ShHT makonida ekstremistik mafkuraga qarshi kurashish boʻyicha qoʻshma dasturni tayyorlash va qabul qilishni tezlashtirish zarur, deb hisoblaymiz.
Ushbu hujjatlarning hayotga tatbiq etilishi radikallashuv borasidagi xatarlarga munosib javob boʻlishi, buzgʻunchi kuchlarning oʻz mafkurasini, birinchi navbatda, yoshlar oʻrtasida tarqatishga boʻlgan urinishlarini zararsizlantirishi lozim.
Hurmatli hamkasblar!
Kun tartibimizda turgan yana bir muhim masala – bu Afgʻonistonda saqlanib qolayotgan murakkab vaziyatdir.
Afsuski, bu mamlakatning muammosi va afgʻon xalqining fojiasi xalqaro kun tartibida ikkinchi oʻringa surilib qoldi. Keyingi paytlarda xalqaro miqyosda amalga oshirilgan barcha harakatlar kutilgan natijani bermadi. Afgʻoniston aholisining tobora ogʻirlashib borayotgan ijtimoiy ahvoli ham shundan dalolat beradi. Buning ustiga ushbu mamlakatga koʻrsatilayotgan gumanitar yordam hajmi sezilarli darajada kamaydi.
Faqat Birlashgan Millatlar tashkiloti doirasida Afgʻoniston hukumati bilan konstruktiv muloqot oʻrnatish orqaligina bu muammoga yechimni topish mumkin, deb hisoblaymiz.
Bu koʻp jihatdan Afgʻonistonning bevosita qoʻshnilari va uzoq muddatli siyosiy yechim topilishidan eng koʻp manfaatdor boʻlgan Shanxay hamkorlik tashkiloti davlatlarining siyosiy irodasiga bogʻliq.
Shu munosabat bilan “ShHT – Afgʻoniston” muloqot guruhi shaklidagi birgalikdagi ishlarni va maslahatlashuvlarni qayta tiklash maqsadga muvofiq, deb bilamiz.
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Aziz doʻstlar!
Soʻzimning yakunida Shanxay hamkorlik tashkilotiga raislikni qabul qilib olgani munosabati bilan Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Kemelevich Toqayevga bildirilgan tabrik va tilaklarga qoʻshilaman.
Siz eʼlon qilgan keng koʻlamli dasturni amalga oshirishda yaqin hamkorlik qilishga tayyormiz.
Shuningdek, Oʻzbekistonda boʻlib oʻtadigan prezidentlik saylovi munosabati bilan aytgan iliq soʻzlaringiz va muvaffaqiyatlar tilaganingiz uchun sizlardan chin dildan minnatdorman.
Ishonchim komilki, uchrashuvimiz natijalari, bugun ilgari surilgan tashabbuslar, qabul qilinadigan muhim qarorlar ShHT makonida serqirra sheriklikni yanada kengaytirishga, xalqlarimiz oʻrtasidagi oʻzaro hamjihatlik va doʻstlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Eʼtiboringiz uchun rahmat.